|
Davlat byudjeti haqida tushuncha va uning nazariy jihatlari
|
bet | 4/7 | Sana | 17.01.2024 | Hajmi | 402,75 Kb. | | #139255 |
Bog'liq MMT 93-2G. Rajabova Nuriniso2. Davlat byudjeti haqida tushuncha va uning nazariy jihatlari.
Har bir davlatning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti, davlatning jahon hamjamiyatidagi o'rni va nufuzi nafaqat mamlakatda yuritilayotgan iqtisodiy islohotlarida balki davlatning moliya sohasining islohotlari hamda moliya tizimining bu iqtisodiy ravnaq jarayonidagi o'rniga ham bog’liqdir. Ayniqsa jahon hamjamiyatining keyingi yillardagi holatlari shuni ko'rsatmoqdaki moliya sohasi nafaqat davlat sohasi bilan balki iqtisodiy sohalar bilan ham to'g’ridan to'g’ri bog’langanligi hamda moliya tizimining barqarorlikni, iqtisodiy ravnaqni ta'minlashga zamin yaratishi mumkin bo'lib qolmoqda. Shu borada moliya sohasining eng katta bo'g’ini bo'lgan davlat moliyasi va uning elementlarini to'g’ri shakllantirilishi hamda boshqarilishida moliyaviy instrumentlardan to'g’ri va oqilona foydalanish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so'ng davlat tomonidan ko'plab iqtisodiy islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Bular orasida davlat moliyasini isloh qilish borasida olib borilgan islohotlar alohida e'tiborga molikdir. Bunday islohotlarning bosh maqsadi, birinchidan, budjet mablag’laridan foydalanish samaradorligini yoki unumdorligini oshirish, ya'ni davlat organlarining funksiyalarini bajarishda xarajatlarini yanada maqsadli sarflanishi, ko'rsatilayotgan xizmatlarning sifatini yanada oshirish bo'lsa, ikkinchidan, davlat xizmatlari faoliyatini doimiy yaxshilashning ichki oqibatlarini yaratish hamda o'z o'zini rivojlantirishni ta'minlash.
Bu maqsadlarga erishish uchun davlat moliyasini isloh qilish strategiyasi ishlab chiqilgan bo'lib, uning asosiy vazifalaridan biri dasturiy maqsadga mo'ljallangan budjet tizimini yaratishdir.
“Budjet” (ingl. budget – hamyon, mablag’) iqtisodiy so’z bo’lib, (1) “Muayyan vaqt (yil,chorak) uchun ishlab chiqilgan, me’yorlashtirilgan va qonuniy tarzda tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar yig’indisi” va (2) “Shaxsiy kirim-chiqim majmui” ma’nolarini anglatadi”.
Davlat budjeti kishilik jamiyati taraqqiyotining ma'lum bir bosqichida paydo bo'lgan bo'lib, uning vujudga kelishi, eng avvalo, siyosiy tashkilot sifatida davlatning vujudga kelishi bilan bevosita bog’liqdir. Har bir davr ijtimoiy tuzumiga tegishli bo'lgan ishlab chiqarish munosabatlarining asosiy belgilari davlat faoliyatining va budjetning taqsimlash mexanizmi sifatidagi mazmunini belgilab beradi. Davlat moliya tizimi va budjetning iqtisodiy mohiyati qadim zamonlardan iqtisodiyotchilar tomonidan o'rganila boshlangan. Masalan, sharq olimlari Ibn Haldun, Al - Farobiy asarlarida davlat xarajatlari va uning mohiyati ko'rsatilgan. Klassik iqtisodiy nazariya asoschilari U.Petti, A.Smit, D.Rikardo tomonidan davlat budjeti daromadlari shakllanishida soliq tizimining o'rni va vazifalari yoritilgan. Ular davlatni iqtisodiyotga minimal ishtiroki tarafdorlari bo'lib, davlatning asosiy vazifalari mudofaa va ijtimoiy masalalar deb belgilaganlar. Bozor munosabatlari esa, ularning fikricha, talab va taklif qonuniga asosan iqtisodiy rivojlanish muvofiqlashadi. Yalpi talab darajasini pasayishida davlat aralashish masalalari birinchi marta A. Marshallni ilmiy ishlarida tahlil qilingan. Iqtisodiyotga davlat aralashuvi, jumladan budjet tomonidan uni barqarorlashtirish masalalari J.M.Keynsni ilmiy izlanishlarida atroflicha yoritilgan. Davlat moliyasi mamlakat moliya tizimining eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Tarixdan ma'lumki, davlatchilik rivojlanishi bilan davlat moliya tizimi va uning markaziy zvenosi bo'lgan davlat budjetining milliy iqtisoddagi roli va mohiyati oshib borgan. Agar XX-asrning boshlarida dunyoda mamlakatni yalpi ichki mahsulotini 10-12% davlat budjetini shakllantirish uchun yo'naltirilgan bo'lsa, XX-asrning oxirida ushbu ko'rsatgich 25-35% tashkil qiladi. Natijada budjet xarajatlari YAIMga nisbati keskin o'sa boshladi. Bu esa ayrim mamlakatlarda budjet taqchilligini keltirib chiqardi.Budjetni balanslashtirish uchun ushbu mamlakatlar tashqi va ichki qarzlarni jalb qila boshladilar va bu davlatning tashqi qarzlari oshishiga olib keldi.
O'zbekiston Respublikasining 2014-yil 26-dekabrdagi “Budjet kodeksi”da davlat budjetiga quydagicha ta’rif berilgan “O'zbekiston Respublikasining Davlat budjeti – davlatning davlat vazifalari va funksiyalarini moliyaviy jihatdan ta'minlash uchun mo'ljallangan markazlashtirilgan pul jamg’armasi”. O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasi hamda 2014-yil 26-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Budjet kodeksi»ga binoan “davlat budjeti – respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan iborat. Bundan tashqari, davlat budjeti tarkibida davlat maqsadli jamg‘armalari jamlanadi" deb belgilab qo’yilgan.
Davlat budjetining huquqiy asosi Konstitutsiyaning 122 moddasida ham ta'kidlangan bo'lib, unda "O'zbekistonning davlat budjeti Respublika budjeti, Qoraqalpog’iston Respublikasi va mahalliy budjetlardan iborat" deb ko'rsatilgan. Bosh qomusimizning 123 moddasida esa "O'zbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qiladi. Soliqlar joriy qilinishiga faqat O'zbekiston Respublikasining Oliy majlisi haqli" deb belgilab qo'yilgan. Bunda, Oliy majlis tomonidan davlat budjetining xarajatlari qabul qilinib, soliq va yig’imlar joriy etilsa, Vazirlar Mahkamasi har moliya yili uchun tegishli qaror qabul qilib, davlat budjetining daromadlar va xarajatlar qismini ijro uchun tasdiqlaydi. Shu bilan birga, xarajatlarning yo'nalishlarini hamda soliq va to'lovlarning foizlarini belgilaydi. Davlat budjetida rejalashtirilgan xarajatlar daromadlar bilan qoplanishi shart. Daromadlar yetmagan vaqtda, turli manbalardan mablag’ jalb etilishi lozim. Masalan, davlat tomonidan ichki (markaziy bank, tijorat banklari mablag’lari) va xorijdan mablag’ jalb etish. Biroq, qonunga asosan mahalliy budjetlar taqchillik bilan qabul qilinmaydi. Hozirgi sharoitda davlat budjeti ijtimoiy (ishlab chiqarish) munosabatlarning bir qismini ifoda etib, davlatning ixtiyoriga mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot (milliy daromad)ning nisbatan kattagina qismini to'plash va uni jamiyat taraqqiyoti turli sohalarining (iqtisodiyot, maorif, sog’liqni saqlash, fan, madaniyat, ijtimoiy ta'minot, boshqaruv, mudofaa va boshqalar) rivojlanishiga yo'naltirish imkonini beradigan muhim taqsimlash instrumentidir.
O'zining mohiyatiga ko'ra, davlat budjeti mamlakat moliya tizimining tarkibiy qismidan iborat bo'lib, shunga mos ravishda u moliya tizimiga tegishli bo'lgan barcha belgi (xususiyat)larga ega va unga tegishli bo'lgan barcha funksiyalarni bajaradi. Bir vaqtning o'zida, davlat budjeti faqat o'ziga xos bo'lgan xarakterli xususiyatlarga ham egadirki, ular o'z navbatida, davlat budjetini moliya tizimining boshqa bo'linmalaridan ajratib turadi va unda markaziy o'rinni egallashga imkon beradi. Uning ana shunday xususiyatlaridan biri bevosita davlatga tegishli ekanligidir. Haqiqatdan ham har bir mamlakatda davlat barcha moliyaviy munosabatlarning tashkilotchisi bo'lsada, uning bu xislati, ya'ni mamlakatning moddiy va moliyaviy resurslarini asosiy taqsimlovchisi sifatidagi roli faqat budjetda katta kuch bilan namoyon bo'ladi. Yagonalik (birlik) va markazlashuvning yuqori darajada ekanligi davlat budjetining muhim xususiyatlaridandir. Turli ma'muriy-hududiy budjetlarning ko'pligiga qaramasdan ularning barchasi quyi bo'g’inlarning yuqori bo'linmalarga bo'ysunishiga ketma-ket rioya qilgan holda yagona davlat budjetiga birlashadi. Bir vaqtning o'zida budjet resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda demokratizm ham ta'minlanadi. Chunki davlat hokimiyatining barcha organlari o'zlarining budjet mablag’lariga ega bo'lib, bu borada ular o'zlariga tegishli bo'lgan budjet huquqlaridan foydalanadilar. Davlat budjetiga xos bo'lgan ana shu oxirgi ikki xarakterli belgilar mablag’lar bilan budjet siyosatini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi.
“Davlat budjetining har bir satriga aniq mas’ullar biriktiriladi” — president
Prezident endilikda davlat budjetining har bir satri bo‘yicha aniq shaxslar javobgar bo‘lishini ma’lum qildi. U budjet intizomini kuchaytirish zarurligini, budjet mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘ymaslik hamda ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o‘tkazishni kengaytirishni ta’kidladi.
Yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,8 foizga o‘sdi. Jumladan, sanoat 5,7 foiz, qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz, xizmatlar 12,1 foizga oshgan. Eksport 23,5 foizga oshib, 17,7 mlrd dollarni tashkil qildi. 226,6 trln so‘m investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,8 foizga ko‘paygan.
“Biroq ko‘rsatkichlarimiz yaxshi bo‘lgani bilan ayrim tarmoq va hududlardagi ishlar ahvoli meni tashvishga solmoqda. Barqaror iqtisodiy o‘sishni izchil davom ettirish uchun faqat ichki imkoniyatlarni ishga solishimiz zarur. O‘zimizga ishonishimiz kerak. Millatimizni o‘ylasak, bugun har birimiz, har bitta vazir, har bitta hokim o‘zgarishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Iqtisodiy o‘sishga zarur sharoit yaratib, daromad bazasini yanada kengaytirish hukumat va hokimlarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
“Endi davlat budjetining har bir satriga aniq mas’ullar biriktiriladi. Agar viloyat, tuman va shahar hokimi dunyoqarashini o‘zgartirib, mahalliy korxonalarning ishini rivojlantirib, mahalliy budjetga qo‘shimcha tushumni ko‘paytirmas ekan, iqtisodiyot barqaror bo‘lmaydi. Shuni tushunish kerak”, — deb hisoblaydi prezident.
Ayrim hollarda davlat budjetining mohiyati faqat mamlakatning asosiy moliyaviy rejasi sifatida talqin etiladi. Buni to'g’ri deb e'tirof etib bo'lmaydi. Chunki iqtisodiyotga tegishli bo'lgan har qanday reja u yoki bu iqtisodiy kategoriyaning namoyon bo'lish shakllaridan boshqa narsa emas. Shunga muvofiq ravishda, davlatning asosiy moliyaviy rejasi davlat budjeti (umumdavlat moliyasi) kategoriyasining namoyon bo'lish shaklidir. Boshqacha so'zlar bilan aytganda, davlatning asosiy moliyaviy rejasi sifatida budjet iqtisodiy kategoriya sifatida budjetga xos bo'lgan xususiyatlar majmuining namoyon bo'lishidir. Iqtisodiy kategoriya va mamlakatning asosiy moliyaviy rejasi sifatida ularning “Davlat budjeti” deb bir xil nomlanishi predmetning mohiyatini o'zgartirmaydi va davlat budjetini iqtisodiy (moliyaviy) kategoriyalarning tarkibidan chiqarishga hech qanday asos bo'la olmaydi. Bundan kelib chiqadigan asosiy xulosa shundan iboratki, davlat budjeti deyilganda, eng avvalo, ikki tushunchaning qo'shilishini tushunmoq kerak: birinchisi davlat miqyosida yalpi ichki (milliy) mahsulotni taqsimlash natijasida vujudga keladigan iqtisodiy (moliyaviy) munosabatlar (iqtisodiy kategoriya) va ikkinchisi shu kategoriyaning namoyon bo'lish shakli sifatida davlatning asosiy moliyaviy rejasi.
Budjetning qanday bo‘g‘inda tashkil topishidan qat’i nazar uni quyidagi uch ma’noda ko‘rsatib o‘tish mumkin: a) iqtisodiy ma’noda; b) moddiy ma’noda; d) huquqiy ma’noda.
Iqtisodiy kategoriya sifatida davlat budjeti - davlat bilan yuridik va jismoniy shaxslar o'rtasida mamlakatda yaratilgan milliy daromadni (qisman milliy boylikni) qayta taqsimlash yuzasidan kelib chiqadigan pul munosabatlari tizimi bo'lib, ular natijasida iqisodiyotni, ijtimoiy-madaniy sohalarni, mudofaa va davlat boshqaruvi ehtiyojlarini moliyalashtirishga mo'ljallangan pul fondi - budjet tashkil topadi va maqsadga muvofiq tarzda ishlatiladi. Moddiy tushuncha sifatida davlat budjeti - markaziy hukumat va tegishli darajadagi mahalliy hokimiyat idoralari faoliyatini ta'minlovchi, ular oldidagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vazifalarni bajarishga mo'ljallangan markazlashtirilgan pul mablag’lari fondidir. O'zbekiston Respublikasining «Budjet kodeksi»dagi qonunda davlat budjetiga aynan moddiy ma'nodagi tushuncha sifatida ta'rif berilgan.
Huquqiy kategoriya sifatida davlat budjeti - markaziy va tegishli mahalliy hokimiyat va ijroiya organlari tomonidan ishlab chiqiladigan va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan, markazlashtirilgan pul mablag’lari fondini shakllantirish, taqsimlash va maqsadli ishlatishni ko'zda tutuvchi asosiy moliyaviy reja, yuridik hujjatdir. Yuridik hujjat sifatida O'zbekiston Respublikasida davlat budjeti «Budjet kodeksi»dagi qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda har moliya yili uchun (O'zbekiston Respublikasida moliya yili kalendar yiliga mos keladi, lekin dunyo mamlakatlarida ularning an'analari va mamlakat hayotidagi muhim, hal qiluvchi tarixiy sanalariga muvofiq, budjet yili kalendar yiliga mos kelmasligi mumkin) tuziladi, ko'rib chiqiladi, tasdiqlanadi va ijro etiladi. Davlat budjetining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati uning iqtisodiy kategoriya sifatidagi funksiyalarida namoyon bo'ladi. Ko'pchilik iqtisodchi olimlarning fikricha, Davlat budjeti quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
YAIM qiymatini qayta taqsimlash funksiyasi;
Iqtisodiyotni tartibga solish va boshqarish funksiyasi;
Ijtimoiy funksiyasi;
Nazorat funksiyasi.
Davlat budjeti orqali jamiyatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot va milliy daromad qayta taqsimlanadi. Yalpi ichki mahsulotning qayta taqsimlanishi jamiyatdagi umumiy ehtiyojlar: maorif, sog’liqni saqlash, mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlik, aholi tarkibidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, mamlakat osoyishtaligi, chegaralar daxlsizligini ta'minlash va favqulotda holatlar uchun saqlanadigan davlat zahiralarining mavjud bo'lish zarurati tufayli kelib chiqadi. Shuningdek, davlat budjeti orqali davlat jamiyatning ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonlariga ta'sir qilishning moliyaviy dastaklariga ega bo'ladi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti ikki qismdan: daromadlar va xarajatlar qismlaridan iborat. Uning daromadlar qismida qonunchilikda nazarda tutilgan barcha manbalar bo‘yicha tushumlarning hajmlari aks ettirilib, ularga avvalambor belgilangan soliqlar va yig‘imlarning barcha turlari hamda boshqa daromadlar kiradi. Xarajatlar qismi esa budjet mablag‘laridan foydalanishning aniq miqdori va yo‘nalishlarini nazarda tutadi.
Davlat budjeti daromadlari - davlat bilan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va aholi o'rtasidagi mamlakat budjet fondining shakllanishi jarayonida yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlarni anglatadi. Jahon amaliyotida budjetga pul tushumlarining uch asosiy yo'nalishi mavjud:
yuridik va jismoniy shaxslardan qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan soliqlar va yig’imlar ko'rinishida undiriladigan majburiy to'lovlar;
foydalanish evaziga to'lovlar va badallar undiriladigan davlat mulki va umumdavlat resurslari;
davlat zayomlari, boshqa qimmatli qog’ozlar, lotereyalar sotishdan tushgan daromadlar, davlat banklariga qo'yilgan omonatlarning qismlari va boshqalar ko'rinishida jalb qilingan resurslar.
Budjet daromadlarining hajmi soliq solishning belgilangan soliq stavkalari bilan aniqlanadigan YAIMning o'sishi va soliq yukiga bog’liqdir.
Daromadlarning asosiy vazifasi budjet xarajatlarini ta'minlashdir.
Budjet xarajatlari – bu davlat va mahalliy o'zini o'zi boshqaruv organlarining vazifa va funksiyalarini bajarishi uchun yo'naltirilayotgan pul mablag’lari; davlat pul mablag’lari fondini taqsimlash va uni tarmoq, maqsadli va hududiy yo'nalishlarda foydalanish yuzasidan vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlardir. Budjet xarajatlari kategoriyasi aniq xarajatlar turlari orqali namoyon bo'ladi va ularning har biri son va sifat jihatidan tavsiflab berilishi mumkin
. O'z iqtisodiy mazmuniga qarab budjet xarajatlari joriy va kapital xarajatlarga bo'linadi.
Budjetning joriy xarajatlari - budjet xarajatlarining bir qismi bo'lib, davlat hokimiyati organlari, mahalliy o'z-o'zini boshqarish organlari, budjet tashkilotlarining joriy faoliyatini ta'minlashga davlat tomonidan boshqa budjetlar va iqtisodiyotning ayrim tarmoqlariga mablag’ ajratish, dotatsiyalar, subvensiyalar va subsidiyalar shaklida yordam ko'rsatish uchun ajratiladi.
Budjetning kapital xarajatlari - budjet xarajatlarining innovatsiya va investitsiya faoliyatini ta'minlaydigan qismi hisoblanadi. Unga tasdiqlangan investitsiya dasturiga muvofiq ishlab turgan yoki yangidan tashkil qilinadigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga investitsiyalar uchun mo'ljallangan xarajatlar kiradi. Bu investitsiya maqsadlari uchun budjet kreditlari tarzida beriladigan mablag’lar, kapital ta'mirlashni o'tkazish xarajatlari va kengaytirilgan takror ishlab chiqarish bilan bog’liq boshqa xarajatlardan iborat.
Davlat budjeti xarajatlari o'zining funksional tayinlanishiga ko'ra quyidagi guruhlarga birlashtirilgan:
Ijtimoiy-madaniy tadbirlarni moliyalashtirish xarajatlari.
Aholini ijtimoiy himoya qilish xarajatlari.
Iqtisodiyot xarajatlari.
Markazlashgan investitsiyalarni moliyalashtirish xarajatlari.
Davlat boshqaruv organlarini saqlash xarajatlari.
Sud,prokuratura,huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash xarajatlari.
Vazirlar Mahkamasining zaxira fondini shakllantirish xarajatlari.
Boshqa xarajatlar.
Budjet mablag’lari davlatning markazlashtirilgan moliyaviy resurslarining bir qismidan iborat bo’lib, davlatning funksiyalarini bajarish uchun zarurdir. Ular pul mablag’lari fondlarini shakllantirish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlarini o’zida ifoda etadi va turli darajadagi hokimiyat organlarining ixtiyoriga kelib tushadi. Davlat budjetining mablag’lari mamalakat yalpi ichiki mahsulotini taqsimlash va qayta taqsimlash umumiy jarayonining elementlaridan biri bo’lib, ular oraliq xarakterga ega. Davlat budjetining mablag’lari o’zlarining manbalari, ijtimoiy - iqtisodiy xarakteri, mulkchilik shakli, soliq va to’lovlaring turi, mablag’larning tushish shakli va ularni budjetga undirish metodlariga muvofiq klassifikatsiya qilinishi mumkin. Eng avvalo, davlat budjetining daromadlari o’zlarining manbalariga ko’ra quyidagi uch guruhga bo’linadi:
Soliqli daromadlar
Nosoliq daromadlar
Tiklanmaydigan (qaytarilmaydigan) tarzda o’tkaziladigan pul mablag’lari.
Respublika budjetining daromadlari quydagilardan iborat:
umumdavlat soliqlari, yig’imlari, bojlari va boshqa majburiy to'lovlar;
davlat moliyaviy va boshqa aktivlarini joylashtirilishi, foydalanishga berilishi va sotilishidan olingan daromadlar;
qonun hujjatlariga muvofiq meros olish, hadya etish huquqi bo'yicha davlat mulkiga o'tgan pul mablag’lari;
yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek, chet el davlatlaridan kelgan qaytarilmaydigan pul tushumlari;
rezident-yuridik shaxslarga va chet el davlatlariga berilgan budjet ssudalarini qaytarish hisobiga tushadigan mablag’lar;
boshqa daromadlar.
Soliqlar, to’lovlar, yig’imlar, bojlar va majburiy ajratmalar alohida shakllari va turlarining yig’indisi budjet daromadlarining yagona tizimini shakllantiradi. Turli sub’ektlardan kelib tushadigan budjet daromadlari umumdavlat ehtiyojlarini ta’minlab, bir-biri bilan o’zaro bog’langandir. Hozirgi kunda amaliyotda davlat budjetining daromadlarini quyidagi tartibda klassifikatsiya qilinayotganini ko’rishimiz mumkin.. O’zbekistonda budjet daromadlarining klassifikatsiyalanishi Davlat budjetini ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning o'zgarishida, ya'ni davlat budjeti tomonidan mablag’lar taqsimlash orqali ularni tartibga solish vositasi sifatida ham ko'rib o'tish mumkin. Hozirgi kunda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini moliyaviy ta'minlash darajasi budjet mablag’lari hisobidan ta'minlanayotganligi ko'rsatmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak davlat budjeti davlat moliyasining markaziy bo'g’ini bo'lishi bilan bir qatorda moliya tizimining ham asosini tashkil etarkan. Davlat budjetining iqtisodiy tuzilishi va mazmuni bevosita davlatning funksiya va majburiyatlaridan kelib chiqadi. Chunki davlat jamiyatni boshqarish uchun o'z oldiga bir nechta vazifalarni qo'yadiki, u vazifalarni moliyaviy mablag’lar bilan ta'minlashda budjet mablag’lari xizmat qiladi.
|
| |