|
1-a. Metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti fanining maqsad, vazifalari va rivojlanish tarixi Ishdan maqsad
|
Sana | 31.01.2024 | Hajmi | 60 Kb. | | #149334 |
Bog'liq 1 a “Metrologiya standartlashtirish va sertifikatlashtirish” fanining
1-Amaliy mashg‘ulot
1-a. Metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti fanining maqsad, vazifalari va rivojlanish tarixi
Ishdan maqsad: Oliy ta’lim andozasidan kelib chiqib, ushbu fanning maqsad va vazifalarini talabalarda metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti bo‘yicha zarur va yetarli bo‘lgan asosiy tushunchalarni shakllantiradi.
Nazariy qism: “Metrologiya standartlashtirish va sertifikatlashtirish " fanini o‘rganishdan maqsad: talabalarda xalq xo‘jaligining texnika, menejment va marketing sohalaridagi ishlab-chiqarish, savdo, nazorat va iste’mol bilan bog‘liq bo‘lgan turli metrologik, sifat boshqaruvi va sertifikatlashtirish bo‘yicha masalalar bilan shug‘ullanish, hamda me’yoriy hujjatlar va standartlar bilan ishlash borasida boshlang‘ich bilim va malakalarni hosil qilish. Asosiy vazifalar esa talabalarni uzluksiz ta’lim tizimida "Metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish" bo‘yicha tayyorlashdan kelib chiqadi. Bunda maxsus fanlar doirasida rivojlanuvchi va chuqurlashuvchi metrologiya, standartlashtirish, kvalimetriya va sertifikatlashtirish bo‘yicha fundamental ma’lumotlar o‘rganiladi. Inson aql-idroki, zakovati bilan o‘rganayotgan, shakllantirayotgan hamda rivojlantirgan qaysi fanni, uning yo‘nalishini olmaylik, albatta o‘lchashlarga, ularning turli usullariga, o‘zaro bog‘lanishlariga duch kelamiz. Bu o‘lchash usullari va vositalari yordamida ularning birligini, yagona o‘lchashni talab etilgan aniqlikda ta’minlash metrologiya fani orqaligina amalga oshiriladi. Shu sababdan hozirdagi qaysi bir fan, ilmiy yo‘nalish, u hoh tabiiy, hoh ijtimoiy bo‘lmasin, albatta u yoki bu darajada metrologiya bilan bog‘liq. Inson qo‘li yetgan, faoliyati doirasiga kirgan ammo o‘lchashlar va ularning vositalari yordamisiz o‘rganilgan, izlangan hamda ko‘zlangan maqsadlarga erishish mumkin bo‘lgan birorta yo‘nalish yo‘q.Shuning uchun ham metrologiya, standartlashtirish va sertifikatsiyalash asoslarini bilish, uni o‘z mutaxassisligi doirasida tushunish va amaliy qo‘llash texnika va texnologiya sohalaridagi bakalavriat yo‘nalishlari bitiruvchilari muhim omillardan biri bo‘lib hisoblanadi.
"Metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti" fanini o‘rganishdan maqsad: talabalarda xalq xo‘jaligining texnika-texnologiya, ishlab chiqarilgan har qanday mahsulotlarning sifati, kimyoviy tarkibini aniqlash, menejment va marketing sohalaridagi ishlab-chiqarish, savdo, nazorat va iste’mol bilan bog‘liq bo‘lgan turli metrologik, sifat boshqaruvi va sertifikatlashtirish bo‘yicha masalalar bilan shug‘ullanish, hamda me’yoriy hujjatlar va standartlar bilan ishlash borasida yetarli bilim va malakalarni hosil qilish. Asosiy vazifalar esa talabalarni uzluksiz ta’lim tizimida "Metrologiya va standartlash" bo‘yicha tayyorlashdan kelib chiqadi. Bunda maxsus fanlar doirasida rivojlanuvchi va chuqurlashuvchi metrologiya, standartlashtirish, kvalimetriya sifatni o‘lchash , maxsulot sifati menejmenti va sertifikatlashtirish bo‘yicha fundamental ma’lumotlar o‘rganiladi.
Metrologiya, yunoncha: "metron" - miqdor va "logos" ya'ni o‘rganish so‘zlaridan tashkil topgan.Umuman olganda esa metrologiya, miqdorlarni o‘rganish to‘g‘risidagi fan degan ibora ham mavjud. Metrologiya, hozirgi zamon tushunchasida - o‘lchash usullari, o‘lchov vositalari va o‘lchov birliklari to‘g‘risidagi maxsus fan bo‘lib, barcha fizik kattaliklarni o‘lchashni, o‘lchov vositalari va usullarining yagonaligi tamoyillarini va nihoyat o‘lchashdagi talab qilinayotgan aniqlikka erishish usullarini o‘rgatadi.
Sifat masalasi har bir ishda, u qanday ish bo‘lishidan qat’iy nazar, uning asosiy baholash kriteriyasi (ko‘rsatkichi) bo‘lishi kerak. Agarda har bir inson o‘z ishiga yuqori ma’suliyat bilan qarab asosiy baholash kriteriyasiga munosib ravishda ish ko‘rsa xayotimiz kundan - kunga yaxshilanib borishi turgan gap, bu esa butun mamlakat bo‘ylab sifat masalasini yuqori darajaga ko‘taradi.
O‘lchashlar haqidagi fanning tarixi minglab yillarni tashkil etadi. Ushbu rivojlanish davrini uning mazmuni va mohiyatiga asoslangan holda quyidagi bosqichlarga bo‘lish mumkin:
-Antik rivojlanish davri.
-Stixiyali rivojlanish davri.
-Metrik tizimning joriy etilishi.
-Metrologiya xizmatlarining integrasiyalashish davri.
-O‘zbekistonnning mustaqillik davridagi rivojlanishi.
Antik rivojlanish davri. O‘lchashlarga bo‘lgan ehtiyoj qadim zamonlarda yuzaga kelgan. «O‘lchash» atamasining tom ma’nosi bo‘yicha tahlil etadigan bo‘lsak, qadimgi davrda insoniyat asosan «organoleptik o‘lchashlar» - ya’ni, o‘zining his etish a’zolari orqali u yoki bu fizikaviy xossa bo‘yicha taxminiy ma’lumotlar olgan. Bunda mana shu his etish organlari o‘lchash vositasi vazifalarini bajargan. Garchand bu kabi o‘lchashlarda aniq bir qiymat olinmasa ham, har bir o‘lchashda, aniqrog‘i baholashda muayyan bir o‘lchovga nisbatan solishtirish amalga oshirilgan. Dastlab, solishtirish o‘lchovi moddiy bo‘lmagan, balki insonning o‘z tajribasi, zakovati va atrof-muhitni bilish darajasiga qarab individual tarzda belgilangan. Keyinchalik ish va ozuqa topish qurollari amalda qo‘llansa, borgan sari solishtirish o‘lchovlari moddiylasha borgan. Inson kundalik hayotida har xil kattaliklarni, masofalarni, yer maydonlarining yuzalarini, jismlarning o‘lchamlari va massalarini, vaqtni va hokazolarni bu jarayonlarning yuzaga kelish sabablarini, manbaalarini bilmasdan, o‘zining sezgisi va tajribasi asosida o‘lchay boshlagan.
Eng qadimgi o‘lchash birliklari - antropometrik. U insonning muayyan a’zolariga muvofiqlikka yoki moyillikka asoslangan holda kelib chiqqan. Masalan: qarich – qo‘l kafti yoyilgan holda bosh barmoq va jimjiloq orasidagi masofa, quloch – qo‘llar ikki tomonga yoyilganda orasidagi masofa, qadam – balog‘at yoshidagi odamning sokin odimlashidagi yurish birligi, tirsak - kaft va tirsak orasidagi masofa, chaqirim - ochiq dala sharoitida birining tovushini ikkinchisi eshita olishi mumkin bo‘lgan masofa, ladon-bosh barmoqni hisobga olmaganda qolgan to‘rttasining kengligi; fut- oyoq tagining uzunligi; pyad- yozilgan bosh va ko‘rsatkich barmoqlar orasidagi masofa va hokazolar.
Stixiyali rivojlanish davri. Metrologiya xizmati va metrologik ta’minot masalalarining dastlabki kurtaklari turli davlatlarda turlicha tarzda vujudga kela boshlagan. Masalan, rus knyazi Svyatoslav Yaroslavich belidagi oltin kamaridan uzunlikning namunaviy o‘lchash vositasi sifatida foydalangan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra knyaz davriy ravishda bozor rastalarini oralab yurib, turli mato sotuvchilarining uzunlik o‘lchovlarini kamari bilan taqqoslab turgan. Agar ular orasidagi tafovut belgilanganidan ortib ketsa, sotuvchini shafqatsiz jazolagan.
Metrik tizim 1875 yil 20 mayda Parijda 20 ta mamlakatlar vakillarining konferensiyasida qabul qilingan va Metrik Konvensiyasi nomini olgan. Metrik Konvensiya metrologiya bo‘yicha ilmiy faoliyat ko‘rsatuvchi birinchi xalqaro kelishuv hisoblanadi. Konvensiya metrik etalonlarni saqlash va tekshirish uchun ilmiy muassasa sifatida o‘lchovlar va tarozilar xalqaro byurosini ham ta’sis etadi.
Metrologiya xizmatlarining integrasiyalashish davri. XX asrdagi ilm-fan va texnikaning, shu jumladan davlatlar orasidagi iqtisodiy munosabatlarning shiddatli tusdagi rivojlanishi metrologiyaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Bundagi asosiy maqsadlardan biri – o‘lchash birliklarining turli tumanligiga barham berish, umumiy qabul qilingan o‘lchash birliklarini joriy etish, mahsulotning sifatini nazorat etishda umumiy qoidalarni amalga oshirish hisoblangan.
O‘zbekistonnning mustaqillik davridagi rivojlanishi.
Mustaqil Oʻzbekistonimiz juda boy va koʻhna madaniy va ma‘rifiy meroslarga ega boʻlib, ushbu meros Gʻarb falsafasini shakllanishida, buyuk olimlarni va allomalarni muvoffaqiyat qozonishlarida munosib oʻrin egallagan. Bundan tashqari respublikamiz «Buyuk ipak yoʻli» asosiy tomirida joylashganligi va yirik savdo markazlariga ega boʻlganligi sababli xalqaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etgan.
Ma‘lumki, respublikamizda tub iqtisodiy islohotlar orqali bozor munosabatlarini shakllantirishga kirishishda eng avvalo, uning strategik maqsadlari belgilanib olindi. Bu maqsadlar ichida «raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni ta‘minlash» alohida ta‘kidlab oʻtilgan. Iqtisodiy islohotlarning ustivor sanalgan yoʻnalishlarida ham quyidagilarni koʻrishimiz mumkin:
ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish orqali tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish;
aholini oziq-ovqat bilan ta‘minlash;
mamlakatning eksport quvvatidan toʻla-toʻkis foydalanish, uni jadallik bilan rivojlantirish.
Bu borada respublikamizda qisqa muddat ichida ulkan ishlar amalga oshirildi va natijada Oʻzbekiston sanoatlashgan hamda iqtisodiy jihatdan buyuk imkoniyatlarga ega davlatlar safiga qoʻshildi.
Standartlashtirish elementlari Oʻzbekiston hududida me‘morchilik durdonalarini yaratishda keng qoʻllanilgan. Standart gʻishtdan foydalanish bilan bir qatorda bir necha xil standart oʻlchamdagi va rangdagi moviy, sirlangan va guldor plitalar, mahsus bloklar, havorang va yashil koshinlar qoʻllanilgan.
Oʻzbekistonlik xalq ustalarining mohir qoʻllarida bir necha asr avval standart elementlarga jon ato etilganligi va insoniyat shu kungacha ular tomonidan bunyod etilgan betakror goʻzallik yodgorliklarini (Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva, Shahrisabz, Qoʻqon, Termiz, Margʻilon va boshqa shaharlarda) koʻrib hayratlanadilar.
Shundan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekistonda standartlashtirish va standartlardan foydalangan holda mahsulotlar sifatiga e‘tibor qaratish odati juda qadim zamonlarga (ming yilliklarga) borib taqaladi deb hisoblash mumkin.
Hozirda metrologiya sohasi yanada tez rivojlanmoqda chunki sanoatning rivojlanishi, hozirgi zamon talablarining bajarilishi nazorat-o‘lchash asboblariga bog‘liqdir. Bu esa O‘zbekiston mustaqillikga erishgandan so‘ng yaqqolroq namoyon bo‘la boshladi.
1992 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekiston davlat Standartlash metrologiya va sertifikatsiya markazi (O‘zdavstandart) tashkil etildi.
- 2002 yilda O‘zbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markazi O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligiga aylantirildi.
Bugungi kunda ham olimlarimiz o‘lchash nazariyasi va texnikasi rivoji ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.
Xulosa sifatida metrologiyaning rivojlanish tarixiga nazar tashlasak quyidagi, muhim bosqichlarni keltirishimiz mumkin.
- 1791 yilda metr etaloni Fransiyada qabul qilinishi (1metr yer meridiani uzunligining 1x 10-7 ga teng qilib olinganligi);
- 1875 yilda Parijda 20 davlat tomonidan Xalqaro konvensiyani qabul qilinishi. (Bu esa mavjud metrik sistemaning takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib metr o‘lchov birligiga asos soladi);
- 1893 yilda Rossiyada D.M. Mendeleyev tomonidan o‘lchov va og‘irlik (tarozi) Bosh palatasining tashkil etilishi;
- 1931 yilda Leningrad shahrida o‘lchov va tarozi Bosh palatasi asosida D.M. Mendeleyev nomidagi Butunittifoq metrologiya ilmiy tadqiqot institutining tashkil topishi.
- 1960 yilda Xalqaro birliklar tizimining SI (SU) qabul qilinishi. Bu tizim bo‘yicha 1 metr vakuumda to‘lqin uzunligining 1650763,73 teng qilib olinishi (Kriptonni etalon metri).
- 1983 yilda metrni qabul qilishda yorug‘likning vakuumda 1/299792458 sekunda o‘tgan yo‘liga teng qilib qabul qilinishi.
Quyidagi savollarga javob bering:
1.«Metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti»fanini o‘rganishning tabiiy zarurligi.
2.«Metrologiya»ning fan sifatida shakllanib borish jarayoni qanday kechgan?
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
1-a. Metrologiya, standartlashtirish va maxsulot sifati menejmenti fanining maqsad, vazifalari va rivojlanish tarixi Ishdan maqsad
|