(25-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi ushbu Kodeksning 156-moddasi beshinchi qismida nazarda
tutilgan talablar hisobga olingan holda tuziladi.
(26-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi nazorat qilinadigan bitim narxining bozor narxlari oraligʻi
chegarasidan chiqishining hujjatlar bilan tasdiqlangan faktlarini ham, shuningdek ushbu holat
soliq summasining kamayishiga (zarar summasining oshishiga) olib kelganligining asoslanishini
va bunday kamayish (koʻpayish) summasining hisob-kitobini oʻz ichiga olishi kerak.
(27-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilgan shaxsga u tuzilgan
sanadan eʼtiboran besh kun ichida yoki ushbu shaxsning vakiliga imzo qoʻydirib topshirilishi yoki
olingan sana haqida dalolat beruvchi boshqa usulda topshirilishi kerak.
(28-q.)
Agar oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilgan shaxs yoki uning vakili tekshiruv
dalolatnomasini olishdan bosh tortsa, ushbu fakt tekshiruv dalolatnomasida aks ettiriladi va
tekshiruv dalolatnomasi yuridik shaxsning joylashgan yeri yoki jismoniy shaxsning yashash joyi
boʻyicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
(29-q.)
Tekshiruv dalolatnomasi pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda, buyurtma
xat yuborilgan sanadan eʼtiboran hisoblaganda beshinchi kun u olingan sana deb hisoblanadi.
(30-q.)
Oʻziga nisbatan tekshiruv oʻtkazilgan shaxs (uning vakili) tekshiruv dalolatnomasida
bayon qilingan faktlarga va (yoki) tekshiruvchilarning xulosalari hamda takliflariga rozi
boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga umuman mazkur
dalolatnoma boʻyicha yoki uning alohida qismlari boʻyicha yozma eʼtirozlarini taqdim etishga
haqli.
(31-q.)
Bunda mazkur shaxs oʻz eʼtirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni
(ularning tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini) yozma eʼtirozlariga ilova qilishga yoki kelishilgan
muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga topshirishga haqli.
(32-q.)
Bunday eʼtirozlar soliq tekshiruvi dalolatnomasi olingan kundan eʼtiboran yigirma
kalendar kun ichida taqdim etiladi.
(33-q.)
Soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan dalolatnomani, boshqa tekshiruv
materiallarini va dalolatnomaga doir yozma eʼtirozlarni koʻrib chiqish, shuningdek tekshiruv
natijalariga koʻra qaror qabul qilish ushbu Kodeksning 158-160-moddalarida nazarda tutilgan
materiallarni koʻrib chiqish va soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qaror qabul qilish tartibiga
oʻxshash tartibda amalga oshiriladi.