Sohadagi muammolar. Kadrlar tayyorlash tizimining demokratik o‘zgarishlar va bozor islohotlari talablariga muvofiq emasligi, o‘quv jarayonining moddiy-texnika va axborot bazasi yetarli emasligi, yuqori malakali pedagog kadrlarning yetishmasligi, sifatli o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyot hamda didaktik materiallarning kamligi, ta’lim tizimi, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida puxta o‘zaro hamkorlik va o‘zaro foydali integratsiyaning yo‘qligi kadrlar tayyorlashning mavjud tizimidagi jiddiy kamchiliklar sirasiga kiradi.
Maktablarda va boshqa o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonining o‘zidagi va o‘qitish uslubiyatidagi har xil kamchiliklar oqibatida bilim berishda yuzaga kelgan nodemokratik hamda jamiyat uchun zararli muhit shunga olib keldiki, o‘quvchilarda mustaqil fikrlash rivojlanmay qolmoqda, oqilona hayotiy yechimlar qabul qilish uchun yetarli tayyorgarlik yo‘q. 9-11 sinflarni tamomlagan yoshlar mustaqil hayotda o‘z o‘rnini aniqlay olmaydi. Ularda o‘zlariga ishonch shakllangan emas, o‘rta maktab bitiruvchilarining 10 foizigina oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirmoqda, xolos.
Majburiy to‘qqiz yillik ta’limga asoslangan o‘n bir yillik umumiy o‘rta ta’lim ilmiy asoslanmagandir, u o‘quvchilarda kasbga yo‘naltirish va ta’limning amaliy yo‘nalganligi yetarli darajada bo‘lishi hamda mustaqil fikr yuritish, mehnat faoliyati ko‘nikmalari shakllanishini ta’minlamayapti. Har yili tayanch maktablarning 100 ming nafarga yaqin bitiruvchisi ishlab chiqarish sohasi hamda kasb-hunar ta’limini davom ettirish uchun talab etilmay qoldirilmoqda.
Ta’lim tizimidagi mavjud umumta’lim va kasb-hunar dasturlari o‘rtasida uzviylik va vorislikning yo‘qligi sababli tayanch va o‘rta maktab bitiruvchilarida kasbga yo‘naltirilganlik va mehnat faoliyati ko‘nikmalari shakllanmay qolyapti. Natijada yigit va qizlar o‘z qobiliyatlari, istaklari, ijodiy va mehnat moyilliklariga monand hayot yo‘lini belgilab olishda jiddiy qiyinchiliklar sezmoqdalar.
O‘quv jarayoni bilim darajasi o‘rtacha bo‘lgan o‘quvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, ta’limning iqtidorli yoshlar bilan yakka tartibdagi o‘quv dasturlari bo‘yicha ishlash kabi mexanizmlaridan yaxshi foydalanilmayapti, o‘quv dasturlari mafkuraviy sarqitlardan to‘liq holi bo‘lganicha yo‘q. Ularda ma’naviyat va axloq asoslarini o‘rgatuvchi, iqtisodiy, huquqiy, estetik bilimlarni beruvchi fanlarga yetarlicha o‘rin berilmayapti.
Hunar-texnika bilim yurtlaridan yangi tipdagi ta‘lim muassasalariga o’tish ko’proq og’izda bo’lib, amalda esa ularda ta’lim eskirib qolgan moddiy-texnika va o’quv-uslubiy bazasida, tegishli qayta tayyorgarlikdan o’tmagan o’qituvchi kadrlar bilan amalga oshirilmoqda.
O’qituvchilar, pedagoglar va tarbiyachilarning kattagina qismi yaxshi tayyorgarlik ko’rmaganligi, ularning bilim va kasb saviyasi pastligi jiddiy muammo bo’lib qolmoqda, malakali pedagog kadrlar yetishmasligi sezilmoqda. Maktabgacha ta’lim sohasidagi jami tarbiyachi va pedagoglarning atigi 20 foizi oliy ma’lumotlidir. Maktablarning o’qituvchilar bilan ta’minlanganligi o’rtacha 93 foizni tashkil etgan holda, bu ko’rsatkich ayrim viloyatlarda 77-80 foizdan, muayyan fanlar bo’yicha esa 50 foizdan oshmaydi.
Ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning o’rtacha yoshi «ulg’ayib» bormoqda. Respublika oliy o’quv yurtlarida 40 yoshga to’lmagan fan doktorlari jami fan doktorlarining 0,9 foizini, 50 va undan katta yoshdagilari esa 79 foizini tashkil etadi. Fan doktorlari ilmiy darajasiga tasdiqlanganlar o’rtacha 50, fan nomzodlari esa 36 yoshdadir.
|