Tovar-moddiy zahiralarni auditorlik tekshiruvidagi audit amallari
Ombor xo’jaligining ahvoli va tovar-moddiy zahiralar saqlanishini tekshirish eng muhim auditorlik amallaridan biri bo’lib hisoblanadi. Korxona faoliyatining ushbu sohasini har tomonlama o’rganish uchun auditor omborlar, tsexlar va ishlab chiqarish zahiralari saqlanadigan boshqa joylarni tekshiradi. Bunda ishlab chiqarish zahiralarini saqlash sharoitlari, yong’in xavfining oldini olish, omborlarning qurilmalar, texnikalar, asboblar bilan jihozlanganligi va ularning to’g’ri ishlatilishi, ombor binolarini qo’riqlash holati ham o’rganiladi. Ombor xo’jaligining qoniqarsiz tashkil etilganiligi tovar-moddiy zahiralar saqlanishi ustidan ichki nazoratning past darajada ekanligidan dalolat beradi.
O’rganish jarayonida moddiy qiymatliklarni qabul qilish, saqlash va berishga aloqador xodimlarning moddiy javobgarliklarini tashkil etishga maxsus e’tibor qaratiladi. Xodimlarning huquq va burchlari, ularning ish tartibi, qiymatliklarni qabul qilish va berish, hamda ularni hujjatlashtirish tartibi, omborlarda natural o’lchovlarda hisobni yuritish, buxgalteriyaga hisobotlarni taqdim etish muddatlari ko’rsatilgan standartlar yoki yo’riqnomalarni ishlab chiqish va moddiy javobgar shaxslarga taqdim qilish moddiy qiymatliklarni saqlashni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Tovar-moddiy zahiralarni saqlash joylarini ko’zdan kechirish chog’ida moddiy javobgar shaxslardagi hujjatlar bo’yicha ular qiymatliklarni qabul qilish va berishni rasmiylashtirish, hamda omborxona hisobi daftari yoki kartochkalariga yozishni o’z vaqtida amalga oshirilayotganligi tekshiriladi. Hisobga olinmagan oshiqcha materiallar va tayyor mahsulotlar quyidagi yo’llar bilan vujudga kelishi mumkin:
tayyor mahsulotlarni tayyorlash chog’ida xom ashyolarni almashtirish; xom ashyo va materiallarni topshiruvchilarning og’irlikdan urib qolishi, namligini oshirib ko’rsatish va ularning navlarini pasaytirish; tayyor mahsulotlarni xaridorlarga jo’natish chog’ida o’lchovdan, hisobdan va tarozidan urib qolishlar;
moddiy qiymatliklarni yuklash-tashish-tushirish yoki saqlash chog’ida yo’qolgan deb asossiz dalolatnomalar tuzish va shunga o’xshash.
Hisobga olinmagan oshiqcha materiallar odatda alohida saqlanadi. Ularni aniqlash uchun omborxona hisobi daftari yoki kartochkalari ma’lumotlaridan foydalaniladi. Agar hisobga olinmagan oshiqcha materiallar bo’lsa, alohida turdagi materiallarning ma’lum davrlardagi chiqimi, qoidagi ko’ra, ularning kirimidan oshib ketadi (qizil bilan chiqish). Bunday oshiqcha sarflashlar shu nomdagi materiallarning keyingi tushumlari va kirimlari hisobidan qoplanadi.
Ombor xo’jaligini ko’zdan kechirish va moddiy qiymatliklar saqlanishining nazoratini hujjatlar asosida tekshirish bilan izchil amalga oshirish tovar-moddiy zahiralarning saqlanishi to’g’risida asoslangan xulosalar qilish va profilaktik tadbirlar ishlab chiqish imkonini beradi.
Tovar-moddiy zahiralarni auditorlik tekshiruvdan o’tkazish jarayonini ikki qismga bo’lish mumkin:
1. Inventarizatsiya o’tkazish orqali ularning haqiqatda mavjudligini aniqlash;
2. Moddiy qiymatliklarni hisob va hisobotda to’g’ri baholashni hamda aks ettirishni tekshirish.
Auditorlik amallari inventarizatsiyagacha, inventarizatsiya vaqtida va undan so’ng bajariladigan amallarga bo’linadi. Inventarizatsiyani boshlagunga qadar auditor oldingi o’tkazilgan inventarizatsiya natijalari to’g’risidagi ma’lumotlarni so’rab olib, zahiralarning tarkibiy va miqdoriy o’zgarishlarini tahlil qiladi, zahiralarni saqlash joylari haqida, hamda inventarizatsiya ishlarining tashkil etilishi to’g’risida ma’lumotlar to’playdi.
Moddiy boyliklarni omborxona va boshqa saqlash joylarida hisobga olinishini tekshirish ularni inventarizatsiya qilishdan boshlanadi. Tekshirishni boshlashdan oldin auditor moddiy boyliklar saqlanadigan barcha joylarni aniqlash va tanlab inventarizatsiya o’tkaziladigan boyliklar ro’yxatini alohida tuzishi lozim.
Ish boshlanishidan oldin auditor korxona rahbari bilan inventarizatsiya komissiyasini tuzish to’g’risida kelishib oladi. Korxona rahbari bu haqda buyruq chiqaradi. Uning bir nusxasi inventarizatsiya o’tkazish komissiyasi a’zoliriga beriladi, komissiya raisiga nazorat so’rg’ich (plomba)lagichi topshiriladi.
Inventarizatsiya komissiyasi tarkibiga, odatda, moddiy javobgar shaxslardan tashqari, korxona rahbariyati vakillari, mutaxassislar ham kiritiladi.
Agar moddiy javobgar shaxs mehnat ta’tilida yoki uzoq vaqtdan beri kasal bo’lsa, ayrim auditorlar inventarizatsiya o’tkazishni o’sha shaxssiz bajarishga qaror qilib katta xatoga yo’l qo’yishadi. Vaholanki, moddiy boyliklar etishmovchiligi aniqlangan taqdirda moddiy javobgar shaxs keyinchalik uni tan olmasligi va uning natijalariga e’tiroz bildirishi mumkin.
Agar moddiy javobgar shaxs uzrli sabab bilan ishda bo’lmasa, auditor omborxonani muhrlab qo’yib, inventarizatsiya o’tkazishni u ishga tushgandan so’ng bajarishi lozim.
Auditor inventarizatsiya qilishni boshlashdan oldin omborchidan inventarizatsiya boshlanadigan sana uchun moddiy boyliklarning kirimi va chiqimi bo’yicha hisobot tuzib, uning bir nusxasini tashkilot buxgalteriyasiga topshirtiradi va ikkinchi nusxasini auditor o’ziga oladi. Bundan tashqari, auditor moddiy javobgar shaxsdan boyliklarning kirimi va chiqimiga doir barcha hujjatlar buxgalteriyaga topshirilganligi va ularda kirim qilinmay qolgan yoki chiqimga hisobdan o’chirilmagan hech qanday moddiy boyliklar yo’qligi haqida tilxat oladi. Moddiy boyliklarni sotib olish uchun hisobdorlik summasi yoki ularni olish uchun ishonchnomaga ega shaxslardan ham shu mazmunda tilxat olinadi.
Shundan so’ng komissiya a’zolari moddiy boyliklarni tekshirishga kirishadi, ya’ni ularni tarozida tortish, qayta sanash yoki o’lchab ko’rish yo’li bilan haqiqiy qoldiqlarini aniqlaydi. Auditorlar inventarizatsiyani boshlashdan oldin tarozilar va boshqa o’lchash asboblarining aniq ishlashiga ishonch hosil qilishlari lozim. Ayrim auditorlar tortish, o’lchash, sanash ishlarini o’zlari bajarishga harakat qilishadi, hisobchi xodim yoki moddiy javobgar shaxs bu vaqtda o’lchash natijalarini qayd qilib turadi. Biroq, bunday qilish noto’g’ri. Auditor tortish, sanash, o’lchash ishlarini to’g’ri bajarilayotganligini kuzatib turishi va natijalarini o’zi yozib borishi lozim. Shuningdek, tushunmovchiliklar ro’y bermasligi uchun moddiy javobgar shaxs ham tekshiruv natijalarini yozib borishi kerak. Vaqti-vaqti bilan bu yozuvlar solishtirilishi zarur.
Moddiy boyliklarning har qaysi turi bo’yicha inventarizatsiya qilish natijalari inventarizatsiya ro’yxatida qayd qilinadi; bunday ro’yxat moddiy boyliklar turgan yoki saqlanadigan joylar yoki ularning but saqlanishi uchun javobgar shaxslar bo’yicha alohida-alohida tuziladi.
Ular ro’yxatlarda nomenklatura bo’yicha va hisobga olishda qabul qilingan o’lchov birliklarida (!) aks ettiriladi. Agar moddiy boyliklarni inventarizatsiya qilish vaqtida moddiy javobgar shaxs ba’zi narsalar bu korxonaga tegishli emasligini, ular bu erda vaqtinchalik saqlanayotganligini aytsa, auditor baribir ularni ro’yxatga kiritishi lozim. Auditor bunday moddiy boyliklarning alohida ro’yxatini tuzib, keyin qarama-qarshi tekshiruvda ular kimga tegishli ekanligini, shuningdek, 002 balansdan tashqari schyotda hisobga olinishini aniqlashi lozim.
Auditor tekshirish chog’ida moddiy boyliklarning raqami, rusumi, nomiga alohida e’tibor berishi kerak. Chunki, amaliyotda mavjud boyliklarning raqami va rusumlarini kirim hujjatlari hamda pasportlariga solishtirib, bir yangi avtomobil dvigatelini boshqa eskisiga yoki kamyob avtomashinani boshqa arzoniga almashtirib qo’yish hollari ham uchraydi.
Ba’zi moddiy boyliklar bo’yicha namuna olish usulini qo’llash tavsiya etiladi. Namunalar ikki nusxada olinadi va muhr bilan surg’uchlanadi. Namunaning bir nusxasi tegishli idishga solinib laboratoriyaga tahlil uchun topshiriladi. Ikkinchisi tilxat bo’yicha korxonada qoldiriladi. Tilxat esa tekshiruvchiga beriladi. Tahlil uchun olingan namunalarga dalolatnoma tuzilib, unda korxonaning nomi, namunaning og’irligi, hajmi, olingan joyi, saqlanayotgan joyning harorati ko’rsatiladi. Namuna olish dalolatnomasini tekshiruvchilar va moddiy javobgar shaxslar imzolaydi.
Inventarizatsiya ma’lumotlari bo’yicha ro’yxatlar tuziladi, ularni barcha komissiya a’zolari imzolaydi, moddiy javobgar shaxs esa har qaysi ro’yxat bo’yicha quyidagi mazmunda tilxat yozib beradi: «Ushbu inventarizatsiya ro’yxatida qayd qilingan barcha moddiy boyliklarni komissiya mening ishtiroqimda aslidan tekshirdi va ro’yxatga kiritdi, bu borada inventarizatsiya komissiyasiga e’tirozim yo’q. Ro’yxatda qayd qilingan barcha boyliklar mening javobgarligimda saqlanmoqda»
Auditor hisobot yilining oxirgi yoki yangi yilning dastlabki kunlarida tekshirilayotgan korxona xodimlari tomonidan o’tkazilayotgan inventarizatsiyada qatnashishi mumkin. Biroq, inventarizatsiya ma’lum bir sana oralig’ida o’tkazilgan bo’lsa, auditor inventarizatsiya o’tkazilgan paytdan hisobot sanasigacha o’tgan davrda zahiralarning kirimi va chiqimini ko’zdan kechirib chiqishi zarur. Bu holda nakladnoylar, schyot-fakturalar, bojxona deklaratsiyalari va shunga o’xshash hujjatlar hisob ma’lumotlari bilan taqqoslanadi.
Ishlab chiqarish zahiralari bir necha omborlarda saqlanishi mumkin. Bu holda kamomadni yopish maqsadida zahiralarni bir ombordan ikkinchisga o’tkazib qo’yishning oldini olish uchun inventarizatsiyani barcha omborlarda bir vaqtning o’zida o’tkazish maqsadga muvofiqdir. Agar qandaydir sabablarga ko’ra bunday qilishning imkoni bo’lmasa, auditor birinchi omborda inventarizatsiya boshlangan paytdan boshlab, u oxirgi omborda tugagunga qadar vaqt oralig’ida zahiralarning bo’linmalar (omborlar) o’rtasida biri-biriga o’tishini ko’zdan kechirib chiqishi zarur.
Agar barcha omborlarni bir vaqtning o’zida inventarizatsiyadan o’tkazish imkoni bo’lmasa, ularning hammasini muhrlab qo’yib, so’ngra birma-bir inventarizatsiya qilish va natijalarini rasmiylashtirish mumkin.
Inventarizatsiya o’tkazish chog’ida auditorda zahiralar to’g’risida dalil-isbotlar olishda, texnologik jarayonlarning xususiyatlaridan kelib chiqadigan murakkabliklar yuzaga kelishi mumkin. Buning uchun ayrim hollarda mutaxassislar maslahatiga zarurat seziladi.
Shuningdek, zahiralarning miqdorini aniqlash bilan bog’liq dalil-isbotlarni olishda ham murakkabliklar vujudga kelishi mumkin. Ular quyidagi shart-sharoitlardan kelib chiqadi:
a) tanlash usulining qo’llanilishi. Ma’lumki, bitta tekshiruv doirasida barcha zahiralarni yoppasiga tekshirishning imkoni yo’q, ammo zahiralar to’g’risidagi hisob yozuvlari ularning haqiqatdagi qoldiqlariga yaqqol mos kelmagan hollarda barcha tovar-moddiy zahiralar tekshiruvdan o’tkazilishi zarur;
b) auditorning zahiralar saqlanadigan barcha joylarda bir vaqtning o’zida ishtirok eta olmasligi;
v) nazorat amallarining xususiyatlari - takroran hisobga olish, tasodifan yoki ataylab hisobga olinmagan qiymatliklar yo’qligiga ishonch hosil qilish zarur. Nazorat uchun o’tkazilgan tekshiruvlar qiymatliklarni jamlash to’g’ri amalga oshirilganligiga ishonch hosil qilish imkonini beradi;
g) inventarizatsiya qilinadigan qiymatliklarning xususiyatlari (masalan, fermalarda pichan g’arami, elevatordagi don uyumi va h. k. ). Bunday hollarda auditor maxsus o’lchash, baholash usullaridan foydalanib, bu vaqtda zahiralarning bir qismi o’lchanadi va so’ngra ularning umumiy miqdori aniqlanadi.
Bunday tekshiruv natijalarining to’g’riligi ularni buxgalteriya hisobi va ombor hisobi ma’lumotlari bilan solishtirish orqali amalga oshiriladi.
Ayrim turdagi zahiralar mavjudligini oddiy hisob-kitob yo’li bilan tekshirish mumkin emas. Masalan, ishlab chiqarish jarayoni uzluksiz kechadigan - qayta ishlash, sanoat ishlab chiqarishi kabilarda. Bunday holda auditor ichki nazorat amallariga tayanishi, hamda bunday moddiy qiymatliklarni inventarizatsiya qilish uchun mijoz ruxsati bilan ekspertlar jalb qilishi mumkin.
Ayrim hollarda bir qator sabablarga ko’ra inventarizatsiya o’tkazish imkoni bo’lmaydi. Masalan, audit o’tkazish uchun shartnoma tuzish paytiga, yil oxirida mijoz tomonidan inventarizatsiya o’tkazib qo’yilgan va uni takroran o’tkazishdan bosh tortsa yoki inventarizatsiya o’tkazish juda qimmat bo’lgan hollarda. Bu holda auditor matematik metodlarni qo’llashi mumkin. Ular ma’lum darajadagi ehtimol bilan zahiralar miqdorini baholashga imkon beradi. Shunday holat yuzaga kelishi mumkinki, mijoz yoppasiga inventarizatsiya o’tkazishni istaydi, ammo auditorning iltimosiga ko’ra tovar-moddiy zahiralarning bir qismi inventarizatsiya qilinadi.
Inventarizatsiya ishlari yakunlanib, tegishli tarzda rasmiylashtirilgandan so’ng inventarizatsiya ma’lumotlari bilan buxgalteriya hisobi ma’lumotlari taqqoslanib, tafovutlar aniqlanishi lozim. Bu ish taqqoslash qaydnomalari tuzish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Agar inventarizatsiya natijasida mavjud boyliklar qoldiqlarining buxgalteriya hisobi ma’lumotlaridan farq qilishi aniqlansa, auditor rasmiylashtirilgan ro’yxatni taqqoslash qaydnomasi tuzish uchun buxgalteriyaga topshiradi.
Taqqoslash qaydnomalari faqat hisobga olish ma’lumotlaridan farq qilganligi aniqlangan moddiy boyliklar bo’yicha tuziladi. Ularni auditor, bosh buxgalter va moddiy javobgar shaxs imzolaydi. Agar kamomadlar yoki oshiqchaliklar aniqlansa, moddiy javobgar shaxs bu haqda yozma tushuntirish beradi. Boyliklarning tabiiy kamayishidan ortiq kamomadi aybdor hisobiga yoziladi, oshiqcha chiqqan boyliklar esa kirim qilinadi. Bir tekshiriladigan davr ichida bir moddiy javobgar shaxsga tegishli bir xil nomdagi moddiy boyliklar qayta xillash (navlarga ajratish) natijasida aniqlangan oshiqchaliklar va kamomadlarning o’zaro o’rnini qoplashga istisno tariqasida ruxsat beriladi. Moddiy boyliklarning tabiiy kamayish me’yoridan ortiqcha kamomadlari va buzilishdan yo’qotishlari aniq aybdorlari noma’lum bo’lgan hollarda korxona daromadi hisobidan qoplanadi.
Taqqoslash qaydnomasini mazkur korxona buxgalteriyasi tuzsa ham auditor uning to’g’ri tuzilganligini va unda buxgalteriya xodimlari tomonidan qayd qilingan raqamlar buxgalteriya ma’lumotlariga mos kelish-kelmasligini tekshirib ko’rishi lozim.
Shuningdek, inventarizatsiyada aniqlangan, tovar moddiy zahiralar kamomadi va oshiqcha chiqishini buxgalteriya hisobida aks ettirish va soliqqa tortish masalalari ham o’rganiladi.
Moddiy boyliklarning but saqlanayotganligini tekshirishda moddiy boyliklarning to’liq kirim qilinganligini va chiqimga to’g’ri hisobdan o’chirilganligini aniqlash muhim o’rin egallaydi. Chunki ayrim hollarda ortiqcha xom ashyo hosil qilinib, undan noqonuniy maqsadlarda «chapga ketadigan» mahsulot ishlab chiqarishga yo’l ochib beriladi.
Odatda, moddiy boyliklarni kirim qilishni nazorat qilish mol etkazib beruvchilardan kelib tushgan hisob-kitob hujjatlarini tekshirish yo’li bilan amalga oshiriladi. Bunday hujjatlar jumlasiga to’lov talabnomalari, schyot-fakturalar, turli ilovalar (spetsifikatsiyalar, sertifikatlar, sifat yorliqlari va hokazo) qo’shib yuboriladigan tovar-transport yuk xat (nakladnoy)lari kiradi.
Korxonaga keltirilgan moddiy boyliklar tegishli omborxonaga o’z vaqtida kirim qilinishini yoki agar ular darhol tsexga beriladigan bo’lsa, omborxona orqali rasmiylashtirilib, bu haqda hujjatlarda qayd qilinadi.
Shunday qilib, bu holda omborxona xodimi moddiy boyliklarning mavjudligi va tsexga berilganligini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, moddiy boyliklarni tekshirishda auditor quyidagilarni aniqlashi lozim:
yo’ldagi moddiy boyliklar va fakturasiz jo’natilgan moddiy boyliklarni hisobga olish ishlari to’g’ri bajarilishini; balansda ko’rsatilgan, yo’ldagi moddiy boyliklar qoldiqlarining haqqoniyligi;
10-«Materiallarning pul ifodasidagi harakati» qaydnomasining to’g’ri yuritilishini;zimmalarida moddiy boyliklar qoldiqlari hisobda turgan moddiy javobgar shaxslarning hammasi ham har oyda moddiy hisobotlarni topshirishini; aytilgan hisobotlar topshirilmay turib(moddiy javobgar shaxsning kasalligi yoki boshqa sabablarga ko’ra) korxona rahbarining alohida farmoyishi bo’yicha materiallar hisobdan chiqarilishini va hisobdan chiqarilgan materiallarning soni va qiymatiga keyin topshirilgan hisobot bo’yicha o’zgartirishlar qilinishi;moddiy boyliklar ishdan bo’shagan xodimlar hisobida turgan hollar borligini (agar bor bo’lsa, buning sabablarini va aybdor shaxslardan ularning qiymatini undirish uchun qanday choralar ko’rilganligini );kelib tushgan(mol etkazib beruvchilardan va hokazo ) moddiy boyliklar hisob baholari bo’yicha qiymatining 6 yoki 7-jurnal orderlarda aks ettirilgan baholar bo’yicha qiymatiga mos kelishini; sarflangan va sotilgan materiallar hamda foydalanishga berilgan va ishga yaroqsizligi tufayli hisobdan chiqarilgan arzon baholi va tez eskiruvchi buyumlarning eskirishi tegishli balans schyotlarida to’g’ri hisobga olinganligini; moddiy boyliklarning amaldagi tannarxini ularning hisob baholari bo’yicha qiymatidan farqi to’g’ri aniqlanganligini va hisobdan chiqarilganligini; hisob baholarini qo’llash qiyin bo’lgan inflyatsiya sharoitlarida moddiy boyliklarni baholash usuli borasida korxonada qanday hisob yuritish siyosati qo’llanilayotganligini; transport-tayyorlov xarajatlarining tarkibi to’g’ri aniqlanganligi va hisobga olinayotganligi; moddiy boyliklarning harakatiga doir muomalalar 16-qaydnomada to’g’ri va to’liq aks ettirilganligini;jo’natilgan moddiy boyliklar uchun xaridorlar zimmasidagi qarzlarning haqqoniyligini; da’vo qilish muddati tugagan, to’lash muddati o’tkazib yuborilgan qarzlarning bor-yo’qligini;xaridorlar tomonidan qisman aktseptlangan yoki bankka to’liq summada to’lash rad qilingan, bankka inkassaga qo’yilgan schyotlar bor-yo’qligini, bunday hollarda qanday choralar ko’rilganligini;
omborxona xo’jaligining ahvolini;moddiy boyliklarning saqlanish sharoitlarini; materiallar miqdor va sifat ko’rsatgichlari bo’yicha to’g’ri qabul qilinganligini;moddiy javobgar shaxslar tomonidan moddiy boyliklarni saqlash va hisobga olish tartibi to’g’risidagi yo’riqnomaning bajarilishini, ularni saqlash qoidalarining buzilish sabablarini; korxona omborxonasi hududidan moddiy boyliklarning transportda yoki transportsiz olib chiqib ketilishi ustidan nazoratning ta’minlanishini; omborxona binolarining texnik holatini;
moddiy boyliklar biriktirib qo’yilgan xodimlar bilan to’liq moddiy javobgarlik to’g’risida yozma shartnoma tuzilganligini; moddiy boyliklarning omborxonadagi harakati to’g’ri va o’z vaqtida rasmiylashtirilishini; ishonchnomalarni berish va ulardan foydalanishga doir hisobotlar tuzish qoidalariga rioya qilinishini;
moddiy boyliklarning ishlab chiqarishga to’g’ri hisobdan chiqarilishini; amaldagi me’yorlarning hozirgi zamon texnologiyasi va ishlab chiqarishning tashkil qilinish darajasiga muvofiqligini;materiallarni qayta ishlash uchun chetga berishning to’g’ri rasmiylashtirilishini; moddiy boyliklarni saqlash va tashishda tabiiy kamayish me’yorlariga muvofiq ularning kamomadi va yo’qolishlarini hisobdan chiqarishning asoslanganligi va boshqa shularga o’xshashlarni.
Tovar-moddiy zahiralarining to’liq kirim qilinishini tekshirish chog’ida auditor mol etkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblarning shakllari va shartlarini, tanlangan baholash usulini, sotib olingan qiymatliklar bo’yicha QQSni qoplash tartibini hisobga olishi zarur.
Tovar-moddiy zahiralarining tushumi va kirim qilinishi mol etkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar va kuzatib boruvchi hujjatlar (tovar-transport nakladnoylari, schyot-fakturalar, qodoqlash (upakovka) yorliqlari, sifat guvohnomasi, qabul kvitantsiyasi va boshqalar) asosida tekshiriladi.
Omborxona kirim hujjatlarini mol etkazib beruvchilarning kuzatib boruvchi hujjatlari yoki materiallarni chakana savdoda naqd pulga sotib olish hujjatlari bilan solishtirish omborxonada sodir bo’lgan kirim muomalalarini tekshirishning umumiy usuli hisoblanadi.
Tezkor va xizmat yuzasidan uzatiladigan axborotlar ham auditorlik tekshiruvning ob’ekti hisoblanadi. Masalan, kelgan yuklarni hisobga olish jurnalidan moddiy qiymatliklarning assortimenti va etkazib berish muddatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni mol etkazib beruvchilar bo’yicha olish mumkin. Auditor bunday hisobning mijoz-korxonada qanday tashkil etilganligini o’rganadi. Xususan, har bir mol etkazib beruvchi bo’yicha shartnomada materiallarning etkazib berilish muddatlari va assortimenti ko’rsatilayotganligi, hamda haqiqatda olingan materiallarning assortimenti, olinish sanasi ko’rsatilgan holda qabul qilinganligi tekshiriladi. Operativ hisobda keltirilgan axborotlarning ishonchliligini aniqlash uchun auditor ularni buxgalteriya hisobida aks ettirilgan ma’lumotlar bilan taqqoslaydi. Kelayotgan yuklarni hisobga olish jurnali va mol etkazib berish shartnomalarini hisobga olish kartochkalaridagi yozuvlar bo’yicha auditor tekshirilayotgan davr ichida qanday mol etkazib berishlar amalga oshirilganligini aniqlashi mumkin.
Agar moddiy qiymatliklar jismoniy shaxslardan yoki yuridik shaxs huquqiga ega bo’lmagan tadbirkorlardan naqd pulga sotib olingan bo’lsa, auditor xarid dalolatnomalarining mavjudligi va to’g’ri rasmiylashtirilganligiga e’tibor qaratadi. Xarid dalolatnomasida quyidagi majburiy rekvizitlar bo’lishi lozim: sotuvchining pasport ma’lumotlari, moddiy qiymatliklarning nomi, miqdori va qiymati.
Olingan moddiy boyliklarni rasmiylashtiradigan ichki hujjatlarga yukni qabul qilib oluvchi shtampasi bosilgan mol etkazib beruvchilarning kuzatib boruvchi hujjatlari, kirim dalolatnomalari, kirim orderlari va yukni qabul qilish tartibiga ko’ra ayrim boshqa hujjatlar kiradi.
Sotib olingan moddiy boyliklarning to’g’ri baholanishi va to’liq kirim qilinishini tekshirishni boshlashda auditor moddiy boyliklarni hisobga oladigan vedomostlarda aks ettirilgan jami summalarning boshqa hisob registrlari ma’lumotlariga mosligini aniqlaydi.
Moddiy boyliklarning to’liq kirim qilinganligini tekshirishda auditor mol etkazib beruvchilarning hisobga olinmagan schyotlarini aniqlash maqsadida, mol etkazib beruvchilardan kreditor qarzlarning haqqoniyligiga e’tibor qaratadi. Buning uchun u buxgalteriya hisobi registrlaridagi yozuvlarni taqdim qilingan schyotlar, shartnomalar va mol etkazib beruvchilarga to’langanlik to’g’risidagi pul hujjatlari ma’lumotlari bilan solishtiradi.
Tovar-moddiy zahiralarining kirimiga doir muomalalarni hujjatlar bo’yicha tekshirish chog’ida qabul qilishning miqdor va sifat qoidalariga rioya qilinishi; qabul qilish dalolatnomalari, tijorat dalolatnomalari, qabul qilishda aniqlangan tafovut dalolatnomalarining to’g’ri rasmiylashtirilishi; moddiy javobgar shaxslar hisobotlari va isbotlovchi hujjatlar reestrlarining buxgalteriyaga o’z vaqtida taqdim qilinishi aniqlanadi. Tafovutlar aniqlanganida hujjatlarni qarama-qarshi tekshiruvdan o’tkazish zarur.
Moddiy boyliklarning to’liq kirim qilinganligini tekshirishda ichki hujjatlar mol etkazib beruvchilarning kuzatib boruvchi hujjatlari bilan solishtiriladi. Auditor olingan moddiy boyliklar sifati va miqdoridagi tafovutlarning dalolatnomalar bilan to’g’ri rasmiylashtirilganligi va mol etkazib beruvchilarga yoki transport tashkilotlariga (masalan, avtobaza, temir yo’l kompaniyasi) o’z vaqtida da’vo qo’zg’atilganligini o’rganadi. Ayrim hollarda bunday tafovutlar moddiy boyliklarni o’zlashtirish va kamomadni yashirish maqsadida qalbaki dalolatnomalarni rasmiylashtirish oqibatida yuzaga kelishi mumkin.
Zarur hollarda auditor moddiy boyliklarni kirim qilish uchun asos bo’lgan hujjatlarni ularning mol etkazib beruvchilarda saqlanayotgan nusxalari bilan solishtirib, qarama-qarshi tekshiruv ham o’tkazadi.
Korxonaga tegishli bo’lmagan, ammo uning ixtiyorida saqlanayotgan yoki ishlatilayotgan tovar-moddiy zahiralar shartnomalar shartlariga muvofiq, shartnomada ko’rsatilgan bahoda balansdan tashqari schyotlarda aks ettiriladi.
Ma’sul saqlash uchun qabul qilingan moddiy boyliklar, hamda buyurtmachining xom ashyosi sifatida qayta ishlashga qabul qilingan xom ashyo va materiallar korxonaning o’ziga tegishli ishlab chiqarish zahiralaridan alohida saqlanishi va hisobga olinishi lozim. Bunday moddiy boyliklar №21 BHMS ga muvofiq 002 - «Ma’sul saqlashga olingan tovar-moddiy boyliklar» va 003-«Qayta ishlashga qabul qilingan materiallar» degan balansdan tashqari schyotlarda hisobga olinishi lozim.
Hujjatsiz (schyot-fakturasiz) olingan materiallarni tekshirish ayrim xususiyatlarga ega. Ular 6010 - «Mol etkazib beruvchilarga va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar» (joriy qismi) yoki 7010 - «Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar» (uzoq muddatli qismi) schyoti bo’yicha yuritiladigan hisob registrida har bir olingan materiallar bo’yicha alohida so’ngi kirim qilingan partiya bahosi bo’yicha aks ettirilishi lozim. Bunda raqam o’rniga «N» harfi (fakturlanmagan) qo’yiladi. Auditor bunday moddiy boyliklarni kirim qilishga doir yozuv hisobda qanday aks ettirilganligini aniqlashi zarur. Chunki, keyingi oyda mol etkazib beruvchilar hujjatlarining kelib tushishiga qarab, ushbu yozuvlar mol etkazib beruvchilarning hisob-kitob hujjatlariga asosan materiallarni haqiqiy sotib olish bahosi bo’yicha kirim qilish bilan bir vaqtning o’zida tuzatilishi (storno qilinishi) kerak.
Hujjatsiz mol olingan holatlar mavjud bo’lganida auditor quyidagilarni tekshiradi:
qabul qilish dalolatnomalarini tuzish tartibiga qanday rioya qilinayotganligi;
hujjatlarsiz olingan moddiy boyliklarni kirim qilishning to’liqligi va to’g’riligi;
baho belgilashning to’g’riligi;
mol etkazib beruvchilarning qarama-qarshi hujjatlari kelib tushganda qilingan tuzatish (korrektirovka) larning to’g’riligi (buning uchun auditor qabul qilish dalolatnomalaridagi yozuvlarni keyinchalik olingan mol etkazib beruvchilar hujjatlarining ma’lumotlari bilan solishtirishi zarur).
Agar mijoz-korxona hisobida yo’lda kelayotgan ya’ni puli to’langan, lekin hali oy oxirigacha kelib tushmagan moddiy boyliklar mavjud bo’lsa, u holda auditor bunday moddiy boyliklar qiymatini buxgalteriya hisobi va balansda aks ettirishning ishonchliligini tasdiqlashi uchun ular keyinchalik olinganligi va puli to’langanligi yoki balans tuzilayotgan sanaga kreditor qarzlar tarkibiga kiritilganligiga ishonch hosil qilishi zarur.
Tovar-moddiy zahiralarni auditorlik tekshiruvidan o’tkazish chog’ida auditor olinayotgan moddiy boyliklar bo’yicha QQSning hisobda aks ettirilishini ham tekshiradi.
№4 –«Tovar-moddiy zahiralar» nomli BHMSda tovar-moddiy zahiralarini sotib olish xarajatlarining taxminiy tarkibi keltirilgan. Ularga, xususan, materiallarni tayyorlash va tashib keltirish, import bojxona to’lovlari va yig’imlari, mahsulotlarni sertifikatsiyalash xarajatlari, ta’minotchi va vositachi tashkilotlarga to’langan komission to’lovlar, soliqlar (korxona keyinchalik qaytarib oladigan soliqlardan tashqari, masalan, qo’shilgan qiymat solig’i kabi), hamda tayyorlov-transport, xizmat ko’rsatish va zahiralarni sotib olish bilan bevosita bog’liq bo’lgan boshqa xarajatlar kiradi. Savdo diskontlari, chegirmalar va shunga o’xshash summalar tovar - moddiy zahiralarni sotib olish xarajatlarini aniqlashda chegirib tashlanadi. 1610 - «Materiallar qiymatidagi farqlar» schyotida yoxud 1000 (1010-1090) – «Materiallarni hisobga oladigan schyotlar»da aniqlanib, hisobdan o’chirilgan transport-tayyorlov sarflari yoki hisob baholaridan chetga chiqishlarni tekshirishda transport tashkiloti yoki vositachi tashkilot to’lovga taqdim qiladigan schyot, tovar-moddiy zahiralar kirim qilinganidan so’ng kechikib olingan holatlarga e’tibor qaratilishi kerak. Bunday holda transport sarflari materiallarni kirim qilishda ularning haqiqiy tannarxiga qo’shilishi mumkin emas.
Korxonaning omborxona-tayyorlov apparatini saqlash uchun qilingan sarflari, uning hisob siyosatida ko’rsatilgan qoidalarga muvofiq tayyorlangan materiallar tannarxiga qo’shilishi mumkin. Bunday sarflar, odatda, hisobot oyining oxirida taqsimlanadi.
Amaldagi qoidalarga muvofiq moddiy boyliklar hisob va hisobotda haqiqiy tannarxi bo’yicha aks ettirilishi lozim. Haqiqiy tannarx ularni sotib olish uchun qilingan sarflar (transport - tayyorlov xarajatlari), ushbu resurslarni etkazib beruvchi tomonidan taqdim qilingan qarz hisobiga sotib olganlik uchun to’lanadigan foizlarni ham qo’shgan holda aniqlanadi. Shuningdek, tashqi iqtisodiy va boshqa tashkilotlarga to’langan xizmat haqlari, ustama haqlari, bojxona to’lovlari, chet tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan saqlash, yuklash-tushirish va tashish xarajatlari (QQS siz) ham haqiqiy tannarxga qo’shiladi.
Agar ishlab chiqarish zahiralari hisob baholari bo’yicha hisobga olinsa, ushbu baholar va sotib olingan materiallarning haqiqiy tannarxi o’rtasidagi farqlarni tovar-moddiy zahiralarning turlari o’rtasida taqsimlash ishlari audit ob’ekti bo’lib hisoblanadi.
Korxona faoliyatining moliyaviy ko’rsatkichlari ishlab chiqarish zahiralarini baholash usullaridan qaysinisi tanlanganiga ham bog’liq. Tovar-moddiy zahiralar yil davomida har xil baholarda sotib olinganligi sababli, ularning to’g’ri baholanganligini aniqlash asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Ishlab chiqarish zahiralarining yakuniy qiymatini maxsus baholash usullari yordamida tartibga solish mumkin. Tekshiruv usuli korxonada tovar-moddiy zahiralarni hisobdan o’chirishning qaysi uslubi (har xil moddiy boyliklar uchun ular xilma-xil bo’lishlari mumkin) qo’llanilishiga bog’liq.
№4 - «Tovar-moddiy zahiralar» nomli BHMSga muvofiq, ishlab chiqarishga xarajat qilinadigan moddiy boyliklarning haqiqiy tannarxini aniqlash chog’ida ishlab chiqarish zahiralarini baholashning quyidagi usullaridan foydalanish tavsiya qilinadi:
O’rtacha tannarxi bo’yicha (AVECO);
Birinchi xarid qilingan tannarx bo’yicha (FIFO);
Auditor zahiralarning muayyan turiga nisbatan tanlangan usulning yil davomida o’zgartirilmasdan qo’llanilganligiga ishonch hosil qilishi, ularni qo’llashning to’g’riligi, hamda asoslanganligi va boshqaruv uchun foydaliligini tekshirishi lozim.
Agar korxonaning hisob siyosatida tovar-moddiy boyliklarni baholashning FIFO (FIFO) metodi belgilangan bo’lsa, u holda ular oy boshiga mavjud bo’lgan zahiralar qoldig’ining tannarxini hisobga olgan holda, birinchi sotib olingan zahiralar bahosida ishlab chiqarishga sarflanishi lozim. Balansda esa moddiy boyliklarning qoldiqlari so’ngi sotib olingan, ya’ni qimmatroq xarid baholari bo’yicha ko’rsatilishi lozim.
Agar zahiralar o’rtacha tannarx (AVECO usuli) bo’yicha baholansa, auditor zahiralarning qaysidir bir partiyasini baholashning to’g’riligini, ya’ni o’rtacha bahoning to’g’ri hisob-kitob qilinganligini aniqlashi uchun bir necha dastlabki kirim hujjatlarini tekshirishi zarur.
Moddiy boyliklar qiymati ishlab chiqarish sarflariga hisobdan o’chirilishining to’g’riligini auditor quyidagi tovar balansi formulasi bo’yicha tekshirishi mumkin:
Smq q Yb Q Kmb - Yo
Smq - hisobot davrida sarflangan moddiy boyliklar qiymati;
Yb, Yo - ishlab chiqarish zahiralari schyotlaridagi yil boshi va oxiriga bo’lgan moddiy boyliklar qoldig’ining qiymati (balans va bosh daftar ma’lumotlari asosida);
Kmb - hisobot davrida kirim qilingan moddiy boyliklar qiymati (1010-1090 schyotlarning debet oborotlari).
Materiallar haqiqiy tannarxi rad etilib yoki ataylab oshirilganda, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko’rsatish) xarajatlari sun’iy ravishda ko’payadi va mahsulot (ish, xizmat)larni sotishdan olinadigan foyda (daromad) kamayadi. Shuningdek, foyda (daromad) solig’i bo’yicha soliqqa tortiladigan baza ham kamayadi ya’ni sun’iy ravishda soliq yashiriladi.
Agar korxonada hisobot davri davomida bahosi pasaytirilgan materiallar bo’lsa, yoki ular qisman o’z sifatini yo’qotgan yoki ma’naviy eskirgan bo’lsa, bunda ular yil oxirida haqiqiy tannarxi bo’yicha emas, balki sotish mumkin bo’lgan bahoda baholanishi va balansda aks ettirilishi lozim. Agar u dastlabki tayyorlash (sotib olish) qiymatidan past bo’lsa, bahodagi farqlar moliyaviy natijalarga olib boriladi.
Moddiy boyliklarning ishlab chiqarish va boshqa maqsadlarda ishlatilishini tekshirish uchun auditor texnologik jarayonlarning xususiyatlari, hamda moddiy boyliklarni ombordan ishlab chiqarishga berish tartibi bilan batafsil tanishishi lozim. Chunki, ushbu tartib buzilganida ko’plab kamchiliklar va hatto suyiste’mol qilishlar yuzaga keladi.
Moddiy boyliklarning ishlab chiqarishga berilishi, dastlabki va yig’ma chiqim hujjatlari asosida tuziladigan, materiallar sarflanishi hisobga olinadigan yig’ma vedomost bo’yicha tekshiriladi.
|