|
Kompyuter viruslari va virusdan himoyalanish muammolari
|
bet | 89/111 | Sana | 20.05.2024 | Hajmi | 2,03 Mb. | | #246571 |
Kompyuter viruslari va virusdan himoyalanish muammolari
Kompyuter virusining ko‘p ta’riflari mavjud. Birinchi ta’rifni 1984 yili Fred Koen bergan: “Kompyuter virusi – boshqa dasturlarni, ularga o‘zini yoki o‘zgartirilgan nusxasini kiritish orqali, ularni modifikatsiyalash bilan zaharlovchi dastur. Bunda kiritilgan dastur keyingi ko‘payish qobiliyatini saqlaydi”. Virusning o‘z-o‘zidan ko‘payishi va hisoblash jarayonini modifikatsiyalash qobiliyati bu ta’rifdagi tayanch tushunchalar hisoblanadi. Kompyuter virusining ushbu xususiyatlari tirik tabiat organizmlarida biologik viruslarning parazitlanishiga o‘hshash.
Hozirda kompyuter virusi deganda quyidagi xususiyatlarga ega bo‘lgan dasturiy kod tushuniladi:
asliga mos kelishi shart bo‘lmagan, ammo aslining xususiyatlariga (o‘z-o‘zini tiklash) ega bo‘lgan nusxalarni yaratish qobiliyati;
hisoblash tizimining bajariluvchi obyektlariga yaratiluvchi nusxalarning kiritilishini ta’minlovchi mexanizmlarning mavjudligi.
Ta’kidlash lozimki, bu xususiyatlar zaruriy, ammo yetarli emas. Ko‘rsatilgan xususiyatlarni hisoblash muhitidagi zarar keltiruvchi dastur ta’sirining destruktivlik va sir boy bermaslik xususiyatlari bilan to‘ldirish lozim.
Viruslarni quyidagi asosiy alomatlari bo‘yicha turkumlash mumkin:
yashash makoni;
operatsion tizim;
ishlash algoritmi xususiyati;
destruktiv imkoniyatlari.
Kompyuter viruslarini yashash makoni, boshqacha aytganda viruslar kiritiluvchi kompyuter tizimi obyektlarining xili bo‘yicha turkumlash keng tarqalgan (7.6-rasm).
Fayl viruslari bajariluvchi fayllarga turli usullar bilan kiritiladi (eng ko‘p tarqalgan viruslar xili), yoki fayl-egizaklarni (kompanon viruslar) yaratadi yoki faylli tizimlarni (link-viruslar) tashkil etish xususiyatidan foydalanadi.
Yuklama viruslar o‘zini diskning yuklama sektoriga (boot - sektoriga) yoki vinchesterning tizimli yuklovchisi (MasterBootRecord) bo‘lgan sektorga yozadi. Yuklama viruslar tizim yuklanishida boshqarishni oluvchi dastur kodi vazifasini bajaradi.
7.6-rasm. Yashash makoni bo‘yicha kompyuter viruslarining turkumlanishi
Makroviruslar axborotni ishlovchi zamonaviy tizimlarning makrodasturlarini va fayllarini, xususan Microsoft Word, Microsoft Excel va h. kabi ommaviy muharrirlarning fayl-hujjatlarini va elektron jadvallarini zaharlaydi.
Tarmoq viruslari o‘zini tarqatishda kompyuter tarmoqlari va elektron pochta protokollari va komandalaridan foydalanadi. Ba’zida tarmoq viruslarini “qurt” xilidagi dasturlar deb yuritishadi. Tarmoq viruslari Internet-qurtlarga (Internet bo‘yicha tarqaladi), IRC-qurtlarga (chatlar, InternetRelayChat) bo‘linadi.
Kompyuter viruslarining ko‘pgina kombinasiyalangan xillari ham mavjud, masalan – tarmoqli makrovirus tahrirlanuvchi hujjatlarni zaxarlaydi, hamda o‘zining nusxalarini elektron pochta orqali tarqatadi. Boshqa bir misol sifatida fayl-yuklama viruslarini ko‘rsatish mumkinki, ular fayllarni hamda disklarning yuklanadigan sektorini zaharlaydi.
Viruslarning hayot davri.Har qanday dasturdagidek kompyuter viruslari hayot davrining ikkita asosiy bosqichini - saqlanish va bajarilish bosqichlarini ajratish mumkin.
Saqlanish bosqichi virusning diskda u kiritilgan obyekt bilan birgalikda shundaygina saqlanish davriga to‘g‘ri keladi. Bu bosqichda
virus virusga qarshi dastur ta’minotiga zaif bo‘ladi, chunki u faol emas va himoyalanish uchun operatsion tizimni nazorat qila olmaydi.
Kompyuter viruslarining bajarilish davri, odatda, beshta bosqichni o‘z ichiga oladi:
Virusni xotiraga yuklash.
Qurbonni qidirish.
Topilgan qurbonni zaharlash.
Destruktiv funksiyalarni bajarish.
Boshqarishni virus dastur-eltuvchisiga o‘tkazish.
|
| |