|
Rossiyaning “Bars” poyabzal kompaniyasi Oʻzbekistonda
|
bet | 6/6 | Sana | 11.12.2023 | Hajmi | 385,98 Kb. | | #115880 |
Rossiyaning “Bars” poyabzal kompaniyasi Oʻzbekistonda
Xalqaro hamkorlik19 Iyun 2021429
Tatariston Respublikasi Prezidenti va u boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan biznes-forumda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida charm-poyabzal va moʻynachilik tarmogʻidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham kun tartibida boʻldi.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va unga aʼzo korxonalar hamda Rossiyaning poyabzal ishlab chiqarish sohasidagi “Bars” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerakki, “Bars” kompaniyasi Rossiyaning eng yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri sanaladi. Asosan tabiiy charm, EVA va PVXdan maxsus poyabzallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya yiliga 800 ming juft ana shunday poyabzallarni tayyorlash quvvatiga ega.Kompaniya bosh direktori Maksim Salayev Oʻzbekiston bilan hamkorlikda yangi qoʻshma korxona ochish hamda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan tayyor charm va poyabzal ustki qismlarini sotib olish (yaʼni, mamlakatimiz subyektlari tomonidan eksport qilinishi) maqsadida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalarda boʻlib, ular bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Jumladan, kompaniya bosh direktori “Orient Technology” MCHJ, “Peng Sheng” MCHJ, “Comfort Leather Shoes” MCHJ, “Goʻzal Biznes” XKlarida boʻlib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, oʻrnatilgan uskuna va jihozlar bilan yaqindan tanishdi. Muloqotlarda tayyor tabiiy charmni respublikamizdan eksport qilinishi va korxonalar hududida poyabzal ustki qismlarini tayyorlashga yoʻnaltirilgan yangi korxona ochilishi boʻyicha muloqotlar oʻtkazildi. Muzokaralarda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan manfaatli takliflar oʻrtaga tashlandi.
Biznes-forumda boʻlib oʻtgan muzokaralar va korxonalarga amalga oshirilgan tashrif yakunlari boʻyicha Uyushma rahbariyati bilan hamkorlikning kelgusi istiqbollari muhokama etildi.
Uchrashuvda Rossiya kompaniyasiga Oʻzbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, investitsiyaviy salohiyat, eksport koʻrsatkichlari toʻgʻrisida batafsil maʼumlot taqdim etildi.
“Bars” kompaniyasi bosh dirktori oʻz navbatida mamlakatimizdagi korxonalar faoliyati va ularda tayyorlanayotgan mahsulotlar sifatini yuqori baholab, yangi qoʻshma korxona ochish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, tayyor charm ishlab chiqaruvchilardan tayyor charm Rossiyaga eksport qilinishida ishtirok etish istagi borligini bildirdi.
Rossiya kompaniyasi rahbarining soʻzlariga koʻra, yangi barpo etiladigan korxonada asosan maxsus poyabzallarning ustki qismlari ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilgan tovarlar toʻliq miqdorda Rossiya va MDHdagi boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi.
Uyushma tomonidan kompaniya bosh direktoriga yangi korxona ochish shartlari tushuntirildi. Mahsulotlarni eksport qilishda davlat tomonidan koʻrsatiladigan amaliy koʻmaklar haqida maʼlumot berildi. Oʻzbekiston tomoni “Bars” kompaniyasiga yangi korxona uchun qulay boʻlgan hududlar va korxonalarni yaqindan tanishtirdi.
Muloqotlar yakuni bilan yaqin kunlarda “Bars” kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurishi va Uyushma tomonidan qoʻshma korxona uchun taklif etilgan hududlar bilan yaqindan tanishib chiqish hamda loyihani oʻzaro faol hamkorlikda amalga oshirishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.
|
| |