3. Yangi mavzuning bayoni.
Shunday qilib, konveksiya ham, issiqlik o'tkazuvchanlik ham zarrachalar harakati bilan amalga oshiriladi. Unda Yerdagi energiyaning asosiy sababchisi bo'lgan Quyoshdan issiqlik Yerga qanday uzatiladi? Axir, Yer va Quyosh orasida zarrachalar deyarli yo'q bo'lgan muhit - vcikuum mavjudku! Bu holatda issiqlik nurlanish orqali uzatiladi. Quyoshdan kelayotgan yorug'lik oqimi o'zi bilan birga issiqlik energiyasini ham olib keladi. Cho'g'lanma elektr lampochkasi ham yorug'lik bilan birga issiqlikni nurlantiradi. Lampochka ichida havo bo'lmasa-da, lampochkadan nurlangan issiqlikni kaftimiz bilan sezishimiz mumkin. Nurlanish orqali olingan energiya isitiluvchi yuza rangiga bog'liq. Qishda qor ustiga bir xil materialdan qilingan bir xil yuzali, biri oq, ikkinchisi qora rangga bo'yalgan mato yoyib qo'yilsa, qora mato tagida qor ko'proq eriganligini ko'ramiz. Demak, yuzaga tushgan nurlanish energiyasi unga yutilishi yoki undan qaytishi mumkin ekan. Deraza oynalari Quyoshdan keluvchi nurlanishni yaxshi o'tkazadi, lekin uydagi radiatordan chiqqan issiqlikni yomon o'tkazadi. Issiqxona («teplitsa») lardagi oynali devor va shiplarning vazifasi sizga endi tushunarli bo'lsa kerak!
Konveksiya, issiqlik o'tkazuvchanlik va nurlanish hodisalaridan turmushda va texnikada keng foydalaniladi.
Uyda ovqat pishirish va choy qaynatish uchun ishlatiladigan qozon va chovgumlarni issiqlikni yaxshi o'tkazuvchi materiallardan yasaladi. Lekin qaynagan choyni uzoqroq issiq holatda ushlab turish uchun chinni choynakka damlagan ma'qul bo'ladi. Choyni stakanda ichsak, og'iz kuyib qoladi. Lekin chinni piyolada ichsangiz kuymaydi. Nima sababdan?
Nurlanish energiyasidan foydalanishda ham materiallarga va uning rangiga e'tibor beriladi. Yozda issiqlik nurlarini yaxshi qaytaradigan oq rangdagi liboslar kiyilsa, qishda to'q rangdagilari kiyiladi.
|