|
O’zbekiston kutubxona va kutubxonashunoslik tarixi
|
Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 36,09 Kb. | | #244800 |
Bog'liq ozbekiston kutubxona va kutubxonashu
I
O’zbekiston kutubxona va kutubxonashunoslik tarixi.
nsoniyat tarixi kurashlardan, aql va ma’rifatning rivojidan, uning nodonlik ustidan g‘alabasidan, yaxshilik va yomonlikning kurashidan iborat. Insoniyat doimo muntazam taraqqiyot yo‘lidan borgan. Inson tafakkurini o‘zida aks ettirib, saqlab kelayotgan ijtimoiy xotira shu taraqqiyot negizini tashkil etadi. Ijtimoiy xotira insoniyat taraqqiyotining hamma davrlarida biron-bir axborotni yoki ma’lumotni qayerdadir qayd etish, ro‘yxatga olish, saqlash, qayta ishlov berish, kimgadir, avloddan avlodga yetkazishning o‘sha davrga xos shakllaridan iborat bo‘lgan. Bu shakllar ma’lum bir sifatga, qiyofaga yoki vositalarga ega bo‘lgan. Jamiyatlar taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida tilning paydo bo‘lishi dastlabki tajribalarni o‘zlashtirib, tahlil qilib, mehnat qurollarini takomillashtirish, ulardan foydalanish jarayonlarida ko‘zga tashlangan. Eng muhim belgilar tuzilmasidan iborat yozuvning paydo bo‘lishi esa fikrlarni uzoq vaqt davomida saqlab qolish, bir kishidan ikkinchi kishiga yetkazish, avloddan avlodga yetkazish imkonini kengaytirdi. Avval xalq og‘zaki ijodi ko‘rinishida, keyinchalik yozma shaklda paydo bo‘lgan ma’lumotlar almashinuvi og‘zaki va yozma adabiyotning paydo bo‘lishiga olib keldi. Natijada, avval og‘zaki ko‘rinishdagi matnlar yozma shaklga aylandi. Insoniyat tomonidan yaratilgan ikkinchi kashfiyot – kitob yuzaga keldi va hamma bilim sohasida adabiyotning mavjudlik shakllariga aylandi. Davrlar davomida kitobning shakl-shamoyili, sifati, bezatilishi, tashqi ko‘rinishi, ishlab chiqarilishi takomillashib bordi. Antik davrda o‘rama kitoblar shakllangan bo‘lsa, keyinchalik eramizning IV asriga kelib, muqovaga ega qo‘lyozma kitoblar paydo bo‘ldi. XV asrga kelib esa qo‘lyozmalarni qo‘lda ko‘chirib yozishdan kitob chop etishga o‘tildi. XX asr oxiriga kelib esa ilg‘or mamlakatlarda elektron shakldagi kitoblar yuzaga keldi. Ammo har qanday shaklda bo‘lmasin, kitobning mohiyati o‘zgarmaydi. Qo‘lyozma holida ham, matbaa holida va elektron shaklda ham kitob o‘zining tub mohiyatini, ahamiyatini yo‘qotmaydi, uning o‘rnini boshqa narsa egallay olmaydi. Kitob insoniyat va jamiyat madaniyatining ajralmas bir qismi bo‘lib, insoniyat taraqqiyotining hamma davrlarida kishilarni tarbiyalash, ularning aqliy rivojlanish vositasi bo‘lib keldi. Kitob barcha sohaga oid bilimlarni to‘plash, saqlash usuli sifatida ijtimoiy ishlab chiqarishni rivojlantirishda, barcha formatsiyalarning almashinuvida va taraqqiyotida katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Inson tafakkurining rivojlanishida kitob va yozuv doimo hamroh bo‘lgan. Ba’zi madaniyat va ma’rifat shakllari og‘zaki aloqa munosabatlariga asoslangan bo‘lsa-da, yozuv paydo bo‘lgandan so‘nggina hozirgi kungacha yetib keldi va voqelikka aylandi. Insoniyat yaratgan muomala vositalari ichida eng ishonchlisi, eng qulayi kitobdir. Barkamol inson tarbiyasi, odamlar ma’naviyati, madaniyati, odob-axloqi, bilim saviyasi, jamiyatda o‘ziga xos o‘rinni egallashi faqat kitobdan olgan bilimiga bog‘liq, chunki u inson aql-zakovati va bilimlarini saqlash hamda keng yoyishning eng mukammal qurolidir. Kitob kishilarga insoniyat erishgan yutuqlarni bilish imkonini beradi, xalqlar o‘rtasidagi munosabatni, hamjihatlikni, o‘zaro mehr-oqibatni tiklaydi. Dunyoda tinchlikni o‘rnatishga, mustahkamlashga xizmat qiladi. Insoniyat yaratgan yozuvlar, kitoblar bo‘lmaganda odamzod o‘zining o‘tmishini, bilim, donolik va hikmatlarini ham bilmagan, ilm-fanni ham taraqqiy ettira olmagan bo‘lardi. Jami ixtirolar, kashfiyotlar, taraqqiyot darajasi ham kitoblar tufaylidir. “Kitob har qanday bilimning joni va yuragi, har qanday fanning ibtidosidir”, degan edi nemis yozuvchisi S. Sveyg. Kitoblar barcha zamonlar uchun eng zarur narsa, qalblar malhami, bilimlar xazinasi, donishmandlik chashmasi bo‘lgan va bo‘lib qolaveradi. Kitoblar tufayli qadim davrlardagi kutubxonalar, ulardagi fondning mazmuni, katalog va kartotekalar tizimi, kutubxona xizmati ko‘rsatishning sifati haqidagi ma’lumotlarni bilish bilan o‘sha davr kishilarining qiziqishlari, intilishlari, hayot darajasi haqida ma’lumotga ega bo‘lamiz. Eramizdan avvalgi asrlarda kutubxonalarning sopol taxtachalarda bitilgan qo‘lyozma boyliklari Ossuriya-Bobil madaniyatini tushunishga yo‘l ochib berdi. Boshqa topilmalar kabi Mesopotamiyaning qadimgi madaniyati tarixini, uning yozuvi, saroy, cherkov va boshqa kutubxonalari sirlarini ochishga yordam qildi. Ular sababli bizgacha yetib kelgan juda ko‘p turk, fors, arab tillaridagi qo‘lyozma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi adabiy manbalar jonli guvohligida O‘rta Osiyoning qadimgi sulolaviy kitob fondlari, masjid va madrasalarning kutubxonalari, shaxsiy kitob to‘plamlari bo‘lganligidan xabardor bo‘lamiz. Somoniylar, xorazmshohlar, qoraxoniylar va mo‘g‘ullarning O‘rta Osiyoga bostirib kirgan davrida saljuqiylar davlatidagi juda boy kitob xazinalari, Shahrisabz, Samarqand va Hirotdagi Temur va temuriylar kutubxonasi, Buxoroda shayboniylar va ashtarxoniylar kutubxonasi, Qo‘qon, Xiva va Buxoro xonliklari kutubxonalari musulmon olamiga mashhur bo‘lganligini bilib olamiz. Yozma axborot manbalari bo‘lgan kitob, gazeta, jurnal va boshqalar jamiyat taraqqiyotini, ma’naviy, ijtimoiy-maishiy talabehtiyojlarini to‘la qondirishga qaratilgan va butun insoniyat taraqqiyoti davomida shu vazifani ham bajarib kelgan. Yozma hujjatlar kishilarning o‘zaro fikr almashuv imkoniyatlarini kengaytirgan bo‘lsa, kutubxonalar yozma asarlar umrini uzaytirish vositasi hisoblangan. Boshqa ijtimoiy muassasalar kabi kutubxonalar ham jamiyatning eng zaruriy ehtiyojlari asosida vujudga keldi va turli davrlarda turlicha shaklda rivojlanib keldi. Buning sababi, ma’lumotlarni qayd qilish, uzatish vositasi sifatida ijtimoiy talabga javob beradigan yozuvning paydo bo‘lishi bilan o‘z-o‘zidan tabiiy holda ana shu yozuvlarni saqlay oladigan muassasalarni vujudga keltirishga ehtiyoj paydo bo‘lgan edi. Shu tufayli ham kutubxonalar avval-boshdanoq jamiyatning mo‘tadil mavjudligini ta’minlaydigan ajralmas qismi hisoblangan. Kutubxona – kitoblar va kishilik jamiyati tarixi yig‘indisi bo‘lgani uchun insonparvar muassasadir. Bunda insoniyat erishgan barcha ilmlar, turli fan sohalari bo‘yicha shaklidan, xilidan, turidan, tilidan qat’i nazar, adabiyotlar to‘plangan. Kutubxonalar zulmatga, nodonlikka, jaholatga qarshi kurashda faol bo‘lgan, kishilar qalbiga ezgulik, yaxshilik, sahovat, sadoqat, mehr-muhabbat, oqibat urug‘larini singdirgan. U insoniyat butun borlig‘ining buyuk hujjatlashgan guvohi sifatida yashab kelmoqda. Unga zarurat sezgan har bir kishi bemalol foydalana olishi va, o‘z navbatida, kutubxonalar shu maqsadda hammabop bo‘lishi kerak. Bora-bora madaniyatning takomillashuvi ijtimoiy va moddiy madaniyat taraqqiyotining tarixan rivojlanishiga asos bo‘lib, kutubxonalar, kitob fondi, ularni tashkil etish va boshqarishning, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning muhim omiliga aylanib qoldi. Qadimgi davrlardagi Shumer va Nineviya sopol taxtachalaridagi yozuvlardan Misrdagi papirus o‘rama kitoblarigacha, o‘rta asrdagi masjid va madrasalardagi taqchil qo‘lyozmalardan to dastlabki maktablar uchun yaratilgan darsliklargacha bo‘lgan hamma davrda kutubxonalar ko‘plab tarixiy o‘zgarishlarni boshidan kechirdi va o‘sha davr jamiyat talablariga, taraqqiyotiga javob berib keldi. Har bir jamiyatning g‘oyalari, yangiliklari, oliy maqsadlari kutubxonalarning rivojlanishiga, mazmun-mohiyatiga ta’sir etdi. Shu tufayli, kutubxonalarning jamiyatda tutgan o‘rni, maqsad va vazifalari shunga qarab o‘zgarib, rivojlanib bordi. Hamon kutubxonalar jamiyat ma’naviy kamolotining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Zero, ma’naviyat kitoblar, axborot resurslarining boshqa turlari orqali shakllanadi. Buni jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichida ko‘rish mumkin.
Shuning uchun kutubxonalarning ijtimoiy roli aniq tarixiy sharoitda namoyon bo‘ladi. Kutubxonachilik ishi hech qachon makondan va zamondan tashqarida mustaqil rivojlana olmaydi, jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlariga bo‘ysunadi. Kutubxonalar ijtimoiy hodisa sifatida o‘zi ishlab turgan ijtimoiy muhit doirasiga bog‘liq ravishda shakllanishi buyuk haqiqatdir. Jamiyat kutubxonaning vasiysi bo‘lgani uchun ham kutubxonalar jamiyat oldida o‘z faoliyatiga javobgardir va uning ehtiyojiga javob berishi shart, ya’ni jamiyat a’zolarining axborotga bo‘lgan talabini to‘la va sifatli qondirishi axloqiy, ma’naviy, ijtimoiy qoidalar darajasiga ko‘tarildi. 1892–1972-yillarda yashab ijod etgan hindistonlik kutubxonashunos olim Sh. R. Ranganatanning kutubxonachilik ishining besh qoidasi hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bular:
kitoblar o‘qish uchun xizmat qiladi;
har bir kitobning o‘z kitobxoni bo‘lsin;
har bir kitobxonning o‘z kitobi bo‘lsin;
kitobxonlar vaqtini asra;
kutubxona o‘sayotgan organizmdir.
Bunday fikrlar juda ko‘p va ulardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, kitob ma’naviy kamolotning mahsuli, ma’lum bir bosqich yakunidir. Kitob o‘qish esa, o‘sib borayotgan ma’naviy ehtiyojni qondirish yo‘li, ma’naviyatni boyitish vositasi, ma’naviy kamolot kalitidir.
Professor O. G‘. Qosimova va T. B. Yesimovning 1994-yil nashr qilingan “Umumiy kutubxonashunoslik” darsligida O‘zbekistonda “Kutubxonashunoslik” fanining rivojlanish bosqichlari uch davrga bo‘lib ko‘rsatilgan. Agar shunga amal qiladigan bo‘lsak, hozirgi kunda bu davrlar to‘rtta bo‘ladi: 1918–1945-yillar;
1946–1974-yillar;
1975–1990-yillar;
1991-yildan keyingi davr.
Bunday bo‘linishlar kutubxonachilik ishidagi rivojlanish xususiyatlari va sohaga oid amalga oshirilgan ilmiy-amaliy ishlar ko‘lamiga bog‘liq. Birinchi bosqichda kutubxonashunoslik masalalariga oid atigi 14 ta material e’lon qilingan bo‘lsa, 1976–1987yillarda birgina Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan chiqarilgan “O‘zbekistonda kutubxonachilik ishi tarixi” to‘plamida kutubxonachilik ishining turli yo‘nalishlari bo‘yicha 131 ta maqola e’lon qilingan. 4-bosqichda esa kutubxonashunoslik masalalariga oid o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar, har ikki yilda an’anaviy tarzda O‘zbekiston hududida o‘tkazilib kelinayotgan “Central Asia” Xalqaro anjumani, boshqa xalqaro anjumanlar to‘plamlarida, xalqaro seminarlar, an’anaviy tarzda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilayotgan Betgerxonlik kunlari to‘plamlarida, Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan yilda bir marta nashr etiladigan “XXI asrda bolalar kitobxonligi” Respublika seminari to‘plamida, “KUTUBXONA-UZ” oylik jurnali va “Kitob dunyosi” gazetasi sahifalarida muntazam maqolalar berib borilmoqda.
Shu davrda sohaga oid birinchi marta qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni, 2006-yil 20-iyunda qabul qilingan Prezidentimizning “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi, 2011-yil 23-fevraldagi “2011–2015-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatini yanada sifatli takomillashtirishning chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlari, 2012-yil 20-martda qabul qilgan “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot-resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorning o‘ziyoq bu davrning o‘ziga xos xususiyatlarini va ahamiyatini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda kutubxonashunoslik fanining birinchi bosqichi asosan fanning shakllanish davri deb hisoblanadi. Bu bosqichda Turkiston Respublikasida kutubxonalar tarmog‘ini barpo qilish, kutubxonachilik ishining tashkiliy va funksional jihatlarini asoslash, uning nazariy va amaliy asoslarini yaratish, turli xil kutubxonachilik ishiga oid konferensiyalar, kengashlar, qurultoylarni chaqirish, kutubxonachilik ishiga rahbarlik qilish organlarini tashkil etish bilan bog‘liq ishlar bajarildi. Bu ishlarni amalga oshirish o‘sha paytdagi Turkiston xalq kutubxonasi (hozirgi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi) faoliyati bilan bog‘liq. Chunki aynan shu kutubxonada o‘sha davrning eng yetuk kutubxonachi-bibliograflari, dastlabki kutubxonashunos, sharqshunos olimlar, madaniyat arboblari to‘plangan edi. O‘zbekistonda “Kutubxonashunoslik” fanining shakllanishi va rivojlanishi Yevgeniy Karlovich Betger nomi bilan bog‘liq. Y. K. Betger 1887-yil 30-iyunda Toshkent shahrida tug‘ilib, 1905-yili Toshkent erkaklar gimnaziyasini, keyin Moskva, Gendelberg, Kiyev universitetlarini tugatgan. 1920–1924-yillari O‘rta Osiyo davlat universitetining sharq fakultetini tugatadi va sharq tillari bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi. 1914-yilda juda keng bilimga, ayniqsa, rus tilshunosligi bo‘yicha yetuk bilimga ega bo‘lgan Y. K. Betger Toshkent erkaklar gimnaziyasida rus tili va adabiyotidan o‘qituvchilik faoliyatini boshlaydi. 1915-yildan uning kutubxonachilik ishi bilan bog‘liq hayoti boshlanadi. Avval u Rus geografik jamiyatining Turkiston bo‘limida ham uning a’zosi, ham kutubxonachi lavozimida ishlaydi. 1915-yil u bir ovozdan kutubxona mudiri lavozimiga saylanadi. A. V. Penkov bilan kitoblarni joylashtirish ishini tugatib, kartochkali va predmet katalogini tuzishga kirishadi. Olimlar yordamida fondni kengaytirishga harakat qiladi. Fond, ayniqsa, o‘lkashunoslik xarakteridagi adabiyotlar bilan boyiydi. Y. K. Betger kutubxona fondini targ‘ib qilish ishini jonlantirdi, shu yo‘nalishda bibliografiya ishini tashkil qiladi. A. V. Penkov bilan birgalikda “1912-yil 1-oktabrdan to 1914-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda turkistonshunoslikka oid kitoblar va maqolalarning bibliografik ko‘rsatkichi”ni va 1914–1915-yillar uchun ko‘rsatkichini tuzadi. 1917-yili u Turkiston ommaviy kutubxonasining Kuzatish qo‘mitasi tarkibiga ishga olinadi. Bu yerda u asosan kitob fondini saqlash va uni targ‘ib qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. Rahbarlik qobiliyatiga ega bo‘lganligi sababli, 1918-yil Turkiston xalq kutubxonasini qayta tashkil etish komissiyasi ishiga jalb etiladi, bir vaqtning o‘zida Xalq komissariati qoshidagi kutubxonachilik bo‘limini boshqara boshlaydi. Uning tashabbusi bilan Toshkentda kutubxona xodimlarini tayyorlash kurslari tashkil etiladi. Bolalar, maxsus va milliy kutubxonalar tashkil etila boshlaydi. Boshqa mutaxassislar bilan birgalikda ilmiy va akademik kutubxonalarning Markaziy O‘rta Osiyo birlashmasini boshqaradi. Markaziy bibliografik komissiya ishiga rahbarlik qilib, kataloglashtirish bo‘yicha mas’ul xodim, o‘nli tizim bo‘yicha yirik mutaxassis va indeksator sifatida o‘lka bo‘yicha kutubxonalar rahbarligiga tayinlanadi. 1922–1931-yillar ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ilmiy kotib, 1947-yilgacha bo‘lim mudiri lavozimlarida faoliyat yuritadi. 1943-yil “A. I. Butakov kundaliklari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. 1920-yillardayoq Y. K. Betger kutubxonalar ishini tashkil etishdagi asosiy jihatlarga e’tiborini qaratadi. Bular: hisobotlarni tuzishda bir xillikka erishish, kutubxona fondi va kutubxona ma’lumot apparatini tashkil etish, katalog va kartotekalarni tuzish, kitob fondini saqlash, klassifikatsiya qilish va o‘nli klassifikatsiya asosida tavsiflash. 1918-yili L. K. Davidov, A. A. Metelnikov bilan birga 1-marta “O‘nli bibliografik klassifikatsiya”ni nashr ettiradi. Y. K. Betger bu ishni 1922-yili takomillashtirib qayta nashr ettirdi, unga so‘zboshi, uslubiy ko‘rsatma, foydalanish qoidalarini qo‘shadi. Betger kutubxonalar hisobotini va uning tarkibiy qismlarini belgilab beradi, unda kutubxonaning tuzilishi va kutubxona bo‘limlarida ishni tashkil etish haqidagi masalalami yoritishni talab qiladi. Bo‘limlar ishini qulay va to‘g‘ri tashkil etish kitobxonlarga ilmiy xizmat ko‘rsatishning mezoni ekanligini ta’kidlaydi. Uni takomillashtirishda kutubxona xodimining o‘rni beqiyosligini, buning uchun undan professional bilim, aql-zakovat, mahorat talab etilishini, kutubxonaning moliyaviy ahvoli, uning smetasini tuzish hamda tahlil qilib turish kutubxona faoliyatini rivojlantirishda, takomillashtirishda muhim ekanligini, kutubxonaning moddiytexnik bazasini mustahkamlashning kutubxona oldida turgan vazifalarni hamda aholiga kutubxona xizmati ko‘rsatishni yaxshilashning asosiy omili ekanligini ko‘rsatadi. O‘rta Osiyo davlat kutubxonasi (hozirgi Milliy kutubxona)ning Y. K. Betger tomonidan tuzilgan yillik hisobotlarida qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilgan bo‘lib, bu bilan kutubxonaning ijtimoiy roli yildan yilga oshib borganligi, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rish mumkin. Y. K. Betger bibliografik faoliyatga, ayniqsa, o‘lkashunoslik bibliograiiyasiga katta e’tibor beradi. Nashr etilmay qolib ketgan bo‘lsa ham, u juda ko‘plab o‘lkashunoslik xarakteridagi bibliografik ko‘rsatkichlarni tuzadi. Arab, fors va boshqa sharq tillarini mukammal bilgan mutaxassis sifatida hozirgi Sharqshunoslik instituti faoliyatida ham ishtirok etadi. 1947–49-yillarda sharq qo‘lyozmalarini tavsiflash ishida, 1952-yil tuzilgan “O‘zFA sharq qo‘lyozmalari katalogi”ning 1-jildini tuzishda qatnashadi. Nizomiy, Sa’diy, Navoiy, Ogahiy asarlarini tarjima qiladi. 1953-yili uzoq yillik samarali mehnatlari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan kutubxonachi” unvoni bilan taqdirlanadi. A. P. Arxangelskiy va Stenmaxiar esa kutubxona budjeti, kitob fondining o‘sib borishi kutubxonachilik ishining taraqqiyotini belgilab beradigan omil bo‘libgina qolmay, balki kutubxonaning ijtimoiy rolini ham ko‘rsatib beradi deb ta’kidlashgan. Buni yana kitobning ommaga yetkazib berilishiga, kutubxona ishi mazmunining o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lib, yangi tipdagi kutubxonalar avvalgi kutubxonalardan siyosiy va madaniy masalalarni ilgari surishi bilan ajralib turishi zarur degan g‘oyani ilgari surishgan. Ushbu g‘oyani rivojlantirib, kutubxonalarning muhim vazifalaridan biri kutubxonaga zarurati, ehtiyoji katta bo‘lgan uy bekalari, uy xizmatkorlari, kosiblami va boshqalami jalb qilish zarurligini aytganlar. Kutubxonaning tarbiyaviy rolini oshirish uchun kutubxonachilik ishi sifatini yaxshilash, kitobxonlarga tabaqalashtirilgan (differensial) xizmat ko‘rsatish zarurligini ko‘rsatdilar. O. V. Maslova va M. N. Latipovalarning 1931-yil nashr etilgan “Alifbo katalogi” amaliy qo‘llanmasida asarlarni tavsiflashda qo‘llaniladigan ruscha-o‘zbekcha qisqartirilgan so‘zlar lug‘ati va boshqalar o‘zbek tilida nashr qilingan kitoblar asosida ishlab chiqiladi. Olga Vasilevna Maslova yirik kutubxonashunos-bibliograf, Respublikada xizmat ko‘rsatgan kutubxonachi, tarix fanlari nomzodi, xalqimiz ma’naviy merosining faol targ‘ibotchisi 1893-yil 11-sentabrda Toshkentda harbiy xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Faoliyati davomida ma’lumot-bibliografiya apparatini, tarix, geografiya, geologiya, gidrologiya, biologiya, O‘rta Osiyo xalqlari madaniyatiga oid bibliografik ishlarni tuzadi. Bibliografik tavsif, annotatsiya va sharhlarni tuzish metodikasiga alohida e’tibor qaratadi. Kutubxonashunoslik fani taraqqiyotining birinchi bosqichi kutubxonachilik nazariyasining tashkiliy masalalari bilan bog‘liq bo‘lib, ular 1921-yil noyabr oyida Markaziy idoralararo kutubxonachilik komissiyasining barpo qilinishi, 1923-yil Toshkent shahrida kutubxona birlashmalarining tashkil etilishi, turli kutubxonachilik kengashlari, konferensiyalar, seminarlar, qurultoylarning chaqirilishi, respublikadagi ayrim kutubxonalar faoliyatini tekshirish, kutubxona shoxobchalarini rivojlantirish rejalarining tuzilishi, yetakchi kutubxonalarning ilg‘or ish tajribalarini o‘rganish, targ‘ib qilish, ommalashtirish va boshqa ishlar amalga oshirildi. O‘sha davrda kutubxonashunoslar tomonidan ba’zi bir muammolar o‘rganilgan va rivojlantirilgan. Bular:
kutubxonachilik ishi tarixi va nazariy asoslarining umumlashtirilishi (O‘zbekiston davlat kutubxonasi asarlarining nashr qilinishi va ilmiy sessiyalarning o‘tkazilishi);
O‘zbekiston davlat kutubxonasining ilmiy hisobotlarini tuzish va faoliyatini tahlil qilish;
kutubxonachilik xizmati ko‘rsatishning ahvoli va kutubxona fondini to‘ldirish muammolarini o‘rganish;
kutubxona shoxobchalari va tarmoqlarini tashkil qilish;
tavsiflash metodlari va alifbo katalogini tashkil qilishning nazariy asoslarini ishlab chiqish hamda o‘zbek tilidagi kutubxonachilik atamalari muammolarini tadqiq etish;
turli xil nazariy qarashlar (tanqidiy, munozarali), aniq namoyon bo‘lgan o‘nli bibliografik klassifikatsiya jadvali nazariy va amaliy asoslarining ishlab chiqilishi.
O‘zbekistonda kutubxonachilik fani rivojlanishining ikkinchi bosqichi birinchi bosqichdan farqli ravishda sohada mahalliy millat vakillarining ko‘payishi bilan xarakterlanadi. Bu davrda kutubxonachilik ishining umumiy masalalaridan tortib, alohida kutubxonalar faoliyati, kutubxona tarmoqlari, kutubxonalar ishining ayrim yo‘nalishlari, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish, kutubxona fondiga oid muammolar, kutubxonalar ishini tashkil qilish, kutubxonalarda ilg‘or tajribalarni o‘rganish, umumlashtirish va targ‘ib qilish, boshqa kutubxonalar amaliyotiga joriy etish, kutubxonalar ish tajribalarini ommalashtirish va targ‘ib qilish maqsadida to‘plamlar nashr qilish, lug‘atlar, ma’lumotnomalar tuzish, ma’lum mavzularda dissertatsiyalar yaratish masalalari asosiy o‘rinda turdi. 1940-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab matbuotda O‘zbekistonda kutubxonachilik ishi, uning tashkil etilishi, tarmoqlarning rivojlanishi, A. Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining faoliyati, tashkiliy-metodik ishlariga oid materiallar paydo bo‘la boshlaydi.
1950-yillar o‘rtalariga kelib, jamoa xo‘jaliklari kutubxonalari ishi keng o‘rganiladi va ular matbuotda yoritila boshlanadi. O‘tgan asrning 60-yillariga kelib, qishloq va sho‘ro xo‘jaligi kutubxonalarining faoliyati, taraqqiyoti bo‘yicha materiallar paydo bo‘ldi. Markaziy ilmiy qishloq xo‘jaligi kutubxonasi faoliyati, qishloq va sho‘ro xo‘jaligi kutubxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari yoritila boshlandi.
1950-yillardan bolalar kutubxonalari xodimlarining bolalarga kutubxona xizmati ko‘rsatish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, bolalar o‘qishiga rahbarlik qilish, bolalar bilan ishlash masalalarini yoritadilar. O‘tgan asrning 60-yillari boshlariga kelib, ochiq kitob fondlarini tashkil etish masalasi oldingi o‘ringa chiqdi. 1960-yilda Farg‘ona va Buxoro viloyatida tuman kutubxonalarining ochiq kitob fondi sharoitida kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish tajribasi o‘rganilib, respublika miqyosida bu ilg‘or tajribani yoyishga o‘tildi. Dastlab bu masalada Moskva va Sankt-Peterburgda nashr qilingan uslubiy qo‘llanmalardan foydalanildi. Shuning uchun milliy tildagi adabiyotlar fondini shakllantirish, kitoblarni joylashtirish usullarini ishlab chiqish, tavsiya bibliografik qo‘llanmalarining yetishmasligi, katalog va kartotekalar tizimining takomillashmagani tufayli kutubxona fondi mazmuni to‘la ochib berilmasligi, ochiq kitob fondi sharoitida “kutubxonachining bo‘lishi shart emas” degan tushunchalarning paydo bo‘lishi kutubxonachilik ishini takomillashtirishdagi asosiy to‘siqlar bo‘lib qoldi. Shu sababli, O‘zbekiston davlat kutubxonasi metodik markaz sifatida ochiq kitob fondi sharoitida kitobxonlar o‘qishiga rahbarlik qilish, kutubxona fondini o‘rganish va to‘ldirish, katalog va bibliografk qo‘llanmalardan foydalanish hamda boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha tajribalarni o‘rganish, ommalashtirish, umumlashtirish masalalari bilan shug‘ullandi. Kutubxonachilar uchun viloyat, shahar, tuman kutubxonalarida ochiq kitob fondini tashkil etish, fondni joylashtirish, kutubxonachilarga yordam beradigan adabiyotlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan tavsiya uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish boshlandi. Shu sharoitda o‘qishga rahbarlik qilish, kitobxonlar qiziqishini o‘rganish, ommaviy, bolalar, kasaba uyushmalari, texnika kutubxonalarida ochiq fondni tashkil etish kabi dolzarb masalalar paydo bo‘ldi. 1962–1966-yillarda O‘zbekiston davlat kutubxonasi “Har bir kishining mehnati – hammaning baxt-saodati uchun” umumiy sarlavhasi bilan uchta to‘plamni nashrdan chiqardi. Birinchi to‘plam 1962-yildan nashr etilgan bo‘lib, respublika kutubxonalari fondini o‘rganish natijasida o‘zbek tilidagi adabiyotlar fondining o‘zagi (yadro)ni yaratish muammolari, texnika, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlarni targ‘ib qilish masalalari ana shu qismda ochib berildi. Ikkinchi to‘plam esa Farg‘ona viloyati kutubxonasida ishchi yoshlarning o‘qishiga rahbarlik qilish va o‘lkashunoslik ishlari tajribalari asosida to‘plangan materiallar asosida 1966-yili nashrdan chiqdi. Uchinchi to‘plam ham 1966-yil nashr etilgan bo‘lib, unda adabiyotlar targ‘iboti, mehnatkash-kitobxonlar orasida ilmiy bUimlami targ‘ib qilish, qishloq joylarda va shaharlarda har bir oilaga kitobni yetkazish, ayrim jamoa xo‘jaligi kutubxonalarining ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar berilgan. Bu to‘plamlar tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega bo‘lib, kutubxonachilik ishi tarixini o‘rganishda manba bo‘lib qoladi. 1972-yili oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari kutubxonalari xodimlarining ish tajribalarini umumlashtirgan dastlabki to‘plam nashrdan chiqdi. Bu to‘plam uslubiy xarakterda bo‘lib, yoshlarga kutubxona-bibliografik xizmati ko‘rsatish tajribalarini umumlashtirish maqsadida Toshkent davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet) tomonidan nashr etilgan edi. O‘sha davr mutaxassislari to‘plamga yuqori baho berishgan va to‘plam ko‘plab kutubxonalar uchun tajriba almashish, boshqa kutubxonalar tajribasini o‘rganib, o‘z faoliyatlariga singdirish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Bunga o‘xshagan to‘plam 1974-yilda boshqa nomda nashr etilgan edi. 1958-yilda Qo‘qon pedagogika instituti tarkibida kutubxonachilik fakulteti tashkil etiladi va 1960-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti tarkibiga kiritildi. Shundan so‘ng mamlakatimizda kadrlar tayyorlash sifati, ko‘lami ancha oshdi. Kutubxonashunoslik va bibliografiya fani rivojlana boshladi. Bu esa kutubxonalar tizimining amaliyotiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, O‘zbekistonda tarix fanining taraqqiyotida o‘zgarishlar yuz berdi. Alohida kutubxonachilik ishi tarixi hali mustaqil o‘rganilmagan bo‘lsa-da, ikki yo‘nalishda: xalq maorifi tarixi, nashriyotchilik ishi, madaniy-ma’rifiy ishlar tarixi o‘rganilganda ma’lum bir ma’noda kutubxonachilik ishi tarixiga ham o‘rin berilgan edi. 1959-yil hukumatning “Mamlakatda kutubxonachilik ishining ahvoli va uni yaxshilash choralari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
1960-70-yillarga kelib, Nizomiy nomidagi TDPI qoshidagi kutubxonashunoslik kafedrasi jamoasi tomonidan kutubxonachilik ishi tarixi o‘rganila boshlandi. Ilk feodallar jamiyati davridan 1924-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston kutubxonachiligi tarixi masalasi birinchi marta Osiyo G‘afurovna Qosimova tomonidan tadqiq etildi. Natijada, 1965-yilda Toshkent davlat universitetida respublikada birinchi bo‘lib kutubxonachilik ishi tarixi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilindi. Bu O. Qosimovaning “O‘zbekistonda ommaviy kutubxonalar tarmog‘ining rivojlanishi” mavzusidagi ishi edi. Tarixiy materiallar asosida ilk bora Turkiston o‘lkasi kutubxonalari tarixi, turli xil ilmiy jamiyatlar kutubxonalari faoliyati, nolegal kutubxonalar, Turkiston ommaviy kutubxonasi, unda tashkil topgan Kutubxonachilik komissiyasining tashkil topishidan to 1924-yilgacha bo‘lgan faoliyat yoritildi.
Inqilobdan keyingi davrni o‘rganishda davrlashtirish prinsipini qo‘llagan holda ommaviy kutubxonalar rivojlanishi, har bir davrda aholiga kutubxonachilik xizmati ko‘rsatishning xususiyatlarini ochib bergan. Ilmiy ishi natijasidan unumli foydalangan O. Qosimova 1968-yilda “O‘zbekistonda kutubxonachilik ishi” nomli asarini nashr ettirdi. Bu asarda 1924-yildan 1967-yilgacha bo‘lgan davrdagi O‘zbekiston kutubxonalari tarixi, istiqboli tanqidiy va tahliliy ravishda ochib beriladi. Kutubxonachilik ishi tarixi muammolari bilan amaliyotchilar ham shug‘ullanishgan. A. Navoiy nomidagi O‘DK xodimi Y. B. Abramov Leningrad davlat madaniyat instituti bazasida 1967-yili “O‘zbekistonda kataloglashtirish nazariyasi va amaliyotining rivojlanishi” mavzusida dissertatsiyasini himoya qiladi. Ishning birinchi qismida muallif IX asrdan to Rossiyaning O‘rta Osiyoni bosib olgunigacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston hududida kataloglashtirish tarixini yoritgan. Asosiy e’tiborini Turkiston Ommaviy kutubxonasi (TOK)ning rus bo‘limi katalogi, Turkiston o‘lkasidagi shahar, ilmiy, o‘quv yurtlari va boshqa kutubxonalar kataloglariga qaratgan. TOKning kataloglashtirish faoliyati va uning rivojida N. V. Dmitrovskiy hamda kutubxonachilik komissiyasining o‘rni tarixan o‘rganib chiqilib, tadqiq qilingan. Tadqiqotning keyingi qismlarida 1917–1924-yillar Turkiston muxtor respublikasida, 1925–1967-yillarda O‘zbekistonda kataloglashtirish jarayonlari va amaliyoti O‘zbekiston davlat kutubxonasi misolida yoritilgan. O‘DK negizida 1918-yili tashkil topgan kutubxona fondini kataloglashtirish muammolari bilan shug‘ullanuvchi maxsus komissiya faoliyati birinchi bor ilmiy jamoatchilikka yetkazildi. 1968-yili ToshDU asosiy kutubxonasi xodimi Aleksandr Ivanovich Kormilitsin “Inqilobdan oldingi Turkistonda kutubxonachilik ishi tarixi” mavzusida ilmiy ishini himoya qiladi. IshdaTurkistonning mahalliy aholi soni ko‘p bo‘lgan Sirdaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari bo‘yicha tadqiqot ishlari yoritilgan. 1969-yillarning birinchi yarmida ilmiy kutubxonalar faoliyati ham tadqiq qilina boshlandi. 1973-yili M. Rahimova ToshDUda “O‘zbekiston SSR ilmiy kutubxonalari taraqqiyoti tarixi” (1917–1941-yillar) mavzusida ilmiy ishini himoya qiladi va O‘zbekiston davlat kutubxonasi, ToshDUning ilmiy kutubxonasi, A. S. Pushkin nomidagi Samarqand viloyat kutubxonasi, A. Navoiy nomli Samarqand davlat universitetining asosiy kutubxonasi, Abu Ali ibn Sino nomli Buxoro viloyat kutubxonasi, FA asosiy kutubxonasi, Toshkent davlat tibbiyot instituti kutubxonalari tarixi, respublikada ilmiy kutubxonalar tarmog‘ining shakllanishi, oliy o‘quv yurtlari kutubxonalari faoliyati va muammolari atroflicha tadqiq qilingan. 1941–1970-yillarda ilmiy kutubxonalar faoliyati tarixini Boqibillo Karimov tadqiq qiladi va “O‘zbekiston SSRda ilmiy kutubxonalar taraqqiyoti” nomi bilan ilmiy ishini himoya qiladi. Unda Respublika ilmiy-texnika kutubxonasi, Respublika hududiy patent fondi kutubxonasi, O‘zbekiston davlat rejani ilmiytexnika va texnik-iqtisodiy tadqiqotlar ilmiy tekshirish institutining xalq xo‘jaligi mutaxassislariga xizmat ko‘rsatish faoliyati yoritib berilgan. Mamlakatimiz kutubxonashunoslik fanining rivojlanishini o‘rganishda, tadqiq qilishda yana ma’lumotnoma nashrlar ham alohida ahamiyatga ega. 1964-yili A. Navoiy nomidagi O‘DK tomonidan o‘zbek tilida “O‘zbekistonning yirik kutubxonalari” nomli ma’lumotnoma e’lon qilindi. Unda respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan ilmiy kutubxonalar, viloyat, oliy o‘quv yurtlari va kasaba uyushmalari kutubxonalari faoliyati yoritilgan, makoni, joyi, tarixi, qaysi tarmoqqa qarashliligi va vazifalari, tuzilishi, kitob fondi va kitobxonlar miqdori ko‘rsatilgan. Yana bir ma’lumotnoma “O‘zbekistonning texnika kutubxonalari”dir. Bu O‘rta Osiyo respublikalari bo‘yicha shunday tipdagi birinchi nashr hisoblanadi. Maqsadi O‘zbekiston kutubxonalarining kitob fondini to‘ldirish, kutubxonachilik va axborot ishlarini muvofiqlashtirish. U respublika ilmiy-texnika kutubxonasi, boshqa ilmiy-texnika va texnika kutubxonalari, O‘zbekiston Madaniyat ishlari vazirligining viloyat kutubxonalari, FAning asosiy kutubxonasi, universitetlar va texnika oliy o‘quv yurtlari kutubxonalari haqida ma’lumotlar beradi. Xulosa o‘rnida 1946–1974-yillarda e’lon qilingan materiallar asosida shuni aytish mumkinki, respublika kutubxonalari faoliyati chuqur ilmiy va tanqidiy jihatdan o‘rganildi va sharhli-axborotli materiallar ko‘paydi, ilg‘or tajribalar o‘rganilib, umumlashtirildi va amaliyotga joriy etildi, kutubxonachilik ishi haqida ilmiy tadqiqotlar ko‘paydi, ma’lumotnoma va lug‘at nashrlari paydo bo‘ldi. A. Navoiy nomli O‘DK mamlakatda kutubxonachilik ishining tashkilotchisi, jonkuyari, ilmiy tadqiqot ishlarini muvofiqlashtiruvchi markazga aylana boshladi. Kutubxonachilik sohasida kadrlar tayyorlashning oliy va maxsus tizimi tarkib topdi. 1974-yilda sobiq Ittifoqda 14-chi bo‘lib Toshkent davlat madaniyat instituti tashkil topdi va uning tarkibida “Kutubxonachilik” fakulteti ish boshladi. Respublikada yagona oliy ma’lumotli kutubxonachi-bibliograflar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurti 2012-yilgacha faoliyat yuritdi, ko‘p yillar mobaynida mamlakatimiz, qo‘shni va xorijiy davlatlar kutubxonalari uchun malakali kadrlar tayyorlab keldi, mamlakatimiz kutubxonachiligi tizimini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shdi. 1974-yil kutubxonachilik ishi sohasida markazlashtirilgan tizimni boshlab bergan “Mehnatkashlarni kommunistik ruhda tarbiyalashda va fan-texnika taraqqiyotida kutubxonalarning rolini oshirish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu esa 1975-yildan boshlangan kutubxonashunoslik fanining uchinchi bosqichi rivojida muhim asos bo‘lib qoldi. Bu davrda kutubxonashunoslik fani yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Kitob ishi tarixi, kutubxonalar tarmoqlari, kutubxonashunoslik fani va uning umumiy muammolarini hal etish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. O. Qosimovaning o‘zbek va rus tilidagi “O‘zbekistonda kutubxonachilik ishi tarixi” darsligi kutubxonachilik fakultetida o‘qitila boshlandi. Bu davrda kutubxonachilik ishi muammolariga oid bitta doktorlik va 7 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. “O‘zbek tilining kutubxonachilik-bibliografik terminshunosligi” (E. Yo‘ldoshev) mavzusida ish boshlanib, u “O‘zbek kitobatchiligi terminologiyasi” nomi bilan doktorlik ishi darajasiga yetdi. Professor Ergash Yo‘ldoshev “O‘zbekistonda bolalarga kutubxonachilik xizmati ko‘rsatilishi: shakllanishi, rivojlanishi va istiqbollari”, M. Rasulov “MKSda ommaviy qishloq xo‘jaligi kasbi mehnatkashlariga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish”, M. A. Zufarova “Ikki tillilik sharoitida sistematik katalog: tashkil qilish muammolari va takomillashtirish yo‘llari”, V. V. Sadurskaya “Yuqori sinf o‘quvchilarining bilishga oid faolligini shakllantirishda yoshlar kutubxonasi, maktab ishlab chiqarish jamoasining o‘zaro hamkorligi”, M. Mahmudov “Maktab o‘qituvchilariga kutubxona xizmatini ko‘rsatish: hozirgi ahvoli va taraqqiy ettirish yo‘llari” mavzularida tadqiqot ishlarini yakunladilar. Bu bosqichda O‘zbekistonda kutubxonashunoslik fanini rivojlantirishning asosiy masalalaridan biri ilg‘or tajribalarni o‘rganish, tahlil qilish va ommalashtirishdan iborat edi. Shu yo‘nalishda 1960-yillardan Alisher Navoiy nomidagi Respublika davlat kutubxonasi (hozirgi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi) 34 ta maxsus to‘plam nashr qiladi, 1976-yildan “O‘zbekiston kutubxonalari” nomi bilan davomli nashr chiqadi. Ilmiy to‘plam sifatida respublika kutubxonalaridagi amaliy ish tajribalari yoritadigan, tahlil va targ‘ib qiladigan nashrga aylanadi. Keyinchalik bu to‘plam “O‘zbekiston kutubxonashunosligi: kutubxonachilik ishi nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha maqolalar to‘plami” nomi bilan chiqarila boshlandi va kutubxonachilik ishining nazariy va amaliy muammolari bo‘yicha umumiy materiallar, uning ayrim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan risolalar o‘z aksini topdi. Bu nashr respublikada kutubxonachilik ishi tarixi, nazariyasi, amaliyoti va istiqboli masalalarini yoritadigan, ishlab chiqadigan, barcha kutubxona tarmoqlari o‘rtasida ilg‘or tajribalarni ommalashtiradigan, mamlakatimizda va hududlarda kutubxonachilik ishi qurilishi xususiyatlarini o‘rganadigan, kutubxona xodimlari malakasini oshiradigan, kitobxonlarda o‘qish madaniyatini tarbiyalaydigan, kutubxonachilik kasbining nufuzini, obro‘-e’tiborini ko‘taradigan nashrga aylandi. 1974-yilda sobiq Ittifoq hukumatining kutubxonachilik ishiga oid qabul qilgan qarori asosida mamlakatda markazlashtirilgan kutubxonalar tizimi tashkil topdi. Bu tizimning xususiyati shundan iborat ediki, hududlar xususiyatidan kelib chiqqan holda alohida tizimlar shakllandi, ulaming tarkibida markaziy kutubxona va uning atrofida filiallar birlashib, tizimni boshqarish, mablag‘ bilan ta’minlash, rejalashtirish va hisobot ishlari, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hisob-kitob ishlari, fondni to‘ldirish, unga qayta ishlov berish, texnik va ilmiy ishlov berish Markaziy kutubxona zimmasiga, aholiga kutubxona xizmati ko‘rsatish filiallarga biriktirildi. Kutubxonalarda ilg‘or ish usullarini o‘rganish, o‘zaro hamkorlik qilish, ichki va tashqi kitob ayirboshlash, kutubxonalararo abonement, sirtqi abonement, Xalqaro abonement ishlari shu davrda rivojlantirildi. Markaziy kutubxona butun bir tizim uchun ilmiy-uslubiy, bibliografik ish markaziga aylandi. 1975–1990-yillarda “Kutubxonashunoslik” fanining rivojlanishida asosiy e’tibor respublikada maktab o‘quvchilari va bolalarga kutubxona xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish masalalariga qaratildi. Kitobxonlar o‘qish madaniyatini tarbiyalash, o‘qishiga rahbarlik qilish masalalari har tomonlama ishlab chiqila boshlandi. Shu davrda Toshkent davlat madaniyat institutining “Bolalar adabiyoti va kutubxonalarda bolalar o‘qishiga rahbarlik qilish” kafedrasi tashkil topib, uning faoliyati ko‘lami va sifati jihatidan ko‘zga tashlandi. Bu kafedraga avval filologiya fanlari doktori, folklorist olim Malik Murodov, keyinchalik pedagogika fanlari nomzodi, professor E. Yo‘ldoshev rahbarlik qildi. 1982–1990-yillarda M. Murodovning bolalar kitobxonligi, ularning o‘qishiga rahbarlik qilish, kitobxonlikning ildizlari, oilada kitobxonlik, uning ildizlari, an’analari, shaxsiy kutubxonalar va ularda aholiga xizmat ko‘rsatish, bolalar ma’naviy dunyosini shakllantirishda kitobning o‘rni, E. Yo‘ldoshevning “Bolalar o‘qishiga rahbarlik qilish”, “O‘qish madaniyatini tarbiyalash” kabi risolalari nashr etildi. Maktab va litsey kutubxonalari ishini tashkil etish, kutubxonalarda kataloglarni tashkil etish, kitob fondini tashkil etish va u bilan ishlash, turli sinf o‘quvchilari bilan ishlash, ular o‘rtasida kutubxonachilik va bibliografik bilimlarni targ‘ib etish bo‘yicha kitoblar va risolalar, turli ommaviy tadbirlarni tashkil etish metodikasiga oid qo‘llanmalar respublika “Kitobxon” jamiyati bilan hamkorlikda nashr etildi. Ulardan “Badiiy adabiyotlarni targ‘ib etishning ommaviy usullari”, “Adabiy o‘qishlarni tayyorlash va o‘tkazish metodikasi”, “Adabiy viktorinalar” kabi yangi ish usullarining metodikasini o‘rgatuvchi, ommalashtiruvchi metodik risolalar nashr etildi. Chunki, bu davrga kelib, ommaviy ishlarni tayyorlash va o‘tkazishda yagona metodikaga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Turli kutubxonalarda ommaviy ishlarning o‘zibo‘1archi1ik bilan, har kim o‘zi istagancha o‘tkazishi ommaviy tadbirlarning ta’sirini, sifatini, nufuzini tushirib yubordi.
1975–1990-yillarda kutubxonachilik ishi sohasidagi tadqiqotlar kutubxonalarning ijtimoiy rolini oshirishga qaratildi. Bu sohaga adabiyotshunoslarning kirib kelishi ko‘zga tashlandi. Ammo, kutubxonachilik ishi masalalarining hal etilishida jamiyatshunoslar, faylasuflar, pedagoglar, psixologlar yetarli darajada ishtirok etishmadi.
Bu davrda asosiy e’tibor sohaga oid ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, bolalar va o‘smirlar bilan ishlash, o‘qish madaniyatini tarbiyalash, o‘qishiga rahbarlik qilish, yetakchi kutubxonashunos-bibliograf olimlarning faoliyatini o‘rganish, tadqiq qilish, targ‘ib qilish, kutubxonashunoslik fanining boshqa sohalar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ular yordamida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, aholiga kutubxonachilik xizmati ko‘rsatishni takomillashtirish, kutubxona tarmoqlarini markazlashtirish, madaniy-ma’rifiy muassasalar tizimida kutubxonalarning o‘rni masalasini o‘rganish, tadqiq qilish, kutubxonachilik hududiy birlashmalari faoliyatini o‘rganish masalalari uchinchi bosqichga xos edi. 1991-yil O‘zbekiston mustaqilligi qo‘lga kiritilganidan so‘ng jamiyatning barcha qatlamlarida o‘zgarishlar yuz berdi. Bozor iqtisodiyoti sharoitiga o‘tish davri boshlandi. Hamma sohada iqtisodiyotni, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniyma’rifiy sohalarda bo‘lgani kabi madaniyat va san’at sohasida ham milliylikka e’tibor oshdi. Milliy urf-odatlarimizni takomillashtirish, milliy qadriyatlarimizni qaytadan o‘rganish, tahlil qilish, ayniqsa, o‘zbek millati tarixini yangi nuqtayi nazardan o‘rganish masalasi, ma’naviyatni shakllantirish, rivojlantirish oldingi o‘ringa chiqdi. Diniy qadriyatlar qaytadan tiklandi. Xorijiy mamlakatlar bilan barcha sohada hamkorlik kuchaydi. Xorijiy sarmoyalar mamlakatimiz rivojiga ta’sir eta boshladi. Kutubxonachilik ishi sohasida ham xorijiy grantlar, hamkorlik yordamlari paydo bo‘ldi. Ulaming ta’sirida va ko‘magida kutubxonachilik ishi sohasida avtomatlashtirish tushunchalari shakllanib, amaliyotga joriy etila boshlandi. Shulardan eng asosiysi elektron kataloglarning tashkil etilishi bo‘ldi. Mamlakatimizda dastlab Toshkent viloyati “Turon” ilmiy-universal kutubxonasi, O‘zbekiston FA asosiy kutubxonasining faoliyatida yangi texnologiya paydo bo‘ldi, Rossiyaning “IRBIS” dasturi asosida elektron kataloglar yaratila boshlandi. “Turon” kutubxonasi tomonidan bir necha xorijiy grantlar yordamida respublika kutubxonalari uchun o‘quv seminarlari tashkil etilib, elektron katalog tuzish qoidalari, nusxa ko‘chirish apparatlari yordamida adabiyotlardan nusxa olish, bibliografik yozuvlarni dasturga kiritish, kompyuter savodxonligini oshirish masalalari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. XX asrning so‘nggi yillariga kelib, mamlakatimiz kutubxonalari faoliyatiga kompyuterlar kirib keldi. Ular yordamida kutubxonachilik ish jarayonlarini avtomatlashtirish bilan kutubxonachilar mehnatini yengillashtirish, ularning ish samarasini va sifatini oshirish masalalari kun tartibiga chiqdi. Shu sababli, 1994-yildan boshlab AK respublikada birinchilardan bo‘lib, Rossiyaning “IRBIS” dasturi asosida elektron katalog yaratishga kirishdi. 1998-yili kutubxona ish jarayonlari shu dastur asosida avtomatlashtirishga o‘tkazila boshlandi, kitobxonlarda Internet tarmog‘ida ishlash imkoniyati yaratildi hamda elektron pochta aloqasi ishga tushdi. 2001-yili FAAK Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib “Avtomatlashtirilgan kutubxona modeli” loyihasi doirasida respublika kutubxona xodimlarini axborot texnologiyalari savodxonligiga o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazi ish boshladi va 150 dan ortiq kutubxona xodimi o‘qitildi. 1994-yildan boshlab, AK fondiga olingan hujjatlarning elektron katalogi, 9 mingga yaqin dissertatsiyalarning bibliografik yozuvlari kiritildi. Ammo bu ishlar dastlabki davrda bajarilgani va hali kutubxona xodimlarida elektron katalog tuzish madaniyati yetarli bo‘lmaganligi sababli bibliografik yozuvlarni kiritishda ko‘pgina xatolar mavjud edi. 2000–2004-yillarda Toshkent viloyati “Turon” ilmiy-universal kutubxonasi (2006-yildan axborot-kutubxona markazi) nafaqat Toshkent viloyati kutubxonalari, balki respublika kutubxonalari faoliyatini rivojlantirish maqsadida xorijiy grantlardan foydalanib, 5 ta viloyat kutubxonasida “Huquqiy axborot markazi”ni tashkil etdi, ularni kompyuter, printer, skaner bilan ta’minladi va elektron katalog tashkil etish ishlarida yordam berdi, kutubxonalar faoliyatiga fandrayzing usulini olib kirish bo‘yicha bir yil davomida o‘quv seminarlari tashkil etdi.
1999-yildan boshlab mutaxassislar sa’y-harakati bilan xorijiy tashkilotlar ko‘magida “Fan, texnika, ta’lim va biznes sohalarida kutubxona, Internet resurslaridan foydalanish – “Central Asia” nomi bilan ikki yilda bir marta O‘zbekistonning yirik shaharlari va kutubxonalari bazasida Xalqaro anjuman o‘tkazila boshlandi. Bu anjumanda dunyo mamlakatlarining ilg‘or kutubxonashunos va bibliograf olimlari, kutubxonalar ish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etadilar. Anjumanda kutubxonachilik ishini takomillashtirish, sifatli va samarali axborot xizmati ko‘rsatish, kutubxonalar ish jarayonlarini avtomatlashtirish, xodimlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash, elektron kataloglar yaratish, mamlakatlarning yig‘ma elektron kataloglari, ilg‘or ish tajribalari, virtual kutubxonalar, elektron kutubxonalar, ularning ishini tashkil etish, Internet xizmati, Internet resurslarini yaratish, xususiy elektron resurslar va ularni yaratish, masofadan turib xizmat ko‘rsatish, elektron resurslar tashkil etish, o‘zaro almashish, hamkorlik ishlari, elektron bibliografik resurslar yaratish va fondini tashkil etish kabi ko‘plab masalalar muhokama qilindi.
Anjumanda axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish bilan bog‘liq tashkilotlar – nashriyotlar, kitob savdosi tashkilotlari, kompyuter texnologiyalari ishlab chiqarish kompaniyalari, dasturchilar, arxiv xodimlari qatnashib, fikr almashdilar. Bu davrda xorijiy mamlakatlar tajribalarini o‘rganish, kutubxonalar faoliyatiga olib kirish borasida katta ishlar bajarildi. Turli grantlar jalb etilib, Ispaniya, Italiya, Fransiya, AQSH, Germaniya, Latviya, Litva, Shvetsiya, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlik o‘rnatildi, ularning ish tajribalarini o‘rganish maqsadida ijodiy safarlar, o‘quv kurslari tashkil etildi. Bunda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti kutubxonashunos-bibliograflari, talabalar, mamlakatimizning yirik kutubxonalari xodimlari qatnashdilar. Ayniqsa, bu borada Germaniyaning Gyote instituti faoliyati juda samarali bo‘ldi. Bu institut yordamida Samarqand viloyati AKMda, Toshkent shahar sanoat kasb-hunar kollejining ARMda nemis o‘quv zallari tashkil etildi, kompyuterlar va ilg‘or texnika vositalari bilan jihozlandi, adabiyotlar va elektron resurslar fondi tashkil etildi. Mamlakatimiz kutubxonalarida xususiy elektron resurslar yaratish ishlari, yig‘ma elektron katalog yaratila boshlandi. Kutubxonachilik ishi sohasida yangi qonuniy va me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.
|
| |