|
O‘qituvchining kasbiy shakllanishi
|
bet | 71/200 | Sana | 09.08.2024 | Hajmi | 1,21 Mb. | | #269314 |
Bog'liq Buxoro davlat pedagogika institutiO‘qituvchining kasbiy shakllanishi oliy o‘quv yurti dargohida kasbiy ta’lim olish jarayonida boshlanadi. Pedagogika oliy o‘quv yurtlarining o‘quv-reja va fanlar bo‘yicha dasturlarida bo‘lajak o‘qituvchilarga shu kasbning sir-asrorlarini o‘rgatish, ilmiy bilimlar berish, o‘qituvchi kasbi haqida ma’lumot berish va ko‘nikma hosil qilish nazarda tutiladi.
Ta’lim jarayonida fanlar bo‘yicha amalga oshiriladigan seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari nazariy bilimlarni mustahkamlashga hamda ularni ko‘nikmaga aylantirishgagina emas, balki ularni amaliy ish jarayonida qo‘llashga ham imkon beradi. Bunday mashg‘ulotlar tanlagan kasbi to‘g‘ri ekaniga ishonch hissini uyg‘otadi.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi davrdagi o‘qituvchining kasbiy shakllanish jarayonida maktab rahbariyati, ayniqsa, ilmiy mudir hamda pedagogik jamoatchilik katta rol o‘ynaydi. Yosh o‘qituvchilarga tajribali o‘qituvchilarni biriktirib qo‘yish, ularning darslarini kuzatish, uslubiy ishlarga jalb etish maktab rahbariyatining asosiy vazifalaridan biri. O‘qituvchi o‘z kasbini sekin-asta o‘zlashtirib borishi bilan birga ota-onalar o‘rtasida pedagogik bilimlarni targ‘ib etadi. Shu yo‘l orqali ham kasbiy shakllanishi takomillashib boradi.
O‘qituvchilik kasbini va pedagogik mahoratni egallash, maktab o‘qituvchilar jamoasiga kirishib, unda o‘z o‘rnini topib keta olishi yosh o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq. Jamoaning yordamidan yuz o‘girmaslik, qiyinchiliklarga duch kelganda ruhan tushmay, o‘z xatolarini ko‘ra bilish va uni bartaraf etish uchun harakat qilish uning o‘qituvchi bo‘lib shakllanishidan darak beradi.
Shu bilan birga, o‘qituvchining kasbiy shakllanishi o‘z-o‘zini tarbiyalab borishga, o‘z ustida tinmay ishlashga va o‘z vaqtida malakasini oshirib borishga uzviy bog‘liq. Bularning hammasi kasbiy fazilatlarning ajralmas qismi hisoblanadi.
Ta’lim sifatini oshirishda o‘qituvchi kompetensiyasining ahamiyati
O‘zbekistonda ta’lim tizimini o‘sib kelayotgan yosh avlod ta’lim-tarbiyasining milliy g‘oyalari, talablari asosida tashkil etish, uni jamiyat taraqqiyoti istiqbollari va jahon andozalariga javob bera oladigan darajada bo‘lishini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalasidir.
Ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, uni o‘tmish qoldiqlaridan tozalash va rivojlangan demokratik davlatlar darajasiga ko‘tarish, jamiyat ravnaqi uchun yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash ta’lim tizimi xodimlarining umumiy vazifasidir.
Shaxsni har tomonlama rivojlantirishga yo‘naltirilgan ta’lim-tarbiya tizimini nazariy-metodologik jihatdan qurollantirish – bugungi kunda pedagogika fanining bosh maqsadi sifatida belgilangan.
Yuqorida bayon etilgan yuksak, ammo, sharafli vazifalarni muvaffaqiyatli uddalash har bir pedagogik xodimdan yuksak kasbiy mahorat, bilimdonlik va keng dunyoqarashni talab etadi.
|
| |