1-Amaliy mashg’ulot
1-MAVZU. KIMYOVIY TEXNOLOGIYANING SANOATDAGI ROLI
1.1. Kimyoviy texnologiyaning asosiy tushunchalari
Texnologiya so‘zi–yunoncha so‘z bo‘lib, ikki ildizdan, ya’ni 1-texnos-«san’at
va kasb» degan ma’noni bildiradi. Logiya esa-bilim, fan demakdir. Shunday qilib,
texnologiya-bu kasbning sirlarini o‘rgatuvchi fanlardan biridir. Texnologiya xom
ashyolarni turli xalq iste’mol buyumlariga va ishlab chiqarish vositalariga
aylantirish jarayonlarini o‘rgatuvchi fandir. Texnologiyani 2 turga bo‘lish mumkin:
1-mexanik texnologiya;
2-kimyoviy texnologiya.
Mexanik texnologiya jarayonida xom ashyo tarkibida va xususiyati
o‘zgarmasdan faqat uning shaklini o‘zgarishi mumkin. Masalan: yog‘ochdan mebel
ishlash, metaldan turli metall buyumlari ishlash va xokozo.
Kimyoviy texnologiyada esa, moddaning shakligina emas, balki uning butun
xossalari va tarkibi o‘zgarishi mumkin. shunday qilib, kimyo texnologiyasi kimyo
reaksiyalari o‘tishi bilan borgan jarayonlarni o‘rganadi. Birorta xom ashyodan
mahsulot olish jarayoni bir qancha bosqichlardan iborat. Ushbu bosqichlar (masalan:
xom ashyoni boyitish, maydalash, ajratish, kuydirish va x.k.) texnologik
operatsiyalar deb ataladi.
Texnologiyani asosiy vazifalaridan biri anna shu optimal qulay texnologik
tizimlarni yaratishdan iborat. Har bir texnologik operatsiya ishlab chitqarish
mobaynida aniq qulay sharoitda olib borilishi kerak (qulay temperaturada, bosimda,
konsentratsiya va b.), shu qulay sharoitlarni aniqlash kimyo texnologiyaning asosiy
vazifalaridan biridir. Bu sharoitlarni aniqlash uchun esa shu kimyoviy jarayonning
nazariy asoslarini chuqur o‘rganib chiqish kerak. Kimyo texnologiyaning nazariy
asoslarini ishlab chiqish kerak. Har bir texnologik operatsiyalarga lozim bo‘lgan
optimal sharoit aniqlangandan so‘ng, shu operatsiyalarni o‘tkazish uchun texnika
talablariga javob beradigan unumli reaktorlarni va apparatlarni tanlash kerak.
Texnologik jarayonlarni to‘g‘ri olib borish va jarayonning texnik-iqtisodiy
ko‘rsatkichlari shu apparatlarni to‘g‘ri tanlashga bog‘liqdir. Shu sababli
texnologiyada kimyoviy reaktorning nazariyasiga, klassifikatsiyasiga, ularning
ishlash maromiga katta e’tibor beriladi. Texnologiyaning vazifasi yuqoridagi
ko‘rsatilgan vazifalar bilan cheklanib qolmay, balki yana ishlab chiqarishni tashkil
qilish, ish kuchidan to‘g‘ri va xom ashyodan ratsional, kompleks foydalanish,
maxsulotning va xom ashyoning sifatini uzliksiz kuzatib turish va boshqalardan ham
iboratdir.
Tanlangan texnologiyaning afzalligini aniqlash uchun avvalambor uning
texnik-iqtisodiy ko‘rsatgichlarini aniqlash kerak, buning uchun, maxsulotning
tannarxini xisoblash, sarflangan kapital mablag‘lar miqdorini nazarda tutish kerak.
|