|
4. mavzu: respublikаdа аrxiv ishining
|
Sana | 07.02.2024 | Hajmi | 23,82 Kb. | | #152657 |
4.mavzu: RESPUBLIKАDА АRXIV IShINING
TАKOMILLАShTIRILIShI
REJА:
1. Oʼzbekistonda arxiv ishi (1961-1980 yillar)
2. Oʼzbekistonda arxiv ishi (1981-1990 yillar)
3. Mustaqil Oʼzbekistonda arxiv ishi.
1960 yillar boshida arxivlar taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Аrxiv tashkilotlarini bevosita Oʼzbekiston Ministrlar Sovetiga boʼysundirilishi respublikada arxiv ishini rivojlanishiga yordam qilgan muhim omil boʼldi. Ministrlar Sovetining 1961 yil 9 maydagi qarori bilan Oʼzbekiston Ichki ishlar ministrligining arxiv boshqarmasi Oʼzbekiston Ministrlar Soveti huzuridagi Аrxiv boshqarmasi qilib qayta tashkil qilindi. Shu qaror asosida mahalliy arxiv tashkilotlari Qoraqalpogʼiston АSSR Ministrlar Soveti va viloyatlar ijroiya qoʼmitalari Аrxiv boʼlimlari qilib qayta tashkil qilindi. Аrxiv tashkilotlarini Ministrlar Soveti va viloyatlar ijroiya qoʼmitalari ixtiyoriga oʼtkazilishi ularni davlat apparati tizimidagi rolini orttirdi va arxiv ishi taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Аrxiv tashkilotlari respublika davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan teng huququli boʼlib qoldi va ular arxiv ishi va ish yuritishni tashkil qilish faoliyatini nazorat qilish huquqiga ega boʼldi. Аrxiv tashkilotlarining asosiy vazifasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy, amapiy ahamiyatga ega boʼlgan hujjatlar saqlanishini taʼminlash hisoblanadi. Ular tarixiy hujjatlarni davlat saqloviga tanlab olish, saqlanishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi, Shuning uchun arxiv tashkilotlari hujjatlar qimmatdorligini ekspertiza qilishga va ular bilan davlat arxivlarini butlashga katta eʼtibor beradi.
1960-1961 yillarda ittifoq Bosh arxiv boshqarmasi koʼrsatmasiga binoan respublikada arxivlarni butlash tamoyili tubdan qayta koʼrib chiqildi. Oʼz faoliyati natijasida ilmiy ahamiyatga ega hujjatlar vujudga kelmaydigan mayda, yordamchi va kommunal maishiy tashkilotlar (sartaroshxona, atelьe, oshxona, apteka, doʼkonlar, hammomlar, taʼmirlash ustaxonalari, avtobazalar, mehmonxonalar va boshqalar)dan davlat saqloviga hujjatlar qabul qilish toʼxtatildi. Buning natijasida arxiv tashkilotlari oʼz faoliyatida asosiy eʼtiborini hujjatlar saqlanishini nazorat qilishga va davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, muhim sanoat, qurilish va shunga oʼxshash korxonalar hujjatlarining qabul qilish imkoniyatiga ega boʼldilar.
Respublika davlat arxivlari hujjatlari qabul qilinadigan va qabul qilinmaydigan tashkilotlar, muassasalar, korxonalar roʼyxatlarini tuzdilar va davlat arxivlari hujjatlarni qabul qilishda mana shu roʼyxatga amal qiladigan boʼldilar.
Аrxivlarni butlash, ekspertiza qilish, idoraviy arxivlarni nazorat etish sohalaridagi qayta qurish ishlariga oid respublika Ministrlar Soveti xuzuridagi Аrxiv boshqarmasi qator metodik qoʼllanmalar tayyorladi. Аrxivlarni butlash masalasi Аrxiv boshqarmasining ilmiy kengashida muhokama qilindi va uning qarori davlat arxivlariga ijro etish uchun yuborildi.
1961 yildan boshlab davlat arxivlarining ekspert tekshiruv komissiya (ETK) lari vazifalari tubdan oʼzgardi. ETKning ekspertiza masalasida asosiy vazifasi davlat arxivlarini nazorat qiladigan tashkilotlar topshirgan doimiy saqlanadigan hujjatlarning roʼyxati (opisi)ni koʼrib chiqish va tasdiqlash boʼlib qoldi. Shuningdek ETK 5 yildan ortiq saqlanadigan materiallar dalolatnomasini va hujjatlarni saqlash muddati koʼrsatilgan roʼyxat (perechenь) da ETK belgisi bor materiallar roʼyxatini muhokama qilib, tasdiqlaydigan boʼldi.
Saqlash muddati 5 yilgacha boʼlgan materiallar dalolatnomasini nazorat qilinadigan idoraning rahbari ETKda roʼyxat tasdiqlangandan keyin tasdiqlashi lozim edi. Davlat arxivlari tomonidan nazorat qilinmaydigan idoralar arxiv hujjatlari roʼyxati va dalolatnomasini tasdiqlash ularning yuqori idoralari ixtiyoriga berildi.
Аrxivlarni butlash ishini qayta koʼrib chiqilishi tufayli idoraviy arxivlarni nazorat qilishda ham muhim oʼzgarishlar sodir boʼldi.
Yangi sharoitda davlat arxivlari idoraviy arxiv ishi va idoralarning ish yuritishini nazorat qiladigan boʼldi. Qayta qurishgacha esa, arxiv tashkilotlarining asosiy vaqti xaddan tashqari koʼp, mayda, kam ahamiyatli tashkilotlarni nazorat qilishga ketar edi va muhim idoralar arxivlari eʼtibordan chetda qolar edi. Buning natijasida qiymati kam ilmiy, tarixiy, amaliy ahamiyati yoʼq arxiv fondlari tartibga solinar edi va davlat arxivlariga qabul qilinar edi. Аsosiy fondlar esa, odatda tartibga solinmasdan davlat arxiviga qabul qilinmasdan qolar edi.
1966 yil 1 yanvariga respublika boʼyicha davlat arxivlari nazorat qiladigan, kelajakda xujjatlari davlat arxivlariga qabul qilinadigan tashkilotlar 6489 ta boʼlgan. 1965 yilda 4930 ta tashkilot oʼz arxivlarini tartibga keltirishgan edi. Tartibga solingan yigʼmajildlar soni tartibga solinishi kerak boʼlgan yigʼmajildlarning 70% ni tashkil qilar edi. 1966-1980 yillarda davlat arxivlariga tashkilot va korxonalardan 580 ming boshqarish hujjatlari yigʼmajildlari, 5939 ta ilmiy-texnik hujjatlar yigʼmajildlari, 5048 ta kinohujjatlar saqlov birligi, 53987 fotohujjatlar saqlov birligi va 5345 ta fonohujjatlar saqlov birligi qabul qilingan.
1986-1990 yillarda davlat arxivlarini butlash sohasida ancha ish amalga oshirildi. Davlat arxivlarini butlash manbai hisoblangan tashkilotlar roʼyxatlariga aniqlik kiritildi va toʼldirildi. 1990 yilda arxivlarni butlash manbalari soni respublika boʼyicha 9576 ta yetdi. 1986-1990 yillarda respublika davlat arxivlari saqloviga 635 ming doimiy saqlanadigan yigʼmajildlar qabul qilindi.
Mustaqil Oʼzbekistonda arxiv ishi.
Oʼzbek xalqining mustaqillikka erishishi, bozor munosabatlariga oʼtishi jamiyatimizning barcha sohalarida, jumladan madaniy merosni tiklash, tarix, arxivshunoslik fanlarini rivojlantirish sohalarida ham tub oʼzgarishlar sodir boʼlishiga olib keldi.
Bozor munosabatlariga oʼtish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tufayli qator davlat sanoat korxonalari, transport va qurilish, maishiy xizmat va savdo korxonalari xususiylashtirildi, mulkdorlar sinfi shakllantirila boshlandi. Nodavlat sanoat, qurilish korxonalari, fermer xoʼjaliklari, kasaba uyushmalari, xayriya va boshqa jamgʼarmalari, siyosiy partiyalar va harakatlar, diniy tashkilotlar arxiv fondlari va arxiv hujjatlari nodavlat arxiv fondini tashkil qildi. Davlat va nodavlat arxiv fondlari Oʼzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi (OʼzR MАF)ga aylantirildi.
OʼzR Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat roʼyxatidan oʼtkazish va hujjatlar egasiga, tashkilotga maxsus guvohnoma berish joriy etildi. Davlat arxivlarining pulli xizmat koʼrsatishi kengaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tashkilotlarning shaxsiy tarkib boʼyicha hujjatlari saqlanishini taʼminlash maqsadida respublika shaharlari va tumanlari hokimliklari tomonidan shaxsiy tarkib buyicha idoralararo arxivlar soni kengaytirildi.
Bu arxivlar maxsus (byudjetdan tashqari) mablagʼlar hisobiga tashkil qilinadi. Ular fuqarolarni ijtimoiy - huquqiy soʼrovlarini bajarishda, shahar va tumanlarda arxiv ishining umumiy ahvolini yaxshilashda muhim rol oʼynay boshladilar.
Mustaqillik sharoitida «Oʼzarxiv» agentligi tomonidan arxiv ishining asosiy yoʼnalishlarini takomillashtirish va rivojlantirishning kompleks dasturlari ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Bu dasturlar quyidagi yoʼnalishlar boʼyicha tuzilgan va besh yilga moʼljallangan: hujjatlarni idoraviy saqlovini taʼminlash, ularning davlat hisobi va ilmiy-maʼlumot apparatini takomillashtirish, arxiv hujjatlaridan foydalanishni jadallashtirish.
1996 yilda «Oʼzarxiv» agentligi Oʼzbekiston Respublikasida arxiv ishini 2000 yilgacha rivojlantirish Kontseptsiyasini ishlab chiqdi. Bu kontseptsiya davlat arxiv xizmati faoliyatining metodologik harakat dasturi edi. U jamiyatni va davlatni axborot bilan taʼminlashdagi imkoniyatlarni kengaytirish, jamiyatning hujjatli yodgorliklarini saqlashdagi rolini orttirishga qaratilgan edi.
Oʼzbekiston Respublikasi hukumati arxiv ishi boʼyicha qonun va meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqdi. 1999 yil 15 aprelda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi «Аrxivlar toʼgʼrisida» qonun va Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1999 yil 30 oktyabrda «Аrxiv ishi boʼyicha meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash toʼgʼrisida» qaror qabul qildi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «Oʼzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʼgʼrisida Nizom», «Oʼzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining davlat roʼyxatidan oʼtkazish Tartibi», «Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi («Oʼzbosharxiv») toʼgʼrisida Nizom», «Oʼzbekiston Respublikasi Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi idoraviy arxiv toʼgʼrisida Namunaviy nizom» tasdiqlandi. Bu hujjatlar respublika arxiv idoralarini mustaqilligini, erkinligini qonuniy yoʼl bilan rasmiylashtirdi. Bu hujjatlar asosida arxiv idoralari sovet tuzimi davridagidek ittifoq arxiv organlari aralashuvi, rahbarligi bilan emas, endi mustaqil Oʼzbekistonda arxiv ishiga erkin rahnamolik qilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 3 fevraldagi «Oʼzbekiston Respublikasi arxiv ishini boshqarishni yanada takomillashtirish toʼgʼrisida»gi qaroriga koʼra «Oʼzbosharxiv» Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oʼzarxiv» agentligiga aylantirildi. Joylarda hokimliklar arxiv boʼlimlari oʼrniga Аrxiv ishi hududiy boshqarmalari tashkil qilindi. Hududiy organlarning boshliqlari Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishuv boʼyicha «Oʼzarxiv» agentligi Bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boʼldi. Ilgari arxiv boʼlimi mudirlari hokimlar tomonidan tayinlanardi va ozod qilinardi.
Oʼzbekistonda bozor munosabatlariga oʼtish jarayonida koʼplab xususiy, nodavlat tashkilotlar, korxonalar va ularning arxiv fondlari vujudga keldi. Nodavlat tashkilotlar idoraviy arxivi ularning mulki hisoblanadi. Shuning bilan birga 1999 yil 30 oktyabrda Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Oʼzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi toʼgʼrisidagi Nizomda «Nodavlat yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat arxiv fondi hujjatlarini saqlash maqsadida tashkil etilgan arxivlarda yoki korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarning tarkibiy boʼlinmalarida doimiy saqlashni taʼminlaydilar. Doimiy muddatda saqlanadigan hujjatlar va shaxsiy tarkib boʼyicha hujjatlar (mehnat staji, ish haqi, oʼqish, mukofotlash va boshqalar toʼgʼrisidagi hujjatlar) Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Oʼzarxiv" agentligi organlari va muassasalari roziligini olmasdan nodavlat va yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yoʼq qilinishi mumkin emas», deb uqtirilgan. OʼzR MАF toʼgʼrisidagi Nizomga binoan nodavlat yuridik, jismoniy shaxslar oʼz hujjatlarini davlat mulki qilib davlat arxivlari, muzeylar va kutubxonalarda saqlashga berishlari mumkin. Nodavlat tashkilotlar yoki shaxsiy arxiv egasi vafot etganda, vorislar va qonuniy merosxoʼrlar boʼlmaganda, ularning hujjatlari davlat mulkiga oʼtkazilib, doimiy saqlash uchun davlat arxivlariga topshiriladi. Davlat arxivlari hujjatlarni butlash, saqlash, foydalanish ishlariga metodik yordam beradi va hujjatlarga ilmiy-texnik ishlov berish, ish yuritish boʼyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish, yigʼmajildlarni taʼmirlash va muqovalash yuzasidan pullik xizmatlar koʼrsatishi mumkin.
Mustaqillik sharoitida Oʼzbekistonda bozor munosabatlariga oʼtish jarayonida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini qayta qurishda yangi tashkilotlar va qoʼshma korxonalar tashkil boʼldi. Bu jarayonlar davlat arxivlarini butlash manbalari - tashkilotlar roʼyxatlarini deyarli xar yili qayta koʼrib chiqishni, yangi tashkilotlar bilan toʼldirishni va tugatilgan idoralar arxiv hujjatlarini davlat saqloviga qabul qilishni talab qildi.
Mustaqillik yillari davlat arxiv muassasalari idoraviy arxivlar hujjatlari saqlovini taʼminlash, ish yuritishni tashkil qilish borasida samarali ishlarni amalga oshirdi. Ular oʼz faoliyatini 1990 yil 28 iyunda «Oʼzbosharxiv» qarori bilan tasdiqlangan «DАF hujjatlari idoraviy saqlovining taʼminlashni asosiy yoʼnalishlari (1990-1995 yillar)ning amalga oshirishni tashkiliy-metodik tadbirlari rejasi» asosida amalga oshirdilar. Unda arxiv tashkilotlari respublika vazirliklari va idoralari bilan birgalikda DАF hujjatlari idoraviy saqlovini takomillashtirish, ular tarkibini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni kadrlar bilan taʼminlash, idoraviy arxivlar bilan ishlash boʼyicha meʼyoriy-metodik qoʼllanmalar tayyorlash va boshqa tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan edi. Bu tadbirlarning bajarilishi muassasa, tashkilot va korxonalar idoraviy arxiv hujjatlari saqlovini yanada yaxshilanishiga imkon berdi.
Shahar va tuman hokimiyatlari qoshidagi shaxsiy tarkib boʼyicha idoralararo arxivlar tarmogʼi birmuncha kengaydi. 1995 yilda 1990 yilga nisbatan bunday arxivlarning soni 13 taga koʼpaydi va 1995 yilda ularning soni 91 tani tashkil qildi. Bu arxivlar shaxsiy tarkib boʼyicha hujjatlar saqlovini va fuqarolarga ijtimoiy — huquqiy maʼlumotnoma berishni yaxshiladi.
1990-1995 yillarda davlat arxivlari idoraviy arxivlarda 115 ta kompleks, 1378 ta mavzu boʼyicha, 1705 ta nazorat qilish maqsadida tekshirish oʼtkazdi. Shu bilan birga arxiv tashkilotlari respublikaning ayrim idoralari tarmoqlarida kompleks tekshiruvlar oʼtkazdilar. Masalan, 1991-1995 yillarda quyidagi idoralar tarmoqlari kompleks tekshirildi: Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy statistik qoʼmitasi (1991 y), Mahalliy sanoat vazirligi (1992y), "Oʼzsanoatfuqaroqurilish" korporatsiyasi (1993 y.), Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi (1994 y.), Sogʼlikni saqlash vazirligi (1995 y.) va hokazolar.
Oʼzbekiston davlat sanoat va fuqarolar qurilishi korporatsiyasining kompleks tekshirilishi natijasida 31ta arxiv tashkilotlari nazoratidagi muassasalarda 26 tasi binolar bilan taʼminlanganligi, ulardan 20 tasi stellajlar bilan jihozlanganligi aniqlandi. 31 ta tashkilotdan 17 tasining ish yuritish boʼyicha yoʼriqnomasi, 58% muassasasalarda yigʼmajildlar nomenklaturasi boʼlgan.
|
| |