|
Ўзбекистон республикаси
|
Sana | 24.05.2024 | Hajmi | 103,5 Kb. | | #251773 |
Bog'liq O\'qituvchining pedogogik nutq madaniyati
O'qituvchining pedogogik nutq madaniyati
REJA:
O`qituvchining shaxsiy va kasbiy xususiyatlari
O`qituvchining nutq madaniyati
O`qituvchining shaxsiy va kasbiy xususiyatlari
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi raqobatbardosh kadrlar tayyorlovchi pedagogga qo`yiladigan zamon talablari majmuini belgilaydi.
Bir-biriga bog`liq bo`lgan talablarning majmui, pedagogning umumlashtirilgan modelini tashkil etadi. Umumlashgan modelga muvofiq o`qituvchiga qo`yiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
ta`lim berish mahorati;
tarbiyalay olish mahorati;
o`quv-tarbiya jarayonida inson omilini ta`minlovchi shaxsiy fazilatlari;
ta`lim oluvchilarning bilimlarini xolisona baholay olish va nazorat qila olish mahorati va h.k..
Umumlashtirilgan modelning doirasidagi malakaviy zamon talablari pedagog «qiyofa»sini ifodalaydi.
O`zbekiston Respublikasi aholisi uchun ta`lim darajasini oshiruvchi omillardan biri bo`lib ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga jadal sur`atlar bilan kirib borish jarayoni hisoblanadi. Bu birinchi navbatda, bozor munosabatlarining rivojlanishiga bog`liq bo`lib, u jarayon bilim darajasiga, iqtisodiyot va ekologiya (atrof-muhit), kompyuter texnikasi va ilmbardosh texnologiyalar ustuvor bo`lgan va xalk xo`jaligining rivojlangan tarmoqlariga, ta`lim tizimining takomillashuvi va kadrlar tayyorlashga bog`liq bo`ladi.
Kadrlarning yangi avlodini tayyorlash muammosining samarali yechimi, birinchi navbatda, hozirgi kun talablariga javob bera oladigan psixologiya, pedagogika, iqtisodiyot, ekologik madaniyat, huquqshunoslik va shunga o`xshash boshqa fanlarning bilim asoslarini chuqur biladigan professional malakaga ega bo`lgan har tomonlama chuqur bilimga ega bo`lgan o`qituvchi kadrlarning tayyorlanishi bilan bog`liqdir.
Olib borilgan kuzatishlar va AQSH, Germaniya, Yaponiya, Fransiya va boshqa sanoati hamda intellektual bilimlari rivojlangan mamlakatlarning tajribasi shuni ko`rsatib turibdiki, yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, asosan, quyidagilarga bog`liq bo`lar ekan:
- ta`lim, fan va ishlab chiqarishning o`zaro samarali aloqadorligiga;
- ta`lim muassasalari va professional ta`lim dasturlari turlarining (tiplarining) xilma-xilligi, ularda fan va texnikaning eng oxirgi yutuqlari, iqtisodiyot va texnologiyalarning eng yuqori andozalari va ko`rinishlariqay darajada aks ettirilganligiga;
- professional ta`lim tizimini ustuvor va foyda keltiruvchi iqtisodiy tarmoqka aylantirishga;
- ta`lim muassasalarini zamonaviy o`quv-metodik adabiyotlar bilan ta`minlash va ularning moddiy-texnik asosini yaratish hamda ularning moliyaviy ko`rsatkichlarini mustahkamlashga;
- professional ta`lim tizimiga eng yuqori malakali o`qituvchilarni va mutaxassislarni jalb etishga;
- o`quv jarayonini informatizatsiyalash va kompyuterlashtirishga;
- kadrlarni tayyorlashning sifat bahosini va obyektiv nazorat tizimini qo`llashga;
- shaxsning rivojlanishi, o`lchovi, sifat va hulqini, qobiliyat va intellektini baholash hamda kasbiy mahorati muammolariga bag`ishlangan psixologik-pedagogik izlanishlarni bajarishga;
- o`qituvchilarni yuqori darajada moddiy rag`batlantirish va ularni ijtimoiy himoyalab turishga.
Bugungi kun mutaxassisi har tomonlama rivojlangan yuqori darajadagi intellektga ega bo`lgan, fan asoslarini chuqur o`rgangan bilimdon, zukko, dono, fidoiy, ma`rifatli va ma`naviyatli inson bo`lishi kerak. U o`z mutaxassisligi, masalan, iqtisodchilikdan tashqari, xorijiy tillardan birini bilishi hamda AKT dan foydalana olishi shart.
Zamonaviy pedagog yuqori madaniyatli, xalkimiz tarixini chuqur biladigan va uning kelajagi uchun jon kuydiradigan insonparvar va oliyjanob kishi bo`lishi kerak.
Uzluksiz ta`lim tizimini amalga oshirish jarayonida yosh avlodni ko`ngildagidek o`qitish va tarbiyalash haqida gap borar ekan, bunday g`oyat murakkab va ko`p qirrali vazifani faqat yuksak malaka va pedagogik mahoratga ega bo`lgan o`qituvchi kadrlar bilangina amalga oshirish mumkinligini ta`kidlash lozim.
Shunday ekan, o`qituvchilik-katta san`atdir. Bu san`atga u yoki bu pedagog osongina, o`z-o`zidan erisha olmaydi. Shuning uchun, o`qituvchilik kasbiga, ya`ni sog`lom avlod uchun chinakam murabbiy bo`lishga havasi, ishtiyoqi zo`r, zamon talablarini tez va chuqur tushunadigan, o`zining ilmiy, ijtimoiy-siyosiy saviyasini, pedagogik mahoratini izchillik bilan amalga oshirib boruvchi, mustaqillik g`oyasi va mafkurasi bilan puxta qurollantirilgan, haqiqiy vatanparvar va mehnatsevar kishilargina erisha oladilar.
Pedagogik mahorat tug`ma talant yoki nasldan-naslga o`tuvchi xususiyat emas, balki uning negizida izlanish va ijodiy mehnat yotadi. Shuning uchun ham pedagogik mahorat hamma o`qituvchilar uchun standart, ya`ni bir qolipdagi ish usuli emas, balki u har bir o`qituvchining o`z ustida ishlashi, ijodiy mehnati jarayonida tashkil topadi va rivojlanadi.
Bu jarayonda ilg`or o`qituvchining pedagogik mahorati va tajribalarini boshqa o`qituvchi o`rganishi, undan ijodiy foydalanishi va o`z faoliyatini ilgor tajribalar bilan boyitishi zarur. O`qituvchining pedagogik mahorati, asosan, sinfda, auditoriya mashg`ulotlarida yaqqol ko`rinadi. Chunki o`quv mashg`ulotlari o`zining mazmun va mohiyatiga ko`ra o`qituvchining o`quv yurtidagi asosiy ishidir. Shuning uchun u ilmiy-g`oyaviy jihatdan yetuk va ommabop bo`lishi, turmush bilan, o`quvchi yoki talabalarning tayyorgarlik darajasi bilan uzviy aloqador bo`lishi zarur. Ta`lim jarayonida o`qituvchi bilan o`quvchi yoki talabalar o`rtasida o`zaro jonli til muloqoti, fikr almashuv munosabatlari, samimiy hurmat va asosiy maqsadga erishishda yaqin hamkorlik lozim. Mazmuni sayoz, amaliy tajribadan, turmushdan ajralib qolgan, umumiy so`z va quruq nasihatguylikdan iborat bo`lgan, rasmiyat uchun yuzaki o`tkaziladigan dars (ma`ruza) va boshqa o`quv mashg`ulotlari o`quvchi talabalarni qiziqtirmaydi, ularni ilmiy, g`oyaviy jihatdan yetarli oziqlantirmaydi. Shu sababli, o`quv mashg`ulotlarini shunday tashkil qilish kerakki, ularning ta`sirida talabalarda shu fanga nisbatan turli qarashlar, ilmiy tafakkur va e`tiqodlar vujudga kelishi va shakllanishi kerak.
Ta`lim va tarbiya jarayoni ta`sirchanligining yanada yuksak bo`lishi o`qituvchining ilmiy salohiyatiga, yoshlar oldidagi obro`siga, shaxsiy sifatlariga, ilmiy iste`dodiga, ta`lim sohasidagi tajriba va mahorati hamda o`quvchi yoki talabalar bilan o`rnatilgan do`stona munosabatiga bog`liqdir.
Zamon talablari professor-o`qituvchilarning o`zlarida mavjud bo`lgan bilim va saviya bilan cheklanib qolmasdan, xorijiy mamlakatlar tajribasini qunt va sabot bilan o`rganib, mag`zini chaqib, undan keyin o`z talabalariga saboq berishlari zarurligini taqozo etadi.
Pedagogik faoliyat samarasi o`qituvchining pedagogik qobiliyati qay darajada shakllanganligiga ham bog`liqdir. Qobiliyat-faoliyat jarayonida paydo bo`ladi va rivojlanadi, deb ta`kidlanadi Jumladan, bilish qobiliyati, tushuntira olish qobiliyati, nutq qobiliyati, obro` orttira olish qobiliyati, muomala qila bilish qobiliyati kabilar.
Pedagogik qobiliyat va mahorat o`qituvchida osonlik bilan shakllanmaydi. Bu kasbni tanlagan kishi o`z maqsadiga erishish uchun uzluksiz o`qishi, o`rganishi va izlanishi, ijodiy mehnat qilishi, o`z yurti va dunyodagi real voqelikni tez anglashi va o`z mehnatining mamlakat uchun qanchalik zarurligini chuqur his qilishi zarur.
O`qituvchining pedagogik mahorati haqida fikr yuritar ekanmiz, uning ongligiga, milliy g`oya va mafkuraga sodiqligiga, bilish va fikr doiralarining kengligiga, o`z vazifasiga munosabatiga e`tibor bermok kerak. Ayniqsa, pedagogik mahorat bobida o`qituvchining fikr doirasi keng bo`lish zarurligini alohida hisobga olish lozim. Chunki kishida bilim va fikr mukammal bo`lmasa, u kamolotga erisha olmaydi. Darhaqiqat, kishi u yoki bu masalani, albatta fikr orqali hal etadi. Shuning uchun, pedagogik mahorat sohibi bo`lishga intilgan kishi, shubhasiz, o`z bilimini doimo kengaytirishi, o`zining o`quvchi yoki talabaga ma`naviy-axloqiy ta`sir etuvchi g`oya va fikrlarini yangilab borishi zarur. Buning uchun u ko`p o`qishi va o`rganishi lozim. O`qituvchining pedagogik mahoratiga baho berishda uning ta`limni qay darajada tashkil qila bilishi muhim ahamiyatga egadir.
Uzluksiz ta`lim tizimida dars va boshqa turdagi barcha o`quv mashg`ulotlarini mukammal tashkil qilish-o`qituvchining birinchi navbatdagi vazifasidir. Yuqori saviyada o`tkazilgan mashg`ulotlar yoshlar ongida uzoq saqlanadi, ularda imon-e`tiqod va mafkuraning shakllanishiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Shu sababli, o`qituvchining ilmiy saviyasi uning o`z burchiga munosabati, yoshlarga murabbiylik ishtiyoqi, pedagogik mahorati va, eng avvalo, sifatli dars bera olishida ko`rinadi. Fan o`qituvchisining faoliyatiga beriladigan baho darajasini ham dars va boshqa turdagi mashg`ulotlarning sifati belgilaydi.
Dars berish san`atini mukammal egallagan o`qituvchi uyushtirgan o`quv mashg`uloti chuqur bilim berish vositasi bo`lishi bilan birga mustaqil O`zbekistonning ravnaqi, ertangi kunga bo`lgan ishonchi, xalqimizning aql-zakovati va mehnatining nimalarga qodirligi, jamiyatning munosib fuqarosi va sodiq quruvchisi bo`lish uchun nimalar qilish zarurligini ko`rsatuvchi ko`zgu bo`lib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, birinchi navbatda, yoshlarimiz o`z murabbiylari darsidan har jihatdan mamnun bo`lsinlar. Ularda romantik orzular uyg`onsin, tafakkuri rivojlansin, amaliy faoliyat, ijodiy qobiliyat, o`qish-o`rganish va mehnatga havas kuchaysin. Ular o`quv mashg`ulotidan so`ng olgan baholari bilan emas, balki bilim va malaka hosil qilganliklarini, ma`naviy oziq olganliklarini his qilsinlar. Ta`limning mazmundor, qiziqarli va tushunarli bo`lishi ustoz bilan shogirdlarning qalbini va ruhini bir-biriga mustahkam bog`laydi, ular o`rtasidagi samimiy hurmat va o`zaro ishonchni mustahkamlaydi. Buning uchun o`qituvchi, avvalo, o`z fanini va uni o`qitishning metod, usul va vositalarini mukammal o`zlashtirib olishi, o`qituvchi-murabbiyga xos madaniyatning yuqoriligiga erishishi, o`z shogirdlariga hurmat va muhabbat ifoda eta olishi, ularni hayotga qiziqtirishi va ularning ruhiy holatlarni bilishi va tushunishi, bosiqlik bilan o`z his-tuyg`ularini boshqara olishi, tashqi ko`rinishi va kiyinish madaniyati bo`yicha ibrat bo`lishi, nutq madaniyatining yuqoriligi va ijtimoiy faolligi, ayniqsa, omma o`rtasida ilmiy-ma`rifiy va ma`naviy-madaniy ishlarning targ`ibotchisi bo`lishi lozim.
Shundagina mamlakatimizning kelajagi bo`lgan o`quvchi yoshlarimiz o`z murabbiylarining nomini zo`r ehtirom, chuqur minnatdorchilik bilan tilga oladilar. Buning uchun har bir o`qituvchi O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida”gi qonunida ko`rsatilganidek, o`z fanlari buyicha tegishli ma`lumot egasi, yuksak kasbiy tayyorgarlik va yuqori axloqiy fazilatlar sohibi bo`lishi kerak.
“Agarki, dunyo imoratlari ichida eng ulug`i maktab bo`lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi-o`qituvchilik va murabbiylikdir”,-deganida O`zbekiston Respublikasining Prezidenti I.A.Karimov haq fikrni ifodalagan edi. G`azal mulkining sultoni, ikki daryo bo`yidagi zahmatkash xalqini yakqalam qilgan A.Navoiy ranj ila bir harf o`rgatgan ustozlar xizmatini yuz ganj ila ado etib bo`lmasligini yozgan va hayotda o`z ustozi mavlono Lutfiyga bo`lgan ehtiromida uning amaliy isbotini namoyon etgan. Shu boisdan, azal-azaldan bu kasb juda e`zozli hisoblangan. Ta`lim-tarbiya jarayonlaridagi muvaffaqiyat ularning faol ishtirokchisi-o`qituvchi shaxsiga ko`p jihatdan bog`liq.
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” g`oyalarini amaliyotga tatbiq etish va respublika ta`lim tizimida olib borilayotgan islohotlar muvaffaqiyatini ta`minlash ta`lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o`qituvchi-tarbiyachi, ishlab chiqarish ustalarining ma`naviy qiyofasi hamda ularning kasbiy mahoratlariga ham bog`liqdir.
Shaxsni tarbiyalash ishi nihoyatda murakkab va qiyin faoliyat jarayoni bo`lib, juda qadimdan ushbu faoliyatga jamiyatning yetuk kishilari jalb etilgandir. Xususan, qadimgi Gretsiya va Rim tarixidan yaxshi bilamizki, miloddan avvalgi davrlarda ham yosh avlod tarbiyasi o`zining ma`naviy qiyofasi va aqliy qobiliyati bilan jamiyat a`zolari o`rtasida yuksak xurmat-ehtiromga sazovor bo`lgan kishilar, donishmandlar zimmasiga ishonib topshirilgan. Ushbu holat yosh avlod tarbiyasi, uning tashkil etilishi va mazmuni nafaqat shaxs kamolotini balki jamiyat taraqqiyotini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini anglatadi.
O`zbekiston Resupblikasida ham o`qituvchi kadrlarning ma`naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar qo`yilmoqda. Shu o`rinda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning quyidagi fikri ibratlidir:“-Tarbiyachining o`ziga zamonaviy bilim berish, ularning ma`lumotini, malakasini oshirish kabi paysalga solib bo`lmaydigan dolzarb masalaga duch kelmoqdamiz. ...O`qituvchi bolalarimizga zamonaviy bilim bersin deb talab qilamiz, ammo zamonaviy bilim berish uchun, avvalo murabbiyning o`zi ana shunday bilimga ega bo`lishi kerak.
...maktablardagi jarayonlarda o`qituvchi xukmron. U boladan faqat o`zi tushuntirayotgan narsani tushunib olishni talab qiladi. Prinsip ham tayyor: “Mening aytganim aytgan, deganim degan”.
O`qituvchi va o`quvchi munosabatlaridagi majburiy itoatkorlik o`rnini ongli intizom egallashi juda qiyin kechayapti. O`qituvchining bosh vazifasi o`quvchilarda mustaqil fikr yuritish ko`nikmalarini hosil qilishdan iboratligini ko`pincha yaxshi tushunamiz, lekin afsuski, amalda, tajribamizda unga rioya qilmaymiz”.
Yuqorida qayd etilgan fikrlardan bugungi kun o`qituvchisi shaxsiga nisbatan qo`yilayotgan talablar mazmuni anglaniladi. Zamonaviy o`qituvchi qanday bo`lishi lozim?
O`qituvchi maxsus pedagogik, psixologik va mutaxassislik ma`lumoti va metodik tayyorgarlikka, shuningdek, yuksak axloqiy fazilatlarga ega shaxs sanaladi.
O`zbekiston Respublikasining “Ta`lim to`g`risida” gi Qonunining 5-moddasi 7-bandiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shug`ullanish sud hukmiga asosan ma`n etilgan shaxslarning ta`lim muassasalarida faoliyat olib borishlariga yo`l qo`yilmaydi.
Zamonaviy o`qituvchi shaxsida quyidagi fazilatlar namoyon bo`la olishi kerak:
O`qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro`y berayotgan o`zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi hamda bu borada o`quvchilarga to`g`ri, asosli ma`lumotlarni berib borishi lozim.
Zamonaviy o`qituvchi ilm-fan, texnika va texnologiya yangiliklari va yutuqlaridan xabardor bo`lishi talab etiladi.
O`qituvchi o`z mutaxassisligi bo`yicha chuqur va puxta bilimga ega bo`lishi, o`z ustida tinimsiz ishlashi va izlanishi lozim.
O`qituvchi pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini puxta bilishi, ta`lim-tarbiya jarayonida o`quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda faoliyat tashkil etishi kerak.
O`qituvchi ta`lim-tarbiya jarayonida eng samarali shakl, metod va boshqalardan unumli foydalana olish imkoniyatiga ega bo`lmog`i darkor.
O`qituvchi ijodkor, tashabbuskor va tashkilotchilik qobiliyatlariga ega bo`lishi shart.
O`qituvchi yuksak darajadagi pedagogik mahoratga, chunonchi, kommunikativlik layoqatiga ega bo`lishi, pedagogik texnika, nutq, yuz, qo`l-oyoq va gavda harakatlari (mimika, jest, pantomimika) qonuniyatlarini chuqur o`zlashtirib olishga erishishi lozim.
8. O`qituvchi yuksak nutq madaniyatiga ega bo`lishi va uning nutqi bir qator sifat va xususiyatlarga ega bo`lishi kerak.
9. O`qituvchi kiyinish madaniyatiga (sodda, ozoda va bejirim kiyinish, ta`lim-tarbiya jarayonida o`quvchilarning diqqatini ko`p jalb etuvchi turli xil bezaklar(qimmatbaho taqinchoqlar va yorqin rangli pardoz-andoz vositalari)dan ortiqcha va o`rinsiz foydalanmaslik, fasl, yosh, gavda tuzilishi, yuz qiyofasi, hatto soch rangi va turmagiga muvofiq ravishda kiyinishga odatlanish kabilar) ega bo`lishi lozim.
10. O`qituvchi shaxsiy hayotda pok, atrofdagilarga o`rnak bo`la olishi lozim.
O`qituvchi shaxsining mazkur talablarni o`zida aks ettira olgan ichki va tashqi qiyofasi uning o`quvchilar va hamkasblari hamda ota-onalar o`rtasida obro`-e`tibor qozonishini ta`minlaydi.
Uzluksiz ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning ikki muhim ko`rsatkichi – sifat va samaradorlik aynan o`qituvchining salohiyati va kasbiy mahoratiga uzviy aloqadordir. Uning kasbiy talabnomasi (professiogrammasi) kun sayin kuchaymoqda.
“Barkamol avlod-O`zbekiston taraqqiyotining poydevoridir”, -degan shior kun tartibiga o`rnili kiritilgan mustaqillik yillarida bu masalaning yechimi o`qituvchi va tarbiyachi shaxsiga yanada mustahkam aloqador bo`lib qoldi. Boisi, o`qituvchi tajriba va malakasining uyg`unligi muvaffaqiyatlar garovi ekanligi sir emas. O`qituvchining ijodkor va tashabbuskor bo`lishi lozimligini mazkur darslik epigrafidagi buyuk nemis pedagogining fikri ham tasdiqlaydi.
Ta`lim tizimini insonparvarlashtirish (gumanizatsiyalash) muammosi kun tartibiga qo`yilgan bugungi kunda o`qituvchi shaxsining insonparvarlik jihati oldingi o`ringa chiqdi.
O`qituvchining shaxsiy fazilatlari: axloqiy barkamollik, ya`ni sahovatpeshalik, mehribonlik, talabchanlik, ma`naviy poklik qanoatlilik, rostgo`ylik, sadoqatlilik, pokizalik, ziyraklik, andishalilik, vazminlik, sabr-bardoshlilik, muloyimlik va boshqalardir.
O`qituvchining kasbiy fazilatlari: o`z sohasining puxta bilimdoni bo`lish, hunar sirlarini sodda usulda o`rtaga olish, hayotiy tajribalari asosida tarbiyalovchilik, shogirdlar ehtiyojlari va yutuq-kamchiliklarini idrok eta oluvchanlik, nutq madaniyatiga ega bo`lish, shaxsiy namuna bo`la olishlik va shu kabilardir.
Shogirdlik odobi bo`yicha quyidagicha mezonlar qayd qilinadi: “Agar sendan shogirdlik odobi nechta, deb so`rasalar, yettita degin”. 1) avvalo: o`z ishiga yaxshi munosabatda bo`lish, ya`ni o`z kasbini sevish; 2) o`z ishiga e`tiqod qo`yish va unga ishonish; 3) ustoz oldida xokisor bo`lish, o`z nojo`ya odatlarini tark etish; 4) ko`rish (nojoiz) lozim bo`lmagan hamma narsalardan nigohini olib qochish; 5) eshitish mumkin bo`lmagan barcha narsalarga quloq solmaslik; 6) barcha noloyiq ishlardan qo`l tortish; 7) ustoziga qarshi bo`lgan kishilar bilan muomala qilmaslik. Ana shu kesimlarda o`qituvchi va o`rganuvchi o`rtasidagi dialektik munosabat to`laqonli amalga oshiriladi.
O`qituvchidan birinchi navbatda quyidagilar talab qilinadi:
1. Jismoniy va aqliy salomatlik.
2. Yuksak axloqiy va insoniy fazilatlar.
3. Kuchli va keng qamrovli poyindor bilim.
4. Metodik mukammallik va sayqallangan kasbiy mahorat.
5. Nutq madaniyati, notiqlik san`ati va imlo savodxonligi.
6. Muttasil o`z ustida ishlash va malakasini oshirish va boshqalar.
Odatda, ko`pchilik o`qituvchilar shaxsni o`rgatish va tarbiyalashdagi vazifasini o`z o`quv fani doirasida o`quvchini tegishli bilim va ko`nikma hamda malakalar bilan qurollantirish, ularda tahlil qilish, umumlashtirish va qiyoslash sifatlarini shakllantirishda ko`radilar. Vaholanki, o`qituvchining mehnati va uning pedagogik faoliyati keng qamrovlidir. U o`qitishning uchta muhim ijtimoiy funksiyasi-ta`lim berish, tarbiyalash va shaxsni rivojlantirish bilan bog`liq vazifalarini bajarishga mas`uldir. Biroq oliy pedagogika o`quv yurtlaridagi mashg`ulotlar o`qituvchining amalga oshiradigan amaliy-pedagogik faoliyati bilan yetarli darajada bog`lanmagan. Bu fikrni quyidagilar bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, bo`lajak o`qituvchilarni ijodkorlik faoliyatiga tayyorlashni ko`zda tutib o`quv rejasiga kiritilgan mashg`ulotlar aksariyatining mazmuni aynan o`qituvchi shaxsini shakllantirishga yo`naltirilgan. Ushbu vaziyat o`qituvchining malakali mutaxassis sifatida shakllantirilishida ijobiy ta`sirga ega bo`lsada, uning kasbiy-pedagogik faoliyatida bevosita qo`llay oladigan ijodkorlik faoliyatiga tayyorlash metodlarini egallashiga xizmat qilmaydi;
Ikkinchidan, bo`lajak o`qituvchilarni kasbiy faoliyatga tayyorlashda ijodkorlik tushunchasi ma`lum bir cheklangan ma`noda, odatda texnik ijodkorlikni amalga oshirish va boshqarishga tayyorlash ma`nosida talqin qilinadi. Kadrlar tayyorlash milliy modelini ro`yobga chiqarish jarayonida shakllantiriladigan shaxsda esa nafaqat texnik yoki badiiy ijodkorlik bilan bog`liq, balki yanada chuqurroq bilimlarni talab qiluvchi tadqiqotchilik ijodkorligini shakllantirish lozim bo`ladi.
O`qituvchining nutq madaniyati
O`qituvchining nutq madaniyati, notiqlik san`ati va o`z fikrini og`zaki va yozma tarzda ifodalay olishi haqida mulohaza yuritishdan oldin til va nutq xususida ayrim ma`lumotlarni eslatish lozim.
Nutq madaniyati jamiyat hayoti va madaniyatining o`ta muhim ajralmas tarkibiy qismi, muayyan voqeligi, ko`rinishi sifatida alohida ahamiyatga egadir. U fikr almashish, muomala, so`zlash kabi kundalik, doimiy, zaruriy jarayonlarni o`z ichiga oladi, ularni «boshqaradi», ular orqali voqelikka aylanadi, ta`sir qilish quvvatiga ega bo`ladi.
Til va nutq o`zaro dialektik bog`liq ijtimoiy-tarixiy, ijtimoiy-psixik xodisalar bo`lib, til aloqa quroli sifatida, nutq esa aloqa usuli sifatida mavjuddir.
Nutq - bu til deb ataluvchi, ijtimoiy-individual noyob quroldan foydalanish jarayoni, til birliklari, imkoniyatlarining obyektiv borliq, tafakkur hamda vaziyat bilan o`zaro zaruriy, doimiy munosabatda namoyon bo`lishidir. Nutq-bu rasmiy tildir. U keng ma`noda so`zlardan, so`z birikmalari va gaplardan tashkil topadi.
Madaniy gapirishga intilish tushunchasi barcha xalqlarda qadimdan mavjuddir. Bu tushuncha muayyan lingvistik me`yorlar, etik va estetik talablar bilan aloqador bo`lgan tushunchadir. Demak, nutq. madaniyati tushunchasi har bir xalq tili va millat ma`naviyatini belgilovchi (ko`rsatuvchi) etik va estetik kategoriyadir, hodisadir.
Nutq madaniyati faqatgina adabiy tilni ongli va maqsadga muvofiq me`yorlashga (uni qayta ishlash va boyitishga) qaratilgan harakatlargina emas, balki millatning umumiy madaniyatini ko`tarish, odamlarda ma`lum «til didi»ni tarbiyalashga xizmat qiluvchi faoliyat hamdir.
Nutq madaniyati termini tilshunoslikda uch xil hodisani ifoda etadi:
1) madaniy nutqning, ya`ni nutqiy hodisaning nomi;
2) madaniy nutq tushunchasi bilan bog`liq va nutq madaniyati deb yuritiluvchi ilmiy muammoning nomi;
3) nutq madaniyati muammolarini o`rganish bilan shug`ullanuvchi sohaning, tilshunoslik fani bo`limining nomi.
Keltirilgan uchta hodisaning har biri o`zining murakkab ko`rinishlariga va qirralariga ega, ularni bir-biri bilan qorishtirmaslik lozim.
Shunday qilib, nutq madaniyatiga berilgan eng muhim ta`riflar quyidagilardir:
Nutq madaniyati-adabiy til rivojining o`ziga xos xususiyatlaridan biridir (Praga lingvistik maktabi).
Nutq madaniyati (til madaniyati)-bu adabiy til me`yorlarining shakllanishi va silliqlanishiga yordamlashishdan iborat bo`lgan faoliyat, ya`ni til rivojiga ongli aralashuvdir (Praga lingvistik maktabi).
Nutq madaniyati-tilni, uning qonun-qoidalarini ongli idrok qilish, aniq, ravshan, ifodali nutq tuza olish mahoratidir (A.Gurevich va b.).
Nutq madaniyati-kishilarning o`zaro to`liq va teran fikrlashishi, tilning barcha imkoniyat va vositalarini puxta egallashidan iboratdir (B.N.Golovin va b.).
Nutq madaniyati-faqat to`g`ri nutqgina emas, balki uquvlilik hamda nutqiy chechanlik hamdir (G.O.Vinokur va b.).
Nutq madaniyati-til vositalaridan o`rinli foydalangan holda maqsadga muvofiq so`zlash va yoza olish san`atidir (A.I.Yefimov).
Nutq madaniyati-bu, avvalo, fikrlash madaniyatidir. (D.E.Rozental va boshqalar).
Milliy o`ziga xosligi bilan ham ajralib turuvchi nutq-madaniy nutqdir (M.Agafonova).
Xulosa shuki, nutq madaniyati-tilni, aloqa va aralashuv qurolini ishlatishga bo`lgan munosabatdir. Til vakillarida bu noyob qurolning imkoniyatlariga munosabat, uni ishlatishdagi boshqa omillar: tafakkur, ong, borliq, turli vaziyat va holatlar, maqsadga bo`lgan munosabat qanchalik yuqori saviyada bo`lsa, nutq madaniyati ham shunchalik yuqori saviyada bo`ladi. Aksincha bo`lsa, unda nutq madaniyati ham past saviyada bo`lishi muqarrardir.
Nutq madaniyati to`g`risida gap borar ekan, tabiiyki, nutqda so`zlarning o`rinli va o`rinsiz ishlatilishi to`g`risida ham bahs boradi. Qo`llangan til birligini to`g`ri yoki noto`g`ri deyilganda, albatta, ma`lum bir o`lchov(mezon)ga asoslanish kerak bo`ladi. Mana shu o`lchov(mezon) tilshunoslikda adabiy til me`yori deb yuritiladi.
Har bir lahjaning, so`zlashuv tilining, adabiy tilning o`z me`yorlari bo`lganidek, nutqning alohida ko`rinishlari bo`lgan argolar, jargonlar ham o`z me`yoriga ega. Xususiy me`yorlar quyidagicha ko`rsatiladi: 1. Dialektal me`yor. 2. So`zlashuv nutqi me`yori. 3. Argolar, jargonlar me`yori. 4. Adabiy til me`yori (adabiy me`yor).
O`zbek adabiy tili me`yorlari ilmiy asarlarda quyidagicha tasnif qilinadi:
Leksik - semantik me`yor.
Talaffuz - (orfo-epik) me`yor.
Yozuv (grafika) me`yori.
Fonetik me`yor.
Aksentologik (urg`uni to`g`ri qo`llash) me`yor.
Grammatik (morfologik va sintaktik) me`yor.
So`z yasalish me`yorlari.
Imloviy me`yor.
Uslubiy me`yor.
10. Punktuatsion me`yor.
Adabiy me`yorning og`zaki va yozma ko`rinishlari mavjud bo`lib, og`zaki adabiy me`yorning rivojlanishiga xalq qiziqchilari, askiyachilari, latifaguy xalq shoir-baxshilari katta hissa qo`shsalar, yozma adabiy me`yorning shakllanishida belgilangan yozuv shakli asosida yozib qoldiriladigan yozma adabiyotning xizmati cheksizdir. Umuman olganda, adabiy til me`yorini o`rganish yangi hodisa emas. Til me`yori va adabiy me`yor muammo sifatida nutq madaniyati ilmiy soha deb tan olingunga qadar ham o`rganib kelingan. Adabiy til me`yori, uning shakllanish, rivojlanish, stabillashuv qonuniyatlari-nutq madaniyati sohasining tekshirish obyekti hisoblanadi.
Nutq madaniyati sohasining adabiy til me`yoriga yondashuvi quyidagi xususiyatlari bilan grammatik munosabatdan farq qiladi.
a) nutq madaniyati adabiy til me`yoridagi o`zgarib, buzilib turuvchi nutqiy nuqsonlarni yuzaga keltiruvchi xususiyatlarni topishi va ularni tuzatishga intilishi lozim;
b) nutq madaniyati adabiy til me`yorini doimiy rivojlanib, o`zgarib turuvchi hodisa sifatida tekshirishi va adabiy til me`yori sistemasidagi yangi holatlarni, o`zgarayotgan, o`zgargan holatlarni, shuningdek, «o`lgan», iste`moldan chiqqan holatlarni hisobga olishi kerak.
v) nutq madaniyati adabiy til me`yori sistemasidagi qarama - qarshi holatlarni belgilashi hamda tilning barcha yaruslari buyicha tekshirishi lozim.
Ma`lumki, tilning paydo bo`lishi va rivojlanishi jamiyat taraqqiyoti bilan uzviy bog`liqdir. U jamiyat taraqqiyoti, mehnat faoliyati jarayonida yuzaga keladigan, faqat jamiyatda, odamlar orasida mavjud bo`ladigan ijtimoiy hodisadir. Jamiyat rivojlangan sari til ham shakllanib boradi. Demak, shu tilda so`zlashuvchi millatning ma`naviyati yuksalib, nutqiy malakasi ortib boradi. Aks holda til tanazzulga yuz tutadi. Bu esa nutqiy malakaning so`nishiga, ma`naviyatning qashshoqlanishiga olib keladi.
Jamiyatda yashayotgan har bir shaxs alohida nutq egasi sanaladi. O`qituvchi ham bundan mustasno emas. Lekin ularning hammasi uchun umumiy bo`lgan nutqiy qurol shu jamiyatning yagona tili hisoblanadi.
Inson nutq faoliyatida adabiy til madaniyati qoidalarini mukammal bilgani holda, ayniqsa, badiiy adabiyotlarni, gazeta va jurnallarni o`qishi, radio va televideniyeni kuzatib borishi, umuman, ommaviy axborot vositalarining ma`lumotlari orqali hamda tinimsiz mustaqil shug`ullanishi natijasida nutqiy malakaga ega bo`ladi.
Adabiy til madaniyatini chuqur egallagan insongina kasbiy nutq madaniyatiga ega bo`ladi. Adabiy til madaniyatini egallashda tilga bo`lgan e`tibor, unga chinakam muhabbat va hurmat muhim ahamiyat kasb etadi. O`qituvchi adabiy tilda gapirishi lozim. Adabiy til va uning me`yorlarini shunchaki qiziqish yoki u bilan nomigagina shug`ullanish orqali egallab bo`lmaydi.
Insonning nutq faoliyati uch ko`rinishda namoyon bo`ladi: so`zlash, mutolaa qilish va eshitish. So`zlash deyilganda, so`zlovchining ma`lumot, maslahat berishi, buyurishi, o`ziga noma`lum bo`lgan narsalar haqida so`rashi tushuniladi. So`zlaganda so`zlovchining bilimi, madaniyati, axloqi, odobi yuzaga chiqadi. So`zlashning monologik va dialogik ko`rinishlari mavjud.
Mutolaa qilish-o`quvchining yozma nutq orqali asar muallifi, obrazlari bilan muloqotidir. Mutolaa tufayli yozma nutqda aks etgan voqea - hodisadan xabardor bo`ladi.
Nutq-so`zlovchi yoki yozuvchi tomonidan shakllantirilgan matnning muayyan ko`rinishi ifoda bo`lib, u faqatgina lisoniy hodisa sanalmasdan, balki ham ruhiyat, ham nafosat hodisasi hisoblanadi. Shuning uchun ham yaxshi nutq deyilganda, aytilmoqchi bo`lgan maqsadning tinglovchi yoki kitobxonga to`liq va aniq yetib borishi, ularga ma`lum ta`sir o`tkazishi nazarda tutiladi. Shunga ko`ra, nutq oldiga muayyan talablar qo`yiladi. Bu talablar nutqning kommunikativ sifatlari bo`lib, unda nutqning mantiqan to`g`ri, fikran aniq, tuzilishiga ko`ra chiroyli va yunalishiga ko`ra maqsadga muvofiq bo`lishi nazarda tutiladi.
Nutqning to`g`rnligi, aniqligi, tozaligi, mantiqiyligi, ta`sirchanligi va maqsadga muvofiqligi unga qo`yiladigan eng muhim talablardir.
Nutqning to`g`riligi uning eng muhim aloqaviy fazilatidir. Chunki nutq to`g`ri bo`lmasa, uning boshqa kommunikativ sifatlari, ya`ni mantiqiyligi, aniqligi, maqsadga muvofiqligiga ham putur yetadi.
Nutq to`g`ri bo`lishi uchun, asosan, ikki me`yorga - urg`u va grammatik me`yorga qattiy amal qilish talab etiladi. O`qituvchi og`zaki nutqining bu ikki muhim komponenti uning notiqlik mahoratini belgilovchi bosh mezonlar darajasiga ko`tarilishi tabiiydir. Atamalar va terminlar, tushuncha va iboralar ifodasida urg`uni to`g`ri qo`llamaslik o`qituvchi nutqidagi eng katta kamchilik sanaladi.
Grammatik me`yorga rioya qilish deganda, gap tuzish qoidalaridan to`g`ri foydalanish, o`zak va qo`shimchalarni qo`shishda xatoga yo`l qo`ymaslik, kelishik qo`shimchalarini o`z o`rnida qo`llash, ega va kesimning mosligi, ikkinchi darajali bo`laklarning ularga bog`lanish qonuniyatlari tushuniladi.
Aniqlik nutqning aloqaviy sifatlaridan biri bo`lib, u obyektiv borliq bilan nutq mazmunining mosligi sifatida yuzaga chiqadi.
Aniq nutq yaratish so`zlovchidan quyidagilarni talab etadi:
a) tilning sinonimik imkoniyatlarini bilish va sinonimik qatorlardan kerakligini ajratib, nutqda qo`llash;
b) nutqda ishlatiladigan so`zning anglatgan ma`nolarini har tomonlama bilish;
v) so`zning ko`p ma`noligiga jiddiy e`tibor berish, ko`p ma`noli so`z nutqda qo`llanganda uning qaysi ma`no qirrasi ko`zda tutilayotganini aniq tasavvur qilish fikrning yuzaga chiqishida bu so`zning boshqa ma`no qirralari monelik qilish-qilmasligini ko`z oldiga keltirish;
g) omonimlarning xususiyatlarini bilish, chunki ularni bilmaslik aniqlikning buzilishiga olib keladi;
d) paronimlarni bilish, ulardagi tovush yaqinliklariga e`tibor berish;
ye) tor muhitda ishlatiladigan, chetdan kirgan, kasb - hunarga oid, arxaik, eskirgan, dialektizm so`zlarning ma`nolarini yaxshi anglagan holda nutqqa kiritish.
Nutqning tozaligi deganda, eng avvalo, uning adabiy til me`yoriga muvofiq kelish -kelmasligi tushuniladi.
Nutqimizning sofligiga, asosan, quyidagilar ta`sir qiladi:
1. Mahalliy dialekt va shevalarga xos so`z, ibora, shuningdek, grammatik shakllar, so`z va so`z birikmalarining talaffuzi, urg`usi.
2. O`rinsiz qo`llangan chet so`z va so`z birikmalari.
Jargonlar.
Vulgarizmlar.
Nutqda ortiqcha takrorlanadigan «parazit» so`zlar.
Kanselyarizmlar.
Varvarizmlar.
Sanab o`tilganlardan o`rinsiz foydalanish kundalik nutqni ham, badiiy nutqni ham xiralashtiradi. Har bir o`qituvchi o`z nutqining adabiy me`yorlar darajasida bo`lishi uchun harakat qilishi lozim. O`z shevasiga xos bo`lgan til vositalarini nutqqa o`rinsiz olib kirish ham nutqni buzadi. Ammo dialektizm va varvarizmlar badiiy asar tilida ma`lum badiiy - estetik vazifani bajarishi, muallifning ma`lum g`oyasini, niyatini amalga oshirishga xizmat qilishi ham mumkin.
Nutqda o`rinsiz ishlatilgan boshqa tillarga oid so`zlar varvarizmlar deb ataladi. Jargon – biror guruh vakillarining, o`z nutqi bilan ko`pchilikdan ajralib turish maqsadida, o`zicha mazmun berib, ishlatadigan so`z va iboralaridir.
Vulgarizmlar-dag`al so`z yoki iboralardir(so`kish, haqoratlash, qo`pollik, johillik kabilar).
Parazit so`zlar deb ataluvchi lug`aviy birliklar ham til madaniyati uchun yotdir. Ular, asosan, so`zlashuv nutqida ko`p ishlatilib, notiqning o`z nutqini kuzatib bormasligi, e`tiborsizligi natijasida paydo bo`ladi va bora-bora odatga aylanib qoladi.
Nutqning mantiqiyligi uning asosiy sifatlari bo`lgan to`g`rilik va aniqlik bilan chambarchas bog`langandir. Chunki grammatik jihatdan to`g`ri tuzilmagan nutq ham, fikrni ifodalash uchun muvaffaqiyatsiz tanlangan lug`aviy birlik ham mantiqning buzilishiga olib kelishi tabiiydir.
Nutqning ta`sirchanligi deganda, asosan, og`zaki nutq jarayoni nazarda tutiladi. Shunga ko`ra nutqning tinglovchi tomonidan qabul qilinishidagi ruhiy vaziyat ham e`tiborga olinadi. YA`ni, bunda notiq tinglovchilarni ularning bilim darajasidan tortib, hatto yoshigacha, nutqining qanday qabul qilinayotganigacha nazorat qilishi zarurdir. Professional bilimga ega bo`lgan kishilar oldida jo`n, sodda tilda gapirish maqsadga muvofiq bo`lmagani kabi, oddiy, yetarli darajada ma`lumotga ega bo`lmagan tinglovchilar oldida ham ilmiy va rasmiy tilda gapirishga harakat qilish maqsadga muvofiq emas. O`qituvchi nutqining auditoriyaga mosligi uning eng asosiy sifat ko`rsatkichi ekanligini doimo nazarda tutib so`zlashi lozim.
Tinglovchilar tushuna oladigan tilda gapirish, ularni ifodalanayotgan fikrga ishontira olish o`qituvchilar oldiga qo`yiladigan asosiy shartlardan hisoblanadi. Buning uchun esa, yuqorida aytilganidek,o`quv materialini va uning mazmun hamda mohiyatini yaxshi bilishdan tashqari, uni bayon etishning aniq, belgilangan rejasi ham bo`lishi kerak.
O`qituvchining o`z nutqiga munosabati ham muhim kasbiy fazilat hisoblanadi. Bunday holat o`qituvi va tinglovchi o`rtasidagi aloqaning mustahkamlanishiga samarali xizmat qiladi. Notiq fikrlarini o`zi yoki tinglovchilar hayotidan olingan misollar asosida isbotlashga harakat qilsa, mavzuga doir subyektiv fikr-mulohazalarini bildirsa, nutq yana ham ishonarli va ta`sirli bo`ladi.
Nutqning ta`sirchanligiga erishishda tilning tasviriy vositalari hisoblangan metafora, metonimiya, sinekdoxa, o`xshatish, epitet, takror va adabiy ko`chimlarning ham roli kattadir. Bulardan tashqari nutqda ta`sirchanlikni ta`minlash uchun maqol, matal, hikmatli so`z va iboralardan, ayniqsa, frazeologizmlardan unumli foydalanish zarur.
Nutqning maqsadga muvofiqligi juda muhimdir. Nutq madaniyati-adabiy til me`yorlarini puxta egallash va ulardan nutqda to`liq foydalanish demakdir.
Til - aloqa quroli, til - hayot ko`zgusi, til - ma`naviyat belgisi bo`lishi bilan bir qatorda o`qituvchi uchun eng muhim metodik vosita sifatida katta xizmat qiladi. Insonni hayvonot olamidan ajratib, uni koinot sarvariga va gultojiga aylantirgan omil ham tildir. Inson aqliy faoliyatining eng oliy mahsullari, tafakkur «mevalari» til va nutq orqali yuzaga chiqadi.
So`zning tarixiy - madaniy, ma`naviy xizmati cheksiz, albatta. Lekin tilning imkoniyatlari nutq orqali, nutq jarayonida ochiladi va o`qituvchilar shu imkoniyatlardan samarali foydalanishlari lozim. Nutq sifatsiz bo`lar ekan, tilning cheksiz imkoniyatlari ta`lim-tarbiya jarayonlarida yetarli darajada yuzaga chiqmay qolaveradi.
Fap6 donishmandlaridan R.Emirsonning ta`kidlashicha, «Nutq - qudratli kuch: u ishontiradi, undaydi, majbur etadi». Bu gapda nutqning shunday fazilati ta`kidlanayaptiki, u, birinchi navbatda, ishontirish san`atidir. O`quvchilar bilan muloqotda bo`layotgan o`qituvchi ishonarli gapirishi, nutqi dalillangan, puxta asoslangan bo`lishi lozim. O`quvchilarning ishonchini, mehrini qozongan o`qituvchinigina haqiiqiy ustoz deyish mumkin.
Nutq-harakatdagi tildir. Nutq til birliklarini o`zaro mantiqiy bog`lab, ularni harakatga keltiradi. Nutq-so`z, so`z birikmalari va gaplardan iborat bo`ladi.
Nutq, nutq odobi-insonning ma`naviyati va ma`rifatini belgilovchi asosiy mezondir. Demak, kishining odobi, eng avvalo, uning nutqida ko`rinadi. Nutq odobi deganda, aytilishi zarur bo`lgan xabarlarni, tinglovchini hurmat qilgan holda, uning ko`ngliga mos holda adabiy me`yordagi ifodalar bilan yetkazishdir. Xunuk xabarni ham tinglovchiga beozor yetkazish mumkin. Buning uchun so`zlovchi tilni mukammal bilishi kerak. Muloyim, yoqimli, odobli so`zlash ham o`z-o`zidan paydo bo`lmaydi. Unga yoshlikdan ibratli kishilarga taqlid qilish, ulardan o`rganish va muntazam ravishda mashq qilish hamda tilga jiddiy munosabatda bo`lish orqali erishiladi. O`quvchi uchun esa eng yaxshi namuna o`qituvchidir. Buni o`qituvchi har doim his qilib turishi kerak.
Bolaga yaxshilik qilgan, aytilgan yumushni, iltimosni bajargan kishilarga o`z vaqtida minnatdorchilik bildirish odobini ham o`rgatib borish lozim. Tilimizda rag`batlantirishni, minnatdorchilikni anglatadigan chiroyli ifodalar bor. Ularni kundalik muomalaga kiritish, o`z o`rnida ishlatish kishi xulqini naqadar bezaydi. O`qituvchi topshiriqni yaxshi bajargan o`quvchilarni shirin va yoqimli so`zlar bilan rag`batlantirishi lozim.
«Har bir kishining madaniylik darajasi, o`qib qanchalik tarbiya ko`rganligi uning yozma va og`zaki nutqidan bilinadi» (S.Ibrohimov).
O`qituvchining yozma nutqiga ham katta talablar qo`yiladi. Bular imloviy savodxonlik, fikrni yozma tarzda ravon ifodalash, yozuv qoidalariga rioya qilish, orfografik va punktuatsion hamda stilistik xatolarga yo`l qo`ymaslik kabilardir. Shuning uchun o`qituvchining yozma nutqi ikkita komponent-imlo savodxonligi va husnixat(kalligrafiya, yozuv uslubi)dan iborat, deb yuritiladi.
Og`zaki va yozma mukammal nutq shartli ravishda (ma`joziy ma`noda) o`qituvchining ikki “yorug` yuzi” deb ham ataladi.
Tilning dunyoni bilish, bilimlarni to`plash, saqlash, keyingi avlodlarga yetkazish, ruhiy munosabatlarni aks ettirish, go`zallik kategoriyalarini voqelantirish kabi qator vazifalarni bajarishiga qaramasdan, uning asosiy funksiyasi kishilar o`rtasidagi aloqani ta`minlashi va ularning bilim olishida qudratli qurol ekanligida ko`rinadi.
|
| |