O’zbekistonda naqsh san’atining rivojlanishi va taraqqiyoti




Download 2.64 Mb.
bet9/35
Sana03.04.2021
Hajmi2.64 Mb.
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   35
O’zbekistonda naqsh san’atining rivojlanishi va taraqqiyoti

1.1.-§.

O’zbekistonda naqqoshlik san’ati va yetakchi naqqoshlar tarixi va rivojlanishi

O’zbek xalqining ko’p asrlik tarixida xalq amaliy bezak san’ati madaniy merosimizning asosiy qismini tashkil etadi. O’zbek diyorida vujudga kelib, gullab yashnagan amaliy san’at turlari bemisil va betakrorligi bilan dunyoga mashhur. Bu taraqqiyot bosqichi haqida fikr yuritar ekanmiz, O’zbek amaliy bezak san’atining kelib chiqishi insoniyatning ilk davri, ya’ni ibtidoiy jamoa davriga borib taqalishining guvohi bo’lamiz.

O’lkamiz zaminidagi arxeologik qazishlar natijasida topilgan yodgorliklarning guvohlik berishicha, insonning jismga badiiy ishlov berish usulida buyum yaratish faoliyati tosh asridayoq boshlanib, asrlar osha hozirgacha davom etib kelmoqda.

Bizgacha ibtidoiy jamoa tuzumida ashyoviy dalillar -mehnat va ov qurollari, uy-anjom va bezak buyumlari, odamlar yashagan manzil qoldiqlari yetib kelgan. Tuproq ostida qolib ketgan tarixiy yodgorliklar odam va hayvonlar jasadining qoldiqlari, Qor va yerto’la devorlariga chizilgan surat va bo’rtma tasvirlar ibtidoiy jamoa davri tarixini o’rganishning muhim manbai hisoblanadi.

Paleolit davrida amaliy-dekorativ san’at namunalari ham keng tarqala boshladi. Buyumlarni naqsh bilan bezashga, turli taqinchoqlarga, tumorlarga ehtiyoj paydo bo’lganligi arxeologlar tomonidan topilgan ashyoviy buyumlarda namoyon bo’lmoqda. Odamlarning o’troq holga o’tishlari, tabiat qonun-qoidalarini kuzatish simmetriya, ritm, shakl tuyg’ularini o’sishiga sabab bo’ldi. Bir xil elementlarning tekis qaytarilishi yoki oralab kelishi asosida vujudga keladigan o’ziga xos naqqoshlik san’atini maydonga keltirdi. Naqqoshlik yangi tosh (neolit) asrida keng yoyildi, dekorativ-amaliy san’atning taraqqiy etishga ta’sir ko’rsatdi va yordam berdi. Kulolchilik va boshqa buyumlarni naqsh bilan bezash keng tus oldi. Parallel, spiralsimon va to’lqinsimon chiziqlar, aylanalar shu davrdagi ko’pgina naqshlarning asosini tashkil etadi. Geometrik naqshlar asta-sekin sxematik odam, hayvonlar va o’simliklar dunyosidan olingan shakllar bilan boyitilib, mazmunan kengayib bordi. Uning elementlari koinot kuchlarining ramziy belgilarini aks ettira bordi. Masalan, rozetka-quyosh ramzi, to’lqinsimon chiziq- harakat, suv ramzi va hokazo.

Naqqoshlik san’ati endilikda dekorativ funksiyani bajaribgina qolmay, balki shu bilan birga, kishilarning Qoyaviy va falsafiy tushunchalarni ham ifodalay boshladi.

Bronza asrida O’rta Osiyoda kulolchilik yanada rivojlandi. Kulolchilik dastgohlarining yuzaga kelishi esa, yaratilgan buyumlarning yanada nafis va go’zal bo’lishini ta’minladi. Chustdan topilgan qizil fonga qora bo’yoqlar bilan rasm va naqshlar ishlagan sopol buyumlar diqqatga sazovordir.

Temir asrida ham dekoartiv-amaliy san’at yetakchi o’rinni egallaydi. Bezash ishlarida geometrik naqshlardan tashqari, syujetli kompozisiyalardan foydalanish alohida rivojlangan.

O’rta Osiyoning qadimgi davri san’ati va madaniyatini o’rganishda yer ostidan, qabrlardan topilgan turli dekorativ amaliy san’at namunalari, jang, ov va mehnat qurollari ham muhim rol o’ynaydi. Sopol buyumlar, bronza, oltin, kumushdan ishlangan, kishilar ehtiyoji uchun ishlatiladigan buyumlar yuzasi naqshlar bilan bezatilgan, bo’rtma tasvir va haykallar bilan pardozlangan. Ayrim buyumlar yuzasiga esa hayotiy voqyealar aksi tushirilgan. Ana shu daliliy materiallar o’tmish san’ati va madaniyati, kishilarning estetik, badiiy qarashlarini bilishga xizmat qiladi.

O’zbekiston hududida arxeologik qazilmalardan Xorazm, So’g’d, Baqtriya va boshqa viloyatlarda naqqoshlik san’atining rivojlanganligi ma’lum. Surxondaryo viloyatidagi Fayoztepa (I-IIasr), Dalvarzintepa (I-asr) budda ibodatxonalari qazilmalaridan topilgan rasm, naqsh qoldiqlari buning yaqqol dalilidir.

Eramizdan avvalgi IV-VI asrlarda O’rta Osiyodagi badiiy hayot va madaniyatni tushunishda Amudaryoning yuqori oqimi tomonidan topilgan "Amudaryo boyligi" (Oks boyligi) muhim o’rinni egallaydi. Hozirgi kunda Londondagi Britaniya muzeyida saqlanayotgan bu yodgorliklar ichida oltindan yasalgan haykallar, turli ko’za, bilaguzuk, uzuk, muhr, tangalar, oltindan yasalgan arava va qurollar diqqatga sazovordir.

Buyuk sarkarda Iskandar Zulqarnay (Aleksandr Makedonskiy) eramizdan avvalgi IV asrlarda Axmoniylar davlatini tor-mor etib, O’rta Osiyo yerlarining ko’pgina qismini o’ziga qaratib oldi. Faqat Xorazm, Farg’ona va Sirdaryo bo’yidagi ko’chmanchi qabilalargina o’z mustaqilligini saqlab qoldi.

Amaliy san’atga bu qadar chuqur falsafiy yondoshish natijasida shartlilik, stilizasiya - ramziylikka asoslangan badiiy bezak asarlari yaratish kuchaygan. Ushbu tarixiy omil o’zbek milliy bezak san’atining gurkirab rivojlanishiga turtki bo’lgan va hozirda jahonga mashhur me’morchilik yodgorliklarimiz ulardagi ganchkorlik, koshinkorlik, naqqoshlik, xattotlik, toshtaroshlik va boshqa turdagi san’atlarning ajoyib darajada uyg’unligidan va mujassamligidan dalolatdir. Xalq amaliy bezak san’ati kishilarning ma’naviy olamini boyitadi, badiiy didini shakllantiradi, ruhiyatini tarbiyalaydi. Shuning uchun ham o’zbek xalq amaliy san’ati kishilarni badiiy- ahloqiy, umuminsoniy tarbiyalab, ularning ilmiy dunyoqarashlarini shakllantirishda, hamda madaniy darajasini oshirishda eng zarur manbalardan biri hisoblanadi.

Yaqin o’tmishda o’zbek amaliy bezak san’atining eng rivojlangan naqqoshlik, ganchkorlik, tosh va suyak o’ymakorligi, kandakorlik, pichoqchilik, bo’yrachilik, zargarlik, kashtachilik, zardo’zlik, gilamdo’zlik, kigizchilik, savatchilik kabi turlarining o’ziga xos bajarish texnologiyalari, haqiqiy milliy nomlari, ularga xos atamalar, bu san’atlarga xos maktablar, uslublar hamda shu sohalarda nom qozongan ustalarning xizmatlari butun jahonga dong’i ketgan.

O’rta Ociyo naqqoshlik san’ati qadimdan dunyoga mashhur. O’tmishda ota-bobolarimiz qurgan muhtasham binolar hozirgi kungacha maftunkor jilvasini yo’qotmagan. Yuksak did bilan ishlangan naqshlar hozirgacha bizni hayratga solib kelmoqda. Naqsh arabcha tasvir, gul degan ma’noni bildirib, u qush, hayvonot, o’simlik dunyosi, geometrik va boshqa turli shakllarning ma’lum tartibda takrorlanishidan hosil qilingan bezakdir.

Islom talablariga buysunish oqibatida jonivorlar, parrandalar va odamlarni tasvirlash yo’qolib borib naqqoshlik rivoj topdi. Arab yozuvi o’zlashtirildi. Natijada naqshlar bilan unvonli yozuv (epigrafika) uslubi paydo bo’ldi. Arab yozuvi naqshlar bilan birga chizildi. Arab yozuvi ham bezak, ham duo-afsunlar vazifasini bajardi.

Naqqoshlik xalq-amaliy bezak san’atning bir turi sifatida qadimdan o’zbek madaniyatining muhim bo’lagi hisoblanadi. Ko’p asrlar mobaynida uning badiiy an’analari vujudga keldi va rivojlandi. Naqshlarda san’atning boshqa hamma turlaridan farqli ravishda avlodlarning chambarchas bog’liqligini, milliy an’analarning davomiyligini ko’rish mumkin. Naqqoshlik an’analari san’atning ana shu turini o’rganish metodlari sifatida ham bobodan otaga, otadan o’g’ilga o’tib kelgan. Ana shu davomiylik tufayli naqqoshlik san’ati hozirgacha saqlanib kelmoqda. Naqshning eng yaxshi namunalari boy ijodiy fantaziya orqali birlashtirilgan shakllarning maqsadga muvofiqligi va go’zalligi bilan farqlanadi. Bunda xalq ustalarining atrof muhitga qarashlaridagi tafovut aks etadi. Naqshdagi chizgilar o’yini musiqadagi ohang singari, qo’shiq va ertak kabi “xalq hayotiy tajribasining katta umumlashmasidan” tarkib topgandir.

Badiiy naqqoshlik ranglarning uyg’unligida va o’ziga xos kompozisiyalarda go’zallik yaratish san’atidir. Naqqosh usta o’z ishida ranglarning tabiiy jilosidan va uyg’unligidan, bejirim shakldan, material fakturasidan mohirlik bilan foydalanib yorqin ifodalikka erishadi.

O’zbekistonning an’anaviy me’morchiligida naqqoshlik asosan shiftlarni, jimjimador araqilarni, saroy ustunlarini, masjidlar, maktablar, boylarning uylari, yog’ochdan yasalgan buyumlarni bezashda qo’llangan. Nozik o’simliksimon-geometrik naqshdagi o’zaro singib ketgan novdalar, shoxlar va hashamatli tasvirlangan gullarning ritmik harakati, o’zbek ustalarining ishlaridagi islimi va girih naqshlarining klassik motivlari shiftlarning shakliga moslangan. Naqsh ko’proq interyerlarni va yopiq ayvon, peshayvonlarni bezashga xizmat qiladi.

Hozirgi paytda naqshdan me’morchilikda, uy jihozlari, sovg’alar, mayda yog’och o’yinchoqlar, musiqa asboblari va turmushda kerakli buyumlarni bezashda foydalaniladi.

Badiiy naqqoshlik san’ati hozirgi kunda keng tus olmoqda. Matbuot, radio, televideniye, kino orqali kishilar ana shu san’at namunalari va uning xalq ustalari bilan tanishmoqdalar. Bu san’atkorlar orasida O.Qosimjonov, Ye.Raufov, A.Boltayev, S.Norqo’ziyev, A.Azimov, A.Isayev, B.Abdullayev, T.To’xtaho’jayev, J.Xakimov, Z.Bositxonov, M.To’rayev, T.Ahmedov, K.Karimov, A.Ilhomov va boshqalar bor. Xalq ustalarimizning, ulardan ta’lim olgan shogirdlarning ishlarini Toshkentdagi amaliy san’at muzeyida, ko’rgazma zallarida, badiiy salonlarda, shuningdek, turar-joy va jamoat binolarida, masalan, Toshkent Davlat sirki, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, Milliy akademik drama teatri, Temuriylar tarixi muzeyi, Oliy Majlis va Shahar Hokimiyati binolari, metro stansiyalari, mehmonxonalar, kabi ma’muriy va maishiy inshootlarda ko’rish mumkin. Hozirgi vaqtda maktablarda va maktabdan tashqari muassasalarda to’garaklar tarmog’ini iloji boricha kengaytirish vazifasi qo’yilmoqda. Xalq naqqoshlik san’atini o’rganish o’quvchilarda badiiy didni, mehnatsevarlikni rivojlantirishga va qator foydali bilim hamda malakalarni tarkib toptirishga xizmat qiladi. Ularning ijodiy qobiliyatlarini aniqlash va o’stirishga yordam beradi.





Download 2.64 Mb.
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   35




Download 2.64 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



O’zbekistonda naqsh san’atining rivojlanishi va taraqqiyoti

Download 2.64 Mb.