2. O’tilgan mavzuni eslash
1. Og’zi berk probirka issiq suvga tushirildi. Probirka ichidagi havo molekulalarining kinetik va potensial energiyasi o’zgardimi?
2. Pichoqni charxlaganda qiziydi. Olovga tutilgan pichoq qiziydi. Pichoqlarning qizish sababi bir xilmi?
3. Yangi mavzuning bayoni.
Uchta probirka olib ulardan biriga suv, ikkinchisiga yog', uchinchisiga sut quyaylik. Probirkalar og'ziga o'rtasida naychasi bor tiqin o'rnataylik. Probirkalarni suvli idishga qo'yib, tagidan issiqlik beraylik. Suv isigan sari asta-sekin naychalardan suyuqliklar yuqoriga ko'tarila boshlaydi. Demak, suyuqliklar ham isitilganda kengayar ekan. Bunda suyuqliklarning naychadan ko'tarilish balandligi turlicha bo'lganligidan, ularning kengayishi ham turlicha bo'ladi. Gazlarning issiqlikdan kengayishini o'rganish uchun bir kolbani olib, uning ham og'ziga naychasi bor tiqin o'rnataylik . Naycha uchini suvga tiqib, kolbani ushlagan holda ozroq siypalab turamiz. Shunda naycha uchidan suvga havo pufakchalari chiqa boshlaganini ko'ramiz. Bunga sabab, kolba qo'l harorati tufayli ichidagi havosi bilan birga isiydi. Isigan gaz kengayib pufakcha shaklida chiqib ketadi. Kolba bo'g'zini shtativga o'rnatib shu holda qoldirilsa, birozdan so'ng naychadan suv yuqoriga ko'tarilganligini ko'rish mumkin. Sababi, sovuganda kolbadagi havo siqiladi.
Shunday qilib, moddalar (qattiq, suyuq va gazsimon) issiqlikdan kengayadi, sovuqlikdan torayadi. Bu hodisaning sababi oldingi mavzuda aytilgan molekular harakatdir. Moddalarning bu xossasidan turmush va texnikada keng foydalaniladi. Temir yo'l relslarini o'rnatishda ularni bir-biriga jips tegmaydigan qilib o'rnatiladi. Elektr o'tkazuvchi simlarni ustunlarga yoz kunida biroz osiltirib o'rnatiladi. Qishda torayish evaziga uzilib ketmasligi uchun shunday qilinadi. Shisha stakanlarga issiq suvni birdaniga quyib bo'lmaydi. Chunki, uning ichki qismi issiqlikdan tez kengayadi. Tashqarisi esa kengayib ulgurmaydi. Shu sababli stakan sinib ketadi.
1. Bimetall plastina. 75-rasmda bir-biriga parchinlab mahkamlangan ikkita - mis va temir plastina keltirilgan. Bu plastinada mis va temir issiqlikdan turlicha kengayadi. Bunday plastina qizdirilsa, plastina temir tomonga, sovitilsa mis tomonga egiladi. Plastinani juda yuqori temperaturagacha yoki past temperaturagacha sovitilsa nima bo'ladi? Bu haqda o'ylab ko'ring.
Uning ba'zi bir qo'llanilishlari haqida to'xtalib o'taylik. Uyda ishlatiladigan sovutkich yoki elektr dazmol ishiga razm solsak, sovutkich ma'lum bir vaqt ishlaganidan so'ng to'xtaganini, dazmol ham qiziganidan so'ng qizil chirog'i o'chganligini ko'ramiz. Chunki unda bimetall plastinkali tokni uzib-ulovchi qurilmasi bor.
2. Suvning issiqlikdan kengayishi haqida. Suv bilan o'tkazilgan tajribalar shuni ko'rsatadiki, sovitilish jarayonida dastlab uning hajmi kamayib boradi. Temperatura 4°C (uy termometri bilan o'lchanadi, bu haqda keyingi mavzuda batafsil aytiladi)ga borganda kamayish to'xtaydi. Sovitish davom ettirilsa, endi uning hajmi, aksincha orta boradi. Bu jarayon suv muzlagunga qadar davom etadi. Demak, suv 4°C da eng katta zichlikka ega bo'lar ekan. Shu hodisaga ko'ra, ko'llarda qish paytida suvning ustki qismi muzlaydi. Ko'l tubida esa 4°C li suv bo'ladi. Agar suv sovishi natijasida bir xilda muzga aylanguncha hajmi kamayib kelganda edi, ko'ldagi yoki suv omborlaridagi suv tubidan to ustki qismigacha muzga aylanar edi. Unda bu paytda hayot ham to'xtab qolar edi.
|