011 yil dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi ochildi




Download 51 Kb.
Sana20.11.2023
Hajmi51 Kb.
#102112
Bog'liq
2011 yil 5 dekabr kuni Toshkent shahrida O


2011 yil 5 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan parlament yuqori palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘n to‘qqiz yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqdilar. Ushbu masala bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Masalani ko‘rib chiqish vaqtida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘n to‘qqiz yilligi arafasida amnistiya aktining qabul qilinishi inson huquqlari va uning manfaatlari oliy qadriyat bo‘lgan, olib borilayotgan demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini tashkil etgan davlatimiz insonparvarligining yana bir yorqin ko‘rinishi ekanligini qayd etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarorida quyidagi mahkumlarni – ayollarni; jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni; 60 yoshdan oshgan erkaklarni, chet davlatlarning fuqarolarini jazodan ozod qilish (nazarda tutilgan cheklashlarni hisobga olgan holda) nazarda tutilgan. Shu bilan bir qatorda Senat qarorida yana bir necha toifadagi shaxslarni jazodan ozod qilish nazarda tutilgan, shuningdek, amnistiya to‘g‘risidagi aktning amal qilishi ta’sir etmaydigan shaxslar doirasi belgilangan.
Senat o‘zining qarori bilan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatni qo‘llanish tartibini belgilagan bo‘lib, unda amnistiya bo‘yicha jazodan ozod qilinadigan shaxslarga doir ishlar va materiallarni sud tomonidan ko‘rib chiqish tartib-taomili bayon etilgan. Bunda senatorlar, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari hamda Oliy Majlis inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakillari amnistiya akti qo‘llanilishi, shuningdek amnistiya aktini qo‘llanish tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligini ta’minlash ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda faol ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, jazodan ozod etilayotgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi va himoyasiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, ular to‘liq hisobga olinishi va ishga joylashtirilishiga qaratilgan kompleks tadbirlarni amalga oshirish ham nazarda tutilmoqda.
Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasining 2012 yilgi Davlat budjetini ko‘rib, tasdiqladilar. Muhokama jarayonida O‘zbekiston Respublikasining 2012 yilgi Davlat budjeti xo‘jalik yurituvchi subyektlar va jismoniy shaxslarga tushayotgan soliq yukini yanada kamaytirishga, ishlab chiqarishni yanada modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun qulay sharoitlar yaratishga, soliq solish tizimini soddalashtirishga, ishlab chiqarish yanada o‘sishini hamda aholining real daromadlari ko‘payishini rag‘batlantirish uchun zarur bo‘lgan boshqa choralarni ro‘yobga chiqarishga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mamlakatning 2012 yilgi asosiy moliyaviy hujjati ish haqi, stipendiyalar, ijtimoiy nafaqalar va pensiyalar miqdorlarini inflatsiya sur’atlaridan yuqori darajalarda oshirish yo‘li bilan aholi daromadlari va turmush darajasi to‘xtovsiz o‘sib borishini ta’minlashni nazarda tutadi. Hujjat budjet aholiga ijtimoiy yordamning manzilliligini kuchaytirishga, shuningdek jahonda inqiroz holatlari davom etayotgan bir sharoitda mamlakatni iqtisodiy jihatdan barqaror o‘stirishning muhim omili sifatida ichki talabni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan.
Kichik biznes subyektlari jadal rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida sanoat sohasidagi korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 6 foizdan 5 foizga tushirish nazarda tutiladi.
Aholining real daromadlarini ko‘paytirish maqsadida kelgusi yilda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining eng kam stavkasi bir foiz bandiga kamaytiriladi. Bu esa to‘lovchilarning har bir guruhidan undiriladigan soliq qisqarishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasining 2012 yilgi Davlat budjeti ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qilinadigan xarajatlarni ko‘paytirish tamoyili saqlanib qolishini nazarda tutayotganligi, ularning ulushi umumiy xarajatlarning 58,6 foizini tashkil etishi alohida qayd etildi. Davlat budjetida ta’lim, sog‘liqni saqlashni moliyalashni ko‘paytirish, ish haqini va ijtimoiy to‘lovlarni oshirish nazarda tutilgan.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan bandlik oshishini, aholi daromadlari o‘sishini, turmush darajasi va sifati yuksalishini, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining mehnat salohiyatidan samarali foydalanishni ta’minlash, ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligi masalalarini hal qilish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan 2012 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ham ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar.
Dasturda 2012 yilgi investitsiya dasturini, 2011 – 2012 yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini, ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlantirishning hududiy dasturlarini, mintaqaviy investitsiya dasturlarini ro‘yobga chiqarish hisobiga 2012 yilda 967,5 mingta, asosan qishloq joylarda, ish o‘rinlari tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning ro‘yobga chiqarilishi kichik korxonalar va mikrofirmalar ochish, xususiy tadbirkorlikni va kasanachilikni rivojlantirish, parrandachilikka, baliqchilikka, asalarichilikka, meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari sonini ko‘paytirish, aholi punktlarini obodonlashtirish, avtomobil va temir yo‘llari qurish hamda ularni ta’mirlash ishlarini jadallashtirish hisobiga yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga yordam beradi.
Senatorlar davlatimiz rahbari tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari muddatini hozir amal qilib turgan yetti yildan besh yilgacha qisqartirishni nazarda tutadigan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga tuzatish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga tuzatish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
O‘zbekiston yigirma yillik taraqqiyot davrida davlat tuzlishini qaror toptirish va uni isloh qilish hamda hokimiyat tarmoqlari bo‘linishining konstitutsiyaviy prinsipini ro‘yobga chiqarish, ular o‘rtasida samarali o‘zaro tiyib turish va muvozanatlar tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi hamda vakillik hokimiyatlarining roli va vakolatlarini kuchaytirish, sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash yo‘lini bosib o‘tganligi qayd etildi.
Milliy davlatchiligimizni hamda mamlakatimiz uchun yangi bo‘lgan erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish va qaror toptirishning dastlabki yillarida Prezidentga berilgan huquqlar hamda vakolatlarning bir qismini qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi tuzilmalarga berish sohasidagi ishlar izchil, tizimli va keng ko‘lamli o‘zgartishlar doirasida olib borildi. Chunonchi, ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti egallab kelgan Vazirlar Mahkamasining Raisi lavozimining tugatilishi va ushbu vakolatlarning Bosh vazirga berilishi juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy-huquqiy ish bo‘ldi.
Ikki palatali parlament shakllantirilishi bilan Prezident vakolatlarining ko‘p qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga berildi va bugungi kunda uning tomonidan muvaffaqiyatli bajarib kelinmoqda.
Senatorlar hozirgi kunda ko‘rilayotgan mana shu va boshqa chora-tadbirlarning hammasi mamlakatimiz siyosiy va iqtisodiy tizimni demokratlashtirish va liberallashtirish yo‘lidan aniq maqsadni ko‘zlab, bosqichma-bosqich hamda evolyutsion yo‘l bilan ilgarilab borayotganligining, O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘yayotgan uzoq muddatli maqsad – zamonaviy rivojlangan, demokratik davlatlar qatoridan joy olish maqsadi ro‘yobga chiqarilayotganligining yorqin tasdig‘i ekanligini alohida ta’kidladilar.
Oliy Majlis yuqori palatasining vakillari qayd etganlaridek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash muddatini hozir amal qilib turgan yetti yildan besh yilgacha qisqartirish mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning obyektiv realligini, mantiqi va izchilligini aks ettiradi, hozirgi vaqtda amalga oshirilayotgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi talablariga, shuningdek dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlarning mutlaq ko‘pchiligida vujudga kelgan amaliyotga mosdir.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. Jabrlanuvchining shikoyati bo‘yicha jinoiy ishlarni qo‘zg‘atish va tergov qilish hollarini kengaytiradigan ushbu Qonunning asosiy maqsadi jinoyat-protsessual qonunchilikni yanada liberallashtirishdan iborat ekanligi qayd etildi.
Shundan keyin “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi “O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi. Qonunning asosiy maqsadi pensiyalar miqdorlarini hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o‘tgan yillarning ish haqlarini qayta hisoblash tartibini qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yishdan iboratdir.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2010 yil 12 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida bayon etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ro‘yobga chiqarish doirasida tayyorlangan qonunlarni ham ko‘rib chiqdilar.
Tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida tayyorlangan “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni shular jumlasidandir. Xususan, Qonundagi asosiy yangiliklardan biri moliya xizmatlari bozorlariga monopoliyaga qarshi tartibga solishni joriy qilishdan iborat ekanligi qayd etildi. Senatorlar ko‘rsatib o‘tganlaridek, ushbu Qonunning qabul qilinishi raqobat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning tiniqligi va samaradorligini oshiradi, tadbirkorlik subyektlarining faoliyati, tovarlar erkin olib yurilishi uchun teng sharoitlarni, iqtisodiy faoliyat erkinligini ta’minlab beradi, bu esa tovarlar va xizmatlar bozorlarida raqobatni rivojlantirish va uni himoya qilishning asosiy jihatidir.
Senatorlar “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar. Qonun telekommunikatsiyalar sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, foydalanuvchilar va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga, jamiyat va davlat qurilishining hamma sohalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Shundan so‘ng, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 24 maydagi “O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorini ijro etish yuzasidan tayyorlangan va qabul qilingan “Intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.
Majlis davomida “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 2 maydagi “Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida tayyorlangan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 26 va 27-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.
Har tomonlama muhokama qilinganidan so‘ng “Soliq maslahati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham ma’qullandi. Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi soliq maslahati bo‘yicha xizmatlar bozorining rivojlanishiga, soliq qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlar qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishiga yordam beradi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yettinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.
Download 51 Kb.




Download 51 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



011 yil dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi ochildi

Download 51 Kb.