|
Xo‘jamqulov Ravshan Chori o‘g‘lining
|
Sana | 14.06.2024 | Hajmi | 16,52 Kb. | | #263616 |
Bog'liq Xo\'jamqulov rahbar xulosasi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 5330600 – “Dasturiy injiniring” yo‘nalishi bitiruvchisi 315-20 guruh talabasi
Xo‘jamqulov Ravshan Chori o‘g‘lining “Qurilish korxonalari uchun hisob-kitob yurituvchi web ilova ishlab chiqish” mavzusidagi bitiruv malakaviy ishiga
RAHBAR XULOSASI
Bugungi kunda yurtimizda doimiy rivojlanayotgan qurilish sanoatida moliyaviy hisob va buxgalteriya jarayonlarini boshqarish ushbu sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun jiddiy muammo bo‘lishi mumkin. Ushbu bitiruv malakaviy ishi qurilish kompaniyalarining moliyaviy boshqaruvini soddalashtirish va optimallashtirish uchun mo‘ljallangan keng qamrovli buxgalteriya hisob-kitoblarini yurituvchi tizim sifatida web ilovasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan. Bitiruv ishi zamonaviy web texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalangan holda, qurilish korxonalariga hisob-kitob yuritish va ish haqi to‘lashdan tortib budjet va moliyaviy hisobotlargacha bo‘lgan buxgalteriya operatsiyalarini va jarayonlarini boshqarish uchun xavfsiz va foydalanuvchilarga qulay platformani taqdim etishga qaratilgan. Shuningdek, mazkur Building Company deb nomlangan web ilova korxonalar hisobotini tayyorlashga ham xizmat qiladi.
Ishning I-bobida hisob-kitob yurituvchi web saytlar haqida, ularning bir biridan farqlari va Building Company web ilovasining yuqoridagi web ilovalardandan farqli va o‘xshash tomonlari ko‘rsatib o‘tilgan. Ayrim tanlangan web ilovalar haqida batafsil tavsif ham berilib, ularning yaratilishidagi asosiy algoritm va modellar chuqur o‘rganilgan. Bundan tashqari ilovaning ahamiyati, qurilish biznes tarmoqlari rivojiga qo‘shadigan hissasi haqida ma’lumotlar berilgan. II-bobda I-bobda o‘rganilib chiqilgan usullar va algoritmlarni tahlil qilgan holda, hisob-kitob yurituvchi platforma algoritmi taklif qilingan hamda tizim loyihalashtirilgan. Algoritm asosida ishlab chiqilgan dasturiy vositaning dizayni va arxetekturasi, shuningdek, UML va ER diagrammalari ham keltirilgan. Mazkur bobda ishlab chiqilgan dasturiy vositani joriy qilish, undan olingan tajribaviy tadqiqot natijalari hamda taklif qilingan dasturni amaliyotga qo‘llanilganligi haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Bitiruv ishini bajarish davomida talaba zamonaviy dasturlash tillari va web texnologiyalar, jumladan, Java, JavaScript dasturlash tillari, Spring Boot frameworki, React kutubxonasi va PostgreSql ma’lumotlar ombori imkoniyatlaridan keng foydalangan holda yo‘nalishi bo‘yicha olgan bilimlarini samarali qo‘llagan.
Umuman olganda, Xo‘jamqulov Ravshan Chori o‘g‘lining “Qurilish korxonalari uchun hisob-kitob yurituvchi web ilova ishlab chiqish” mavzusidagi bitiruv malakaviy ishi yuqori darajada bajarilgan, bitiruv malakaviy ishiga qo‘yiladigan barcha talablarga mos keladi hamda talabani “5330600- Dasturiy injiniring” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr darajasini olishga loyiq deb hisoblayman va ushbu bitiruv malakaviy ishini himoya qilishga tavsiya qilaman.
Algoritmlash va matematik modellashtirish
kafedrasi katta o‘qituvchisi O. Begimov
|
| |