|
O‘zbekiston respublikasi vazirlar mahkamasining
|
Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 17,87 Kb. | | #246339 |
Bog'liq Avtomototransport
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
AVTOMOTOTRANSPORT VOSITALARI HAYDOVCHILARINI TAYYORLASH, QAYTA TAYYORLASH VA MALAKASINI OSHIRISH HAMDA ULARNI IMTIHONDAN O‘TKAZISH TIZIMINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish hamda ushbu turdagi faoliyatni amalga oshiruvchi o‘quv tashkilotlari, haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish va ta’lim sifatini qat’iy nazorat qilishning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tizimi joriy etiladi, unga muvofiq:
a) avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda — o‘quv tashkilotlari) faoliyatini tashkil etish yo‘nalishida:
avtomototransport vositalarining va shahar elektr transport vositalarining tuzilishi va ularga texnik xizmat ko‘rsatish fanidan dars beruvchilar, shuningdek, yo‘l harakati qoidalari, avtomototransport vositalarini xavfsiz boshqarish va harakat xavfsizligi asoslari fanlaridan dars beruvchi o‘qituvchilar sifatida faqat avtotransport sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi;
yo‘l-transport hodisasida birinchi yordam fanidan dars beruvchilar sifatida tibbiyot ixtisosligi bo‘yicha oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga yoki “Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish” bo‘yicha instruktor (paramedik) malaka sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi;
b) avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda o‘quv jarayonlarini tashkil etish yo‘nalishida:
mashg‘ulotlarning tashkil etilishi shakllaridan qat’i nazar, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarida umumiy o‘quv yuklamasining hajmi haftasiga 20 soatgacha, o‘quv yuklamasining bajarilishidan kelib chiqqan holda auditoriyada o‘tkaziladigan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning kundalik hajmi 4 soatgacha rejalashtiriladi;
avtomototransport vositalarini boshqarishni o‘rgatish uchun ajratilgan amaliy mashg‘ulotlarning kundalik hajmi har bir instruktor uchun 8 soatdan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi;
haydovchilarning malakasi oshirilganligi bo‘yicha beriladigan sertifikatlar faqat elektron shaklda rasmiylashtiriladi va o‘quv tashkilotlari Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan yuritiladigan sertifikatlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritib boradi;
boshqarishni o‘rgatish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari ushbu transport vositalarining harakat yo‘nalishini nazorat qilish imkonini beradigan GPS qurilmalari bilan jihozlanadi;
amaliy imtihonlarni o‘tkazishda “B” toifa uchun ishlab chiqarilganligiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan, boshqa toifalar uchun ishlab chiqarilganligiga 10 yildan ortiq bo‘lmagan avtomototransport vositalaridan foydalaniladi.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
yagona namunadagi animatsiyali nazariy imtihon savollari 1 000 tadan kam bo‘lmagan miqdorda hamda amaliy imtihonda bajariladigan sinov mashqlari ro‘yxati Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
o‘quv avtodromining hajmi, haydovchilikka nomzodlarning soni hamda ushbu o‘quv avtodromidan foydalanuvchi boshqa shaxslar sonidan kelib chiqib unumdorligi (sig‘imi) amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun yetarli bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda jihozlangan o‘ziga mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquq bilan (ijara, foydalanish yoki boshqa huquq asosida) tegishli bo‘lgan o‘quv avtodromining mavjudligi litsenziya talablaridan biri sifatida belgilanadi;
o‘qituvchi va instruktorlarning malakasini oshirish har uch yilda bir marta Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan to‘lov — shartnoma asosida amalga oshiriladi va malaka oshirilganligi to‘g‘risida maxsus sertifikat beriladi. Bunda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan taqdim etilgan o‘qituvchi va instruktorlarning malakasi oshirilganligi to‘g‘risidagi maxsus sertifikatlar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining (keyingi o‘rinlarda — Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati) avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimiga elektron shaklda kiritib boriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) 2023-yil 1-yanvarga qadar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimini ishga tushirsin;
o‘quv tashkilotlarida faoliyat olib boruvchi o‘qituvchi va instruktorlarning shartnoma asosida 2023-yil 1-iyulga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida qayta tayyorlashdan o‘tkazilishini ta’minlasin;
o‘quv tashkilotlarining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimiga ulanishini ta’minlash choralarini ko‘rsin;
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun tadbirkorlik subyektlari avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinishini ta’minlasin;
b) uch oy muddatda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Transport vazirligi bilan kelishgan holda:
avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini;
o‘quv tashkilotlari o‘qituvchi va instruktorlarining malakasini oshirish tartibi va dasturlarini;
avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun yagona namunadagi nazariy imtihon savollari hamda amaliy imtihonda bajariladigan sinov mashqlari ro‘yxatini tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022-yil 1-noyabrdan boshlab haydovchi va haydovchilikka nomzodlarning avtomototransport vositasini boshqarishga yaroqliligi to‘g‘risidagi beriladigan tibbiy ma’lumotlarning yagona elektron bazasini shakllantirsin va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimiga integratsiya qilsin.
5. Belgilansinki, yagona namunadagi nazariy imtihon savollarini animatsiyali ko‘rinishda ishlab chiqish “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini rag‘batlantirish va mukofotlash jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Vazirlar Mahkamasining 31.05.2018 yildagi 408-son qarori bilan Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Norma’ning yozishicha, nizom talablari avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida faoliyat yurituvchi barcha yuridik shaxslar (bundan keyin – o‘quv tashkilotlari) uchun yagona va rioya etilishi majburiy hisoblanadi.
Shuningdek Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablari tasdiqlandi.
Moddiy baza
Davlat ta'lim muassasalari, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan litsenziyaga ega bo‘lgan ushbu sohada nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar hududiy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari (YHXB) ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘linmalarida (RvaIOB) hisobga olingan bo‘lishlari shart.
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi o‘quv tashkilotlarining moddiy-texnika va o‘quv-metodik bazasi davlat talablariga mos bo‘lishi kerak.
O‘quv tashkilotining unga mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan o‘quv xonalari, ulardagi jihozlar va o‘quv avtomobillaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘quv tashkilotining hamda ijara shartnomasi asosida foydalanilayotgan avtomototransport vositalari yonilg‘i-moylash materiallari, ehtiyot qismlar va boshqa asbob-uskunalar bilan o‘quv tashkiloti tomonidan ta'minlanishi shart.
O‘quv tashkilotiga qarashli va ijara shartnomasi asosida foydalanilayotgan barcha o‘quv avtomototransport vositalari YHXBning RvaIOBda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Ta'lim jarayoni
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muddatlari va tartibi davlat talablariga hamda tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlariga muvofiq belgilanadi.
O‘ziga xos xususiyatlar nazarda tutilgan: sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan yengil avtomobillarni boshqarishga layoqatli deb topilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni haydovchilikka tayyorlash maxsus o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi; kar va kar-soqov shaxslarni haydovchilikka tayyorlash umumiy o‘quv dasturlari asosida surdo tarjimon yordamida amalga oshiriladi.
Ayollarni «VS» va «D» toifalariga tayyorlashni tashkil qilishda yuk avtomobillarining yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan, avtobuslarning yo‘lovchilar tashish uchun ruxsat etilgan soni esa 14 kishidan oshmasligi kerak.
O‘quv tashkilotidagi avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha yig‘ilgan guruhlardagi tinglovchilar soni 25 kishidan oshmasligi lozim. O‘quv tashkilotlarining rahbarlari o‘quv guruhlarida mashg‘ulotlar boshlangungacha o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishlari va hududiy YHXBga taqdim etishlari lozim.
Avtomototransport vositalari haydovchilarining malakasini oshirish bo‘yicha yig‘ilgan guruhlardagi tinglovchilar soni 30 kishidan oshmasligi lozim. Ta'lim jarayoni nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlardan, avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘ladi.
Yakuniy nazorat va sinovlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibi o‘quv tashkilotlari yoki ularning muvofiqlashtiruvchi va yuqori tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan yo‘riqnomalarda belgilanadi.
Tayyorlash va qayta tayyorlash uchun hujjatlar
«A», «V», «S» toifadagi avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, shuningdek «S», «D», «Ve», «Se», «DE» toifalardagi avtotransport vositalari haydovchilarini qayta tayyorlash uchun tinglovchilarni o‘quv tashkilotlariga qabul qilishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
• jismoniy shaxs arizasi yoki buyurtmachi – tashkilot yo‘llanmasi (ular tomonidan o‘qishga yuborilgan shaxslar uchun);
• sog‘lig‘i va tegishli toifadagi transport vositalarini boshqarishga yaroqliligi to‘g‘risidagi tibbiy ma'lumotnoma;
• 3 x 4 sm hajmdagi 3 dona fotosurat (fuqaro kiyimida);
• ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi;
• pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat.
Haydovchilarni «S» toifadagi avtotransport vositalarini boshqarish uchun qayta tayyorlashda yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari «V» yoki «D» toifadagi haydovchilik guvohnomasi, «Ve», «Se» yoki «DE» toifalaridagi avtotransport vositalarini boshqarish uchun qayta tayyorlashda tegishli ravishda «V», «S» yoki «D» toifasidagi haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.
Bitirish imtihonlari
Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash yakunlari bo‘yicha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilar YHXBning RvaIOBda imtihon topshiradilar. Imtihon olish vaqti YHXBning RvaIOB tomonidan o‘quv tashkilotining murojaatiga asosan oldindan belgilanadi.
Tinglovchilarning haydovchilar malakasini oshirish kurslarida bilimlarni o‘zlashtirishini aniqlash uchun o‘quv tashkilotlarida yakuniy imtihonlar animatsiya effektlariga ega bo‘lgan test dasturida qabul qilinadi.
O‘quv tashkilotida imtihonlarni qabul qilish uchun rahbar buyrug‘i bilan rais va ikki kishidan iborat imtihon komissiyasi tuziladi. Qo‘shimcha ravishda komissiya a'zolari tarkibiga o‘qituvchilar, instruktorlar, agar haydovchilar buyurtmachi tashkilot uchun tayyorlanayotgan bo‘lsa, shu tashkilotning vakili ham kiritilishi mumkin.
Tasdiqlangan o‘quv rejasi va dasturni to‘liq tugatgan, shuningdek barcha fanlardan ijobiy yakunlovchi baholar olgan tinglovchilar imtihonlarga qo‘yiladi.
Haydovchilikka nomzodlarning nazariy fanlardan olgan bilimi besh ballik baho mezoni bilan, amaliy mahorati va tajribasi «topshirdi» yoki «topshirmadi» mezoni bilan baholanadi.
Barcha toifadagi avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv guruhlarining nazariy imtihonlari tasdiqlangan imtihon savollari asosida o‘tkaziladi.
Imtihon natijasi haqida komissiya raisi va a'zolari bayonnoma tuzadilar, u o‘quv tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi hamda muhr bilan tasdiqlanadi. Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash imtihon komissiyasi bayonnomalarining saqlanish muddati – 5 yil.
O‘quv tashkilotida haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha ta'limni tugatib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslarga imtihon komissiyasi bayonnomasiga asosan o‘qishni bitirganligi haqida yagona namunadagi guvohnoma beriladi.
O‘quv tashkilotini avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malakasini oshirish dasturi bo‘yicha tugatib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslarga imtihon komissiyasi bayonnomasiga asosan o‘qishni bitirganligi haqida belgilangan namunadagi sertifikat beriladi. Avtotransport vositalari haydovchilarining malaka oshirgani to‘g‘risidagi sertifikatlarning blankalari qat'iy hisobda turadigan hujjat hisoblanadi.
Yuqorida ko‘rsatilgan guvohnoma va sertifikat avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalarini boshqarish huquqini bermaydi.
|
| |