Mobil qurilmalarni IMEI kodlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi yuzasidan Rasmiy Bayonot
24-sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi direktori Bobur Tillabayev, mavzu yuzasidan to‘liq ma’lumot berib shunday dedi.
“Ma’lumki, mamlakatimizda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli va 2019 yil 17 sentyabrdagi 778-sonli qarorlariga asosan mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan. Bu tizim dunyoning ko‘p mamlakatlarida amaliyotda qo‘llanib kelinmoqda. Ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, iste’molchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalarning kirib kelishi hamda uning noqonuniy savdosining oldini olishdir.
Nizomga asosan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilangan bo‘lib, unga asosan jismoniy shaxslar uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni onlayn, “O‘zbekiston pochtasi”ning joylardagi pochta aloqa punktlariga yoki tizim operatoriga shaxsan murojaat qilish orqali amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.
Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pasport ma’lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishlari talab qilinadi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport ma’lumotlariga asosan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiriladi.
Shu maqsadda Tizim operatori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Biroq, ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi shaxs bilan Tizim operatori o‘rtasida bevosita kontakt bo‘lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma’lumotlarini aynan shu shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda.
Uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda respublikamiz hududiga olib kirgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida Tizim operatori huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda ishlamoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli qarorining 2-bandida “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish va qo‘llash, ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish bo‘yicha vakolatli organ” deb belgilangan.
Shu asosda «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi — Tizim operatori Jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shaxsning pasport ma’lumotlari, uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanishini oldini olish maqsadida mobil qurilmalarni ro‘yxatdan ŭtkazish jarayëniga qo‘shimcha tekshiruv algoritmi kiritildi. Ya’ni, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilganligi talab etiladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda (Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Belgiya, Daniya, Finlyandiya, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, AQSh, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa davlatlar) noqonuniy, o‘g‘irlangan va qalbaki uyali aloqa vositalari savdosining oldini olish, telekommunikatsiyalar sohasiga yo‘naltiriladigan investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsadida uyali aloqa telefonlarining IMEI raqamlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy qilingan.
Aholi va jamoatchilik orasida mobil telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini bo‘yicha ko‘pincha aholini chalg‘ituvchi talqinlar ham kuzatilmoqda. Shu yerda bir qator ma’lumotlarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Bugungi kunda mobil qurilmalarni ruyxatdan o‘tkazish tizimi orqali 47,14 mln. dan ziyod IMEI kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
|