9.3-rasm. Savdo markalariga bog‘liq bo‘lgan asosiy qarorlar
Brendning rasmiy ta’rifi yo‘q, lekin bu mohiyatan ommalashtirilgan, jamiyatda qabul qilingan marka obrazi yoki qandaydir his qilinmaydigan qiymatdir.
Brending bu:
markani ommalashtirish jarayoni bo‘lib, uning davomida firma belgisi iste’molchi tomonidan eslab qolinadi;
xaridor ongida raqobatchilarning tovar va xizmatlaridan ajratib turadigan farqlarni belgilash uchun tovarlar va xizmatlarning barqaror jalb etuvchan markalari yaratish;
iste’molchi bilan uzoq muddatli ijobiy o‘zaro munosabatlar o‘rnatish maqsadida savdo markasi, tova va firmani kompleksli boshqarish jarayoni;
alohida tovar markalarini mustaqil marketing ob’ektlari sifatida ajratish va bu ob’ektlar bilan bog‘liq esda qoladigan obrazlar yordamida ularni maqsadli bozorlar tomon ilgari surish.
Brend - iqtisodiy ma’noda tovar belgisidan ko‘ra kengroq tushunchadir. Brend ham moddiy, ham nomoddiy toifalar yig‘indisini aks ettiradi. Bu toifalar yig‘indisi iste’molchida tovar, xizmat, firma haqida ijobiy taassurot shakllantiradi va tovarni
boshqa tovarlar qatorida ajratgan holda uni xarid qilish istagini yuzaga keltiradi. Shunday qilib, brend bu:
ma’lum bo‘lgan elementlardan iborat bo‘lgan belgi, markadan vaqt bo‘yicha xaridorlar aniq idrok qiladigan, tovarning o‘zi bilan umumiy bo‘lgan emotsional va funksional elementlargacha rivojlanadigan mohiyat;
tovar, xizmat va ularning tavsifnomalarini, savdo markasi va uning iste’molchilar ongidagi obrazini, shuningdek, o‘z tovari, xizmati, savdo markasi, iste’molchilarga nisbatan ishlab chiqaruvchi (sotuvchi) konsepsiyasini bir qilib bog‘laydigan tizim.
Savdo markasini brendga aylantirish jarayoni eng umumiy ko‘rinishda 9.4- rasmda aks ettirilgan.
|