|
1. Ma’ruza. Quymakorlik texnologiyalari faniga kirish
|
bet | 1/5 | Sana | 02.12.2023 | Hajmi | 24,23 Kb. | | #109865 |
Bog'liq 1- маруза
1. Ma’ruza. Quymakorlik texnologiyalari faniga kirish.
Reja:
1.1. Fanning mazmuni, tarixi va vazifalari.
1.2. Zagotovkalar olish jarayonlari.
1.3. Quyma materiallari.
Quymakorlik korxonalari mashinasozlik sanoatining muhim tarmoqlaridan biri bo’lib, bunda avvaldan tayyorlangan qolipga turli metall yoki ularning qotishmalarini quyib, turli shaklli va o’lchamli quymalar olinadi. SHuni qayd etish joizki, quymalar (detallar yoki ularning zagotovkalari) massasi bir necha grammdan 250 t gacha va ortiq bo’lishi mumkin. Quyma zagotovkalarga kelsak ularning shakli va o’lchamlari detallar shakliga va o’lchamiga ko’ra mexanik ishlovlarga mo’ljallangan, qo’yim miqdoridan bir muncha kattaroq bo’ladi.
Metall quymalarni olishning oddiy usullari bilan odamlar juda qadimdan tanish bo’lganlar. Insonyat dastavval qo’rg’oshin va qalayni olishgan chunki ularning erish temperaturasi nihoyatda kichik. Qo’rg’oshin va qalay yumshoq bo’lganligi sababli ulardan tayyorlangan qurol – yaroq sifatsiz bo’lgan. SHuning uchun insonyat puxtaroq metall izlashni davom ettirib mis va qalay qotishmasi bronzani olishga erishgan. Ko’pgina mamlakatlarda, jumladan, Misr, Yunoniston, Xitoyda olib borilgan arxeologik topilmalarni o’rganish shuni ko’rsatdiki, odamlar miloddan bir necha yuz ming yillar muqaddam oddiy shaklli quymalarni yer qoliplarda olganlar.
Asrlar osha bu hunar avlodlardan avlodlarga o’tib rivojlana bordi. Metallarni erituvchi pechlarning takomillashishi bilan, rudalardan temir olish usullari ham rivojlanib bordi. XIII-XIV asrlarda cho’yanlardan, XVIII-XIX asrlarga kelib po’latlardan turli shaklli va o’lchamli quymalarni gilli qum qoliplarda olishga erishgan va shu bilan bir qatorda shu asrlarda platina, natriy, magniy, alyuminiy, xrom, marganets, nikelь, molibden, kobalьt, va iridiy kabi nodir metallar kashf etilgan.
O’zbekistonda ham quymakorlik qadim tarixga ega masalan XIV asrda Amir Temur buyurig’iga asosan 7 (etti) hil komponentdan (cho’yan asosida) diametri 2,5 metr, og’irligi 2(ikki) tonna bo’lgan katta to’y qozoni quyib olingan.
Quymakorlikning keyingi yillarda rivojlainishiga va uning nazariy asoslarini yaratishga ulkan hissa qo’shgan olimlarga D.Q CHmernov, P. P.Anosov, A.S.Lavrov, N.V. Kalakutskiy, A.A. Bochvar, A.G. Spasskiy, L.C. Konstantinov va boshqalarni ko’rsatish mumkin. Ayniqsa, rus quymakorlari metallardan murakkab va sifatli quymalarni gilli qum qoliplarda olib, dunyoga mashxur bo’ldilar. Misol sifatida 1586 yilda A. CHoxov boshchiligida tayyorlangan 39 t li bronza zambarak quymani, 1735 yilda I. Motorin boshchiligida bronzadan olingan deyarli 200 t li naqshdor qo’ng’iroq quymani, 1782 yilda Petr I xotirasi uchun misdan devorlari qalinligi 7,5 mm dan 30 mm gacha bo’lgan, bo’yi 10 metrli, og’irligi 22 t ga yaqin otliq chavandoz quymani keltirish mumkin. Bu quymalar xozirda ham yodgorlik sifatida saqlanmoqda.
Yuqorida keltirilgan misollardan ko’rinadiki, turli metall va ularning qotishmalaridan xilma-xil murakkab shaklli va o’lchamli sifatli quymalarni olish borasidagi muammolar to’la hal etilgan yo’q. Keyingi yillarda sanoatning turli soxalari vujudga kelishi, ayniqsa, asbobsozlik atom texnikasi, elektronika, hisoblash mashinasozligi va boshqa soxalarning rivojlanishi tufayli turli muhitlarda va temperaturada, yuqori yuklamalarda ishlovchi zarur xossali metall qotishmalaridan yuqori geometrik aniqlikka ega bo’lgan, tekis yuzali, sifatli, xilma-xil murakkab shaklli quymalarni ko’plab ishlab chiqarish zarur bo’ldi.
Bu esa o’z navbatida texnik-iqtisodiy talablarga javob beradigan yangi-yangi takomillashgan texnologik usullar ustida izlanishlarga, og’ir jismoniy ishlarni mexanizatsiyalash bilan ish unumdorligini keskin orttirishga undadi. Izlanishlar natijasida qator takomillashgan texnologik usullar (quymalarni metall qoliplarda bosim bilan, eruvchi modellar yordamida tayyorlangan qoliplarda, qobiqli qoliplarda va boshqalar) yaratilib, ko’pgina texnologik jarayonlar avtomatlashtirildi.
Lekin xali yechilishi zarur bo’lgan muammolar ko’p.
Temir-suyuqlanish xarorati 1539oS ga teng bo’lgan yaltiroq, och qo’lrang metalldir. Xozirgi paytda ajratib olinayotgan texnik toza temirning tarkibida 0,1...0,2 % (S, Mn, Su, P va b.) qo’shimchalar bo’ladi
Temir bilan uglerod o’zaro ta’sirlashib, qattiq eritma (ferrit va austenit), kimyoviy birikma (tsementit) va mexanik aralashmalar (perlit va ledeburit)ni hosil qilishi mumkin. SHuningdek temir-uglerod sistemasida uglerod sof-grafit xolatida ham bo’lishi mumkin.
|
| |