O‘zbekiston respublikasi tashqi siyosati




Download 27,03 Kb.
Sana11.01.2024
Hajmi27,03 Kb.
#135046

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI SIYOSATI
O‘zbekiston Respublikasi o‘z milliy manfaatlariga asoslangan holda ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat olib boradi. Respublikaning zamonaviy tashiq siyosiy kursi dunyoda va mintaqada shiddat bilan o‘zgarayotgan vaziyat, hamda mamlakatning ichidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga asoslanib shakllanadi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining bosh maqsadi – davlat mustaqilligi va suverenitetini, xalqaro maydondagi o‘rni va rolini mustahkamlash, yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, respublikaning tashqi iqtisodiy manfaatlarini faol tarzda ilgari surish. 
Respublika harbiy-siyosiy bloklarga qo'shilmaslik kursiga sodiq bo'lib, o'z hududida xorijiy harbiy bazalar va ob'ektlarni joylashtirishga, shuningdek, mamlakat harbiy xizmatchilarining chet eldagi tinchlikparvarlik amaliyotlarida yoki harbiy mojarolarda ishtirok etishiga yo'l qo'ymaydi. O'zbekiston barcha qarama-qarshiliklar va nizolarni faqat tinch siyosiy yo'llar bilan hal qilish tarafdori.
O'zbekiston davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish, inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish va xalqaro huquqning boshqa umume'tirof etilgan tamoyilllari va normalari; xavfsizlikning bo'linmasligi, ochiqlik va pragmatizm, qo'shni mamlakatlar bilan har tomonlama yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi asosiy tamoyillarga tayangan holda tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo'lida barcha sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor/.
Tashqi siyosiy faoliyatning asosiy va birinchi darajali vazifalaridan biri bu 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini samarali amalga oshirishdir.
Ushbu maqsadga erishish uchun tashqi siyosat idorasi oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilgan:
- mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni hamda jamiyat va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning jadal jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun mumkin qadar qulay tashqi siyosiy shart-sharoitlarni shakllantirish;
- Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror taraqqiyot hududiga aylantirish;
- jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlar bilan strategik hamkorlik qilishning mutanosib, ko‘p qirrali tizimini shakllantirish;
- O‘zbekistonning mintaqa va jahon siyosatidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tashabbuslarini ilgari surish;
- mahalliy mahsulotlarning eksport hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish borasida ko‘maklashish;
- milliy iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishda faol ko‘mak berish;
- mamlakatimizga turistlarni jalb qilish hamda turistik infratuzilmani rivojlantirish borasida amaliy yordam ko‘rsatish;
- transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishda hamda xalqaro transport kommunikatsiyalari va logistik infratuzilmalarni rivojlanishiga ko‘maklashish;
- xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari huquq va manfaatlarining har tomonlama himoya qilinishini ta’minlash;
- xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash.
Tashqi siyosatimizning bosh ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo mintaqasidir. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosati mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, mintaqaviy xavfsizlikning muhim muammolarini hal etishga, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga ko‘maklashishga qaratilgan. O‘zbekiston mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning transport va tranzit infratuzilmasini rivojlantirish, Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv-energetika resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish hamda mintaqaning ekologik barqarorligini ta’minlash, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonini yakuniga yetkazish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston mintaqa davlatlari bilan do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdan, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdan, parlamentlar, chegara hududlari, jamoat tashkilotlari va oddiy fuqarolar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.
O‘zbekiston Afg‘oniston bilan aloqalarni kengaytirishni, mazkur mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishni davom ettiradi. O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklanishiga, uning transport, ishlab chiqarish, energetik va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirishga ko‘mak berishda davom etadi. Barqaror va ravnaq topayotgan Afg‘oniston Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikning kafolatidir.
MDH malakatlari bilan hamkorlik ham O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mazkur davlatlar bilan respublikamiz tarixan shakllangan siyosiy, iqtisodiy, transport-kommunikatsion va boshqa aloqalarga ega. O‘zbekiston Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tenglik, o‘zaro foydalilik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va e’tiborga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini qurishni davom etadi.
O‘zbekiston Rossiya bilan 2004-yil 16-iyunda imzolangan Strategik hamkorlik, 2005-yil 14-noyabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar hamda 2012-yil 4-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida do‘stona munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash va tadrijiy rivojlantirish ikki mamlakat manfaatlariga to‘liq mos keladi hamda mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ikki tomonlama munosabatlarning eng muhim vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017-yil 4-5-aprelda Rossiyaga davlat tashrifi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putinning 2018 yil 18-19 oktyabrda O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashdan iboratdir. 
O‘zbekiston Respublikasi global muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynaydigan, yaqin mintaqaviy qo‘shni Xitoy bilan strategik hamkorlikni kuchaytirish tarafdori. Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirish 2012-yil 6-iyundagi Strategik hamkorlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2013-yil 9-sentyabrdagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2017 yil 12 maydagi Har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish to'g'risida qo'shma bayonotga asoslangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2019-yil 24-27 aprelda «Bir makon, bir yo‘l» Ikkinchi xalqaro forum doirasida ilgari surgan tashabbus va takliflarni to'liq va o'z vaqtida amalga oshirish ikki mamlakat manfaatlariga mos keladi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan 2002-yil 12-mart oyida imzolangan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiyasi asnosida o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan iboratdir. O‘zbekiston AQSh bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash va xalq turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan modernizatsiya jarayoni va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitiaviy-texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, transmilliy tahdid va xatarlarga qarshi kurashga ko‘maklashishdan iboratdir.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari bilan har taraflama manfaatli hamkorlikka muhim ahamiyat beradi. Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni asosiy sohalari savdo-sotiqni rivojlantirish, investitiya va moliya, zamonaviy texnologiyalar transferi, ilm-fan, texnika, ta’lim, ekologiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va mintaqaviy xavfsizlik kabilar hisoblanadi. O‘zbekiston asosiy e’tiborini Yevropaning ilg‘or davlatlari, xususan Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya, Ispaniya, Latviya va boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga chiqarishga alohida e’tibor beradi.
Respublikamiz ko‘p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, umumiy qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlarga ega bo‘lgan Turkiya davlati bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatni izchil davom ettiradi. Mamlakatimiz Turkiya bilan har taraflama manfaatli hamkorlikni, jumladan savdo-sotiq, investitsiya va turizm kabi sohalarda rivojlantiradi.
Osiyo-Tinch okeani hududi mamlakatlari, xususan Koreya Respublikasi va Yaponiya bilan hamkorlik O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. O‘zbekiston ushbu davlatlar bilan investitsiya, savdo-sotiq, yuqori texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalaridagi keng qamrovli hamkorlikni davom ettiradi.
O‘zbekiston Janubiy-Sharqiy Osiyodagi mamlakatlar – Malayziya, Indoneziya, Singapur, Vetnam kabi davlatlar bilan hamkorligini rivojlantiradi.
O‘zbekiston Janubiy Osiyo mamlakatlari, xususan Hindiston va Pokiston bilan savdo-sotiq, transport-kommunikatsiya, turizm kabi sohalarda har taraflama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab quvvatlaydi.
O‘zbekiston musulmon dunyosi davlatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni iqtisodiyot, transport kommunikatsiyasi, moliya, investitsiya va sayyohlik sohalarida, shu jumladan Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki doirasida faol rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor.
O‘zbekiston BMT ishida faol ishtirok etishni davom ettiradi, hamda uni xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga, tezkor globallashuv jarayonida davlatlarning barqaror rivojlanishida ko‘maklashishga mas’ul bo‘lgan yagona universal tashkilot sifatida ko‘radi.
Mamlakatimiz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotlati bilan ushbu tuzilmalarning mexanizmlaridan zamonaviy muammolar va tahdidlarga qarshi kurashishda, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda samarali foydalanish maqsadida o‘zaro sherikchilikni yanada rivojlantiradi.
O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari bilan, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki va Yevropa investitsiya banklari bilan energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni faollashtirish uchun barcha sa’y-harakatlarni olib boradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi dunyoning 130 dan ortiq davlatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Toshkentda 44 ta chet el elchixonalari, 1 ta bosh konsullik, 8 ta faxriy konsullar, 17 ta xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, 13 ta xorijiy xalqaro hukumatlararo va hukumat tashkilotlari vakolatxonalari, 1 ta diplomatik maqomga ega savdo vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining 55 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘lib, mamlakatimiz turli xil ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan o‘zaro sherikchilik aloqalarini rivojlantiradi.
O‘ZBEKISTON TASHQI SIYOSIY VA TASHQI IQTISODIY FAOLIYATNING USTUVOR YO‘NALISHLARINI AMALGA OSHIRISHDA UNING MAS’ULIYATINI KUCHAYTIRISH
Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy yo‘lning samarali davom ettirilishi mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni va demokratik o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishda, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini mustahkamlashda va aholi farovonligining oshishini ta’minlashda eng muhim omil hisoblanadi.
Ochiq tashqi siyosatning faollashuvi natijasida xorijiy mamlakatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishildi, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar sezilarli darajada kengaydi, xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik va xorijdagi vatandoshlarimiz bilan muloqot o‘rnatildi, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar hal etilmoqda. Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi ishlarning amaldagi holatini tahlil qilish, birinchi navbatda, davlatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surish borasida qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator jiddiy muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Xususan: birinchidan, amaldagi normativ-huquqiy baza diplomatik xizmatning barcha masalalarini to‘liq tartibga solmaydi, to‘plangan huquqiy va amaliy tajribani to‘liq aks ettirmaydi, shuningdek, zamon talablariga mos kelmaydi; ikkinchidan, tashqi siyosiy idoraning tashkiliy-shtat tuzilmasi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sohalardagi strategik vazifalarni hal etish uchun mavjud resurslarni samarali safarbar qilishga yo‘naltirilmagan; uchinchidan, davlat organlarining Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari bilan o‘zaro hamkorligining, shuningdek, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlikni rivojlantirish masalalarida samarali va muvofiqlashtirilgan ishlarni olib borishning aniq belgilangan mexanizmlari mavjud emas; to‘rtinchidan, tashqi siyosiy idoraning ishlarini axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash va rejalashtirish qisman amalga oshirilmoqda, tashqi siyosatning ustuvorligi bo‘yicha ishlab chiqilayotgan takliflar mamlakat tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish masalalarini lozim darajada hisobga olmayapti; beshinchidan, mamlakatdagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar va respublikaning xalqaro tashabbuslari haqida jahon hamjamiyatini xabardor qilish ishlari sust tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning ijobiy imidjini yaratish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash vazifalari samarali bajarilishiga to‘sqinlik qilmoqda; oltinchidan, konsullik muassasalari faoliyatida ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining tezkorlik va sifat darajasi, O‘zbekistonning xorijdagi jismoniy va yuridik shaxslarining huquq va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash, og‘ir sharoitga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish darajasi qoniqarsiz ahvolda qolmoqda; yettinchidan, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilmagan, respublikani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar loyiha hamda dasturlarni amalga oshirishda ularning salohiyatidan foydalanilmayapti; sakkizinchidan, kadrlar siyosatining samarasizligi, shuningdek, tashqi siyosiy idora xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishi va ijtimoiy himoyalanishining past darajada ekanligi yuqori malakali diplomatik tarkibni shakllantirish imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklamoqda, diplomatik xizmatning obro‘sini tushirmoqda va malakali mutaxassislarning sohani tark etishiga sabab bo‘lmoqda; to‘qqizinchidan, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarli darajada joriy etilmasligi ustuvor vazifalarni hal etishga to‘sqinlik qilmoqda, tezkor tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy munosabat bildirishni, shuningdek, “raqamli diplomatiya” vositalarini rivojlantirish imkonini bermayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi vazifalariga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini isloh etishning eng muhim yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin: birinchidan, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati va tashkiliy-shtat tuzilmasining normativ-huquqiy asoslarini “iqtisodiy diplomatiya”ni rivojlantirishga urg‘u bergan holda qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish; ikkinchidan, respublikaning yagona tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirishda Tashqi ishlar vazirligining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, shuningdek, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu yo‘nalishdagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilab qo‘yish va ajratish; uchinchidan, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyatiga mamlakatimiz mahsulotlari, ishlari (xizmatlari) eksportini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va turistlar oqimini mamlakatga jalb etishga yo‘naltirilgan yangicha yondashuv va usullarni joriy etish; to‘rtinchidan, eng avvalo, milliy va xorijiy ekspertlar jamoalari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va ilmiy doiralar bilan muntazam hamda maqsadli axborot almashish ishlarini kuchaytirish orqali O‘zbekistonning ijobiy xalqaro nufuzini shakllantirishda “ommaviy diplomatiya” vositalarini faol qo‘llash; beshinchidan, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlari amalda himoya qilinishini ta’minlash mexanizmlarini shakllantirish va amalga oshirish, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan har tomonlama muloqotni qo‘llab-quvvatlash, ularni savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishga faol jalb qilish; oltinchidan, ichki idoraviy rejalashtirish va nazorat qilishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, hisobot berish tartibi va shakllarini soddalashtirish, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini shakllantirish; yettinchidan, diplomatik kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, rotatsiyasini ta’minlash hamda istiqbolli zaxirasini shakllantirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish orqali Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalarida kadrlar siyosatini tubdan qayta ko‘rib chiqish; sakkizinchidan, diplomatik xizmat organlari xodimlarining moddiy rag‘batlantirilishi va ijtimoiy himoya qilinishini yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish; to‘qqizinchidan, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, shuningdek, global axborot maydonida mamlakatimiz manfaatlarini ilgari surish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish orqali Tashqi ishlar vazirligi tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida:
a) Tashqi iqtisodiy hamkorlik bosh boshqarmasi va uning tuzilmasiga kiruvchi: Xorijiy investitsiyalar va moliyaviy-texnikaviy ko‘mak vositalarini jalb qilish boshqarmasi; Eksport va tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish boshqarmasi; Hukumatlararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi; Turizmni rivojlantirish sohasidagi xalqaro hamkorlik boshqarmasi;
b) Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati negizida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi;
v) Konsullik boshqarmasi negizida Konsullik-huquq departamenti;
g) Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi;
d) Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi va uning tarkibida Murojaatlarni qabul qilish sektori (call-center);
e) Diplomatik servis xizmati negizida Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi;
j) Jahon” axborot agentligi negizida “Dunyo” axborot agentligi va Media-markaz;
z) Tarjimonlar byurosi;
i) Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi negizida Tahlil va prognozlashtirish markazi;
k) Tashqi ishlar vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy bo‘limlari tashkil etilsin.
3. Xorijda stipendiantlarning malaka oshirishi, stajirovkasi va o‘qishini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga bo‘ysunadigan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi sifatida qayta tashkil etilsin.
4. Tashqi ishlar vazirligining xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalarini rivojlantirish Respublika jamg‘armasi negizida O‘zbekiston Respublikasining diplomatik xizmati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi tuzilsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, Tashqi ishlar vazirligi yagona tashqi iqtisodiy yo‘lni amalga oshirish, mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishini 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiradi. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa davlat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga uning tashqi iqtisodiy sohasidagi asosiy vazifalari amalga oshishida amaliy yordam ko‘rsatilishini, shu jumladan, sifatli ishlangan ma’lumotnomalar, hujjatlar va materiallarni o‘z vaqtida taqdim etgan holda ta’minlasin.
6. Belgilab qo‘yilsinki: diplomatik vakolatxona rahbari o‘zi ishlab turgan davlatda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy yo‘lni samarali davom ettirish, mamlakat manfaatlarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ilgari surishni ta’minlaydigan O‘zbekiston Respublikasining oliy rasmiy vakili hisoblanadi; oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, davlat va chet tillarini yaxshi biladigan, tegishli ishbilarmonlik, ma’naviy va kasbiy fazilatlarga ega bo‘lgan, shuningdek, tarix, madaniyat sohalarini, milliy an’analar va urf-odatlarni, O‘zbekiston Respublikasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini chuqur biladigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi diplomatik vakolatxona rahbari bo‘lishi mumkin; o‘zlari ishlab turgan mamlakatdagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik xodimlari va davlat organlari rasmiy vakillari idoraviy mansubligi va hisobdorligidan qat’iy nazar, diplomatik vakolatxonaning rahbariga so‘zsiz bo‘ysunadi va zimmasidagi vazifalarni bajarishda o‘z faoliyatini u bilan muvofiqlashtiradi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi amaliyotiga quyidagilar kiritilsin:
a) respublikani rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini hisobga olib, xorijlik sheriklarning savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va ilmiy-texnik imkoniyatlaridan, ular bilan hamkorlik darajasi va ko‘lamidan, ularning xalqaro munosabatlar tizimidagi roli va o‘rnidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan asosiy xorijiy sheriklar bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini doimiy asosda ishlab chiqish. Belgilansinki, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari vazirlik va idoralarning amaliy faoliyatida, shu jumladan, xorijiy sheriklar bilan aloqalarda mezon bo‘lib xizmat qiladi;
b) tashqi iqtisodiy faoliyatga (mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini rivojlantirish, investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish, turistlar oqimini kengaytirish) va axborot-tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratgan holda, xorijiy mamlakatlar bilan faol va tizimli ishlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari yillik “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va qabul qilish;
v) O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalariga yuboriladigan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutgan holda “tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari – Tashqi ishlar vazirligi – xorijdagi muassasa – Tashqi ishlar vazirligi, tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari” prinsipi asosida idoralararo kadrlar rotatsiyasi;
g) erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ma’lumot berish uchun har oyda tashqi ishlar vaziri tomonidan xorijiy muassasalar rahbarlarining o‘zi ishlab turgan davlat va xalqaro tashkilot bilan hamkorlik qilish bo‘yicha zimmasidagi vazifalarni va tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish jarayoni to‘g‘risidagi shaxsiy hisobotlarini eshitib borish.
8. Quyidagilar tasdiqlansin: o‘rta muddatli istiqbolda asosiy xorijiy sheriklar bilan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari 2-ilovaga muvofiq; O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq. Vazirlik va idoralar rahbarlari Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida va Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar va vazifalar o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlasin.
9. Belgilab qo‘yilsinki, Tashqi ishlar vazirligining “Dunyo” axborot agentligi va Media-markazi, Tahlil va prognozlashtirish markazi, Tarjimonlar byurosi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
a) tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan respublikaning yagona tashqi iqtisodiy siyosatini amalga oshirish holatini muntazam ravishda tahlil qilsin va tahlil natijalarini har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
b) Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Diplomatik xizmat to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) qonunlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin;
v) Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: ishlab turilgan mamlakatda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, tovarlar, ishlar (xizmatlar) qiymati indeksatsiyasini, shuningdek, valyuta kursining o‘zgaruvchanligini o‘rganish asosida O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari xodimlarining ish haqlarini oshirish; O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalariga uzoq muddatli xizmat safariga yuborilgan xodimlarning lavozim maoshlari miqdorlarini besh yilda kamida bir marta qayta ko‘rib chiqish amaliyotini joriy qilish bo‘yicha takliflar kiritsin;
g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy sheriklar o‘rtasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va boshqa sohalardagi o‘rta va uzoq muddatli manfaatlariga asoslangan ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining Tashki siyosiy konsepsiyasi (yangi tahriri) loyihasini kiritsin;
d) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish, shu jumladan, joylarga chiqish orqali ularni tanqidiy o‘rganish yakunlari bo‘yicha takliflarni kiritsin;
e) bir oy muddatda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini quyidagilarni nazarda tutgan holda kiritsin; ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda ta’lim sifatini oshirish, shuningdek, mamlakatning zamonaviy tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda Universitet faoliyatining dolzarb vazifalari va yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish; manfaatdor idoralarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda amaliyotda talab qilinadigan mutaxassislarning aniq maqsadni ko‘zlab tayyorlanishini ta’minlash, shuningdek, ular orasidan diplomatik kadrlarning istiqbolli zaxirasini shakllantirish maqsadida bakalavriatda o‘qish muddatini va bakalavriatga qabul qilish kvotalarini kamaytirish; “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” hamda “Xalqaro jurnalistika” mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashning yangi yo‘nalishlarini joriy qilish; Universitetda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalariga xizmat ko‘rsatish va rasmiy tadbirlar o‘tkazishni yuqori tashkiliy darajada ta’minlaydigan professional tarjimon va gidlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish; xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini prognoz baholash bilan fundamental ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish orqali O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini tizimli tahlil qilishda Universitetning rolini kuchaytirish.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini har chorakda Vazirlikning markaziy apparati va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi muassasalari rahbarlari va xodimlari, vazirlik va idoralar, soha tashkilotlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa rejimida tanqidiy ko‘rib chiqsin; poytaxt hududida yer uchastkalari ajratilishini va O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchilari uchun uy-joylar va Tashqi ishlar vazirligining diplomatik xodimlari uchun to‘rtta ko‘p kvartirali uy qurilishini hamda ularning 2019-yilning oxiriga qadar foydalanishga topshirilishini ta’minlasin; mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari uchun xorijiy sheriklar bilan muzokara jarayonini, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik taqdimotini tashkil etish masalalari bo‘yicha hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning boshqa masalalari bo‘yicha, shu jumladan, joylarga borish orqali seminar va treninglar o‘tkazilishini tashkil qilsin.
12. “Ipoteka-bank” ATIB, “Asaka-bank” ATB, “O‘zsanoatqurilishbank” ATBga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2660-sonli va 2017-yil 23-oktabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3350-sonli qarorlarida nazarda tutilgan shartlar asosida elchilar va Tashqi ishlar vazirligi diplomatik xodimlari uy-joy hamda ko‘p kvartirali uylardan kvartira sotib olishi uchun imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish tavsiya etilsin. 13. Tashqi ishlar vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) bir haftalik muddatda Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamg‘armasi nizomini tasdiqlashni nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;
b) ikki oy muddatda: qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-769-sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi V.V.Maxmudov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X.Kamilov zimmasiga yuklansin.
Download 27,03 Kb.




Download 27,03 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O‘zbekiston respublikasi tashqi siyosati

Download 27,03 Kb.