Foydalanilgan adabiyotlar……………………………………………….59
KIRISH
Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi
I.A.Karimov
Hozirgi kunda jahon miqyosidagi ulkan sinov va mashaqqatlar, og‘ir muammolarga, global moliyaviy-iqtisodiy inqirozning hali-beri davom etayotgani, tayyor mahsulotlar va asosan xomashyo resurslariga bo‘lgan talabning keskin pasayib borayotganiga qaramasdan, yurtimizda iqtisodiyotning izchil va barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanmoqda. Bu borada ba’zi bir misollarni keltirib o‘tmoqchiman.
Dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida O‘zbekistonda mustaqil taraqqiyot yillarida iqtisodiyot qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar 9 barobardan ziyod o‘sdi.
Keyingi 11-yilda, jumladan, joriy 2015-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari barqaror ravishda 8 foizdan yuqori bo‘lib kelmoqda, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar mutanosibligi, davlat byudjeti va to‘lov balansining barqaror ravishda profitsit bilan bajarilishi, eksport va oltin-valyuta zaxiralarining o‘sishi ta’minlanmoqda. Davlatning tashqi qarzi esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 18,5 foizdan oshmayapti.
Buning natijasida mamlakatimiz, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib bormoqda, ishlab chiqarish va sanoat jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda, uning tarkibi tubdan yangilanmoqda, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalar ishga tushirilib, ishlab chiqarish modernizatsiya va diversifikatsiya qilinmoqda, iqtisodiyotimizning raqobatdoshligi oshmoqda.
Bugun biz O‘zbekistonimizda barpo etilayotgan eng zamonaviy, ulkan va noyob sanoat obyektlari bilan har tomonlama faxrlanishga haqlimiz. Ayniqsa, Surg‘il koni negizida qiymati 4 milliard dollardan ziyod bo‘lgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi kabi obyektlarning foydalanishga topshirilayotgani, «Jeneral motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil dvigatellari ishlab chiqarilayotgani, «MAN» kompaniyasi ishtirokida Samarqand viloyatida yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaradigan yangi kompleks tashkil etilgani, shuningdek, Yaponiyaning «Isuzu» kompaniyasi bilan birgalikda avtobuslar ishlab chiqarilayotgani, «Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida «Damas» va «Orlando» yengil avtomobillari ishlab chiqarish o‘zlashtirilganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Shular qatorida Jizzax viloyatida 760 ming tonna portlandsement yoki 350 ming tonna oq sement ishlab chiqaradigan zavod barpo etilgani, temir yo‘l magistrallarining elektrlashtirilayotgani, yuqori tezlikda harakat qiladigan «Talgo-250» yo‘lovchi poyezdlari xarid qilinib, Toshkent – Samarqand va Toshkent – Qarshi yo‘nalishlari bo‘yicha ularning harakati yo‘lga qo‘yilgani va shular singari boshqa yutuqlarimiz barchamizga g‘urur va iftixor yetkazishi muqarrar.
Nasib etsa, yangi yilda bu tezyurar poyezdlarning Toshkent – Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi korxonalarni ishga tushirish va faoliyat ko‘rsatayotgan obyektlarni modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish hisobidan yurtimizda faqat oxirgi 5-yilning o‘zida 5 millionga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani biz uchun nihoyatda muhim bo‘lgan masalani yechishda katta amaliy qadam bo‘ldi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning hal qiluvchi omili haqida gapirganda, avvalo odamlarimizning ongu tafakkurida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar, ularning yon-atrofdagi voqealarga munosabati, daxldorlik hissi, siyosiy faolligi va fuqarolik pozitsiyasi tobora o‘sib borayotganini ta’kidlash lozim.
Shu borada, hech shubhasiz, o‘z vaqtida, ya’ni bundan 18-yil oldin Kadrlar tayyorlash va shuningdek, Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturlarini qabul qilganimiz ta’lim-tarbiya sohasida eski qolip va asoratlardan xoli bo‘lgan, bugun o‘zgalarning havasini tortayotgan yangi tizimni hayotimizda tatbiq etganimiz haqiqatan ham tarixiy bir voqea bo‘ldi, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Buning natijasida mustaqil va yangicha fikrlaydigan, zamon talabiga javob beradigan avlodni shakllantirishga erishdik, Vatanimizning ertangi kunini, taqdirini o‘z qo‘liga olishga qodir bo‘lgan farzandlarimiz bugun minbarga chiqmoqda.
O‘zingiz ayting, aziz do‘stlarim, shuning o‘zi ertangi kunimizning eng mustahkam poydevori emasmi?!
Yangi – 2016-yil va kelgusi yillar amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish va ularning samarasini kuchaytirishda yanada yuksak bosqich bo‘ladi, deb aytishga to‘la asosimiz bor.
Joriy yilda Investitsiya dasturi asosida 141 ta tibbiyot muassasasida qariyb 495 milliard so‘m hajmidagi rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani, ularni zamonaviy diagnostika va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlash uchun xorijiy moliya institutlarining 25 million dollarlik mablag‘lari jalb etilgani ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, mo‘tabar qariyalarimizga bo‘lgan e’tibor, bu yo‘nalishdagi ishlar faqat shu yil bilan cheklanmaydi, balki yangi bosqichda, yangicha shaklda izchil davom ettiriladi. Chunki bizlarni dunyoga keltirib, voyaga yetkazgan, o‘zining mashaqqatli mehnati bilan bugungi yorug‘ kunlarga katta hissa qo‘shgan keksa avlod vakillarini har tomonlama qadrlash – har birimiz uchun ham qarz, ham farz bo‘lib, bu o‘zbek xalqiga mansub betakror fazilatlarning yaqqol tasdig‘i sifatida bolalarimizni, yoshlarimizni insonparvarlik ruhida tarbiyalashda yorqin namuna bo‘lishi muqarrar. Buning uchun sog’lom dunyo sog’lom fikrli insonlar, jamiyat barpo etish kerak bo’ladi.
Yurt boshimiz aytganlaridek: “Sog‘lom bola sog‘lom va ahil oilaning mevasi bo‘lib, faqatgina sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi. Asrlar davomida o‘z tasdig‘ini topgan bu haqiqatni tushuntirib, izohlab o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.”
Darhaqiqat, sog’lom bolada sog’lom fikr va g’oyalar paydo bo’lib, u jamiyatga foyda bo’luvchi loyihalarni ishlab chiqadi. Ilmiy salohiyat rivojlanish pallasida bu bitiruv malakaviy ishimni hozirgi kunda eng katta tadqiqot markazlaridan biri bo’lgan Kollayderda olib borilayotgan ishlardan kelib chiqib, yadro sohasiga hissa qo’shmoqchiman.
|