Xanafiya mazhabining islom tasavvufi bilan bog‘liqlik asoslari. Tasavvuf tushunchasi va uning mohiyati. Tasavvufning kelib chiqishi, mazmuni va rivoji




Download 1,89 Mb.
bet57/139
Sana29.01.2024
Hajmi1,89 Mb.
#148083
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   139
Bog'liq
Мавзу Фалсафа фанининг предмети, ма=сади, вазифалари ва муаммол

Xanafiya mazhabining islom tasavvufi bilan bog‘liqlik asoslari. Tasavvuf tushunchasi va uning mohiyati. Tasavvufning kelib chiqishi, mazmuni va rivoji.
Tasavvuf tadrijiy taraqqiyotga ega ta’limot bo‘lib, islom olamida VIII asrning o‘rtalarida paydo bo‘lgan. Dastlab u zohidlik harakati ko‘rinishida kurtak yoyadi. Gap shundaki, hazrat Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin musulmonlar jamoasi ichida bo‘linish yuz beradi, ayniqsa, xalifa Usmon raziyallohu anhu zamonida boylikka ruju qo‘yish, qimmatbaho tuhfalar bilan qarindosh-urug‘lar, yaqin do‘st-birodarlarni siylash rasm bo‘ladi. Umaviya xalifaligi davriga kelib esa, saroy hashamlari, dabdabali bezaklar, oltin-kumushga berilish, xazina to‘plash avj oldi. Ya’ni diniy mashg‘ulotlar, Xudo yo‘lidagi toat-ibodat o‘rnini dunyoviy ishlar, dunyo moliga muhabbat egallay boshladi. Bu hol diniy amrlarni ado etishni har qanday dunyoviy ishlar, boyliklardan ustun qo‘ygan e’tiqodli kishilarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular orasida hadis to‘plovchi muhaddislar, ilgaridan qashshoq bo‘lib, uy-joy, mol-mulkka e’tibor qilmagan sahobalar ham bor edi. Bularning bir qismi dinni himoya qilib, ochiq kurashga otlangan bo‘lsalar, ikkinchi qismi qanoat va zuhdni («zuhd» so‘zidan «zohid» so‘zi kelib chiqqan) asosiy maqsad qilib olib, saroy ahli va sarvatdorlar, boylar axloqiga qarshi norozilik belgisi sifatida tarkidunyochilik g‘oyasini targ‘ib etib, ijtimoiy faoliyatdan butunlay chetlashganlar, surunkali toat-ibodat bilan shug‘ullanganlar.
Kufa, Bag‘dod, Basra shaharlarida tarkidunyo qilgan zohidlar ko‘p edi, aytish kerakki, ularning obro‘-e’tibori ham xalq orasida katta bo‘lgan. Chunonchi, Uvays Qaraniy, Hasan Basriy kabi yirik so‘fiylar aslida zohid kishilar edilar, shuning uchun bu zotlarning nomi shayxlar va so‘fiylar haqidagi tazkiralarda zohid sifatida tilga olinadi, ba’zi mualliflar esa ularni so‘fiylar qatoriga qo‘shmaganlar ham.
Buning boisi shuki, zohidlar uzlat va taqvoni pesha etgan bo‘lishlariga qaramay, ishq va irfon (ilohiy ma’rifat)dan bexabar kishilar edilar. Ular falsafiy mushohadakorlik, ajzu irodat bilan ma’naviy-axloqiy kamolot sari intilish, valiylik, karomatlar ko‘rsatish kabi xislatlarga ega emasdilar. Zohidlarning niyati ibodat bilan oxirat mag‘firatini qozonish, Qur’onda va’da qilingan jannatning huzur-halovatiga etishish edi. So‘fiylar nazarida esa jannat umidida toat-ibodat qilish ham tama’ning bir ko‘rinishidir. Holbuki, so‘fiy uchun na dunyodan va na oxiratdan tama’ bo‘lmasligi kerak. Yagona istak bu — Haq taoloning diydoridir, xolos.
Mashhur so‘fiy ayol Robiya Adaviyya (714—801) Tangriga munojotlarida nola qilib aytar ekan: «Ey Parvardigorim, ey Yori aziz, agar jannating tamida toat qiladigan bo‘lsam, jannatingdan benasib et, agar do‘zaxingdan qo‘rqib ibodat qiladigan bo‘lsam, meni do‘zax o‘tida kuydir — ming-ming roziman! Ammo agar Sening jamolingni deb tunlarni bedor o‘tkazar ekanman, yolvoraman, meni jamolingdan mahrum etma!»
Alloh taologa quruq, ko‘r-ko‘rona mutelikniig hojati yo‘q. Uning g‘azabidan qo‘rqibgina amri ma’rufni bajarish sadoqat belgisi emas, balki riyodir. Shuning uchun so‘fiylar Allohni jon-dildan sevish, Uning zoti va sifatlarini tanish va bilish, ko‘ngilni nafsu hirs g‘uboridan poklab, botiniy musaffo bir holatda Iloh vasliga etishish va bundan lazzatlanish g‘oyasini keng targ‘ib qildilar. Inson ruhi ilohiydir va, demak, asosiy maqsad — ilohiy olamga borib qo‘shilmoqdir, dedilar.
Shu tariqa, dunyodan ko‘ngil uzgan, ammo zohidlarga o‘xshamaydigan, «bir nazar bilan tuproqni kimyo etadigan» (Hofiz Sheroziy), zehnu zakovat, aqlu farosatda tengsiz, ammo o‘zga mutafakkirlar, faylasuflardan ajralib turadigan, shariat ilmini suv qilib ichgan, toatu ibodatda mustahkam, lekin oddiy dindorlardan farqlanadigan ajoyib xislatli odamlar toifasi paydo bo‘lgan ediki, ularni ruh kishilari deb atardilar. Bunday odamlarning fe’l-atvori, yurish-turishi, xoriqulodda (odatdan tashqari) so‘zlari va ishlari atrofdagilarni hayratga solar, ba’zilarining g‘aybdan bashorat beruvchi karomatlari, sirli moʻjizalari aqllarni lol qoldirardi. Ularni ahlulloh, avliyo, ahli hol, ahli botin, arbobi tariqat, darvesh, qalandar, faqir degan nomlar bilan tilga olardilar. Ammo bu toifaga nisbatan ko‘proq «so‘fiy» nomi qo‘llanilgan, chunki ushbu so‘zning ma’nosi ancha keng bo‘lib, boshqa tushuncha va atamalarni o‘z ichiga sig‘dirardi.
Xo‘sh, so‘fiy so‘zi qayerdan paydo bo‘lgan? Bu haqda bir necha xil qarashlar bor. Ba’zilar bu so‘z «saf» so‘zidan kelib chiqqan deydilar, chunki so‘fiy Iloh yo‘liga kirganlarning birinchi safida turuvchidir. Ba’zi olimlar uni «suffa» so‘zidan hosil bo‘lgan deb aytadilar: ashobi suffa Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tirikliklaridayoq tarki dunyo qilgan taqvodor kishilar bo‘lib, so‘fiylar shularga taqlid qiladilar, deb tushuntiradilar. Yana bir guruh olimlar so‘fiy so‘zi «safo» so‘zidan kelib chiqqan, chunki bu toifaning qalbi sidqu safo oftobiday porlab turadi, deganlar. Yana ba’zilar so‘fiy «sufuh» so‘zidan yasalgan, sufuh — biror bir narsaning xulosasidir, bu jamoa xalqnint xulosasi bo‘lganligi sababli ularni so‘fiy deganlar, deb yozadilar. So‘fiy so‘zi «sof» so‘zidan kelib chiqqan, deguvchilar ham bor. Abu Rayhon Beruniy bo‘lsa «Osor ul-boqiya» asarida ushbu so‘zni yunoncha «suf», ya’ni faylasuf so‘zining oxirgi qismidan yasalgan deb ko‘rsatadi. Ammo ko‘pchilik so‘fiy so‘zi arabcha «suf» so‘zidan hosil bo‘lgan, degan fikrni bildiradilar. «Suf» so‘zining lug‘aviy ma’nosi jun va jundan to‘qilgan matodir. So‘fiylar ko‘p hollarda jun chakmon yoki qo‘y terisidan tikilgan po‘stin kiyib yurishni odat qilganlari uchun ularni jun kiyimlilar (forschasi pashminapo‘sh), ya’ni so‘fiy deb yuritganlar. Bizningcha, shu keyingi etimologik ma’no haqiqatga yaqinroqdir, zero, so‘fiy so‘zining «suf» so‘zidan yasalishi arab tili qonun-qoidalariga mos keladi.
Agar «suf» so‘zidan so‘fiy yasalgan bo‘lsa, o‘z navbatida, «sufiy»dan «tasavvuf», «mustasuf», «muttasuf», «mutasavvif» so‘zlari hosil bo‘lgan. Mustasuf o‘zini so‘fiylarga o‘xshatib, taqlid qilib yuradigan, ammo asl maqsadi amal-mansab, molu mulkka intilishdan iborat bo‘lgan kishilarga nisbatan ishlatilgan so‘z bo‘lsa, mutassuf tariqat va haqiqatda muayyan manzillarni egallagan, biroq so‘fiy darajasiga ko‘tarila olmagan kishidir. Qalban so‘fiyona g‘oyalarga moyil, tasavvufni e’tiqod — maslak qilib olgan, lekin tariqat amaliyotini o‘tamagan, rasman so‘fiy bo‘lmagan odamlar esa mutasavvif hisoblanganlar. Husayn Voiz Koshifiy “Futuvvatnomai sultoniy” nomli asarida (A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994. Tarjima bizniki.-N.K.) so‘fiylarning o‘zini ham uch guruhga ajratgan: muoshirlar, mutarassimlar, muhaqqiqlar. Muoshirlar — tariqat ahlining muxlislari. Ular darveshlarga muhabbat bilan qaraydilar, darveshlar suhbatida ishtirok etadilar, ularning xizmatlarini bajaradilar va savobga o‘zlarini sherik deb biladilar. “Mutarassim” so‘zining ma’nosi rasmu rusumga ergashuvchi demak, ammo mutarassimlar darveshlarning odatlariga zohiran taqlid qilsalar-da, botinan hol talabgoridirlar va shu toifaga ixloslari tufayli ilohiy fayzdan bahramanddirlar.
Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, chin so‘fiy o‘zlikdan hamda foniy dunyodan voz kechgan va Haq baqosida o‘zligini qayta topgan zot bo‘lib, suratda bandayu, ma’nida ozod kishidir. Surat — tashqi ko‘rinishda banda bo‘lish — jism-tanani Iloh toatiga bag‘ishlash bo‘lsa, ma’nida ozodlik – botinni barcha aloqalardan tozalab, ruhni hur va pok saqlash demak. So‘fiyga hech bir narsa va hech bir kishi qaram bo‘lmasligi; uning o‘zi ham hech bir narsaning, hech bir odamning qarami bo‘lmasligi kerak.
So‘fiynnng ozodligi deganda, tasavvuf ahli solikning bashariy sifatlardan mutlaq qutulishi va ilohiy faqr sifati bo‘lmish pok ruh ko‘rinishida istig‘no olami — Tangri taolo olamining zaruratlari bepoyonligini kullan idrok etishini anglaganlar. So‘fiy yana «sirri sof, aqli etuk, muhabbat ahliga dil bog‘lagan» (Koshifiy) bo‘lishi, nafasidan bedardlar qalbi bedor bo‘lmog‘i kerak. So‘fiylar ruhoniyat bilan suhbat quradigan, kayhonu falak asroridan mujda keltiradigan, faqrni ixtiyoriy ravishda bo‘yinga olib, tabiiy axloqni tark eta borib, ilohiy axloqni kasb etuvchi, ezgulik yo‘lida jonini fido qiluvchidirlar, ular borliq va yo‘qlik, zamon va makondan xorij, azalu abadni birlashtirgan mukarram zotdirlar.
Ana shunday, davrlarning almashinishi, shohlarning o‘zgarishi, siyosatu rayosat darvesh so‘fiyning e’tiqodiga, xulqiga ta’sir qilmasligi kerak, so‘fiy mayda manfaatlar, odamlarning kundalik tashvishlarigina emas, umuman foniy dunyoning g‘amu muammolaridan ustun turadigan, tafakkurining sathi falaklar qadar qamrovli, qalbida ma’nolar bulog‘i qaynab turgan komil inson hisoblangan.
Bunday karomatli insonlarni xalq aziz-avliyo, qudsiy nafasli kishilar sifatida alohida e’zozlagan. Bu zotlar atrofdagilar ongi va shuuriga qattiq ta’sir o‘tkazganlar va ma’naviyat sultonlari bo‘lib maydonga chiqqanlar. Ularning so‘zi va harakati, xislati va axloqi hammaga ibrat qilib ko‘rsatilgan. Jahonning butunligi, obodonlik va osoyishtalik Parvardigor fayzini etkazuvchi shu tabarruk zotlarning duosi, xayrli ishlariga vobasta deb qaralgan. Shu asnoda avliyo — anbiyoning merosxo‘ri — davomchisi degan aqida shakllangan. Ya’ni, garchi Payg‘ambari oxirzamon Muhammad sallallohu alayhi vasallamdan keyin payg‘ambar kelmasa-da, ammo qutbi kirom valiylar har zamonda paydo bo‘lib, xalqni islom haqiqatlariga hidoyat etadilar, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydilar.
Zohidlik davri so‘fiylari (chunonchi, Ibrohim Adham, Hasan Basriy, Abu Hoshim Ko‘fiy va boshqalar) taqvo va parhezkorlikni bosh maqsad deb bilgan bo‘lsalar, keyingi davr so‘fiylari tafakkuriy-shuuriy rivojlanish — ya’ni dunyoni va Ilohni bilish, tanishni asosiy maqsad - deb hisoblaganlar. Birinchi davrni tasavvufning ibtidoiy davri («avvalgi davr») sifatida tilga oladilar. Oriflik davri deb ataganimiz ikkinchi davr ham (bu IX asr o‘rtalaridan boshlanadi) bir necha bosqichlarga ega. Chunonchi, IX-X asrlar - xonaqohlarning paydo bo‘lishi, tariqat rusumlarining shakllanishi davri. XI-XII asrlar — tasavvuf maktablari, silsilalarning tarkib topishi davri. Bunda Misr, Bag‘dod, Basra, Buxoro, Nishopur, Termiz, Balx shaharlari tasavvuf va tariqat markazlari sifatida muhim rol o‘ynagan. Natijada Misr, Xuroson, Movarounnahr, Iroq va Turkiston maktablari shuhrat topgan.
XIII asr - XIV asr boshlari tasavvuf tarixida alohida bir mahsuldor davrdir. Bu davrga kelib, tasavvuf ham nazariy-ilmiy nuqtai nazardan, ham amaliy harakatchilik nuqtai nazaridan o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarilgan edi. Tasavvuf adabiyotining gullashi ham shu davrga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, Muhyiddin ibn al-Arabiy, Yahyo Suhravardiy, Najmiddin Kubro singari mutafakkir shayxlar, Farididdin Attor, Ahmad Yassaviy, Jaloliddin Rumiy kabi ulug‘ so‘fiy shoirlar tasavvuf ilmining doirasini kengaytirdilar, uni falsafa va hikmat bilan boyitdilar. Agar IX-XI asrlarda tavhid asoslarini chuqurlashtirishga katta e’tibor berilib, tasavvufning fano va baqo kabi tushunchalari, Haqqa vosil bo‘lish mayli shiddat bilan targ‘ib qilingan bo‘lsa, XIII asr o‘rtalaridan boshlab tafakkuriy-aqliy yo‘nalish etakchilik qila boshladi. Bu falsafiy oqim tasavvuf tarixida «vahdat ul-vujud» nomi bilan shuhrat topdi. So‘fiylar endi koinot tuzilishi, odamlarning xususiyatlari, olam va odam munosabatlari, komil inson anglamlari bilan bosh qotiradigan bo‘ldilar. Natijada, Ibn al-Arabiy va Jaloliddin Rumiy kabi zotlarning asarlarida butun bir falsafiy tizim o‘z ifodasini topdi, ular ilohiy kashfu karomat, ruhiy-psixologik holatlar, botiniy latifliklar bilan birga real insoniy hayot haqida ham juda ko‘p ajoyib fikrlarni bayon etdilar. Shunday qilib, tasavvuf Sharq fikriy taraqqiyotidagi ko‘p asrlik tajribalarni qamrab olib, uni rivojlantirdi, din va falsafa, hikmat va vahdat, kalom va hadis ilmlarini birlashtirdi, ilohiy ilmlar bilan dunyoviy ilmlarni o‘zaro bog‘lashga harakat qildi. Natijada tasavvuf Sharq kishisining tafakkur tarzi va axloq normasini belgilaydigan hodisaga aylanib qoldi.
Tasavvuf tarixiga nazar tashlar ekanmiz, islom dinidagi mazhablar, qarashlar xilma xilligi so‘fiylar hayoti va dunyoqarashiga ham inchunun ta’sir etib turganini ko‘ramiz. Xususan, sunniy va shia mazhablari orasidagi kurash sezilarli iz qoldirgan. Eron olimlari, jumladan, «Tasavvuf istilohlari sharhi» (Tehron, 1347 hijriy yili) nomli qomus muallifi Sayyid Sodiq Guharin tasavvufning paydo bo‘lishi va qaror topishida shia mazhabi qarashlarining ta’siri borligini ta’kidlaydi. Boshqa bir qator olimlar yunon falsafasi, qadimgi zardushtiylar, hind falsafiy-asotiriy qarashlarining rolini ko‘rsatadilar. Tasavvuf amaliyoti va falsafasida bu buloqlarning samarali ta’siri bo‘lishi mumkin. Lekin shuni ta’kidlamoqchimizki, islomiy tasavvuf o‘zi o‘zlashtirgan jamiki narsalarni islom ruhida qayta ishlab, shariatga muvofiqlashtirgan. Yana shuni ham aytmoqchimizki, shia va sunniy mazhablari orasidagi kurash tasavvuf silsilalarining yo‘nalishlarini belgilagan. Chunonchi, tayfuriya, suhravardiya, hululiya, firdavsiya kabi silsilalar ko‘proq shiachilikka moyil bo‘lsa, yassaviya, nAQSHbandiya suluklari sunniy mazhabida mustahkam turgan tariqatlar edi. Hazrat Bahouddin NAQSHbandning asosiy jiddu jahdi ham tasavvuf va tariqatni sunniy mazhabiga moslashtirish, uni shiachilikka xos jahru samo‘lardan tozalashdan iborat bo‘lgan. Natijada, nAQSHbandiya sunniy mazhabli aholi orasida chuqur yoyilgan.
Ko‘rinadiki, tasavvuf bir yo‘nalishdagi ta’limot bo‘lmagan, uning shox va shoxchalari ko‘p. Ammo bizni qiziqtirayotgan narsa uning mohiyati va haqiqati, xalq qalbidan joy olgan insonparvarlik g‘oyalari, ulug‘ adiblarga ilhom bergan Soflik, Haqiqat, Go‘zallik, Kamolot ideali, shu ideallarga bo‘lgan cheksiz muhabbatdir. Hazrat Navoiy ta’riflaganday, tasavvuf xilofu ixtilofi bo‘lmagan, riyo va manmanlik, da’vo-yu tama’ni inkor etadigan bir ulug‘ ta’limotkim, u inson ziynati, tiynatini poklovchi obihayotdir.

Download 1,89 Mb.
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   139




Download 1,89 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Xanafiya mazhabining islom tasavvufi bilan bog‘liqlik asoslari. Tasavvuf tushunchasi va uning mohiyati. Tasavvufning kelib chiqishi, mazmuni va rivoji

Download 1,89 Mb.