|
3-mavzu. Ilmiy muammo, ilmiy mavzuning dolzarbligi va uni tanlash, ilmiy tadqiqot ishlarining turlari. Eksperiment reja-programmasini ishlab chiqish
|
bet | 1/2 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 23,77 Kb. | | #247650 |
Bog'liq 3 mavzu ИТМ
3-mavzu. Ilmiy muammo, ilmiy mavzuning dolzarbligi va uni tanlash, ilmiy tadqiqot ishlarining turlari. Eksperiment reja-programmasini ishlab chiqish.
Ilmiy tadqiqotlar bilishning ilmiy tamoyillari yordamida konkret ob’ektni o‘rganish maqsadida olib boriladi. Ushbu sohada ilmiy yo‘nalish, ilmiy muammo va ilmiy mavzu kabi tushunchalar mavjud.
Ilmiy tadqiqot ishlariga kirishishdan oldin uning metodlarini, shakllarini, vositalarini to‘g‘ri tanlab olish va metodikani ilmiy asoslash lozim. Ilmiy tadqiqotlar muammoni yuzaga chiqarish, mavzuni tanlash va ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni ob’ektiv tahlili uchun axborotni izlashdan boshlanadi. Axborotni izlashdan so‘ng ilmiy izlanishlarga o‘tiladi, ya’ni ilmiy ijodga kirishiladi. Bunda shaxsning evristik faolligi yangi nazariyani yaratishga olib keladi.
Ilmiy tadqiqot – fanning mavjudlik shaklidir. Fanning rivojlanishi dalillarni yig‘ish, o‘rganish va tizimlashtirish, mantiqan tekis ilmiy qonunni yaratish maqsadida ayrim va alohida qonuniyatlarni umumlashtirish va ochib berishdan boshlanadi. Bilishning alohida pog‘onalarining dialektikasi tadqiqot faoliyatining turli shakllarini taxmin qiladi. Ular esa shartli ravishda axborotli va ilmiy izlanishlarga bo‘linadi. Ushbu shakllarga ilmiy bilishning ikki darajasi ya’ni emperik va nazariy darajasi mos keladi. Emperik daraja bosqichida ma’lumotlar to‘planadi, nazariy daraja bosqichida ular ilmiy nazariyaga sintez qilinadi.
Ilmiy yo‘nalish deb, fanning muayyan tarmog‘ida jamoaviy tarzda bajariladigan yirik fundamental, nazariy va amaliy masalalarni hal etishga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot sohasiga aytiladi. Ilmiy yo‘nalish kompleks muammolar, mavzular va masalalar kabi tizilmaviy birliklarga ega.
Ilmiy muammo va Ilmiy mavzu.
Ilmiy bilish muammoni xal qilish bilan bog‘liqdir. Muammolarning bo‘lmasligi tadqiqotlarning to‘xtab qolishi va fanning bir joyda qotib qolishiga olib kelgan bo‘lar edi.
Muammo deb, tadqiqot etishni talab etadigan murakkab ilmiy masalaga aytiladi. Muammo eski bilimlar bilan emperik va nazariy tadqiqotlar asosida topilgan yangi bilimlar orasida ziddiyat paydo bo‘lganda vujudga keladi, ya’ni u muammoviy vaziyatning natijasidir.
Kompleks muammolar deb, bir ilmiy yo‘nalishdagi bir qancha yirik masalalarni o‘z ichiga oluvchi muammolar majmuasiga aytiladi.
Ilmiy mavzu deb, tadqiqot etishni talab qiluvchi muammolarning muayyan sohasini qamrab oluvchi ilmiy masalaga aytiladi. U muammoning aniq bir sohasiga qarashli ancha mayda ilmiy masallarga asoslanadi, unda qo‘yilgan masalani xal etishda muayyan tadqiqot vazifasi yechiladi. Masalan, yangi materialni yoki yangi konstruksiyani yaratish, aniq mahsulot ishlab chiqarish uchun ilg‘or texnologiyani ishlab chiqish va hakozo.
Ilmiy muammo va mavzuni tanlash murakkab masaladir. U bir nechta bosqichda o‘z yechimini topadi.
Muammoviy vaziyatdan kelib chiqqan holda muammo ta’riflanadi va kutilayotgan natija belgilanadi.
Muammmoning dolzarbligi, uning fan va texnikani rivojlantirishdagi ahamiyati aniqlanadi.
Muammoning strukturasi tuzilib, undagi mavzular, kichik mavzular, masalalar va ular orasidagi bog‘lanish aniqlanadi. Natijada, muammo daraxti yasaladi. Shundan so‘ng, tadqiqotchi ilmiy mavzuni tanlashga kirishadi.
Ilmiy mavzuga quyidagi talablar qo‘yiladi:
Mavzu dolzarb bo‘lishi va hozirgi paytda tadqiqot etishni talab qilishi lozim. Ma’lumki, tadqiqotlar fundamental va amaliy xarakterda bo‘lishi mumkin.
Fundamental tadqiqotlarning dolzarbligini aniqlash mezoni mavjud emas, chunki ularning natijasi kelgusida bo‘lishi mumkin. Shuning uchun fundamental mavzularning dolzarbligi haqidagi fikrlarni yirik olimlar yoki ilmiy jamoa belgilab beradi.
Amaliy tadqiqotlarning dolzarbligi ishlab chiqarishning muayyan tarmog‘ini rivojlanish darajasi va iqtisodiy samaradorlik talablariga ko‘ra belgilanadi.
Mavzu yangi ilmiy masalani yechishga qaratilgan bo‘lib, unda albatta ilmiy yangilik bo‘lishi kerak.
Iqtisodiy samaradorlilik va ahamiyatlilik darajasi. Bunda amaliy tadqiqotlar uchun taxminiy iqtisodiy samaradorlikning miqdori aniqlanadi, fundamental tadqiqotlar uchun esa ushbu mezon ahamiyatlilik mezoni bilan almashtiriladi.
Mavzu jamoa bajarayotgan ilmiy yo‘nalishga mos tushushi kerak, shundagina ilmiy jamoa malakasi va vakolatidan to‘liq ravishda foydalanish imkoniyati tug‘iladi, uni sifatli va yuqori nazariy darajada bajarilishi uchun zamin yaratiladi, bajarilish muddati kamayadi.
Joriy etilish mavzuning muxim tavsifi bo‘lib hisoblanadi, mavzu tanlashda reja asosida muddatda tugatish va joriy etilish imkoniyatlari belgilab olinishi kerak. Buning uchun tadqiqotchi ishlab chiqarishning shu kungi xolati va kelgusidagi talablaridan xabardor bo‘lishi kerak.
Mavzuni tanlash jarayonida mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi adabiyot manbalarini o‘rganish, ya’ni axborot izlash vazifasi ham bajariladi.
Keyingi yillarda mavzuni tanlashda eksperiment baholash usuli keng qo‘llanilmoqda. Bu usul bo‘yicha rejalashtirilayotgan mavzu mutaxassis-ekspertlar tomonidan baholanadi. Har bir ekspert mavzuni tegishli talablar asosida baholaydi, bunda eng ko‘p ball to‘plagan mavzu maqbul deb topiladi.
Ilmiy-texnikaviy axborotni izlash.
Har qanday ilmiy tadqiqot muayyan ilmiy yo‘nalish bo‘yicha ilmiy texnikaviy axborotni izlashdan boshlanadi.
Adabiyotni to‘plash va tahlil etish uchun ilmiy texnikaviy axborot manbalari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
kitoblar (darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar, broshyuralar);
davriy matbuot (jurnallar, byulletenlar, institutlarning ilmiy ishlari, ilmiy to‘plamlar);
me’yoriy hujjatlar (standartlar, andozalar, texnikaviy shartlar, yo‘riqnomalar, me’yoriy jadvallar, muvaqqat ko‘rsatmalar va b.);
katalog va preyskurantlar;
patent hujjatlari;
ilmiy tadqiqotlar va tajribaviy konstruktorlik ishlari haqidagi hisobotlar;
axborot nashrlari (ITI to‘plamlari, analitik sharhlar, axborotli varaqalar, ekspress axborotlar, ko‘rgazmalarning prospektlari va b.);
xorijiy ilmiy-texnikaviy adabiyotlarning tarjimasi va asl nusxalari;
dissertatsiyalar, avtoreferatlar;
ilmiy-texnikaviy anjumanlar va ishlab chiqarish yig‘ilishlarining ilmiy-texnikaviy materiallari;
ikkilamchi hujjatlar (referativ sharhlar, bibliografik kataloglar, referativ jurnallar va b.).
Sanab o‘tilgan hujjatlar ulkan axborot oqimini hosil qiladi, uning sur’ati yildan yilga oshib boradi. Bunda yuqorilama va quyilama axborot oqimi bir-biridan farqlanadi.
Axborotning yuqorilama oqimi ijrochilardan (ITI, oliy o‘quv yurtlari, TKB va boshq.) qayd etuvchi idoralarga tomon yo‘naladi, quyilama oqim esa bibliografik sharhlar, referativ va boshqa ma’lumotlar ko‘rinishida ijrochilarga ularning talabiga ko‘ra yo‘naladi.
Axborot manbalarida yangi ilmiy va ilmiy-texnikaviy ma’lumotlarni keskin sur’atda o‘sib borishi munosabati bilan axborotning “eskirishi” kuzatiladi. Chet el tadqiqotchilarining ma’lumotlariga ko‘ra axborot qiymatini pastga tushib ketish jadalligi ya’ni “eskirishi” ro‘znomalar uchun kuniga 10%, jurnallar uchun oyiga 10% va kitoblar uchun yiliga 10%ni tashkil qilar ekan. Shu sababdan axborotlarning juda katta oqimida aniq mavzuning yangi, ilg‘or yechimlarini topish murakkab masala hisoblanadi.
Zarur axborotlarni izlash ijodiy jarayon bo‘lib, shundan uni avtomatlashtirish va shakllantirishning murakkabligi kelib chiqadi.
Axborotni izlash deganda tanlangan mavzu ustida tadqiqot olib borish maqsadida zarur xujjatlarni qidirish bo‘yicha xarakatlarning yig‘indisi tushiniladi. Bu jarayon qo‘lda, mexanik ravishda, mexanizatsiyalashtirilgan tarzda va avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilishi mumkin.
Axborotni qo‘lda qidirish oddiy bibliografik kartochkalar, kartotekalar va bosma ko‘rsatkichlar bo‘yicha olib boriladi. Mexanik ravishda axborot tashuvchilar bo‘lib perfokartalar xizmat qiladi. Mexanizatsiyalashtirilgan tarzda axborotni qidirishda xisob-perforatsiya mashinalari, avtomatlashtirilgan tarzda qidirishda esa EVM yordamga chiqadi.
Xozirgi zamon universal axborot manbai bo‘lib Internetning Global axborot tarmog‘i, ya’ni Internet xisoblanadi. Ushbu tarmoq tadqiqotchiga turli axborot resurslari uchun yo‘l ochib beradi va quyidagi savollarga javob topishga yordam beradi:
Avtomatlashtirilgan tartibda kerak bo‘lgan axborot ob’ektini qanday topish mumkin?
Uni qanday qilib o‘z kompyuteriga ko‘chirib o‘tkazish mumkin?
Uni qanday dasturli vositalar yordamida qabul qilinadigan qilish mumkin?
Bu xolda Internetdan foydalanuvchi tarmoqlararo shlyuzlarning mavjudligi tufayli boshqa tarmoqlarning axborot reserslariga kirish imkoniyatiga erishadi.
Internetning axborot resursi deb doimiy yangilanish xolatida mavjud bo‘lgan axborot texnologiyalari va ma’lumot bazalarining yig‘indisiga aytiladi.
Ushbu yig‘indiga quyidagilar kiradi:
FTR fayl arxivlarining tizimi
WWW ma’lumot bazalari
Gopher ma’lumot bazalari
WAIS ma’lumot bazalari va boshqalar.
Ma’lumki, ilmiy tadqiqot ishi asosan nazariy, nazariy-tajribaviy va tajribaviy ko‘rnishlarda bo‘ladi va bularning har qaysisining o‘ziga xos va mos maqsad hamda vazifalari bo‘ladi.
Ilmiy tadqiqot ishini samarali yo‘llar orqali olib borish va kutilgan (rejalashtirilgan) natijaga erishishni kafolatlash uchun eng avvalo uni to‘g‘ri rejalashtirib olish lozim va uning qatiy algoritmik bosqichlarini belgilab olish kerak, aks holda ilmiy tadqiqot ishida kutilgan natijaga erisha olmay qolish mumkin (tadqiqot yo‘nalishi o‘zgarib ketishiga olib kelishi mumkin) yoki kutilgan natijaga kutilganidan kech yetib borish mumkin.
Bu borada olib borilgan izlanishlarimiz ilmiy tadqiqot ishlarni quyidagi ketma-ketlikda rejalashtirsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi:
sohani (yo‘nalishni) aniqlash va undagi yutuq - kamchiliklarni o‘rganib chiqish hamda ular asosida tanlamoqchi bo‘lgan mavzu (muammo, tadqiqot)ning dolzarbligini asoslash. To‘plangan mavzu bo‘yicha hozirgi kungacha olib borilgan ilmiy tadqiqot ishining qisqacha sharhi beriladi;
mavzuni tanlash va o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tadqiqot bo‘yicha uni asoslash. Bunda muammo yechimiga yetguncha bo‘lgan maqsad va vazifalar ketma-ketligi ham asoslanadi va u ilmiy tadqiqot ishining dastlabki bosqichidan tajriba – sinov ishlarini olib borib, natijalarni qo‘lga kiritish va ulardan amaliy faoliyatda foydalanishga tavsiyalar tizimini yaratishgacha bo‘lgan bosqichlarni to‘liq qamrab olmog‘i lozim;
tadqiqot ob’ektini tanlash. Bu jarayon bevosita yuqoridagi bosqichlar asosida hal etiladi, chunki tadqiqot mavzusi va vazifalari, uning dolzarbligi asosida, ya’ni ular talablarini qondira olishini tahlil qilingandan keyin tadqiqot ob’ekti tanlanadi. Bu yerda u nafaqat tanlanadi, balki, tadqiqot ob’ektining umumiy tavsifi, uni ifodolovchi omillar, o‘zgarish va aniqlanish sohlari ham tahlil qilinib, tadqiqot maqsadiga mos chegaraviy sharoitlar ham hal qilinadi;
tadqiqot metodlarida ilmiy tadqiqot ishiga qo‘yilgan maqsadni e’tiborga olgan holda muammo yechimiga erishishda lozim bo‘lgan Davlat qujjatlari (me’yoriy hujjatlar, qonun-qoidalar va shu kabilar), mazkur sohaning rivojlanishida foydalanilgan yoki foydalanishi mo‘ljallanadigan ilmiy-metodologik asoslari hamda fan–texnika yutuqlari asosida hosil bo‘lgan ilg‘or texnika va texnologiyalar o‘z aksini topadi. Mazkur mavzu yechimining metodologiyasining chet eldagi hozirgi holati haqida ham qisqacha ma’lumot beriladi;
ishchi faraz ilmiy tadqiqot ishi rejalarini to‘g‘ri tuzish va uni amalga oshirishning optimal yo‘lini topishda uning roli katta. Ishchi faraz ilmiy tadqiqot ishining metodologik asoslari asosida shakllantiriladi va u ham muammo yechimigacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi;
muammoning ilmiy yangiligini rejalashtirish mavzusining dolzarbligini asoslash davridayoq boshlanadi va ishchi faraz hamda tadqiqotning metodologik asoslarini asosida olib boriladi. Bu jarayon ilmiy tadqiqot ishi asosiy ishlanmalari (nazariy, nazariy-tajribaviy bosqichlarda) va ular asosidagi amaliy tadqiqot ishlari natijalari bo‘yicha shakllantiriladi. Bu bosqich tajriba – sinov ishlaridagi natijalarining adekvatligini tekshirish bilan oxiriga yetkaziladi.
tadqiqotning nazariy va amaliy ahamiyati tanlangan mavzu bo‘yicha tadqiqotchining shaxsiy kuzatishlari natijasida to‘plangan barcha ilmiy va amaliy daliliy ma’lumotlarni mustahkamlash va tadqiqot maqsadi, vazifalari (yechimlari)ga mos tizimlarga ajratish ilmiy tadqiqot ishi nazariy va amaliy ahamiyati asoslanadi;
mavzuga oid ma’lumotlarni axborot ko‘rinishiga keltirish, boshqa daliliy materiallar yig‘ish, ularni tizimlarga ajratish (ilmiy-metologik tadqiqotlar va ilmiy-amaliy tadqiqotlar uchun alohida-alohida) va ulardan muammo yechimini topishda foydalanish uchun qayta tayyorlash;
ilmiy-nazariy (metodologik) tadqiqotlarni o‘tkazish va ularning natijalarining tadqiqot ob’ekti kechishiga adevatligini tekshirish;
natijalarni ilmiy bilishning tahlili, sintezi, xulosalash (umumlashtirish) tamoyillari asosida kuzatilayotgan maqsadga yetishni e’tiborga olgan holda dastlabki xulosalarni chiqarish va bular asosida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishga uslubiy tavsiyalarni tayyorlash;
tadqiqot ishining natijalarini tajriba sinov ishi orqali asoslash. Bunda tajriba sinov ishi, odatda uch bosqichda olib boriladi. Bu haqda mazkur qo‘llanmaning oxirida batafsil to‘xtalamiz.
tajriba sinov ishi natijalari bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish.
Demak, ilmiy tadqiqot ishi kirish qismidan, ya’ni muammo dolzarbligini asoslashdan boshlanib, xulosa qismida oxiriga yetar ekan.
Mavzuni o‘zlashtirishni ta’minlashga oid savollar:
rejalashtirish deganda nimani tushunasiz?
tadqiqot obektini aniqlash qanday amalga oshiriladi?
ishchi farazning ilmiy tadqiqot ishini olib borishdagi ahamiyati nimada?
muammoning ilmiy yangiligi bilan uning rejasida qanday bog‘liqlik bor?
Mavzu bo‘yicha mustaqkam esda saqlab qolishga oid ma’lumotlar:
mavzuni tanlash va o‘tkazilishi kerak bo‘lgan tadqiqot bo‘yicha uni asoslash. Bunda muammo yechimiga yetgunga qadar maqsad va vazifalar ketma – ketligi ham asoslanadi va u ilmiy tadqiqot ishining dastlabki bosqichidan tajriba – sinov ishlarini olib borib, natijalarni qo‘lga kiritish va ulardan amaliy faoliyatda foydalanishga tavsiyalar tizimini yaratishgacha bo‘lgan bosqichlarni to‘liq qamrab olmog‘i lozim;
ishchi faraz ilmiy tadqiqot ishi rejalarini to‘g‘ri tuzish va uni amalga oshirishning optimal yo‘lini topishda uning roli katta. Ishchi faraz ilmiy tadqiqot ishining metodologik asoslari asosida shakllantiriladi va u ham muammo yechimigacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi;
muammoning ilmiy yangiligini asoslash va rejalashtirish mavzuning dolzarbligini asoslash davridayoq boshlanadi va ishchi faraz hamda tadqiqotning metodologik asoslariga oid olib boriladi;
ilmiy tadqiqot ishi «kirish» qismidan, ya’ni muammo dolzarbligini asoslashdan boshlanib, «xulosa» qismida oxiriga yetadi.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
3-mavzu. Ilmiy muammo, ilmiy mavzuning dolzarbligi va uni tanlash, ilmiy tadqiqot ishlarining turlari. Eksperiment reja-programmasini ishlab chiqish
|