|
Masala bayoniTerrorizm tushunchasi va uning asosiy belgilari
|
bet | 71/75 | Sana | 12.12.2023 | Hajmi | 0,69 Mb. | | #117499 |
Bog'liq Dinshunoslik maruzaMasala bayoniTerrorizm tushunchasi va uning asosiy belgilari. Terrorizm (lotincha – «qo’rqitish», «vahimaga solish», “daxshat”) – aholining keng qatlamlarida vahima va qo’rquv uyg’otish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadiga qaratilgan jinoiy faoliyatdir.
Terror – ommaviy va siyosiy maqsadlarga erishish uchun zo’ravonlikdan hamda zo’ravonlik qilish bilan tahdid solishdan muntazam foydalanishdir. Shunday qilib, «terror» dushmanni jismoniy zo’ravonlik yo’li bilan qo’rqitish, hatto uni jismonan yo’q qilishni anglatadi. «Terrorizm» esa terror amaliyotidir.
XX asrning 60-yillaridan boshlab, terrorizmning mojarolarni keltirib chiqaruvchi hodisa sifatidagi salohiyati, butun-butun mintaqalar yo’nalishi turlicha bo’lgan terrorchi tashkilotlar va guruhlar faoliyat ko’rsatgan joylarga aylanib qoldi. Buning natijasida, terrorchilik harakatining ko’lamigina emas, balki metodlari ham o’zgardi. Uning eng dahshatli ko’rinishlaridan biri – o’zini avvaldan o’limga tayyorlagan terrorchi-kamikadzelar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarni keltirish mumkin.
Musulmon mamlakatlarida terrorchi uyushmalar ommaviy bo’la olmagani uchun aholining keng qatlamlari nomidan harakat qilish taassurotini uyg’otish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanadilar.
Demak, terror, terrorchilik faoliyati, terrorchi birgalikda bir butun hodisa sifatida terrorizmni tashkil etadi. Hozirgi davrda u global miqyos kasb etib, xalqaro terrorizm shaklini oldi.
«Xalqaro terrorizm» tushunchasi davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiya va harakatlarni beqarorlashtirishga qaratilgan siyosiy qo’poruvchilik faoliyatini ifodalaydi. U og’ir jinoyatlardan bo’lib, uzoq davom etgan jarayonlarning hosilasi hisoblanadi.
Xalqaro terrorizm fenomeni, ayniqsa, XX asr boshlarida avj ola boshladi, ya’ni xalqaro terrorizmga qarshi kurashda davlatlararo hamkorlikni yo’lga qo’yilishi o’tgan asrning 30-yillaridan boshlangan. 1937 yilda 20dan ortiq davlat terrorizmning oldini olish va bunday harakatlar uchun jazolash haqidagi Konventsiyani imzoladi.
Terrorizmni turlarga bo’lishda terakt jarayonida ishlatiladigan vositalarga asosiy mezon sifatida qaraladi. Shunga ko’ra terrorizm ikki turga: an’anaviy va zamonaviy (texnologik) terrorizmga ajratiladi. Odamlarni xalok qiluvchi azaldan ma’lum vositalar (sovuq qurol, o’q otuvchi qurol, portlovchi moddalar va hokazolar)dan foydalanib siyosiy maqsadlar yo’lida amalga oshiriladigan terror an’anaviy terrorizmga xos xususiyatdir.
Zamonaviy (texnologik) terrorizm esa radioaktiv materiallar, o’ta zaharli gazlar, kimyoviy va biologik moddalar kabi vayron qilishning yangi vostalarini qo’llashni afzal ko’radi, nisbatan katta hududni qamrab olishi va ko’plab aholining qurbon bo’lishiga olib kelishi jihatidan o’ta xavfli jinoyat turiga kiradi.
Zamonaviy (texnologik) terrorizmning ko’rinishlari:
Yadroviy terrorizm - yadroviy portlovchi qurilmalarni portlatish yoki portlatish tahdidi, radioaktiv materiallar bilan zaharlash, yadroviy ob’ektlarni bosib olish yoki diversiya uyushtirishni ifoda etadi. Hozir dunyoning 30 mamlakatida 450 ga yaqin yadroviy sanoat ob’ektlari, yuzlab yadro reaktorlari, o’n minglab yadroviy qurilmalar mavjudligi e’tiborga olinsa, terrorizmning bu ko’rinishi insoniyatga nisbatan qanchalik katta tahdidga aylanganini tasavvur qilish mumkin.
Xaydjeking - yirik transport vositalari: samolyot, poezd, avtomobil va kemalarni o’g’irlashni ko’zda tutadi. 2001 yil 11 sentyabrda AQSH hududida mamlakat aviakompaniyalariga qarashli uch yirik samolyotning passajirlar bilan birga olib qochilganligi, amalga oshirilgan terakt natijasida ko’plab fuqarolarning halok bo’lganligi katta fojia bo’lgan edi.
Kiberterrorizm — maxsus xaker dasturlari orqali kompyuter boshqaruvi tarmoqlarini egallab olish, kompyuter viruslari yordamida internet tarmog’ida terakt sodir etish, internet tarmog’ini ishdan chiqarishni ko’zda tutadi.
Bioterrorizm — shtam, virus, kukun kabi bakteriologik vositalardan foydalangan holda terakt sodir etish.
Kimyoviy terrorizm - zarin, neprin kabi zaharlovchi va bo’g’uvchi gazlardan terroristik maqsadlarda foydalanish.
Ekoterrorizm — terakt ob’ekti sifatida flora (o’simlik dunyosi) va fauna (hayvonot dunyosi)ning tanlanishi.
Infoterrorizm (axborot terrori) — terakt sodir etishga olib kelishi mumkin bo’lgan ma’lumotning OAV orqali tarqatilishi, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatning o’z texnik imkoniyatlaridan boshqalarning zarari uchun foydalanishini anglatadi. Misol uchun biron bir yolg’on xabar ba’zan butun dunyo davlatlarini bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’yadi, millionlab odamlarning ruhiyatini zaharlaydi, ularni yo’ldan adashtiradi. Shu bois, jahon ommaviy axborot vositalari orqali, xususan, «Internet» tarmog’idan tarqatilayotgan xabarlar noxolis berilar ekan, demak, turli zararli oqibatlar ham kelib chiqadi. Bunda zararli axborotlarni «Axborot terrori» deb atash mumkin.
Bugungi kunda terrorchilik uslublari ancha kengayganini ta’kidlash zarur. 1970-yillarda biror shaxs yoki siyosiy arbobga qarshi uyushtirilgan terror amaliyoti ko’proq uchragan bo’lsa, hozirda jamoat joylarida, samolyot, avtobus va poezdlarda portlashlarni sodir etish orqali ko’plab tasodifiy kishilarning qurbon bo’lishiga olib keladigan qo’poruvchilikni amalga oshirishga e’tibor berilmoqda. Ekspertlarning fikricha, bunday harakatlar birinchi navbatda nobud bo’lganlardan ko’ra, uning guvohlariga qaratilgan.
So’ngi yillarda turli-tuman siyosiy, iqtisodiy va diniy-mafkuraviy sabablarga ko’ra, Falastin hududlari, Suriya, Iroq Respublikasi diniy ekstremizm bilan bog’liq terrorchilik harakatlaridan katta talafot ko’rmoqda. Ayniqsa, Suriya davlatining iqtisodiyotiga 5 yillik urush 255 milliard AQSH dollari miqdorida zarar keltirdi. Mamlakatning o’nlab shaharlaridagi 2 milliondan ziyod bino va inshoatlar poydevorigacha yo’q qilingan, 85% suriyaliklar qashshoq holatga tushib qolgan. BMT ma’lumotlariga ko’ra, Suriyani tiklash uchun yiliga 100 milliard AQSH dollari lozim bo’ladi. Shundan keyingina 9 yil ichida davlat 2010 yilgi darajaga chiqishi mumkin. 2010 yili Suriyaning yalpi ichki mahsuloti 62 milliard AQSH dollariga teng bo’lgan. Ammo, fuqarolar urushidan so’ng yalpi ichki mahsuloti 27 milliard AQSH dollariga tushib ketgan. Faqatgina ishlab chiqarish maydonlarining o’zi 90% vayron qilingan. Turar-joy binolarining yarmi esa buzib tashlangan.
Xalqaro terrorchilik harakatlarining asosiy belgilari:
xalqaro huquq himoyasidagi ob’ekt yoki sub’ektlarga qarshi qaratilgani;
davlatlar chegaralarini buzish orqali amalga oshirilishi;
a’zolari ikki yoki undan ortiq davlat fuqarolari, shu jumladan, yollanma shaxslar bo’lgan ekstremistik guruhlar tomonidan sodir etilishi;
ekstremistik guruhlar tarkibida qo’poruvchilik harakatlari bo’yicha xorijlik yo’riqchilarning qatnashishi;
ekstremistik guruh a’zolarining boshqa davlatlar hududida tashkil etilgan maxsus lagerlarda tayyorgarlik ko’rishi;
tayyorgarlik ko’rish va qo’poruvchilikni sodir etishda xorijiy davlatlar va ekstremistik uyushmalar yordamidan, xalqaro tus olgan noqonuniy qurol-yarog’ savdosi va narkobiznesdan keladigan moliyaviy manbalardan foydalanilishi.
Muayyan mamlakat hududida sodir etilgan terrorchilik xurujida qayd etilgan u yoki bu belgilarning bo’lishi, unga xalqaro maqom berilishi va shundan kelib chiqib, unga mos choralar ko’rilishiga olib keladi.
|
| |