|
Shaxmat tugagandan so‘ng shoh ham, piyoda ham bir qutiga solinadi
|
bet | 6/6 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 248,84 Kb. | | #247728 |
Bog'liq Esse yozish qoidalariShaxmat tugagandan so‘ng shoh ham, piyoda ham bir qutiga solinadi...
Tobelik va tenglik... Jamiyatni tartibga solib turadigan borliqning qat’iy tuzilmasi. Bir istiloh doirasidagi ushbu zid ma’nolar o‘rtasida o‘zaro mutanosiblik va mukammal uyg‘unlik mavjud.
Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida Shoh Iskandarning Arastudan olamdagi narsalar teng taqsimlanmaganligi sababini so‘ragani bobida shoirning chuqur falsafiy mushohadalari yotgani ma’lum.
Mulohazalarim ushbu qonuniyatning ijtimoiy munosabatlarda amal qilishi yuzasidan kechadi. Avvalo, olamning tobe tarkibi, zidliklar mutanosibligi haqida ikki og‘iz so‘z.
Qadim Sharq falsafasiga ko‘ra, bu olam bir sahna bo‘lib, unda har kimning o‘z vazifasi va darajasi belgilangan. Biz undagi o‘yinchilarmiz. Ushbu asar qat’iy tartibga asosan sahnalashtirilgan. Rollar o‘rtasida turlicha munosabatlar o‘rnatilgan: rahbar-xodim, ota-o‘g‘il, ustoz-shogird, shoh-piyoda... O‘yin tugagandan so‘ng aktyorlar teng, do‘stona munosabatlarini davom ettirishadi. Lekin sahnada qat’iy qoidaga amal qilinsagina, qarashlar, amallarda o‘zaro uyg‘unlikkka erishiladi, maqsadlar amalga oshadi, barqarorlikka erishiladi. Demak, asar sujeti unsurlarining qat’iy darajali tarkibi mavjud. Bunday tuzilma uzoq davrlar davomida asar qayta-qayta mutolaa qilinishining zaruriy shartidir.
Davlatidagi tuganmas kurashlar davrida yashagan Konfutsiy jamiyatni tartibga keltirishni maqsadiga aylantirdi. Uningcha, davlatni boshqarishda jamiyatda tobelangan munosabatga qat’iy amal qilish muhim. Bu esa oiladan boshlanadi. Oilada o‘rnatilgan bunday darajalilik hamda axloqiy qadriyatlarga asoslangan qat’iy tartib jamiyat munosabatlarining ham tartibli va adolatli bo‘lishida muhim o‘ringa ega. Oiladagi qat’iy tobe munosabat hamda o‘zaro rozilikka asoslangan hurmat, a’zolarning o‘rniga ko‘ra o‘z vazifasini bajarishi ularning ongostida qadriyat, qonuniyat darajasida muhrlanadi. Konfutsiyga ko‘ra, ushbu an’ana, natijada, jamiyatdagi munosabatlarga tomon o‘sib boradi.
Hindistonda mavjud kasta tizimi ham darajalilikning yaqqol namunasidir. Hind xalqi ushbu taqsimotni moddiy olamning adolatli tarkibi sifatida qadrlaydi, rioya etadi.
Tomonlar muvozanatini ushlab turish puxta ishlangan formulaga asoslangan. Inson fitratidagi ezgulik hamda shakllangan yovuzlik kabi ziddiyatlar uning kamoloti uchun muhim. Imom G‘azzoliy fikricha, «Shak yaqiyn – ishonchli ilmning birinchi pog‘onasidir». Qalbda sodir bo‘ladigan shak, ikkilanish imon butunligi uchun zarur, chunki aynan shubha sababli inson haqiqat sari izlanadi.
Shaxmat o‘yini davomida donalar o‘rtasidagi tobelik, zidliklar kurashi hamda o‘yindan keyingi tenglik, aslida, bir butunlikdir. Tomonlar mohiyatan bir ma’noli bo‘lib, o‘yin davomida bir-birining ASLini aniqlashtirish uchun xizmat qiladi.
Bildimki, hayot ziddiyatlari qalbimni yondirish barobarida toblaydi ham... Meni o‘tda qoldirganlarga nisbatan shukrli, bag‘rikeng va mushohadakor bo‘lishim lozimligini har lahzada o‘zimga ta’kidlayman.
|
| |