66
JOY NOMLARINI O'RGANISHNING LINGIVISTIK, GEOGRAFIK VA
TARIXIY USULLARI
Mamatisakov Jahongirmirzo
Farg’ona davlat universiteti tayanch doktoranti
m.jahongirmirzo94@gmail.com
Botirov Egamberdi
Farg’ona davlat universiteti
Geografiya yo’nalishi birinchi bosqich talabasi
Annotatsiya:
Geografik nomlarni o'rganishdagi bunday keng, majmuali yondashuv turli
fanlardan qo'llanadigan usullardan bir vaqtni o'zida foydalanish zaruratini keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, geografik nomlar ma'lum mintaqaga, hududga bog'lingan bo'lib ularni alohida
o'rganish emas balki butun mintaqa toponimiyasi bilan birga o'rganilganda kutilgan ilmiy
natijaga erishish mumkin bo'ladi. Yuqoridagi qonuniyatlardan kelib chiqib toponimik tadqiqot
usullarini uchta fan doirisida umumlashtirib ko'rib chiqish maqsadga muvofiq. O'z navbatida har
bir fan uchun xos bo'lgan maxsus usullar toponimik tadqiqotlar samaradorligini oshirishga
yordam beradi.
Kalit so’zlar:
Joy nomlari tadqiqot usullari, tarixiy usul, lingivistik usul, geografik nomlar, nom
berish usullari.
Kirish.
Har qanday toponimik tadqiqotlar geografik usullardan foydalanish bilan
boshlanishini yuqoridagi tadqiqot tamoyillari talab etadi, chunki, nomning joylashgan o'rnini,
qanday geografik obyekt nomi ekanligini, taqalish arealini bilmasdan turib geografik nom haqida
fikr yuritish mumkin emas. Ushbu sohada o'tkaziladigan tadqiqotlarda umumgeografik
usullardan:geografik terminlaridan foydalanish, kartografik va dala ekspeditsiyalaridan
foydalanish mumkin.
Geografik nomlar tarkibida uchraydigan geografik terminlar ifodalangan obyektni
bildiruvchi so'zlar (turdosh otlar)dan tashkil topgan. Ularni ayrim ilmiy adabiyotlarda toponimik
indikator deb ham atashadi. Ko'pincha, geografik terminlar (adir, ariq, buloq, Daryo, jar, soy,
ko'l, tepa, tog', tosh, cho'l, quduq, qishloq, kent, obod va boshq.) joy nomlarining asosini tashkil
etadi va geografik obyekt turini bildiradi. Huddi shunday terminlar dunyoning barcha tillarida
mavjud, masalan, dunyo kartasida tog'ni anglatuvchi rus tilida –"Gora", tojik tilida- "ko'x", Arab
tilida –"Jabal", Xitoy tilida –"Shan", nemis tilida-"Berg", ispan tilida- "Montana" kabi geografik
terminlarlarni ko'plab uchratish mumkin.
Farg'ona vodiysida uchraydigan geografik terminlarni tahlil etish nafaqat, geografik
nomning etimologiyasini to'g'ri ochib beradi balki, o'tmish landshaftlarning tabiiy komponentlari
- relef shakli, suv, tuproq, o'simlik va hayvonot dunyosining tarqalish arealini hamda jamiyatning
rivojlanish bosqichlarini, shu hududda yashagan aholini iqtisodiy-ijtimoiy ko'rsatkichlarini, kasb-
korini, etnik tarkibini aniqlash va tadqiq qilish imkoniyatlarini ham yaratadi.
Toponimik tadqiqotlarda keng qo'llaniladigan geografik usullardan yana biri kartografik
usuldir. Bu usul geografik nomlarning o'rganilganlik darajasi, tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy hodisa va
obyektlar bilan aloqadorligi, takroriyligi va zichligini maydon birligida aniq ko'rsatish imkonini
67
beradi. Toponimik ma'lumotlarni aniqlash turli kartografik manbalardan foydalanishni talab
qiladi. Turli davrdagi kartalar yordamida tabiiy hodisa va jarayonlarning rivojlanish
bosqichlarini toponimiya ma'lumotlari asosida kuzatish va tahlil qilish mumkin. Toponimik
kartalar tuzish, ulardan foydalanish, umuman kartografik usulning imkoniyatlarini rus olimi
E.M.Pospelov ilmiy jihatdan har tomonlama o'rgangan. Bu usul tadqiqotchidan o'rganilgan
umumiy materiallardan aniq yakuniy xulosa chiqarishni talab qiladi. Shu sababdan, kartadagi
ma'lumotlar matnga nisbatan yaqqol va aniq ko'zga tashlanadi hamda toponimik hodisa va
qonuniyatlarni tushunish imkoniyatini beradi. Toponimik ma'lumotlarni o'zida jamlagan
kartalarni tuzish va ulardan samarali foydalanish uchun geografik nomlarning elektron bazasini
yaratish, zamonaviy axborot va GAT-texnologiyalarni qo'llash yaxshi natija beradi.
Geografik obyektlarni nomlanishiga asos bo'lgan geografik, tarixiy va lisoniy sabablarni
bevosita joyida aniqlash uchun ko'pincha dala ekspeditsiyalar tashkil etish zarurati yuzaga keladi.
Bunday hollarda dala tadqiqotlari, toponimik ekspeditsiyalar bevosita obyekt bilan joyida
tanishish, toponim va geografik terminlarning mohiyatini belgilash hamda ayrim xulosalarni
to'g'ri aniqlash imkonini beradi. Toponimik tadqiqotlarda ekspeditsiyalar yordamida turli
sabablar bilan yo'q bo'lib ketayotgan, ammo muhim ilmiy ahamiyatga ega mikrotoponimlarni
yig'ish uchun qulay imkoniyat paydo bo'ladi. Mazkur tadqiqotlarda kutilgan natijaga erishish
uchun ba'zan nomlashga turtki bo'lgan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy va geografik asoslarni bevosita
joyida aniqlashga to'g'ri keladi. Bunday hollarda toponimik ekspeditsiyalar geografik obyekt
bilan bevosita joyida yaqindan tanishish, joy nomining mazmun-mohiyatini aniqlashda, muhim
ilmiy xulosalar chiqarishda yordam beradi. Dala toponimik tadqiqotlarda quyidagi manbaa va
ma'lumotlardan foydalanish mumkin:
1. Mahalliy dala ma'lumotlari. Ular yordamida geografik nomlarning geografik
obyektlar xususiyatlariga mos kelishi, ularning tarnskripsiyasini, karta va ma'lumotnomalarda
uchramaydigan nomlarni o'rganish mumkin.
2. Yozma ma'lumotlar. Bularga Solnomalar, vaqf hujjatlari (yorliqlar), turli yuridik
hujjatlar, kartalar, arxiv hujjatlari, lug'atlar, ma'lumotnomalar va boshqalar kiradi. Ular
yordamida toponimlarning yashovchanligi, axborot tashishi, o'zgarishlarga duchor bo'lishi,
nomlashda turtki bo'lgan ijtimoiy ehtiyojni belgilash kabi masalalarni oydinlashtirish imkoniyati
paydo bo'ladi.
Tarixiy usullardan foydalanib, toponimning paydo bo'lgan davri, uning evolyusiyasi va
transformatsiyasi hamda yangi geografik nomning paydo bo'lishiga asos bo'lgan ijtimoiy muhitni
aniqlash mumkin. Shu sababdan har qanday toponimik faktni tadqiq va tahlil qilishda, aniq
tarixiy voqelikni hisobga olib ish ko'rish, ulardan samarali foydalanish yaxshi natija beradi.
Ko'pincha geografik nomlarning semantikasi o'ziga xos xususiyatlarga ega, ular uzoq tarixiy
davr davomida shakllangan bo'lib, insonni tabiatga bo'lgan munosbatini ifoda etadi.
Geografik nom doimo kishilik jamiyatining ijtimoiy ehtiyoji tufayli paydo bo'lganligi
bois, hattoki, tabiiy geografik terminlar ham toponimiyada geografik obyektning iqtisodiy-
ijtimoiy ahamiyatini belgilaydi. Har bir geografik nom bu til orqali ifodalangan ixcham tarix,
uning asosi muayyan tarixiy davrda yaratilgan. Tarixiy usul yordamida tadqiqotchi joy nomining
geografik alomatlariga yana ham jiddiy e'tibor berishi mumkin.
Toponimik tadqiqotlarda tarixiy usulni qo'llash tarafdori bo'lgan A.I.Popov o'zining
tadqiqotlarida aniq tarixiy sharoit va tarixiy manbalardan xabardor bo'lmasdan turib geografik
nomning kelib chiqishi haqida to'g'ri fikr bildirishi mumkin emas, deb ta'kidlagan. Toponimlar
aniq bir tarixiy sharoitda paydo bo'lib, kelib chiqishi jamiyat hayoti, hududda yashayotgan yoki
qachonlardir yashagan xalqlar tili bilan chambarchas bog'liq. Aniqroq aytganda, har bir tarixiy
68
davr o'ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini, uning geografik nomlarini o'ziga xos manba
ekanligini e'tiborga olish zarur.
Geografik nomning asl ma'nosini (etimologiyasini) aniqlashda uni tarixiy paydo bo'lgan
davri bilan birga o'rganish maqsadga muvofiqdir. Har bir tarixiy davr geografik nomlarning
muayyan qatlami (stratigrafik)ni hosil qilgan, aniqrog'i har bir tarixiy qatlamning joy nomlarida
o'ziga xos "izi", "tamg'asi" mavjud, bu haqida ikkinchi bobda batafsil to'htab o'tiladi.
Tarixiy ma'lumotlar har doim ham nomlashning tarixiy jarayonini kuzatish va tiklash
imkonini bermaydi. Shu sababdan ko'pincha toponimik ma'lumotlarni tarixiy voqea-hodisalarni
aniqlashda qo'shimcha manba sifatida foydalanish yaxshi natija beradi. Geografik nomlar albatta
biror xalq tilidan qo'yiladi, shuning uchun har bir geografik nomning etnologik asosi mavjud
bo'ladi. Bu erda geografik nom etnonim bo'lishi (xalq, urug', qabila) shart emas. U tabiiy,
iqtisodiy-geografik toponimlarda ham ma'lum xalq tilidan qo'yilgan bo'ladi. Shuni hisobga olib
har qanday geografik nomning qaysi xalq tilidan qo'yilganligiga e'tibor qaratiladi. Bu jihatdan
toponimlarni etnologik jihatdan tadqiq etishning ahamiyati juda kattadir. Biroq bu usulni
qo'llashda ham nihoyatda sinchikovlik talab etiladi. Sababi, etnooykonimlar (urug', qabila, millat,
xalq nomlari bilan atalgan joy nomlari) har doim ham shu erda yashagan xalqning (etnosni)
nomini bildiravermaydi, masalan, Ruminiya qachonlardir bu erni bosib olgan rimliklar nomi
bilan atalsa, Boburdan so'ng Farg'ona va Samarqandda qolgan turklar o'zlarini o'zbeklar deb,
vatandoshimizni Hindistonda tuzgan davlati esa "Buyuk mo'g'ullar imperiyasi" deb
nomlanganligini keltirish kifoya.
Geografik nomlarning tadqiq etishda olimlar tomonidan lingvistik usullar
(topoformantlar asosida, etimologik, grammatik tuzilishi) keng qo'llaniladi. Nomlarning lisoniy
tarkibi, so'z va qo'shimchalari, ularning ma'nolari va birikuvi, nomlanishga asos bo'lgan ijtimoiy-
lisoniy omillar o'sha davr voqeligi bilan baholanishi, izohlanishi va tadqiq qilinishi lozim.
Xulosa.
Toponimlarni izohlash uchun foydalaniladigan dastlabki usul topoformantlar
usulidir. Formant (lotincha "Formans" – hosil qiluvchi) deb, so'z yasaydigan, lekin mustaqil o'zi
ishlatilmaydigan unsurlarga aytiladi. Toponimlarni formantlarga qarab o'rganish sohasida
keyingi o'n yilliklarda katta ishlar qilindi. Bu usulda nomlar tarkibida ko'plab takrorlanadigan
elementlar bir xil ma'noni anglatishi e'tiborga olinadi. Masalan, toponimikada – zor affiksi bilan
ifodalangan nomlar ma'lum o'simlik turining bir hududda ko'p tarqalganini bildiradi. Jumladan:
anjirzor, Anorzor, Alchazor, Bodomzor, Gulzor, Do'lanazor, qayrag'ochzor, ko'kalamzor,
ko'chatzor, Limonzor, Lolazor, Mevazor, nokzor, Olvalizor, Olmazor, Olchazor, terakzor, tokzor,
tolzor, tutzor, uzumzor, O'rikzor, Chamanzor, Chilonzor, Shaftolizor, Shuvoqzor, yong'oqzor,
Yulg'unzor kabi qishloq va mahallalar nomi shu usulda yasalgan. Bu usul nafaqat geografik
nomlarni tadqiq etishda, balki ularni yaratilishida, nomlanishida ham keng qo'llanadi, bu haqida
quyida yana to'xtalib o'tamiz.
|