|
DINIY MADANIY AN'ANALARNING JAMIYAT TARAQQIYOTIGA TA'SIRI
|
bet | 18/18 | Sana | 20.12.2023 | Hajmi | 169,29 Kb. | | #124635 |
Bog'liq Qarshi filiali kompyuter injiniringi fakulteti (5330600) dasturi-fayllar.orgDINIY MADANIY AN'ANALARNING JAMIYAT TARAQQIYOTIGA TA'SIRI
REJA:
Istiqlol, ma’naviyat va din
Ma’naviy an'anasifatida dinning jamiyat hayotida tutgan o’rni
Islom dinining sharq ma’naviy madaniyatida tutgan o’rni va roli
Islom ma’naviy ta’limotida umuminsoniy axloqiy qadriyatlarning o’rni
Ma’naviyat murakkab ijtimoiy hodisa bo’lib, uning holati va taraqqiyotiga juda ko’p omillar - siyosat, iqtisod, fan, axloq, san’at, urf-odat kabi hodisalar ta’sir yetkazadi.
Ma’naviy qadriyatlar - bular kishilar ma’naviy faoliyatining mahsuli, bilishning murakkab jarayoni natijasi bilim, hayot, qarash, malakalar samarasidir.
Ma’naviyat jamiyat taraqqiyotining muhim omili bo’lar ekan, u nafaqat bugungi madaniy boyliklarga, qadriyatlarga zamonaviy, ma’naviy yutuqlarga, shu bilan birga har bir xalqning ko’p asrlik ma’naviy merosiga ham tayanadi. Har bir davr, xalq, millatning ma’naviy qadriyatlari tabiiyki, quruq, bo’sh yerda vujudga kelmaydi. Har qanday ma’naviyat, eng avvalo, jamiyatda avval erishilgan muayyan bilimlar, tajribalar hamda o’tmish avlodlardan bizgacha yetib kelgan ma’naviy merosga, shuningdek, umuminsoniy ma’naviy qadriyatlarga tayanadi.
Ota - bobolarimizning asrlar davomida to’plagan hayotiy tajribalari, ilmiy kashfiyotlari, badiiy asarlari, axloqiy ta’limotlari bugungi ma’naviy tiklanishning negizini, poydevorini tashkil qiladi. Bu o’rinda islom ma’naviyati va axloqiy ta’limotining mavqyei ham kam emas. Sobiq sho’rolar davrida ma’naviy merosga, xususan diniy qadriyatlarga, jumladan islom ta’limotiga nisbatan mafkuralashgan salbiy munosabat, uni zararli deb topish, kurashchan ateizm tamoyillarini mutlaqlashtirish ma’naviy hayotga ziyon keltirdi.
Ma’naviyat tarkibida dinning alohida o’rni mavjudligi o’z-o’zidan ravshan. Buning boisi avvalo shundaki, din ming yillar mobaynida insoniyat hayotining barcha jihatlari bilan chambarchas bog’lanib, uning turmush tarziga aylanib ketgan. Boshqa tomonidan, din ta’sirining zamirida savob va gunoh haqidagi tasavvurlar turadiki, odamlar bu ma’naviy xodisalarga hyech qachon bafarq qaramagan. Binobarin, savob va gunoh, shuningdek, savobli ish qilganlarning ham bu dunyo, ham nariga dunyo taqdirlanishi, gunohkorlarning esa jazolanishi to’g’risidagi qarashlar kishilik jamiyati taraqqiyatining ilk bosqichlaridan shakllanib, odamlarning axloqiy munosabatlarini tartibga solib kelgan.
Din ijtimoiy ong shakllarining biri sifatida kishilar ma’naviy hayotining kuchli va hatto asosiy omili bo’lgan. E’tiqod sifatida e’tirof etilgan tamoyillarga qat’iy amal qilish va uni kundalik turmushda bajarish dinda asosiy o’rin egallaydi. Diniy talablar har bir shaxsdan qat’iylik, iymoniylik, irodalilik, sabr-toqatlilik, chidamlilik, shukronalik, xullas odamiylilik, haqiqiy fidoiylilikni, e’tiqodga amal qilishni taqozo etadi va kishining ma’naviy salohiyatini shakllantiradi.
Yuqorida aytilgan fikrlardan kelib chiqadigan xulosa shuki, ma’naviyat uzluksiz jarayon bo’lib, jamiyat hayotining barcha sohalarida o’zining chuqur ta’sirini topgan.
Mutaxassislar fikricha diniy madaniyat chuqur ijtimoiy ildizga ega bo’lib, asosan, kishilarning tasavvurlari, kayfiyat va amallari birligida o’z ifodasini topadi. Insonning diniy tasavvuri deganda uning dunyoqarashida aks etadigan xudo, payg’ambarlar, farishtalar, maloyikalar, iblis-shayton. «Muqaddas yozuvlar, ularning odamlar hayotiga ta’siri to’g’risidagi tushunchalar majmuiga aytamiz.
Insonning diniy kayfiyatlari deganda uning hissiyoti bilan bog’liq bo’lgan ojizligi, zaifligi, qo’rqishi, umid va tasallisini tushunamiz. Insonning diiny amaliyotlari esa xudoga toat-ibodat, diniy talablar v amarosimlarni bajarish, nazr-niyozlarni o’z ichiga oladi» .
Insoniyat jamiyati tarixi shundan dalolat beradiki, hamma vaqt ham kishilarda diniy tasavvur, kayfiyat, amaliyot va tushunchalar mavjud bo’lgan emas. Diniy tasavvurlarning yuzaga kelishiga, asosan, inson va borliq o’rtasidagi murakkab munosabatlar sabab bo’lgan. Olimlarning fikricha ilk diniy tasavvurlar, asosan, paleolit - qadimgi tosh davrining so’nggi bosqichida paydo bo’lgan.
Dinning mohiyati va jamiyat hayotida tutgan o’rni ilohiyot va fanda turlicha talqin etiladi. Ilohiyotshunoslar fikricha - din xudo tomonidan o’z payg’ambarlari orqali bashariyat olamiga joriy qilinishi zarur bo’lgan ilohiy qonunlardir. U azaldan insonning xudo bilan aloqa qilish ehtiyojidir.
Din - tabiat, jamiyat, inson va uning ongini, yashashdan maqsadi hamda taqdirini bevosita qurshab olgan, atrof-muhitdan tashqarida bo’lgan, insonni yaratgan, ayni zamonda unga birdan-bir «to’g’ri», «haqiqat» va «odil» hayot yo’lini ko’rsatadigan va o’rganadigan ilohiy qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak, qarash ta’limotdir.
Dunyoviy, ilmiy nuqtai nazar bo’yicha esa din, ijtimoiy - tarixiy hodisa. Kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining ma’lum bosqichida paydo bo’lgan ijtimoiy ong shakllaridan biri. Din - muayyan ta’limotlar, his-tuyg’ular, toat - ibodatlar va diniy tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon bo’ladigan, odam, hayot yaratilishini tasavvur qilishning alohida tarzi, uni idrok etishning o’ziga xos usuli. Olamda odamlar jamoasi paydo bo’lganidan to bizgacha o’tgan davrlarni ilohiy tasavvurda aks ettirishdir. Dinning nima ekanligi turlicha izohlansa - da, umumiy nuqtai nazar shuki, din ishonmoqlik tuyg’usidir. Bu tuyg’u insonning eng teran va go’zal ruhiy-ma’naviy ehtiyojlaridandir. Darhaqiqat, «dunyoda dini, ishonchi, ehtiqodi bo’lmagan xalq, elat, millat yo’q. Chunki biron - bir xalq dinsiz, e’tiqodsiz, biror - bir narsaga ishonchsiz yashay olmaydi. Shuning uchun har qanday din jamiyatda ma’lum ijtimoiy, ma’naviy, ruxiy va ko’pgina boshqa vazifalarini bajaradi.
Dinning funksiyalari hozirgi dinshunoslik fanida juda keng turli konsepsiyalarga ko’rsatiladi. Din kishilar hayotida o’z qavmlari uchun to’ldiruvchi, ovutuvchi (kopensatorlik) funksiyani bajaradi. Masalan, insonda doimiy ehtiyoj paydo bo’lib turadi. U o’z hayoti, turmush tarzi, tabiat va jamiyat, o’zga insonlar bilan bo’lgan munosabatlari jarayonida hayotiy ehtiyoji, maqsadlariga yetishishi ilojsiz bo’lib qolganda, unda qandaydir ma’naviy-ruhiy ehtiyojga zarurat sezadi. Shu paytda u xudoga, payg’ambarlar, farishtalar, avliyolar ajdodlarining ruhlariga murojaat» qilib, ishonch bilan ulardan madad so’raydi va ko’nglida «Xudo xohlasa yaxshi bo’ladi, dunyo baumed» deb, o’ziga tasalli beradi, o’zini ruhiy-ma’naviy tinchitadi. Dinning to’ldiruvchanlik funksiyasi uning ijtimoiyligida eng asosiy vazifa hisoblanadi va shu bois din o’tmishda ham, hozirda ham jamiyat a’zolari hayotida mustahkam o’rin egallagan. Shu sababdan dindorlar va dindor bo’lmagan odamlar ham dinning kompensatorlik kuchiga ishonadilar, o’zlariga ma’naviy-ruxiy taskin berib qurbonlik qiladilar, chiroq yoqadilar, muqaddas joylarga ziyoratga boradilar, sadaqa beradilar va hokazo.
Ya’ni din insonlar hayotida ma’naviy-ruhiy kuch, odamlarning irodasini, iymonini baquvvat qiladigan omil sifatida jamiyatda xizmat qiladi.
Hozirgi zamon dinshunoslik fanida dinning kompensatorlik funksiyasini bayon qilishda mutaxassislar har xil yondashib, uni «dushespasitelnaya»3 (ya’ni shaxsga nisbatan «jonni qutqazish» , «najot berish», «ruhni baquvvat qilmoq») ma’nolarida ishlatgan. Dinning bu funksiyasini nemis sosiologi M.Veber «smыslopologayuщaya» (ya’ni «mazmunga ega») deb, uni asosiy va hamma dinlar uchun umumiy sifatida e’tirof etadi. Bu funksiyasi odamni «biroz to’xtab, orqaga nazar tashlash», «hayot mazmuni», «ruhni, jonni qutqazish» haqida uylashga vodor qiladi. Irodasi kuchsiz odamlarga taskin beradi, ularning hayot qiyinchiliklarini yengishga psixoterapevtik vosita bo’lib xizmat qiladi . Dinni tadqiq etuvchilar uni ma’naviy omil sifatida inson hayotiga mazmun baxsh etadi deb, ta’kid qilganlar masalan, Z.Freyd ta’limotining davomchisi va keyinchalik uni tanqid qiluvchisi Shveysariyalik psixolog K.Yung ham shu mavqyeidan turib, dinning funksiyasini tushuntiradi. Uning fikricha din inson hayotini mazmunli qiladi, uning ko’nglini ochadi, yorug’lik beradi, hayotdan bahramand bo’lishga undaydi, insonni narsalar dunyosi ta’siridan, iste’molchilik hirsidan qutqazadi va bugun ham individlarni kundalik hayotlarida ularni doimo himoya qiladi . Mualliflar dinning madaniyatga nisbatan funksiyasini - «ma’naviy» deb bayon etganlar. Yagona diniy mentalitet madaniyatning asosini tashkil qilib, odamlarning tafakkuri va odobini, munosabatini mehnati, turmush tarziga, ijtimoiy - siyosiy hayotga muayyan qilgan. Diiny ibodatxonalarning ramziy tasviri, xristian cherkovlarining simvolikasi, musulmonlarning madrasa, maqbara va masjidining mo’xtashamligi va rangli go’zalligi odamlarda ulug’vorlik hissiyotini paydo qiladi, ularda go’zallik, mukammallik, buyuklik va sehrlik haqida tafakkurini uyg’otadi, ruhiy- hissiy ta’sir yetkazadi. Butun madaniyatning din zaminida integrasiyasi xususan O’rta asrlarda kuchli ekanligi ma’lum. Shuningdek, G’arbda O’rta asrlarda maktablar cherkov qoshida bo’lgan, kutubxonalar monastirlarda joylashgan eng katta kitoblar xazinasi XII asrdayoq Praga monastirida edi, qo’lyozma kitoblarni monarxlar ko’chirilgan, birinchi slavyan alifbosini monarxlar Kirill va Mifodiylar tuzganlar (IX asr). Birinchi Universitet - Parijda badavlat ruhoniy Sorbonna tomonidan bunyod etilgan. Me’morchilik inshootlarining bezatishida diniy mavzular asosiy o’rin egallagan. Uyg’onish davrining Buyuk rassomlari - Rafael, Mikelanjello, Leonardo da Vinchi, Rembrant, Andriy Rublev va boshqalar diniy binolarning bunyodi va bezashida katta hissa qo’shganlar. Yevropada dastlabki sahna asarlari misteriya va pastorale nomlanib, madaniyati syujetlarni aks etgan. Diniy ibdoat va marosimlarning Yevropada musiqa va qo’shiq aytish bilan o’tkazilishi, ibodatxonalarning haykallar va ikonalar bilan jihozi, musulmonlarning Qur’on qiroati va ibodat qilishdagi chiroyli amallari dindor va g’ayri dindorlarga chuqur ma’naviy-hissiy ta’sir yetkazadi.
Nemis sotsiologi M.Veber dinning jamiyatga nisbatan munosabatini deb, «Mirskaya funksiya» bayon qilib, uni uch tipini ko’rsatadi: Birinchidan, dunyoga, hayotga moslashadigan dinlar - konfusiychilik, daosizm; Ikkinchidan, - hayotdan uzoqlashga undaydigan dinlar - hinduizmiylik va buddaviylik; Uchinchidan, - dunyoni o’ziga singdiruvchi dinlar - yahudiylik va nasroniylik. Dinlarning har qaysi tipii hayotiy - dunyoviy funksiyasini o’ziga xos tarzda bajaradi. Ammo bu dinlarning barchasi jamiyatda ijtimoiy tartibni saqlash va tashkillashtirish maqsadida ma’naviy kuch omili bo’lib xizmat qiladi. Yagona e’tiqod kishilarni birlashtiradi4. Islomda bu funksiyani amalda shariat - islom huquqiy - axloqiy kodeksi bajaradi.
Dinning yana bir muhim funksiyasi - bu, uning birlashtiruvchiligida (integrasion) funksiyasida namoyon bo’ladi. Har bir din o’ziga e’tiqod qiluvchilarni o’z ta’limotiga amal qilishga undaydi. Ularni o’z ta’limoti doirasida saqlashga harakat qiladi. Har qaysi din hamisha muayyan ijtimoiy, etnik va ma’naviy hayotni o’z ta’sirida tutishga harakat qiladi. Bu ta’sirning muntazamligini ta’minlash maqsadida xalqlarning ijtimoiy hayotiga, axloqiy munosabatlariga, shuningdek, hatto adabiyoti va san’atiga ham ta’sir o’tkazadi.
Dinning integrasion funksiyasi o’tmishda ham, bugungi kunda ham ko’pgina olimlarning diqqat markazida bo’lib kelgan. Darhaqiqat, har qaysi din unda e’tiqod qiluvchilarni o’zining g’oyalari atrofida birlashtirishga harakat qiladi. Ikkinchidan, zamon talabiga binoan va global muammolar yuzaga kelgani bilan dinlararo integrasiya ham kuchayib bormoqda.
Islom dini asrlar davomida O’rta va Yaqin, Sharq mamlakatlari, jumladan O’rta Osiyo mintaqasida yashab kelgan xalqlarning nafaqat diniy e’tiqodi, balki turmush tarzi, milliy urf-odatlari, ma’naviy madaniyatining tarkibiy qismini tashkil etib, ezgulik manbai sifatida xizmat qilib kelgan. Islom ta’limoti, uning ma’naviy- axloqiy qadriyatlari dindorlar va umuman dindor bo’lmagan kishilarning qalbiga yaxshilik, poklik, halollik hissiyotini singdirishga, insoniylikka xos odob-axloqni shakllantirishga qaratilgan bo’lib, bugun ham bu vazifasini ado etib kelmoqda.
Islom dini tarqalgan mintaqalarda uning oliyjanoblik o’gitlari tenglik, bag’rikenglik osoyishtalik g’oyalari keng yoyilib, odamlar qalbiga chuqur singib ketgan va shaxs ruhiyati va ma’naviy dunyosini boyitishda muhim omil ekanligi ravshan. Shuningdek, islom bilan kirib kelgan arab tili va yozuvi O’rta Osiyoda ilm-ma’rifat, ma’naviyat va madaniyatning rivojlanishida sezilarli ta’sir yetkazgan, xususan ilmiy tadqiqotlar arab tilida yozilgani ma’lum.
Islom, uning qadriyatlari inson va jamiyatni ma’naviy poklanishida yo’l ochadi. Zero, islom ta’limotida ezgulik va poklikka da’vat etuvchi, inson ruhiyatiga ko’tarinki ta’sir qiluvchi boy ma’naviy o’gitlar bisyor. Islomiy qadriyatlarni tadqiq etish, real hayotdagi, xususan mustaqillik sharoitida uning ahamiyatni o’rganish bugungi kun talabidir. Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston xalqlari hayotiga islomning kirib kelishi odamlarning ma’naviyatini boyib borishiga, ruhiyatining baquvvat va axloq-odobining ibratli bo’lishiga xizmat qilgan. Islom ta’limoti manbalariga tayanib, ulkan kashfiyotlar qilgan va islomning mazmun-mohiyatini mukammallashiga salmoqli hissa qo’shgan allomalar va muhaddislar yetishib chiqqan, ularning boy merosidan xalqimiz bahramand bo’lgan.
Buyuk allomalar - Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810870), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (820-892), Abu Mansur al- Moturudiy (vafoti 945). Burhoniddin al-Marg’inoniy (1123-1197), Mahmud Zamahshariy (1075-1044), Imom Abul Mo’min an-Nasafiy (1027-1114), Xoja Ahmad Yassaviy (1041-1167), Najmiddin Kubro (1145-1221), Xoja Abduxoliq ibn Abdujamil G’ijduvoniy (1103-1179), Bahouddin Naqshband (1318-1389) Islom ma’naviy ta’limotining yuksalishi, uning musulmon olamida nufuzini oshirishga juda katta hissa qo’shganlar. Ularning diniy - falsafiy qarashlarida dunyoviy, insoniy mazmun va fikrlar yuqori darajada yoritilgan, Qur’oni Karim va Hadisi sharifning ma’naviy-ma’rifiy mazmuni, shariat axloqiy-huquqiy ko’rsatmalarining bayoni ifodasini topgan. Bu ulkan ma’naviy va diniy-falsafiy meros shaxs ma’naviyati va madaniyatining shakllanishida xizmat qilib kelmoqda. Buyuk allomalar boy merosi tufayli islom ta’limotining osoyishtalik, oliyjanoblik va bag’rikenglik mazmun va g’oyalari musulmon olamida keng tarqalgan.
Islom ta’limoti mahalliy xalqlarning o’z milliy madaniyati, urf-odatlari va marosimlarini bajarishini ayniqsa hanafiya mazhabi taqiqlamagan, islomiy qadriyatlar bilan milliy qadriyatlar yonma-yon rivoj topib uyg’unlashib borgan.
Islom o’z mazmun mohiyati bilan unga e’tiqod qiluvchi odamlarning millati, irqi, yoshi, jinsidan qat’iy nazar yuksak fazilatlar ruhida tarbiyalaydi. Insonparvarlik, adolat, halollik, poklik, kamtarlik, sabr-toqat, qanoat, shukronalik, boshqa dinlarga ehtirom, oliyjanoblik kabi insoniy fazilatlarini targ’ib etuvchi tamoyillar fuqarolik jamiyatini qurilayotgan mamlakatimizda, milliy g’oyani shakllantirish mazmuniga hamohang bo’lib xizmat qiladi. Islomning bunday oliyjanob tamoyillari va kishilarning dunyoqarashini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Islomning kishilar turmush tarzi, urf-odati, milliy xususiyati, ijtimoiy hayoti bilan chambarchas bog’liqligi odamlar o’rtasida hamdardlik, hamkorlik, birodarlik mehru shafqatlikni tarbiyalaydi. Islom ta’limotida dinlararo totuvlikka alohida e’tibor berilgan, diniy e’tiqodga majburlab kiritishga yo’l qo’ymilmagan. Qo’r’onning «Baqara» surasida shunday deyilgan: «Dinga zo’rlash yo’q, zero, to’g’ri yo’l yanglish yo’ldan ajrim bo’ldi. Bas, kim shayton (yoxud butlar)ni inkor etib, Allohga iymon keltirsa, demak, u mustahkam xalqani ushlabdi» (2:256). Islom ta’limotida majburlash yo’q. Bu jihatdan «Hanafiya» mazhabi o’zining demokratik tamoyillari bilan dindorlarga erkinlik beradi, dinga e’tiqod qilish tabiiy ehtiyoj asosida amalga oshadi. Undagi ezgulik va poklikni targ’ib etuvchi g’oyalari odamlar qalbiga chuqur o’rnashadi. Islom paydo bo’lgan dastlabki davrlarda ham Arabiston Yarim orolida turli dinlar mavjud edi. Ana shunday sharoitda har bir dinning o’ziga xos mavjudligi, rivojlanishi uchun diniy bag’rikenglik tamoyili bor edi. Qur’oni Karimning «Kofirun» surasida bunga to’g’ri javob berilgan. Ya’ni unda: «Sizlarning diningiz sizlar uchun, mening dinim mening uchundir» deyilgan».Shaxs ma’naviy axloqiy kamolotining yuksalishida hadisi sharif g’oyalari va shariat ko’rsatmalarida adolat va insof, insoniylik, to’g’rilik hayotiy qoida va talablar o’z ifodasini topgan. Bunda islomga e’tiqod qiluvchi shaxs ma’naviyatining to’g’ri yo’nalishda borishi bayon etgan va asrlar davomida diniy va milliy qadriyatlarning uyg’unlashuvi inson va jamiyatning ma’naviy tiklanishiga xizmat qilgan. Tinchlik, osoyishtalik muammosi hozirgi zamonda global mazmunga ega. Tinchlik, barqarorlik insoniyat tarixida, uning taraqqiyotida bosh omil hisoblanadi. Olimlarning tadqiqotlariga binoan jahon tarixida qariib 16 ming marta urushlar bo’lib, yer yuzi aholisining yarimini o’limiga sabab bo’lgan. Shu bois sayyoramizdagi hayotni saqlash har bir kishi, butun insoniyatning oliy darajasidagi burchidir. Shuning uchun ham bu xayrli faoliyatdan dunyodagi har bir vijdonli inson, shu jumladan barcha dinga e’tibor qiluvchilar va diniy tashkilotlar ham o’zlarini chetga olmayaptilar. Bu sohada jahon dinlarining hissalari kam emas.
Islom - tinchlik dinidir. Islom paydo bo’lishi sabablaridan biri ham arab qabilarlari o’rtasidagi nizolarga barham berish, ularni yagona din, yagona xudo-
Allox g’oyasi ostida birlashtirish edi. Bu olijanob ishni Allohdan vahiy olgan Quraysh qabilasining farzandi Muhammad Alayhi Salom o’z zimmasiga oldi va Islom dini vujudga keldi (VII asr boshida). «Islom» so’zi arabcha bo’lib, «itoat va bo’ysunish», «Ixlos va turli ofatlardan salomat bo’lish» degan ma’nolarni bildiradi. Keyingi yillar tadqiqotlarida yuqoridagi tafsilotga yana «Sulh, tinchlik va omonlik» ma’nolari qo’shilgan».
Islom tadqiqotchilarining aytishicha Qur’onda «Tinchlik» so’zi 40 marta uchraydi. Tinchlik tushunchasi «salom» degan, ya’ni tinchlik va xotirjamlik degan ma’noni anglatadi. Shuningdek, islom dini qandaydir bir qavm, ya’ni urug’ga qaratilgani bilan emas, balki u barcha toifa xalqlarga munosabatda bo’lishi bilan qodir xudo tomonidan xalqlar boshini birlashtirishda qaratilganligi, xalqlar va elatlarni bir-birlarini sevishga chaqirishi orqali tub ma’noda jahon dinlarining biridir.
Sayyoramizda tinchlikni saqlash istiqbolini ijobiy hal qilish uchun barcha dindorlarning dinga e’tiqod qilmaydiganlar bilan hamkorlik vositalarini izlab topish hamda tinchlikni asrash davr taqozosidir. Dindor kishi hyech kim urushni xohlamaydi. Bu sohada diniy tashkilotlar va din ulamolarining hissalari kam emas. Tinchlik va osoyishtalik g’oyalari din ulamolarining xalq orasidagi chiqishlarida, namoz oldin xutba va janoza o’qish paytida, matbaa va televideniye orqali targ’ib etiladi, odamlarni hushyor bo’lishga da’vat etadi. Buyuk muhaddis Imom al- Buxoriy islom dinini dunyo ahliga insonparvar va omonlik dini sifatida tanishtirgan. Chunki «tinchlik va gumanizm-islom dini va islom sivilizasiyasining asl mohiyati va haqiqiy maqsadini o’zida mujassam etgan» va shu asarda 11 hadis misol keltirilgan. Unda qo’yidagi satrlarni o’qiymiz: «Yaxshi inson bo’l, yaxshilik qil, zolim bo’lishdan o’zingni saqla. Tinchlikni saqla, dushmanlikdan hazar qil» .
Istiqlol tufayli O’zbekiston diniy bag’rikenglik (tolerantlik) va dinlararo murosa borasida nafaqat MDH ichida, balki butun dunyoga namuna bo’lmoqda. Bu haqda Moskva va butun rus patriarxi marhum Aleksiy II sobiq AQSh davlat kotibi Madlen Olbrayt va hozirgi davlat kotibi Xillari Klinton yurtimizda tashriflari vaqtida ta’kidlab o’tdilar5. Bugun O’zbekistonda 15 ta diniy konfessiya, jumladan provoslav, katolik, protestant, arman-garigorian, yahudiylik, buddaviylik cherkovlari, baptist, yevangelist va boshqa diniy uyushmalari qonun asosida erkin faoliyat yurgizmoqda. Albatta, xalqimizga azaldan xos bu xislat bir zumda paydo bo’lgan emas, u uzoq tarixga ega.
Ma’lumki, ilk qadimgi zamonda xalqlar va elatlar o’rtasida umuman diniy adovat bo’lmagan. Qadimgi dunyo aholisining tasavvurida har bir davlat, har bir shahar va har bir qabila o’z mahalliy bosh xudosi va koinot hamda tabiat kuchlarini ifodalovchi juda ko’p boshqa xudolarga sig’ingan. Bu xudolar bir-biriga aynan o’xshash bo’lsada, - ammo har bir xalqning tilida turli ismlar bilan nomlangan.
Tarixdan ma’lumki islomgacha ilk o’rta asrlarda (V-VII) O’rta Osiyo hududida turli dinlar yonma-yon mavjud bo’lib, dinlararo murosa tarzida faoliyat yurgizgan: Sug’diyona va Xorazmda - zardushtiylik, Janubiy hududlar va Sharqiy turkistonda - buddaviylik, shuningdek, xristianlik, shomonlik, moniy dini mavjud bo’lgan. Buddaviylik Kushon podsholigining rasmiy davlat dini e’lon qilingan. yuqoridagi dinlarga e’tiqod qiluvchilari o’rtasida qarama-qarshilik va nizolar bo’lmagan.
Vaholanki XVI asrda yevropada katolisimdan xristianlikning alohida yo’nalishi sifatida paydo bo’lgan protestantlik ko’pgina qarshilikka uchradi. Hatto Fransiyada diniy urushlarni keltirib chiqardi. Baxtli tasoduf tufayli O’zbekiston tarixi bundan mustasno tarzda kechdi deyish mumkin, ya’ni bizda diniy asosda birorta urush sodir bo’lgani yo’q.
VIII asr boshida Movaraunnahrga islom dinining kirib kelishi hamda yangi monoteistik din va mahalliy dinlarning bir-biriga o’zaro singishi natijasiga O’rta Osiyo xalqlari ijtimoiy ongida ajib o’zgarish yuz berdi: ular Allohni qabul qilganlari holda xuddi shu ma’noda ko’chmanchi turkiy elatlar Tangri atamasini ishlatishni ham davom eta berdilar.
Ma’naviy ne’matlar, jumladan, diiny qadriyatlarga nisbatan e’tibor jonlanishining asosiy sabablaridan biri, bu - juda kuchli milliy uyg’onish jarayonidir. Mustaqillik oydin milliy hayotni barqaror etishga umid uyg’otdi. Endi odamlar o’zining mu’tadil taraqqiy etishiga xalaqit berayotgan har qanday to’siqlarni olib tashlashga zo’r havas bilan kirishmoqdalar. Bunday sharoitda har bir millat vakili o’zining kelib chiqishi, tomiri, ildiziga nazar tashlashi tabiiydir. Milliy uyg’onish esa ma’naviylikka harakat, komillikka intilish, an’anaviy qadriyatlarga murojaat qilishdir. Afsuski, sobiq sho’rolar davrida diniy doirasida tashakkul topgan madaniy merosimizni zararli deb topildi. Endi bunday an’anaviy boylikni qaytib tiklash zaruriyati sodir bo’lmoqda. Chunki haligi «chiqitga chiqarib qo’yilgan» qadriyatlar tomonidan ardoqlanib, asrab kelingandir.
Ta’kidlash joizki, barcha dinlardagidek, islomda ham nafaqat o’tmishda, balki hozirgi vaqtda ham odob-axloq va umuman ma’naviyat va insoniylik masalalari juda katta o’rin olgan va yetarli darajada keng sharhlanadi.
Islom ma’naviyatida ta’lim-tarbiya, xususan komil insonni shakllantirish masalasi katta o’rin egallagan. Shu bois komillik - yaxshilik, saxovat, soflik, hayo, muruvvat, andisha, adab, kamtarlik, sadoqat, qanoat, rostgo’ylik, insof, adolat, nekbinlik, bag’rikenglik kabi fazilatlarni o’z ichiga oladi. Unga osonlikcha erishib bo’lmaydi. Bunga erishuv-zahmatli sinovlarni yengish demakdir.
Shuni ta’kidlash zarurni islom ta’limotida odob-axloq muammolari juda katta o’rin olgan. Boshqa dinlardagidek, odob-axloq muammolari unda yetarli darajada keng sharhlanadi. Nafaqat o’tmishda, balki hozirgi vaqtda ham axloqiy masalalarni yoritishda din, jumladan islom dinining mavqyei ustuvordir. Shuning uchun diniy ko’rsatma va muqaddas axloqiy qonun-qoidalar va me’yorlar dindorlar va dindor bo’lmagan kishilar tomonidan uzoq yillar davomida yaxlit holda qabul qilingan. Bundan barcha musulmonlar uchun muqaddas bo’lmish Qur’on ham mustasno emas. Biz unda axloqiy qadriyatlarning umuminsoniy bayonini ko’ramiz.
Darhaqiqat, Qur’on suralarida, jumladan 4; 29, 6; 152-157 suralarida umuminsoniy deb hisoblash mumkin bo’lgan xatti-harakat va tartib-qoidalar bayon qilingan: o’z bolalarini va umuman odam o’ldirish, o’z joniga qasd qilish taqiqlanadi. Shuningdek, o’z ota-onalarini hurmat qilish zarurligini, to’g’ri so’zli bo’lish va ishga adolat bilan yondashish, o’lchovlarga aniq amal qilish, yetimlar va bechoralar mulkiga tajovuz qilmaslik ta’kidlanadi. Qur’onning juda ko’pgina suralarida kambag’allarga, musofirlar va qashshoqlarga yordam berish, musibat va kulfatlarga chidamli bo’lish, iflos va gunoh ishlardan o’zini chetga olish, kechirimli bo’lish, o’g’irlik qilmaslik va hokazo kabi muqaddas umuminsoniy axloqiy qoidalar bayonini uchratamiz6. Masalan Allohning yo’liga himmat yuz, ming martaba oshirib qaytariladi. «Baqara» surasining 261-262 oyatlarida «Alloh yo’lida mollarini in’om-ehson qiladigan kishilarning yaxshiligi yetti yuz borabar bo’lib qaytadi... ular uchun hyech qanday xavfi-xatar yo’q va ular g’amgin bo’lmaydilar», deyilgan .
Kambag’allar va begonalarga yordam berish, Alloh uchun qilingan xayrli ish hisoblanadi. Bu faqat ilohiy mazmunga ega bo’lmasdan, balki o’z mohiyatiga ko’ra dunyoviy va insoniy ahamiyati mavjud ekanligi ravshan. Sofdillik, vijdoniylik, to’g’rilik Qur’onda e’zozlagan. «Alloh sha’niga yolg’on to’qigan yoki uning oyatlarini yolg’on degan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Albatta bunday zolimlar nojat topmaslar («An’om surasi, 21-oyat»)» . Yagona Allohga e’tiqod qilishni Qur’oni Karim inson tabiatining asosiy sifati deb biladi. Xususan, «Al-isro» surasining 23-24 oyatlarida: «Parvardigoringiz, yolg’iz uning o’ziga ibodat qilishlaringizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishlaringizni amr etdi. Agar ularning (ota-onangizning) birovi yoki har ikkisi sening qo’l ostingda keksalik yoshiga yetealar, ularga qarab «Uf» tortma va ularning (so’zlarini) qaytarma! Ularga (doimo) yaxshi so’z ayt gan!... «Ular uchun, mehribonlik bilan, xorlik qanoatini past tut-xokisor bo’l va: «Parvardigorim, meni (ular) go’daklik chog’imdan tarbiyalab o’stirganlaridek, sen ham ularga rahm-shafqat qilgin», deb (haqlariga duo qil!)7». Ko’rinib turibdiki bu oyatlar zaminiy, hayotiy ahamiyatga ega.
Islom musulmonlarni o’zaro ittifoq, birdam yaxshi muomalada bo’lib, bir- birovlariga aziyat yetkazmaslikka da’vat qiladi. «Komil musulmon shunday odamki, islom arkonlarini to’la bajarib na tilidan va na qo’lidan musulmonlarga izo bermaydi».
Xullas, islomning ilohiy ta’limoti jamiyatdagi odamlarga yaxshi amallarni buyurib, yomon amaldan qaytarib, yaxshilik, tinchlik, do’stlik, hurmat va ehtiromga undaydi. Islom ta’limotida kamtarlik, beozorlik, kamsuqumlik e’zozlangan. Qur’onning «Ol-i Imron» surasidagi 134-oyatida yozilgan: (U taqvodor zotlar) yaxshi - yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g’azablarini ilgariga yutadigan odamlarning (xato-kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir. Alloh bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi. Ammo «Alloh zolim kimsalarni sevmaydi». Tarixdan ma’lumki, har qanday din, shu jumladan islom ham o’zining boshlang’ich davrida xalq o’rtasida mustahkam mavqyega ega bo’lish uchun shu dinga e’tiqod qiluvchi odamlar orasida foydali tartib va xatti-harakatlarni muqaddaslashtiradi. Shu sababli dinga e’tiqod qiluvchi xalqlarning bir necha avlodlari hayoti davomida mustahkamlangan rasm-rusmlar va udumlarga zid bo’lgan barcha salbiy axloqiy tartiblar ular tomonidan qabul qilinmagan.
Jamiyat tomonidan qabul qilingan va o’zlashtirilgan, foydali axloqiy tartib- qoidalar, garchi diniy aqida bo’lsa ham, shu jamiyat hayotidagi ijobiy hodisadir. Qur’onning yaratilishi inson hayoti qadr-qimmatining o’sishiga asosiy zamin bo’ldi. Oxirgi payg’ambarlardan bo’lmish Muhammad Alayhi salom insonlarni ummatga birlashtirib, xudoni oldida hammani barobar, deb e’lon qildi. Bu o’z zamonasiga muvofiq umuminsoniy qadriyatlardan biri edi. Insonning ruhiy, ma’naviy birligi milliylik birligidan ustun deb e’tirof etildi.
Muqaddas kitoblarda insonlarning birlashuviga, do’stligiga chorlovchi fikr- mulohazalar ustunroqdir. Shu bois «Alloh oxiratda nifoq bo’lganlar ustidan hukm chiqaradi», kabi fikrlar insoniyatni birlikka, do’stlikka, hamjihatlikka da’vat etadi. Bu g’oya hadislarda yanada oddiyroq bayon etiladi: «Kimiki g’ayri dinni haqorat qilsa, qiyomat kuni o’tdan yasalgan qamchi bilan uriladi. Mo’minlar ila bir yurtda sulh ila yashayotgan g’ayri dinni o’ldirgan odam jannat hididan benasibdir, zero uning hidi qirq yillik yo’lgacha taralib turadi».
Turli mintaqalarda yashovchi millat va elatlar turli diniy e’tiqodga sig’inzanlar ham, bir xil baxt-saodatga, yorug’ maqsadlarga intilish, bu - umuminsoniy qadriyat sifatida tarix va hayotning zaruriy taqozosidir. Abu Nasr Forobiy aytganidek: «Avlodi bani bashar bir yo’sinda tavallud topgay, inchunin, bir yo’sinda, baxtli bo’lmoqlari lozim».
Sabr-toqat diniy tuyg’unlardan biri sifatida doim ardoqlangan. Alloh sabr qiluvchilarni sevadi» (3:146). Sabr-toqat faqat Qur’ondagina emas, balki «Bibliya» («Injil») mantlarida ham mavjud . Sabr-toqat bilan odob saqlash, xokisor bo’lish (tovoze’)ni o’rgansak, xalqning muhabbatini qozonamiz, odamlarni do’stlashtiramiz, takabburlikka zid bo’lgan muloyimlik va kamtarlik yo’lini ochamiz. Bu bilan har qanday dushmanning ko’nglida insoniylik zavqini qo’zg’atish mumkin. Odob insoniy kamolot sifatida yoshlarda ulug’larga nisbatan mehr uyg’otadi, har xil musibat, azob-uqubatlarni keltirib chiqaruvchi hurmatsizlik, manmanlik, kamsitish, qo’pollik va hakozo bartaraf etishga olib boradi.
«Odobli va go’zal xulqli odamlar ko’payaversa, xalqning do’stligi, ularning bir-biriga bo’lgan mehr-muhabbati borgan sari rivoj topadi. Agar kishi odob va tavoze’ kabi yaxshi xulqqa ega bo’lsa, o’zi ham xalqning izzat-hurmatiga sazovor bo’ladi. Odob va tavoze’ mehr-muhabbatning zeb-ziynatidir, odobsizlik do’stlikka putur yetkazadi. Odoblilik do’stlik oynasiga jilo beradi va ikki oraga yorug’lik bag’ishlaydi. Tavoze’ va odob egallariga hamma ta’zim qiladi va hurmat bildiradi.
Odob urug’ini ekkan odamning hosili javohir bo’ladi» -deb, o’qtirgan edi A.Navoiy.
Xullas, sabr-toqat inson uchun eng zarur bo’lgan fazilatlardan biridr. Islom dini bu borada Qur’onning qo’yidagi so’zlariga amal qilishni buyuradi: «... sabr - toqat qilingiz! Albatta Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir» (8:46) yoki «Sabr va salot (namoz o’qish) bilan madad so’ranglar» (2:45-46). Sabr-toqat axloqiy duch kelganda, ularni Alloh yuborgan sinov deb bilishi kerak.
Umuminsoniy axloqiy qadriyatlar ichida yana eng muhimidan - insof va andisha hisoblanadi. Andishali (lekin qo’rqoq emas) kishi xatti - harakatining oqibatini o’ylab, yuz-xotirni esdan chiqarmay fikr yuritadigan kishilar xalq orasida e’zozlanadi. Andisha, mulohaza, insof insonni saodatga olib keluvchi fazilatlarni, baxt uchun izlangan narsalarni tiklay olish qobiliyatidir. Chunki «andishadi va insofli kishi biror ishni qilnishidan oldin, o’zi uchun qayg’urmasdan, boshqalar, ya’ni xalq uchun qayquradi. Andishali, mulohazali kishilarni xalq dono deb atadi va bu umuminsoniy fazilat insondagi bir quvvatki, u quvvat sog’lom aql deb ataladi»8. Islom dini ta’limoti tufayli bu axloqiy qadriyat asrlar davomida saqlanib kelingan va bugun mustaqillik sharoitida kishilarimiz ma’naviyatini shakllantirishda katta ahamiyatga ega ekanligi ravshan.
Kechirish, gunohidan kechish, tavba qilish ham islomning axloqiy ko’rsatmalaridan biri hisoblanadi. Qadim zamonlardan boshlab insoniyat axloqiy munosabatlarida nojo’ya xatti-harakat va so’zni tahlil qilish jarayonida kishilarni kechirish, vijdon amri bilan insof yuzasidan ish yuritish his-tuyg’ulari shakllangan. Gunohkor odam-hali jinoyatchi emas. Inson o’z gunohini anglab etishi mumkin. Mana shu masala Qur’onda juda muhim hisoblanadi. Gunoh shariat qonuniga, islom aqidalariga xilofdir. Chunki islom ilohiy deb e’lon qilingan tartib-qoidalarga itoat etmaslikni gunoh deb asoslaydi. Lekin islomning insonparvarlik xususiyati shundaki Alloh bandalarining gunohlarini kechiradi, avf etadi, to’g’ri yo’lga yo’naltiradi. Islom axloqi hududiga ushlab turadi. Gunohni yuvish, undan forig’ bo’lish uchun kishi qilmishidan tavba qilishi, uni takrormasligini vijdonan va’da berishi zarur? «tavba qilgan xudoga yoqadi», «xatosiz ish faqat xudoga xosdir», deydi odamlar. Tavba qilgan kishi taskin topadi. Tavba-gunoh sodir qilgan kishining ko’nglini tozalaydi.
Din, islom ham bandalarini boshqalarning yomonligiga yaxshilik bilan javob qaytarishga da’vat etadi. Bu da’vat kishilar qalbida dushmanlik va nafrat o’rniga muhabbat va do’stlikni joylaydi. Yomonlikka yomonlik qilish-xudoning xohishiga zid, qasoskorlik-rozilik. Yer yuzida odamlarga ozor beruvchilar va zulm egalari xudoning marxamatidan benasibdir. Islom mehr-shafqatga nafaqat axloqiy fazilat, balki e’tiqodning ajralmas qismi sifatida qaraydi. Shuning uchun har bir musulmon rahmdillikka intilishi zarur.
Islom mehr-shafqat va rahmdillikning asosiy dalili sifatida «Bismilla-hir rahmonir rahim» kalimasini keltiradi. Buning mazmuni: barchaga rahmdil bo’lgan va qiyomat kunida bandasiga mehribon bo’ladigan Alloh nomi bilan boshlayman», demakdir. Yoki islom Qur’onga tayangan holda «Senga birov yomonlik qilsa, yoki qo’pol muomalada bo’lsa, sen uni yaxshi gap, yaxshi muomala bilan qaytar. Shunday qilsang, uning adovati do’stlikka, yomon niyati yaxshilikka aylanib, o’rtalarida mehr-oqibat hosil bo’lur, ashaddiy dshmannining samimiy do’stga aylanur. Mehr-shafqatli odamning muomalasi ham nazokat bilan bezalgan bo’ladi». Darhaqiqat bunday fazilatga ega bo’lmagan kishilarda muruvvat, saxovat, himmatni uchratmaysan. Demak, islom umuminsoniy axloqiy qadriyat hisoblangan xushmuomalalikka da’vat etadi.
http://fayllar.org
|
| |