VATANPARVARLIK TARBIYASI VA UNING IJTIMOIY AHAMIYATI
Ahrorova Shahlo O‘rinboyevna
,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD),
RMMM huzuridagi Ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar
instituti katta ilmiy xodimi.
Tel.(90) 000 00 00
Annotatsiya.
Ushbu maqolada vatanparvarlik, ta’lim va tarbiyaning qo‘shib olib borilishida ijtimoiy-
gumanitar fanlarning ahamiyati, shuningdek, tarbiyada ta’lim tizimining o‘rni to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Vatanparvarlik va ijtimoiy tarbiya barcha mamlakatlarda ham davlat va jamiyat ravnaqida muhim asos bo‘lib
hisoblanadi. Fuqarolarda, ayniqsa yoshlarda milliy tarbiya, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish va
kuchaytirishda bir qancha omillar ishtirok etib, bulardan ta’lim tizimi alohida o‘rin tutadi.
Kalit so‘zlar.
Vatanparvarlik, ta’lim, tarbiya, milliy qadriyatlar, milliy g‘oya, mafkura, jamiyat, davlat,
manfaat, millat, ona tili, xalq, ma’naviyat, ma’naviy qadriyatlar, yurtga muhabbat, sadoqat, fidoyilik.
Eng baland imoratlar ham poydevordan boshlanadi. Xo‘sh, vatanparvarlik
tarbiyasi-chi? Albatta, oddiy tarbiyadan. Oilada beriladigan, shu ostonani, Vatan
poydevori bo‘lmish oilani sevmoq, uning tartibotlarini hurmat qilmoq, unga sadoqat
qilmoqni o‘rgatadigan oddiygina tarbiyadan. Men so‘zimni Abdulla Avloniyning
mashhur so‘zlarini eslatib o‘tish bilan davom ettiraman: “Tarbiya – yo hayot, yo
mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir.”
Bizga ma’lumki, har bir bola tarbiya asosini eng avvalo oiladan, keyin ijtimoiy
muhitdan oladi. Lekin har bir oila yetarlicha tarbiya berish salohiyatiga egami?
Bundan tashqari, bolaning tarbiyachilari – ota-ona har doim uning yonida bo‘la
oladimi? Ota oila boqishi – ishlashi kerak. Bugungi kun ayollari ham tinch
o‘tirmaydilar – ishlab, turmush o‘rtoqlariga ko‘maklashishlari, yoki uyda biror
hunar bilan shug‘ullanishlari, gohida esa, turmush tashvishlarining iqtisodiy yukini
mutlaqo o‘z yelkalariga olishlariga to‘g‘ri keladi. Bunday hollarda bolaga yetarlicha
vaqt ajratishning imkoni bo‘lmaydi, albatta.
Bola ko‘p vaqtini enagada, bog‘chada, keyin maktabda o‘tkazishiga to‘g‘ri
keladi. Bu - bolaning axloqiy tafakkuri shakllanish vaqtida unga enaganing,
bog‘chaning, ta’lim muassasalarining ta’siri katta bo‘ladi, degani. Demak, jamiyat
o‘z a’zolarini tarbiyalashda ana shu ta’lim-tarbiya muassasalardan foydalanishi
lozin.
E’tirof etish lozimki, shaxsni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ta’lim tizimi
oiladan keyingi o‘rinda, ayrim holatlarda undan ham ustun pog‘onada turadi.
Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asarida bog‘cha tarbiyachisi,
maktab muallimi, keyingi ta’lim bosqichlaridagi professor-o‘qituvchi va ilmiy-
ijodiy ziyolilarni bejizga Yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuniga
aylantirishni asosiy maqsad qilib olish lozimligini qayd etib o‘tmadi. Bu maqsad
ostida ham bizning ta’lim tizimidagi sharqona va milliy qadriyatga aylangan
“tarbiya asosida ta’lim berish” tamoyili asos sifatida namoyon bo‘lib turibdi.
Bundan tashqari, bu jarayon “Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepsiyasi”da ko‘zda
tutilgan vazifalarning amali sifatida yuzaga chiqadi.
Ta’lim va tarbiya bir-biri bilan uzviy bog‘liq ekan, demak ma’rifat va
ma’naviyatni ham ajratib bo‘lmaydi. Ayrim “arboblar” Uchinchi Renessans
poydevorida asosiy ustun sifatida faqat ma’rifatni ko‘rayotgani, o‘rta ta’limda
tarbiya darslarining kamligini, oliy ta’limda esa mutaxassis fanlarning o‘zi bilangina
yetuk malakali kadr yetishtirish mumkin, degan nuqtai-nazar bilan ijtimoiy-
gumanitar fanlarni o‘qitishdan voz kechish, yoki ularni qisqartirish g‘oyasi bilan
chiqayotgani ta’limni tarbiyadan ajratib olishdir.
“Milliy ma’naviyatimizni rivojlantirish, uni xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz
hayotiga singdirishda ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimining (e’tibor qiling: fanlarning
emas, fanlar tizimining!) ahamiyati katta”, deb ta’kidlaydi Prezidentimiz.[1] Lekin
ta’lim tizimidagi bir rahbar o‘z intervyusida, yoshlarga vatanparvarlikni ijtimoiy
gumanitar fanlarsiz ham singdirish mumkin, degan g‘oyani o‘rtaga tashlaganini
ko‘rib, davlat rahbari ma’naviy targ‘ibotni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda ommaviy
axborot vositalarining ta’sir kuchi katta ekanini qayd etib turgan bu paytda bu
qanday targ‘ibot bo‘ldi, deb o‘ylab qoldim.
Ma’naviy qashshoqlik davlat va jamiyatni zaiflantiradigan eng katta kuch
emasmi? Davlat va jamiyat zaif bo‘lgan joyda ilmni qanday rivojlantirish mumkin?
Yoki u rivojlangan taqdirda ham, yoshlar bu ilmni davlat va jamiyat manfaatlariga
qarshi ishlatmaydi, deb kim kafolat bera oladi?
Ularga vatanparvarlikdan, milliy va umuminsoniy axloqdan, Vatan oldidagi
burchdan kim saboq beradi? Kim ularda milliy g‘urur shakllanishiga ko‘maklashadi,
kim ularni milliy g‘oya bilan qurollantiradi? Afsus bilan qayd etish lozim-ki,
ta’limni mafkuralashtirish va milliy g‘oya bilan qurollantirish o‘rtasidagi farqni
bilmaydigan rahbarlarimiz ham bor ekan.
Milliy g‘oyaning qadriyatlashuvi milliy axloqni shakllantirishga, jamiyat
a’zolarini ma’naviy boyitishga, yuksak fazilatlar ruhida tarbiyalashga
ko‘maklashadi. Jaloliddin Manguberdi qalbida erk va ozodlik milliy g‘oya sifatida
qadriyatlashmaganida, unga o‘t va shijoat bera olarmidi? Yoki Sohibqiron Amir
Temur davrida el-ulusni birlashtirish, “Kuch-adolatda” ekanligi milliy g‘oya
darajasiga ko‘tarilmaganda, u shunday buyuk davlat qura olgan bo‘larmidi?
Yana bir rahbar talabaning ustozlar ustoziga savol berayotganda hatto o‘rnidan
ham turishni istamaganini erkinlik, deb ta’rifladi. Qarang-a! Ertaga bolamiz “dada,
turing, to‘rda men o‘tiraman!”, qizimiz “Ona, tanishing, bu kuyovingiz, biz farzand
kutyapmiz!” – deganini ham erkinlik, deb qabul qilamizmi?
Biroq, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda har qanday rivojlangan,
demokratik tamoyillar ustovor davlat ham ta’lim tizimidan foydalanishining guvohi
bo‘lishimiz mumkin. Masalan, hatto Amerika davlatida ham vatanparvarlik
g‘oyalari ta’lim tizimida singdirilishi mustahkam asoslab qo‘yilgan. Aytaylik,
mashg‘ulotlardan oldin davlat madhiyasini ijro etishda qaysidir o‘quvchi o‘rnidan
turmasa yoki qo‘lini yuragi ustiga qo‘ymasa, u o‘sha kuniyoq o‘qishdan
chetlatiladi.[2] Shuningdek, har bir Amerika maktabi sinflarida milliy bayroq
osilgan, ko‘p hollarda unga sodiqlik qasami qabul qilinadi.[4]
Xitoyda esa vatanparvarlik mafkurasi nafaqat yurti, balki shahri, provinsiyasi,
oilasi, hatto o‘z uyi o‘chog‘ini, shuningdek xitoy tilini sevish va faxrlanish asosiga
qurilgan. Vatanparvarlik tarbiyasi Xitoy pedagogikasining asosiy vazifasi
hisoblanadi. Bunda ular Vatan tarixi, milliy bayramlar, milliy qadriyatlarni o‘qitish,
musiqa darsida Vatan haqidagi qo‘shiqlarni o‘rgatishni asos qilib olishgan.
Targ‘ibot ishlarida ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalaniladi, anonim izohlar yozish
ta’qiqlangan, davlat va fuqarolar o‘rtasida ham, talaba va o‘qituvchilar o‘rtasidagi
ijtimoiy aloqalar internet orqali yo‘lga qo‘yilgan. [5]
Erkinlik, demokratiya nima o‘zi? U xohlagan gapini gapirib, xohlagan ishini
qilish deganimi? Afsuski, ko‘pgina yoshlarda mana shu tushuncha shakllanib
boryapti. Shu bois ular ustozlariga o‘rinlaridan turmay, stulda yalpayib o‘tirgancha,
savol beryaptilar. Shu bois o‘smir yoshdagi qizlarimiz o‘qituvchi doskaga
o‘girilganda o‘z ishini bajarish uchun bemalol derazadan sakrab chiqib ketishyapti.
Bu ham yetmaganday, qolgan o‘quvchilar o‘qituvchi ustidan kulishyapti. Bizchi,
biz, nima qilyapmiz? O‘qituvchining bu qizga bergan tanbehini muhokama qilamiz,
ularga ota-onalar oldida uzr so‘ratamiz, tarbiya bilan shug‘ullanadigan ijtimoiy-
gumanitar
fanlarni
qisqartirishga
ko‘maklashamiz. Bunga shu fanlar
o‘qituvchilarining ayrimlarini(xuddi boshqa fan o‘qituvchilari orasida poraxo‘rlik
bo‘lmaganday) poraxo‘rligini sabab qilib ko‘rsatamiz. Bu burgaga achchiq qilib
ko‘rpa yoqish emasmi? Balki, dekan o‘rinbosari tufayli qizbola ikkinchi qavatdan
sakradi, deb butun OTM tizimida shu shtat birligini ham qisqartirib tashlarmiz?!
Yaqinda “Axloq falsafasi” darsi o‘tishga kirgan birinchi kunim talabalarga
savol berdim: “Nima deb o‘ylaysizlar, nomutaxassis yo‘nalishidagi talabalar uchun
ijtimoiy-gumanitar fanlar kerakmi?” Ularning aksariyati kerak emas, deb javob
berishdi. Ular uchun qo‘shimcha fan – qo‘shimcha imtihon, qo‘shimcha oraliq va
yakuniy nazorat, degani edi. Fanni o‘tib bo‘lingandan so‘ng yana talabalar bilan
kichik debat o‘tkazdim. O‘rtaga tashlangan savol quyidagicha edi: “Nima deb
o‘ylaysizlar, nomutaxassis yo‘nalishidagi talabalar uchun ijtimoiy-gumanitar fanlar
kerak ekanmi?”
Tan olish kerak, albatta, ular orasida yana bir-ikki nafar “bizning
mutaxassisligimiz uchun bu fan kerak emas”, deguvchilar ham bo‘ldi. Bular darsni
ko‘p qoldiradigan, past bahoga o‘qiydigan, kasb etiketiga rioya qilmaslik, forma
kiymaslik, savolni o‘rnidan turmay berishni erkinlik deb biladiganlar toifasidan
edilar. Ammo 90 foizdan ortiq talabalar bu fanlar albatta o‘qitilishi lozimligini
e’tirof etdilar. Ayniqsa talabalardagi ushbu fikrlar diqqatimni tortdi:
“Biz g‘arbda qabul qilinayotgan “bir jinslilar nikohi” kabi axloqsizliklarning
demokratiya oqimi ostida bizga ham ko‘chib o‘tishi mumkinligini hozir
tasavvurimizga sig‘dira olmaymiz. Ammo, kim biladi deysiz, agar milliy tarbiyani
yo‘qotsak, 40-50 yillar o‘tib, biz ham bu holni g‘arbdagiday xotirjam qabul
qilarmiz?”
Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Ma’rifatni ma’naviyatdan, ta’limni
tarbiyadan ajratib bo‘lmaydi. Tarbiyaga oid fanlarni nomutaxassislar uchun nokerak
deb o‘ylaydigan rahbarlarni men jamiyat uchun, jamiyat kelajagi uchun xavfli
insonlar, deb bilaman.
Shu o‘rinda Yaponiya ta’limiga oid bar fakt yodimga tushdi. Yapon ta’lim
tizimida birinchidan to oltinchi sinfga qadar “axloq tomon yo‘l” dasturi asosida dars
o‘tilar ekan. Bu darslarda yapon bolalari faqat axloq, etiket qoidalari, odamlar bilan
muomalani o‘rganishar ekan. Janubiy Koreyada ham ham shunday, tarbiyaviy
darslar bilan birga musiqa, tasviriy san’at darslari o‘tilar ekan. Bu – qalb tarbiyasi
degani. Ularda jamiyatda ustoz degan nomning ulug‘lanishi alohida e’tiborga molik.
Ehtimol shuning uchun ularda tartib-intizom qadriyat darajasiga ko‘tarilgandir?
Ko‘cha-ko‘ygi toza tutish, jamoat joyida o‘zni tutish, navbatda turish, muomala
madaniyati kabilarning yuksakligi shundandir? Rossiyalik tadqiqotchi Darya
Mosolova, Janubiy Koreya xalqini hech qachon olomon deb bo‘lmaydi, shuning
uchun unga “Arab bahori” bu yerga yetib borishi mumkin emas, degan fikrni ilgari
surgan. “Arab bahori”ni esa olomon amalga oshirgandi. [3]
Xulosa qilib aytganda, jamiyat taraqqiy etishi uchun birinchidan, ta’lim va
tarbiyaning uyg‘unligini ta’minlash lozim, bunda tarbiyaning milliy asosi bo‘lmish
milliy qadriyatlarimizdan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Ikkinchidan
tarbiyaga oid fanlar o‘qitilishining o‘rta va oliy ta’limdagi uzviyligini yo‘lga qo‘yish
kerak. Bunda maktabning har bir o‘quv yilida dasturga albatta tarbiyaga oid fanni
dasturga kiritish lozim bo‘ladi. Masalan, 1-4 sinflarda “Odobnoma”, keyingi yillarda
bir-birini to‘ldiruvchi uzviy ketma-ketlikda “Vatan tuyg‘usi”, “Ekologik
madaniyat”, “Etiket qoidalari”, “Ma’naviyat asoslari”, “Huquqshunoslik”,
“Jamiyatshunoslik”, “Axloqshunoslik”, Estetika” kabi fanlarni o‘qitish lozim, deb
o‘ylayman. Uchinchidan, jamiyatda ustoz-muallimlarga nisbatan yuksak ehtiromni
shakllantirish choralarini ko‘rish kerak. Bu choralar ichiga o‘qituvchi malakasini
oshirish ham, ularga moddiy sharoit yaratish, rag‘batlantirish ham, ularning huquq
va sha’nlarini himoya qilish masalalari ham kirib ketadi. To‘rtinchidan, ma’naviyat
va ma’rifat markazlari va ularning bo‘limlari faoliyatini ta’lim tizimi bilan
uyg‘unlashtirish lozim. Ya’ni, ta’lim muassasalarida tarbiyaviy ishlar bo‘yicha
rahbar o‘rinbosarlari (ularni yoshlar ishlari bo‘yicha, deb atash shart emas, chunki
ularning yoshlar bilan ishlashi o‘z-o‘zidan ayon) faoliyati markazlarning hududiy
bo‘limlari bilan birga muvofiqlashtirilishi lozim.
Hazrat Navoiy shunday degan ekanlar:
Menga ne yoru ne oshiq havasdur,
Agar men odam ersam, ushbu basdur.[6]
Bu xuddi “Olim bo‘lma, odam bo‘l” degan naqlni eslatadi. Biz ham faqat
olimni emas, ham odam-u, ham olimni tarbiyalasak ayni muddao bo‘lar edi.
|