|
Dirijyor va kompozitor shermat yormatovning hayoti va ijodi
|
bet | 7/10 | Sana | 22.01.2024 | Hajmi | 292,81 Kb. | | #143501 |
Bog'liq DIRIJYOR VA KOMPOZITOR SHERMAT YORMATOVNING HAYOTI VA IJODIUSTOZ – OTANGDAY ULUG‘…
Sh.Yormatovning izdosh shogirdlaridan biri - 1998 yili tashkil etilgan “Sevinch” vokal absamli xormeysteri, 2015 yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan, hozirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Vokal” kafedrasi dosenti sifatida o‘z ish faoliyatini olib borayotgan Saodat Muzaffarovaning fikrlari…
“Ustoz otangday ulug‘” deyilgan gap aynan mening mehribon ustozim, jonkuyar, bag‘rikeng, cheksiz hurmat va ehtiromga loyiq bo‘lgan Shermat Yormatov haqida aytilgan bo‘lsa kerak! Ustozimni 10 yoshimdan bilaman. 1970-yillarda “San’at g‘unchalari” ko‘rik-tanlovi bo‘lardi, shu tanlovga Bo‘ka tumanidagi bir necha bosqichlardan o‘tib, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Respublika bosqichida ustozimni birinchi bor uchratganman. Hali-hali yodimda… Bu inson shunchalik nurli edi-ki, bolalarcha qalbim bilan muxrlanib qolgandi… Menga hay’at a’zolari 10 ball qo‘yishdi va Shermat akam menga R.Glier nomli Respublika Maxsus Musiqa Maktab - Internati (hozirda R.Glier nomidagi RIMAL)da o‘qishimni taklif qildilar. Lekin hujjatlar topshirish muddati o‘tib ketgan edi, Shermat akam meni qo‘limdan yetaklab shu maktabga olib keldilar, 10 sentyabr, o‘qish boshlanganiga qaramay meni shu maktabga joylashtirdilar! Va shu kunda mening kelajagimni “chizib” berdilar!
Maktabda men a’lo baholarga o‘qidim, chunki ustozim har kuni o‘qishlarimni nazorat qilib turardilar. Maktab xorida, hamda “Bulbulcha” xorida ulardan tahsil oldim va juda ko‘p narsalarni o‘rgandim, ovozni qanday yo‘naltirish, qo‘shiq kuylash, uni his qilish, tinglovchiga yetkaza bilish, tomoshabinga yaxshi kayfiyat ulashish, sahnada o‘zini tutish kabi san’at sirlarini ustozim har doim uqtirib bordilar. Bolaligimda juda tortinchoq edim, sinfda yaxshigina kuylab turib, suratga olish yoki magnit tasmasiga tushirish jarayonida ovozimni chiqara olmasdim. Ko‘pincha ustozim menga yakkaxon tarzida o‘rgatgan qo‘shiqlarini studiyaga kirganimda kuylay olmaganim tufayli o‘rtog‘im Nargiza Mirzayeva ijro qilardi. Bir kuni ustozim o‘sha davrdagi “Do,re,mi,fa,sol” ko‘rsatuvida qo‘shiq kuylashim uchun meni telestudiyaga olib keldilar, repetisiya vaqtida yaxshi kuyladim, lekin jonli efir ketayotgan paytda umuman ovozimni chiqarolmay qoldim, qo‘shiq xirgoyiga aylandi. Efirdan so‘ng ustozim meni juda qattiq koyidilar, tanqid qildilar, xattoki, “sen meni ishonchimni oqlay olmading, sen bu qo‘rqoqliging bilan hech kim bo‘la olmaysan” dedilar. Mehribon, shirinso‘z Shermat akam qattiqqo‘l, talabchan ham ekanliklariga o‘shanda birinchi bor guvohi bo‘ldim. Bu voqea menga bir umrlik dars bo‘ldi…
Katta sinflarda o‘qiyotgan davrimda meni xor oldida turib ishlashimga sharoit yaratib berdilar, “sekin-sekin ishlashni o‘rgan” derdilar. Keyinchalik o‘zimga bo‘lgan ishonchni ham shakllantirdilar. Konservatoriyada o‘qib yurganimda o‘smirlar xoriga qatnashardim, Moskvaga borish uchun tayyorgarlik qilayotgan vaqtimizda ustozim qo‘limga bir nota tutqazdilar, “shuni ertagacha aranjirovka qilib kel”, dedilar. Men “Aranjirovka qilishni yaxshi bilmayman” dedim (4-bosqich talabasi edim), Shermat akam “Sen avval boshlab ko‘r, sekin-sekin o‘rganib ketasan” dedilar. O‘sha kecha uxlamasdan qo‘shiqni xor uchun aranjirovka qildim, aynan shu variantini Moskvada kuyladik, olqishlarga sazovor bo‘ldik. Bu A.Nazarovning “Do‘lana” qoshig‘i edi. Ustozim meni ochilmagan qirralarimni ham ochdilar, ularning turtkilari bilan hozirgi kunda ham xor va vokal ansambli uchun 100dan ortiq aranjirovkalar qildim.
Bir kuni “Yoshlar” telekanalidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, “Do-mi-sol” ko‘rsatuvi loyihasi ustida ishlanayotgani va shu ko‘rsatuvga meni boshlovchilik qilishimni taklif qilishdi. Men ustozim bilan maslahatlashish uchun qo‘ng‘iroq qilganimda, ustozim xursand bo‘lib “Rozi bo‘laver, qizim. Bolalar uchun ko‘rsatuvlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi”, - deb oq fotixa berdilar.
Ustozimiz Shermat doda haqida soatlab gapirishimiz, har birimiz alohida kitob yozishimiz mumkin! Muborak 80 yoshingiz qutlug‘ bo‘lsin, Ustozim! Bir umr ta’zimdaman!
|
| |