|
Dunyoni axborot boshqaradi
|
Sana | 15.03.2017 | Hajmi | 14,16 Kb. | | #117 |
Dunyoni axborot boshqaradi
Azal-azaldan insoniyatdagi olamni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ajoyib ixtirolar qilishga undagan. Shu yaratuvchanlik qobiliyati vositasida ko‘plab ilm sohiblarining nomi manguga bitildi. Tarixchilar har bir asrning odamzot uchun alohida o‘rni, boshqasini takrorlamaydigan ahamiyati borligini ta'kidlaydi. Darhaqiqat, qadim chinliklarning qog‘ozni kashf etishidan boshlangan madaniyat olmoniyalik muhandis Guttenbergning bosma dastgoh yaratguniga qadar ming bor takomillashib, zamonlar chig‘irig‘ida elandi.
Va nihoyat, biz nafas olayotgan davr - XXI asr endilikda "axborot" so‘zi bilan yonma-yon ishlatilmoqda.
Jadallik bilan rivojlanib borayotgan texnika va texnologiyalar tizimi inson tafakkurining sarhad bilmas ekaniga ishora.
Yoydan to vodorod bombasiga qadar
Bundan ming yil avvalgi urush kayfiyatida yurgan hukmdorlar zirhlangan suvoriylari, kamonu o‘q-yoyi, ko‘zi qonga to‘lgan jangari fillari bilan raqibini bemalol sarosimaga sola olganini bilamiz.
Yaqin-yaqingacha esa davlatlar bir-biriga do‘q urganda, qurolli kuchlarini, harbiy salohiyatini ko‘z-ko‘z qilib, ogohlantirib qo‘yishardi. Qariyb oltmish yil davom etgan "sovuq urush" davrida atom bombasidan tortib, Yer sharini "o‘z o‘qidan chiqarib yuborish" darajasidagi qudratli vodorod bombalari kashf etildi. Ana shu tahlikali jarayonda "kunchiqar yurt"ning Xirosima va Nagasaki shaharlari aholisi, janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlarining ko‘plab xalqi aziyat chekdi va undan qolgan asoratlar haligacha bartaraf qilingani yo‘q...
Yigirma birinchi asrga kelib, geopolitika maydonida ot o‘ynatib yurgan davlatlar "xavfli o‘yinchoqlar"dan ongli ravishda voz kechishga mujbur bo‘lmoqda, chunki garchi siyosiy jihatdan diplomatik munosabatlarning sovuqlashib, mamlakatlarning bir-birini sayyora xaritasidan «o‘chirib» tashlashga bo‘lgan intilishi natija bergan taqdirda ham, u ikki tomonning yo‘q bo‘lib ketishi, ya'ni bir-birini mahv etishi bilan yakunlanadi. Bunday xotimadan esa na u tomon, na bu taraf naf ko‘radi. Ma'lumki, har qanday geosiyosat tagida iqtisodiy manfaat yotadi. Shunday ekan, bugungi kunda barcha davlatlarning turmush tarzi, hayot kechirishi o‘zaro bog‘langandir.
Ammo bu bilan azaliy kelishmovchiliklar barham topdi, deb bo‘lmaydi. Ajdodlaridan avlodiga meros qolib kelayotgan bu kayfiyat hamon tinchlikparvar xalqlarning, millatlarning ko‘nglini kemirib turibdi. Faqat bugungi kurashlarda asosiy qurol o‘zgargan.Axborot asosiy kurash vositasiga aylandi.
Eng tansiq "taom"
Axboriy jamiyat tushunchasi o‘tgan asrning 60-yillarida taniqli siyosatchi va iqtisodiyot bilimdonlari tomonidan tilga olingan postindustrial jamiyat kontseptsiyasining uzviy davomi sifatida vujudga keldi. Postindustrial jamiyat deganda, yuksak darajada sanoatlashgan, ilmiy-texnikaviy inqilob tufayli barpo etilgan barqaror iqtisodiy turmush tarziga ega tuzilma ko‘z oldimizga keladi. Bunda yaratilayotgan mo‘'jizaviy ixtirolar kashfiyot bo‘libgina qolmay, xizmat ko‘rsatishga va shu orqali mislsiz daromad keltirishga yo‘naltiriladi. Postindustrial jamiyat axboriy jamiyat qurish yo‘lidagi o‘ziga xos evolyutsion jarayondir.
Axboriy jamiyat nazariyasi insoniyat tarixidagi hozircha eng so‘nggi tamaddun bo‘lib, uning asosiy mahsuloti axborot va tafakkurdir. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, dunyoning juda ko‘p boy kishilari aynan intellekti evaziga investitsiya jamg‘arishmoqda. Axborotni to‘plash, qayta ishlash va tarqatish orqali har kecha-kunduzda milliardlab mablag‘ aylanishini tasavvur qilish qiyinmas. Birgina "Maykrosoft" kompaniyasi orqasidan minglab aqliy salohiyat sohiblari «suv ichadi». Masalan, internet tizimidagi brauzer (qidiruv xizmati) xo‘jayinlari saytga kiruvchilarni chek-chegarasiz ma'lumotlar bilan ohanrabodek chorlab, o‘z navbatida, bu xaridorlar e'tiboriga yirik korxona va firmalarning mahsulotlari reklamasini ham havola etish natijasida millionerlarga aylanishdi.
Amerikalik siyosatchilar axboriy jamiyatning bir qator muhim ko‘rsatkichlarini sanab o‘tishgan. Axboriy mahsulotlar (ommaviy axborot vositalari mahsulotlari, madaniyatning turli ko‘rinishlari va hokazo) bora-bora ichki yalpi mahsulotlar (ishlab chiqarish sanoati, agrosanoat, neft qazish va metallurgiya) keltirayotgan umumiy daromaddan ortib ketadi. Yagona global axborot makonini yaratish uchun, birinchidan, har bir fuqaroning xabar va yangiliklarga bog‘liqlik darajasini oshirish talab etiladi. Ular bir soatlik vaqtini ham o‘ziga aloqador bo‘lgan axborotsiz tasavvur qilolmaydigan bo‘lib qoladi. Ikkinchidan, odamlar dunyoviy jarayonlar: siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ma'naviy, mafkuraviy voqea-hodisalarga ham taalluqli axborot resurslari bilan ipsiz bog‘lanishadi. Uchinchidan, kishilarning axborot va axboriy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji o‘z vaqtida qondirilishi lozim. Muxtasar aytganda, bunday jamiyatda axborot eng tansiq "taom" bo‘lib qoladi.
Yangi tamaddun ixtirochilari
Insoniyat umumtamaddunini taniqli futurolog A.Toffler uchga bo‘ladi: qishloq xo‘jaligi inqilobi, sanoat inqilobi va axboriy inqilob. Bularning uchinchisi - "axboriy jamiyat" so‘zining muomalaga kiritilishi bobida mutaxassislar ikki xil qarashni o‘rtaga tashlamoqda. Ayrimlarining fikricha, bu birikma yapon hukumatining ishlab chiqarishda strategik maqsadlarni belgilab olish bo‘yicha mas'ul guruhi tomonidan tayyorlangan mamlakatlarning istiqboldagi ilmiy, texnikaviy va iqtisodiy yaratuvchanlikka oid salohiyatini tadqiq etishga mo‘ljallangan maxsus nutqda tilga olingan.
Ikkinchi toifadagi mutaxassislar esa axboriy jamiyat tushunchasini dastlab G‘arb siyosatchilari B.Klinton va A.Gor Milliy ilmiy jamg‘arma konferentsiyasida so‘zlagan nutqlarida ishlatgan, deyishadi. Axboriy jamiyat qurish dasturi bo‘yicha Yevropa ekspertlar guruhi rahbari Martin Bangemann bu fikrni o‘sha konferentsiyadan so‘ng uchta yirik axboriy magistralning bunyod bo‘lishi, xususan, Kanada, AQSh va Buyuk Britaniya nashrlarining aynan axboriy jamiyat to‘g‘risidagi davomiy materiallar berishga qat'iy kirishgani bilan izohlaydi.
1960-yillarning ikkinchi yarmida "axboriy xuruj" degan atama paydo bo‘ldi. Axborotning jamiyatdagi ko‘lami, ko‘rsatkichi yuqori sur'atlarda o‘sib bordi. Va bu narsa ko‘plab davlatlarda axborotga tegishli qonunlar ishlab chiqish hamda izchillik bilan joriy etishga sabab bo‘ldi.
Ushbu qonunlarda asosan inson huquqlarini toptash va haqoratlash, tuhmat qilishga qaratilgan axborotlarni tarqatish hamda daromad orttirish, odamlar shuurida voqea-hodisalarga nisbatan salbiy fikr uyg‘otish, vahimaga solish singari xatti-harakatlar jinoyat, deb belgilandi. Axboriy xurujlardan yurak oldirgan sobiq ittifoq esa o‘z hududi va bu orqali aholisi ongini «izolyatsiya»ladi. Axboriy jamiyat tushunchasiga qarshi tsenzurani o‘rnatdi. Lekin shunga qaramay, G‘arb mamlakatlarining ayrimlaridagi demokratik qarashlar, liberallashuv kurtaklari "axboriy jamiyat"ning rivojlanishiga zamin yaratdi.
Kun tartibida: axborot xavfsizligi masalasi
Axborot mo‘maygina daromad manbai bo‘lgach, u bilan jiddiy shug‘ullanishga, tashkiliy jihatdan uni yetkazib beruvchi vositalarni takomillashtirishga zarurat tug‘ildi. Mafkuraviy tomondan esa, uni to‘plash va tarqatishda ehtiyotkorlik masalalariga e'tibor qaratildi, davlatlarning sir saqlanadigan ma'lumotlari bilan shug‘ullanuvchi alohida axborot xavfsizligi organlari tuzildi. Bunga parallel ravishda xorijiy mamlakatlar sirlarini o‘zlashtiruvchi maxfiy razvedka byurolari ham tashkil etildi.
Bir jihatni hech qachon yoddan chiqarmaslik kerakki, axboriy jamiyatda yashayotgan har bir shaxs arzimas soatlar ichida qabul qiluvchi axborotni ongli ravishda saralashga, qiyoslashga, oqini oqqa, qorasini qoraga ajratishga o‘rganishi shart. Bu nainki shaxsiy axborot xavfsizligi uchun, balki jamiyatning ma'lum "xuruj"lardan xoli bo‘lishida asqotadi.
Soha mutaxassisi F.Maxlup 1960-yillar boshida axborotga ta'rif berayotib, uni tafakkurning dastlabki mahsuloti, ya'ni xomashyo sanoatining (hali tayyor bo‘lmagan!) bir turi degandi. Rus olimi V.Glushkov esa uni jamiyatni taqsimlash va boshqarishda "qog‘ozsiz texnologiya kontseptsiyasi", deb ko‘rsatgan. Aynan yaponiyaliklarning axborotning xomashyo sifatida qanchalik qadrli ekanini faol targ‘ib qilishi oqibatida dunyo bozorida raqobat kuchayib ketgani bor gap. Yapon sanoq sistemasi va hisoblash mashinalari axboriy jamiyat uchun suv va havodek zarur bo‘lgan texnoqatlam vazifasini bajargan bo‘lsa, u orqali "samuray"lar jahon bozorida yetakchilikni qo‘lga oldi.
1980 yilga kelib, axborot sotish va tegishli xizmatlar ko‘rsatish birdaniga yuqorilab ketdi. Masalan, AQShda o‘sha vaqtdayoq qishloq xo‘jaligi sohasida 3 foiz, xomashyo ishlab chiqarishda 20 foiz, maishiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida 30 foiz va axborot bilan shug‘ullanishda eng ko‘p - 47 foiz aholi band edi.
Axboriy sektor - harakatdagi, tez o‘suvchi industriyadir. U, o‘z navbatida, minglab odamlarni ish bilan ta'minlamoqda. AQSh kabelli telesanoatida bugungi kunda 100 ming nafardan ziyod ishchi faoliyat yuritayapti. Shu kabi jihatlarni inobatga olib, BMT Bosh Assambleyasi 2006 yil 27 martdagi rezolyutsiyasida 17 mayni - xalqaro "axboriy jamiyat kuni" sifatida nishonlash taklifi bilan chiqdi.
"Chegaralar nisbiylashib boraveradi..."
Vaqt o‘tishi bilan jamoaviy ishlashdan individual mehnat qilish darajasi ortib boradi va ishchilarning avtomatlashgan markazi yuzaga keladi. Buning samarasi o‘laroq, odamlar juda ko‘plab ishlarni uyidan ko‘chaga chiqmay bajarishni uddasidan chiqishadi. Bugungi kunda butun dunyo bo‘yicha "kompyuterlashtirish" jarayoni kechmoqda. U o‘z o‘rnida an'anaviy ishlab chiqarish yoki oddiy qilib aytganda, mehnat qilish tarzini o‘zgartirib yuboradi.
Axboriy jamiyatning eng katta yutuqlaridan (ayni paytda kamchiligi!) biri - bu chegaralarning qisqarishi, yo‘qolishi holatidir. Axboriy jamiyat rivojini uch zamonaviy omil bilan asoslash mumkin, ular - texnokratizm, postindustrializm va an'anaviy futurologiya.
Mutaxassis D.Bellning fikricha, axboriy jamiyat postindustrial jamiyatning yangi bosqichi bo‘libgina qolmay, balki axborot va bilimlarni qayta ishlash jarayonida "ochilgan" kompyuter inqilobi hamdir.
Professor U.Martin ham uning bu sifat bilan atalishini tasodifiy emas, deb biladi. Uning dastlabki qarashlariga ko‘ra, Yaponiya, AQSh va G‘arbiy Yevropada o‘tgan asrning 60, 70-yillaridayoq postindustrial jamiyat ko‘rinishi mavjud edi. U ilmiy maqolalaridan birida axboriy jamiyatga texnologik, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sharh ham berib o‘tadi.
Bu omillarning har biri axboriy jamiyat qurishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Masalan, U.Martin siyosiy sharhida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, xalqaro ziddiyatlarga barham berish, hukumat faoliyatini nazorat qilish orqali to‘planadigan axborotlar erkin tarzda ifoda qilinishi zarurligi haqida yozadi. Oradan biroz vaqt o‘tib esa u "axboriy jamiyat" to‘g‘risidagi qarashlarini o‘zgartirib, ushbu hodisani "shunchaki G‘arb va Yevropa sarmoyadorlari an'analarining o‘zgargan talqini", deb atadi va bir nechta sifatlarini sanab o‘tdi. Biroq axboriy jamiyat kontseptsiyasini inkor etolmasligini, u orqali bashariyat turmush tarzi farovonlashishini, iqtisodiy to‘kin-sochinlikka erishilishini ta'kidlab: "Bunday jamiyatda hayot standartlari, mehnat va dam olish turlari, ta'lim hamda bozor tizimi mislsiz darajada taraqqiy etadi", degan xulosaga keldi.
Xulosa: gegemonlikning sharti o‘zgardi(mi?)
Odamzot qadim-qadimdan ideal jamiyat qurishni orzu qiladi. Ularga o‘zicha "yangi dunyo", "adolat olami" deb nom ham qo‘yadi. Axboriy jamiyat kontseptsiya ko‘rinishiga kelgunga qadar J.Lixtaymning "postburjuaziya"si, R.Darendorfning "postkapitalizmi", K.Bouldingning "posttsivilizatsiyalashgan jamiyat"i, G.Kanning "postiqtisodiy jamiyat"i va R.Barnetning "postneft"ga oid qarashlari biror ahamiyatga egadek edi go‘yo. Axboriy jamiyat ularning mantiqiy davomi sifatida o‘rganilsa, "post"larning eng so‘nggisi, ya'ni F.Fukuyama iborasi bilan aytganda "tarix intihosi"dir. Binobarin, axboriy jamiyatdan so‘ng qanday jamiyat kelishini Fukuyamagina emas, shu sohada bosh qotirgan faylasuflar ham bilmaydi...
O‘tgan asr iqtisodi, siyosati va boshqa ijtimoiy jarayonlarida bilimning, idrok qilish(intuitsiya)ning roli beqiyos bo‘lgan esa, endilikda uning o‘rnini yangi faoliyat turi - telekommunikatsiyalar egallaydi. Aniqroq qilib aytganda, "markaziy pult"ni kompyuter va ommaviy axborot vositalari boshqaradi.
Davlatlararo ixtiloflar aynan axboriy xurujlar asnosida yuz berib, axboriy kurashlar qarshiligida davom etadi. Qisqa qilib aytganda, mamlakatlar global axboriy makonda axborotga egalik qilish uchun kurashadi. Ammo bunday taraqqiy etgan davrda axborotga muttasil egalik qilishning imkoni yo‘q hisobi. Shunday ekan, mabodo qaysidir tomon buning uddasidan chiqolsa, shubhasiz, u dunyo tizginini har jihatdan o‘z qo‘liga oladi. Chunki yigirma birinchi asrda insoniyatni axborot boshqaradi.
|
| |