O‘zbekiston Respublikasining




Download 45.24 Kb.
Sana21.09.2023
Hajmi45.24 Kb.
#83221
Bog'liq
O‘RQ-768 11.05.2022
2 soniga dars ishlanma, 1-Mavzu, Yorug bosim, Shtern va Gerlax tajribasi, Jalgasov Ramazan TT 103-20 (uzb) 3-kurs Kom tash, Ma, eyfel, Xalqaro valuta fondi, 19ldto6pjMxyH8wUNzst3ALYUMpURAg0nSPxyglJ, Сертифкатлар рўйхати 2023-2024, til ta\'lim, 10 amaliy, Question Type 1, bazardi basqariwda bahaniń ahmiyeti1



[OKOZ:

1.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.03.00 Aholiga davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish / 14.01.03.07 Davolash-profilaktika yordamining boshqa turlari]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari]

O‘zbekiston Respublikasining
Qonuni
Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 26-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 28-aprelda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
insonning ko‘payishiga taalluqli bo‘lgan a’zolar va to‘qimalarning (tuxum hujayrasi, sperma, tuxumdonlar, moyaklarning yoki embrionlarning) transplantatsiyasiga;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020-yil 14-yanvardagi 106-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3217, 2020-yil 6-fevral).
a’zolar va to‘qimalarning autogen (bir shaxsning o‘zi tirik donor va retsipiyent bo‘ladi) transplantatsiyasiga;
qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida” Qonuni.
2-modda. Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risidagi qonunchilik
Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyuldagi PQ-5198-son “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
bosh miyaning o‘limi — bosh miya barcha vazifalarining to‘liq va asl holiga qaytmaydigan tarzda to‘xtashi;
inson a’zosi — inson organizmida muayyan vazifani bajaruvchi turli xil hujayralar va to‘qimalarning alohida majmui;
inson to‘qimasi — umumiy kelib chiqishi, tuzilishi va inson organizmida bajaradigan vazifalariga ko‘ra birlashgan hujayralar hamda hujayralararo moddalar majmui;
retsipiyent — o‘ziga nisbatan inson a’zosining va (yoki) to‘qimasining transplantatsiyasi bajariladigan inson;
tirik donor — o‘zidan a’zolarning va (yoki) to‘qimalarning transplantatsiya uchun olinishiga ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan inson;
transplantatsiya — retsipiyentda mavjud bo‘lmagan yoxud shikastlangan, o‘zining muhim hayotiy vazifalarini bajarishga qodir bo‘lmagan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni tirik donordan yoki inson murdasidan olingan a’zolarga va (yoki) to‘qimalarga jarrohlik amaliyoti yoki muolaja o‘tkazish yo‘li bilan almashtirish.
4-modda. Transplantatsiya obyektlari
Tirik donordan yoki inson murdasidan olingan inson a’zolari va (yoki) to‘qimalari transplantatsiya obyektlari bo‘lishi mumkin, ularning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Sun’iy ravishda yetishtirilgan a’zolar transplantatsiya obyektlari bo‘lmaydi.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
tegishli organlar va tashkilotlarning inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
transplantatsiya obyektlari ro‘yxatini, shuningdek ularning transplantatsiyasi tartibini belgilaydi;
inson a’zolari va to‘qimalarini O‘zbekiston Respublikasi hududida tashish, ularni saqlash, O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirish tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuni.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining yagona davlat reyestrini shakllantiradi hamda yuritadi;
inson a’zolari va to‘qimalarini olishni hamda ularning transplantatsiyasini amalga oshiruvchi davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari faoliyatini nazorat qiladi, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi va o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi;
inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasida xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 714-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘g‘risidagi nizom.
7-modda. Inson a’zolari va to‘qimalarini olishni hamda ularning transplantatsiyasini amalga oshiruvchi tibbiyot muassasalari
Inson a’zolari va to‘qimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu muassasalarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-oktabrdagi PQ-5254-son “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
2-bob. Inson a’zolari va to‘qimalarini olish hamda ularning transplantatsiyasi shartlari va tartibi
8-modda. Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa
Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa davolovchi shifokor, transplantolog, anesteziolog, nevropatolog, zarurat bo‘lganda boshqa ixtisosliklardagi shifokorlardan iborat tarkibdagi mutaxassis-shifokorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda beriladi.
9-modda. Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi shartlari
Tirik donordan yoki inson murdasidan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni transplantatsiya qilish faqat boshqa jarrohlik amaliyotlari yoki muolajalar retsipiyent hayotini saqlab qolishni yoxud uning sog‘lig‘i tiklanishini kafolatlay olmagan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.
Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini retsipiyentlarga transplantatsiya qilish inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi zarurligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
10-modda. Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasiga retsipiyentning roziligi
Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi retsipiyentning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Bunda retsipiyent bo‘lajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan o‘z sog‘lig‘i uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar haqida imzo qo‘ydirilib ogohlantirilishi kerak. Ushbu jarayon majburiy tartibda videoyozuvga qayd etiladi. Agar retsipiyent o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa yoxud retsipiyentning o‘zidan rozilik olishning imkoni bo‘lmasa, inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi uning ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakilining yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 131-moddasi.
11-modda. Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini uning murdasidan olish shartlari
Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 110-moddasi.
Insonning murdasidan olingan a’zolardan va (yoki) to‘qimalardan barcha muhtoj shaxslarga transplantatsiya qilish uchun foydalanilishi mumkin.
Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini uning murdasidan tegishli roziliksiz olish qonunga xilofdir.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda, inson bosh miyasining o‘limini qayd etish asosida beriladigan o‘lim to‘g‘risidagi xulosa mavjud bo‘lgan taqdirda, inson a’zolari va (yoki) to‘qimalari uning murdasidan transplantatsiya uchun olinishi mumkin. Inson bosh miyasining o‘limini qayd etishda transplantologlarning hamda inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishni ta’minlovchi brigadalar a’zolarining ishtirok etishi taqiqlanadi.
12-modda. Tirik donordan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni olish shartlari
Tirik donordan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni transplantatsiya uchun olish faqat retsipiyentning sog‘lig‘ini ko‘zlab hamda inson murdasida transplantatsiya uchun yaroqli bo‘lgan a’zolar va (yoki) to‘qimalar mavjud bo‘lmagan yoxud samaradorligi inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi samaradorligi bilan taqqoslanishi mumkin bo‘lgan muqobil davolash usuli mavjud bo‘lmagan taqdirda amalga oshirilishi mumkin.
Tirik donorni undan a’zosini va (yoki) to‘qimalarini olish uchun rozilik berishga majburlash taqiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbeksiton Respublikasi “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1151-moddasi.
Tirik donordan juft a’zolaridan biri va (yoki) a’zosining bir qismi, shuningdek to‘qimasi ushbu moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda transplantatsiya uchun olinishi mumkin.
Tirik donordan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni olishga faqat, agar olish paytida tibbiy xulosaga ko‘ra uning sog‘lig‘iga ko‘rish, nutq, eshitish qobiliyati yo‘qolishiga yoxud a’zosining (bundan insonning transplantatsiya qilinayotgan a’zosi va (yoki) to‘qimasi mustasno) funksiyalari qisman yoki to‘liq yo‘qolishiga, ruhiyati buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan tarzda yoki sog‘lig‘ining mehnat qobiliyati o‘ttiz uch foizdan ortiq tarzda barqaror yo‘qolishiga olib keladigan boshqa buzilishiga sabab bo‘ladigan tarzda ziyon yetkazilmasa, yo‘l qo‘yiladi.
Tirik donordan a’zolarni va (yoki) to‘qimalarni retsipiyentga transplantatsiya qilish uchun olishga, agar donor:
a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olish bo‘yicha bo‘lajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan o‘z sog‘lig‘i uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar haqida kamida o‘ttiz kun oldin yozma shaklda, videoyozuvga qayd etgan holda ogohlantirilgan bo‘lsa;
o‘z a’zosini va (yoki) to‘qimalarini olishga bo‘lgan roziligini ixtiyoriy ravishda, bepul asosda, notarial tartibda tasdiqlangan yozma shaklda bildirgan bo‘lsa;
har taraflama tibbiy tekshiruvdan o‘tgan bo‘lsa hamda uning a’zosini va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish uchun olish mumkinligi to‘g‘risida mutaxassis-shifokorlarning tibbiy xulosasi mavjud bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Tirik donorni har taraflama tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
13-modda. Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi vaqtida videotasvirga olish
Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi vaqtida inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishni hamda ularning transplantatsiyasini amalga oshiruvchi tibbiyot muassasasi tomonidan videotasvirga olish amalga oshiriladi. Bunda videoyozuvdagi inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasi haqidagi axborot oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan shifokor sirini tashkil etadi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Retsipiyentni va donorni sog‘lig‘i uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar haqidagi ogohlantirishning, shuningdek transplantatsiya jarayonining videoyozuvi tibbiyot muassasasi tomonidan arxivlashtiriladi, videoyozuv aslining dublikati esa saqlash uchun ichki ishlar organlariga topshiriladi.
Videoyozuvni amalga oshirish tartibi, shuningdek uni saqlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.
14-modda. Donorlikka doir cheklovlar
Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishga, agar ular O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan, transplantatsiya qilish uchun inson a’zolari va to‘qimalari donorligiga qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatiga kiruvchi kasalligi bo‘lgan yoki ilgari shunday kasallikka chalingan tirik donorga yoki inson murdasiga tegishli bo‘lsa, yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagilarga nisbatan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishga yo‘l qo‘yilmaydi:
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga (bundan suyak iligini transplantatsiya qilish hollari mustasno);
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, shuningdek ruhiy holatning buzilishlariga (ruhiy kasalliklarga) chalingan shaxslarga;
qamoqda yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarga;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
homilador ayollarga;
shaxsi aniqlanmagan shaxslarga;
muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarga;
“Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashovchi shaxslarga;
a’zosi va (yoki) to‘qimalari ilgari transplantatsiya uchun olingan shaxslarga.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi chet davlat fuqarosi bo‘lgan retsipiyent uchun donor bo‘lishi mumkin emas.
15-modda. Transplantatsiya qilinadigan inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqilishini taqiqlash
Inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilishda jismoniy hamda yuridik shaxslarga inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi taqiqlanadi.
Transplantatsiya qilinadigan inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish taqiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1332-moddasi.
16-modda. Tirik donor va retsipiyent to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi
Tirik donor va retsipiyent to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan shifokor sirini tashkil etadi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbeksiton Respublikasi “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 45-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 46-moddasi.
3-bob. Tirik donor hamda retsipiyentning huquq va majburiyatlari
17-modda. Tirik donorning huquq va majburiyatlari
Tirik donor:
o‘zidan a’zosini va (yoki) to‘qimasini olish amalga oshiriladigan tibbiyot muassasasidan inson a’zosini va (yoki) to‘qimasini olish bo‘yicha bo‘lajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan o‘z sog‘lig‘i uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar haqida to‘liq axborot olish;
jarrohlik amaliyoti yoki muolaja o‘tkazilishini u boshlanguniga qadar rad etib, rad etish sababini asoslamaslik;
o‘zidan a’zosi va (yoki) to‘qimalari olinganligi bilan bog‘liq bo‘lgan, yuzaga kelgan asoratlar tufayli davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalarida O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qonunchilikka muvofiq davolanish va kuzatuvda bo‘lish huquqiga ega.
Tirik donor:
o‘z boshidan o‘tkazgan yoxud o‘zida mavjud bo‘lgan kasalliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zidan a’zosini va (yoki) to‘qimasini olish amalga oshiriladigan tibbiyot muassasasiga ma’lum qilishi;
shifokorlarning tibbiy tavsiyalariga rioya etishi shart.
18-modda. Retsipiyentning huquq va majburiyatlari
Retsipiyent:
o‘ziga inson a’zosini va (yoki) to‘qimasini transplantatsiya qilish bo‘yicha bo‘lajak jarrohlik amaliyoti yoki muolaja munosabati bilan o‘z sog‘lig‘i uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar haqida a’zoning va (yoki) to‘qimaning transplantatsiyasi amalga oshiriladigan tibbiyot muassasasidan to‘liq axborot olish;
jarrohlik amaliyoti yoki muolaja o‘tkazilishini u boshlanguniga qadar rad etib, rad etish sababini asoslamaslik;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalarida reabilitatsiyadan o‘tish va kuzatuvda bo‘lish;
o‘ziga inson a’zolari va (yoki) to‘qimalari transplantatsiya qilinishi bilan bog‘liq bo‘lgan, yuzaga kelgan asoratlar tufayli O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan zarur tibbiy yordamni qonunchilikka muvofiq olish huquqiga ega.
Retsipiyent:
o‘z boshidan o‘tkazgan yoxud o‘zida mavjud bo‘lgan kasalliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni a’zoning va (yoki) to‘qimaning transplantatsiyasi amalga oshiriladigan tibbiyot muassasasiga ma’lum qilishi;
shifokorlarning tibbiy tavsiyalariga rioya etishi shart.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
19-modda. Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining yagona davlat reyestri
Inson a’zolaridan va (yoki) to‘qimalaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek transplantatsiyaga muhtoj bo‘lgan shaxslarga tezkorlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining yagona davlat reyestri (bundan buyon matnda Yagona davlat reyestri deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Yagona davlat reyestri avtomatlashtirilgan axborot tizimi hisoblanadi hamda inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining transplantatsiyasini amalga oshiruvchi tibbiyot muassasalarining axboroti asosida shakllantiriladi.
Yagona davlat reyestrida:
a’zolarning va (yoki) to‘qimalarning potensial retsipiyentlari;
o‘ziga nisbatan a’zolar (a’zoning bir qismi) va (yoki) to‘qimalarning transplantatsiyasi bajarilgan retsipiyentlar;
o‘zidan a’zolar va (yoki) to‘qimalar olinishiga notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan tirik donorlar;
o‘zining biologik o‘limi yuz berishi fakti aniqlanganidan keyin o‘z tanasidan (tanasining qoldiqlaridan) a’zolar va (yoki) to‘qimalar olinishiga tiriklik chog‘ida notarial tartibda tasdiqlangan yozma rozilik bergan shaxslar;
o‘zidan transplantatsiya uchun a’zolar va (yoki) to‘qimalar olingan donorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining yagona davlat reyestrini shakllantirish hamda yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Yagona davlat reyestrida saqlanadigan ma’lumotlar shifokor siridir.
20-modda. Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi ishlarni moliyalashtirish
Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi ishlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
21-modda. Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik
Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi xalqaro hamkorlik O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasini amalga oshiruvchi tibbiyot muassasalarining xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlari tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
22-modda. Nizolarni hal etish
Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
23-modda. Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 133-moddasi.
24-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
25-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
26-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 11-may,
O‘RQ-768-son


(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 03/22/768/0404-son)

Download 45.24 Kb.




Download 45.24 Kb.