5. Detal ishlaydigan muhit sharoiti, harorati va boshqalar. Changli sharoitlarda ishlayotgan jihozlarda chang zarrachalari detallar orasiga kirib, moylash materialining sifatini tushiradi, detallar orasida abraziv zarrachalar paydo qiladi, shuning uchun bunday detallar tez yeyiladi. Yeyilish tezligi yana atrof-muhitning harorati, namligi va xizmat ko`rsatayotgan ishchi-chilangarlarning malakasiga bog`liq.
Detalning yangisiga almashtirilishi yoki ta`mirlash kerakligi yeyilish hajmiga qarab aniqlanadi. Bu uchun detalning nominal, ruxsat etilgan va chegaraviy o`lchamlarini bilish kerak.
Nominal o`lcham - detal tayyorlash chizmasida ko`rsatiladi. Ruxsat etilgan o`lcham (yeyilish) - detalni ta`mirlamasdan mashinani ish qobiliyatini saqlagan holda ishlatish mumkin bo`lgan o`lchami. Chegaraviy o`lchamga ega bo`lgan detalni ta`mirlash kerak, yoki yangisiga almashtirish kerak bo`ladi, chunki bu o`lchamdagi detalni ishlatish mashinani avariya holatiga olib kelishi mumkin.
Misol qilib ba`zi detallarning yeyilish chegaralarini keltiramiz. Shpindel bo`yinchasinining yeyilish chegarasi 0,01 dan 0,05 mm gacha, tebranish podshipnigi valining bo`yinchasi uchun - 0,03-0,04 mm, shlitsa yeyilishi eni bo`yicha 0,01-0,15 mm bo`lishi kerak. Tishli uzatmalar tishining yeyilishi tishning birlamchi qalinligining (o`rta diametri bo`yicha) 10 % ni tashkil qilishi kerak (v = 2 m/s va zarbsiz yuklama ostida ishlaydigan uzatmalar uchun). Reversli yoki zarbli yuklama ostida ishlaydigan tishli uzatmalar uchun bu ko`rsatgich 5 % ni tashkil qilishi kerak.
|