|
1 mavzu. Psixologiya tarixi fanining predmeti vazifalari, prinsiplari va metodlari
|
Sana | 22.11.2023 | Hajmi | 24,89 Kb. | | #103038 |
Bog'liq 1 mavzu. Psixologiya tarixi fanining predmeti vazifalari, prinsi
1 MAVZU. PSIXOLOGIYA TARIXI FANINING PREDMETI VAZIFALARI, PRINSIPLARI VA METODLARI
Psixologiya tarixi psixologik bilimlarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi qonuniyatlarini o‘rganadi.
Psixologiya tarixining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Psixologiyaning fan sifatida taraqqiy etish qonuniyatlarini o‘rganish.
2. U yoki bu psixologik konsepsiyalar va maktablarning paydo bo‘lish va rivojlanish sabablarini o‘rganish.
3. Psixologik bilimlar taraqqiyotini ijtimoiy – madaniy kontekstda o‘rganish.
4. Psixologiya taraqqiyoti tarixida shaxsning rolini o‘rganish.
Quyidagilar tarixiy – psixologik tadqiqotning asosiy prinsiplari bo‘lib hisoblanadi: 1) tarixiylik prinsipi, 2) sistemalilik prinsipi, 3) ilmiylik prinsipi, 4) tarixiylik va mantiqiylik birligi prinsipi, 5) determinizm prinsipi, 6) taraqqiyot prinsipi.
Tarixiylik prinsipi tarixiy psixologik tadqiqot jarayonida u yoki bu ilmiy konsepsiyalar taraqqiyotining asosiy bosqichlari va genezisini hisobga olish zaruriyatini taqozo qiladi.
Sistemalilik prinsipi tadqiqotchini tarixiy – psixologik faktni o‘rganish jarayonida ushbu faktning qolgan barcha tarixiy – psixologik faktlar bilan aloqalari to‘plamini qat’iy hisobga olishga yo‘naltiradi.
Ilmiylik prinsipi tadqiqotchidan tarixiy psixologik tadqiqot jarayonida faqat ilmiy faktlarga murojaat qilish va isbotlashning faqat ilmiy metodlaridan foydalanishni talab qiladi.
Tarixiylik va mantiqiylik birligi prinsipi tadqiqotchini o‘rganilayotgan tarixiy psixologik faktni shunchaki tasvirlamasdan uni nazariy tahlil qilishga yo‘naltiradi.
Determinizm prinsipi tadqiqotchidan har qanday tarixiy psixologik faktni sababiy izohlashni hisobga olishni talab qiladi.
Taraqqiyot prinsipi tadqiqotchini har qanday tarixiy psixologik xodisani dinamika (o‘sib borish, rivojlanish) jarayonida o‘rganishga yo‘naltiradi.
Psixologiya tarixining eng ko‘p qo‘llaniladigan metodlari: 1) ilmiy maktablarni o‘rganish, 2) arxiv materiallarini o‘rganish, 3) intervyu,
4) ilmiy asarlarga murojaatlarni tahlil qilish, 5) biografik va avtobiografik metodlar hisoblanadi.
Ilmiy maktablarni o‘rganish metodi tadqiqotchiga turli ilmiy maktablar o‘ziga xosligi, ilmiy bilimlar ishlab chiqarish usullari, u yoki bu ilmiy maktablar vakillari o‘rtasidagi aloqalar xususiyatlarini tadqiq qilish imkonini beradi. Tarixiy psixologik tadqiqot jarayonida ushbu metodni qo‘llash har bir ilmiy psixologik maktabni sinchiklab o‘rganishni talab qiladi.
Arxiv materiallarini o‘rganish metodi aniq maqsad asosida ilmiy ishlarni izlash, uning natijasida matnli ma’lumotlarga sharxlar tuzish va uni zarur qaydlar bilan ta’minlashdan iborat.
Intervyu metodining mohiyati tadqiqotchining psixolog olim bilan suhbatidan iborat. Tadqiqot vazifalaridan kelib chiqib intervyu davomida aniq savollar yordamida zarur ma’lumot olinadi. Ushbu metod nazariyaning o‘ziga xosligini uning yaratuvchisi orqali tushunishga imkon beradi.
Ilmiy asarlarga murojaatlarni tahlil qilish metodi psixologiyadagi ilmiy maktablar va yo‘nalishlar o‘rtasidagi aloqalar haqida, shuningdek ilmiy asarlardan sitatalar olish chastotasini aniqlash orqali psixologik bilimlar taraqqiyoti yo‘nalishlari va axvoli haqida muhim ma’lumotlarni olish imkonini beradi.
Biografik va avtobiografik metodlar tadqiqotchiga olim, u yoki bu nazariyaning yaratuvchisi hayoti atmosferasini qayta tiklash orqali u yoki bu nazariyaning mohiyatini samarali tushunishga imkon beradi.
1. Psixologiya tarixi oldida turgan asosiy vazifalar nimalardan iborat?
2. Tarixiy psixologik tadqiqotning qanday asosiy prinsiplari sizga ma’lum?
3. Tarixiy psixologik tadqiqotlar asosiy metodlarining kuchli va kuchsiz tomonlariga ta’rif bering.
|
| |