I.2. Zamonaviy o`zbek qissalarida g`oya va obraz
G`oyasiz asar bo`lmaydi. Bu isbot talab etmaydigan haqiqat. Aynan g`oya asar badiiyatini ham, syujetini ham harakatlantiuvchi kuch, richagdir, desak yanglishmaymiz.
Ijtimoiy hayot va davr ziddiyatlari eng avvalo zamonaviy mavzudagi asarlarda, ayniqsa, qissa janriga mansub asarlarda to`liqroq aks etadi. Chunki qissaning hajmi, kompozitsiyasidagi soddalik va shunga o`xshash qator janriy xususiyatlari mavjud davr, ijtimoiy hayot voqeligini aks ettira olish xususiyatiga egadir. Fikrlarimizni ayrim qissanavislar asarlari misolida dalillashga harakat qilamiz.
Yozuvchi SHukur Xolmirzaevning qahramonlari soddaligi, to`poriligi va ayni paytda samimiyligi bilan ajralib turadi. Adibning mahorati shundaki, u har bir qahramonning ichki dunyosini chuqur tahlil etadi. Shu bois ham u yaratgan qahramonlar kitobxon qalbiga yaqin kishilardir. Muhimi, yozuvchi yaratgan obraz xarakterlari bir-biriga o`xshamaydi. U yozuvchi adabiyotimizga yangi qahramonlarni olib kirdi. Uning qahramonlari milliy o`zlikni anglagan, yangicha tafakkur ufqlarini o`zida aks ettirgan insonlardir.
Ijodkor o`z asarlarida bolaligi kechgan qishloq manzaralarini mahorat bilan chizadi. Shu bois yozuvchining Boysun haqidagi asarlari o`quvchini befarq qoldirmaydi. Chunki ijodkorning bolalikdagi hayoti o`sha makonlarda o`tgan. Ayni paytda adibning bolaligi qiyin kechdi. Uning otasi Fayzulla Xolmirza o`g`li qirqinchi yillarda qatag`on qurboni bo`ldi. ehtimol shu tufayli SHukur Xolmirzaev qatag`on davrining jarohatlarini birinchi bo`lib o`z asarlarida olib chiqqan o`zbek adiblaridandir.
Yozuvchi 80-yillarning oxirida yaratgan asarlarida kechagi kun fojialarini qalamga olgan. Sho`ro tuzumining ayanchli voqealarini yoritishga jazm qilgan yozuvchi badiiy vositalardan foydalanib inson xarakterini ochadi. Uning asarlarida davr iztiroblarini chekkan insonlar taqdiri o`z aksini topgan.
SHukur Xolmirzaev yangi-yangi qissalar yaratib o`zbek prozasining yuksalishiga salmoqli hissa qo`shdi. "O`n sakkizga kirmagan kim bor?", "Bukri tol" qissalari buning yorqin dalilidir.
"Bukri tol" qissasining qahramonlari samimiy va sodda kishilardir. Sanam qissa qahramonlaridan biri. Sanam bolalikdan ota mehriga zor bo`lib o`sdi. Turmushga chiqib ham baxtli bo`lolmadi. Turmush o`rtog`i Umarjon bevaqt dunyodan o`tdi.
"Tashqarida qish jonivor ham xirmon sovuryapti-da. U dema, bu dema, bilib turibman, bolam, yana yig`lagansan. Axir, qo`y endi, taqdir ekan, taqdir. Yo`qasam, shuncha yildan beri birovning burnini qonatmagan kon kelib-kelib Umarjonning ustiga ag`narmidi. Birniki o`tdan, birniki suvdan deganlariday, eringning peshonasiga bitilgani shu ekan. Sen bo`lsang, behudaga azob chekib, o`zingni xarob qilyapsan. Shukur qil, hech narsadan kaming yo`q. Boshingda pushti panohing-enang bor. Ilohim, Oynajonimning boshini toshdan qilgan bo`lsin", - deb qaynonasi uni yupatdi (4-bet).
Ushbu parcha kitobxonni Sanamning chigal taqdiridan voqif etadi.
Qissada Oyna opa obraziga alohida urg`u berilgan. Bu obraz haqida adabiyotshunos Baxtiyor Nazarov: "Bukri tol" nomi bilan yangi nashri e`lon qilingan qissa avval (1962) "To`lqinlar" nomi ostida bosilib chiqqan edi. Yosh adib bu qissada Ma`murjon singari o`smirlar hayotining ajib manzaralarini, halollik, poklik muammolarini yosh xarakterlarning toblanish jarayonlarini qalamga oladi. Ayni vaqtda Oyna opa obrazini yaratishga urinadi. O`zbek ayollariga xos muruvvat, saxovat bilan rahbarga xos talabchanlik va qat`iylikni Oyna opa tabiatida uyg`un holda biriktirishga intiladi. Shukur Xolmirzaevni mute`larcha qo`l qovushtirib turish odat bo`lib qolgan Ma`murjonning asta-sekin o`z-o`zini anglay borish jarayoni qiziqtiradi"11, - deb yozadi.
Haqiqatan ham, olim qayd etganidek, asar qahramoni Ma`murjonning o`zligini anglash jarayoni dinamik tarzda ro`y beradi. Yozuvchining asosiy diqqat e`tibori unda bo`ladi. Qissada Ma`murjonning taqdiri ham qaysidir jihatlari bilan Oyna opa taqdiriga o`xshab ketadi:
"-Asli... Shu erlikman. - Yigit shapkasidagi suv tomchisini kafti bilan sidirib davom etdi.- Yoshligimda ketib qolganman. Meni bu erdan bir kishi olib ketgan... Karimov degan kishini eshitgandirsizlar. - Yigitning ovozi allanechuk xiralashib qoldi. Tolalari uzun-uzun qoshlari to`satdan chimirildi. - Sirdaryoda shunaqa... raysobes raisi bo`lib ishlardilar". (6-bet).
SHo`ro zamonining yovuz siyosati qatag`on qurbonlarining bolalarni ham chetlab o`tmadi. Ma`murjon shu tuzum qurboni bo`ldi.
Yozuvchi «Bukri tol» qissasida aks etgan voqealarda qatag`on qurbonlarining taqdiri badiiy jihatdan to`laqonli ifodalangan. Shu asnoda asarda yozuvchi biografiyasiga oid ba`zi nuqtalarni aks ettiradi.
«Oyna opa elkasiga tashlab chiqqan telegreykasini apil-tapil kiyganicha, militsionerga ergashdi. Idorada unga nimalarnidir aytib, ko`nglini ko`targan bo`lishdi. Oyna opa hayron, ularning gapini uqib ololmas edi. Nihoyat uni, sahniga pishiq qizil g`isht yotqizilgan keng hovlining to`ridagi suvoqlari ko`chib tushgan binoga boshlashdi. Dim, qo`lansa hidli koridordan o`tib, qalin archa eshigiga etishdi. eshik ochildi. Ichkariga oqib kirgan xira yorug`lik nim qorong`i uyning o`rtasida chalqancha tushib yotgan kishini yoritdi. Uning yuzi bilinmas, boshining yon-verida qandaydir halqoblar yiltirar, bo`g`uvchan iliq qon hidi dimoqqa urilardi. Oynaxon shu on otilib jasadning oldiga bordi, cho`nqayganicha o`tirib bo`g`iq xirillab u qimirlayvermagach, o`zi hushidan ketdi...» (34-35-betlar).
Bu kabi tasvir bir tomondan yozuvchining mahoratidan darak bersa, ikkinchi tomondan, o`sha davr fojialarini his qilishga yordam beradi. Yozuvchi hayotdan olgan materialini davr muammolarini ko`rsatish g`oyasini ilgari surar ekan, qamoqxonadagi hayotni butun dahshati bilan tasvirlaydi. Yillar o`tib, qatag`on bo`lganlar oqlanadi. Kunlardan bir kuni qamoqxona darvozasi oldida Oyna opaga teskari qaragan o`sha militsioner kirib keladi va Normurod akaning o`limi oldidan yozgan xatini unga topshiradi:
"Oyna ... gazetada arzimagan bir so`z xato ketgan ekan. Shuning uchun meni ayblashyapti. Go`yo men ataylab qilgan emishman. O`zing o`yla, bu qanday haqsizlik! Soxta guvohlarning gapiga ishonishsa-yu, menga ishonishmasa?! Yuqoriga ariza bergan edim, lekin negadir javob ololmayapman. Ortiq chidolmayman! Oynajon, asablarim sob bo`ldi... bir gapni takrorlayverish jonimga tegdi. Meni kechir: ko`p o`ylama, yig`lama... Ba`zan hayotda shunday bo`lar ekan... sen irodali bo`l! Insonga ishonish kerak. Ba`zilarga o`xshab hukm chiqarishga aslo shoshilish kerak emas... Hay mayli! Xayr Oynam! Sanamga ehtiyot bo`l, senga topshirdim uni! Ish deya-deya uning diydoriga to`yolmadim-a!
Alvido, azizlarim, xayr!" (35-36-betlar).
Hayotda ro`y bergan bu kabi ayanchli voqealar Oyna opaning irodasini ming bora sinovdan o`tkazdi. Hayot tashvishlari Oyna opani ulg`aytirdi.
Oyna opa Sanam, Ma`murjonlarning hayot yo`li bir-birlariga o`xshaydi. Oyna opa, Sanam turmush o`rtoqlaridan erta ajraladi. Ma`murjon ota-ona diydoriga zor bo`lib o`sdi. Yozuvchi mahorati shundaki, qissada har bir detaldan asar g`oyasini ochish uchun unumli foydalanadi. Bahorning kirib kelishi tasvirida ham buni ko`rish mumkin. Badiiy g`oya va badiiy obraz uyg`unligi asar muvaffaqiyatini belgilagan.
Asarda psixologik vazifani bu o`rinda peyzaj va inson ruhiyati, qissa qahramoni o`rtasidagi munosabat bajaradi. Chunki bu hayotda har kim o`z baxtini izlaydi. Tabiat bag`rida yashayotgan inson, uning qonunlaridan chetga chiqib yasholmaydi. Inson ham bahor kabi yashaydi, kuz kabi sarg`ayadi. Yozuvchi Sanam obrazi timsolida bahorini izlayotgan inson qismatini tasvirlaydi.
Qissa qahramonlari chinakam e`tiqodli insonlardir. Ular bir-biriga mehrli, sadoqatli. Shuning uchun ham ular taqdir zarbalariga dosh berib, toblanib yashaydilar. Ma`murjon ko`rinishdan sodda, beozor yigit. Yozuvchi uning bizga noma`lum bo`lgan qirralarini ham ochib beradi. Mehmondorchilik bahonasida Ma`murjon Oyna opaga soxta hujjatlarga qo`l qo`ydirmoqchi bo`ladi. Oyna opa bunday qing`irliklar bilan kelisholmaydi.
Yozuvchi Ma`murjon obrazini yaratishda avvaliga mehr-muhabbat bilan yondashadi. Kitobxon ham Ma`murjonning sodda va xokisor inson sifatida qabul qiladi. Muallif avvaliga Ma`murjonning ichki dunyosi to`g`risida biron narsa demaydi. Ammo Oyna opa Ma`murjonning yigitlarga xos bo`lmagan qiliqlaridan, xatti-harakatidan ranjiydi. Hatto, bir necha marta tanbeh ham bergan. Hamisha halol va pokiza yashab kelayotgan Oyna opa Ma`murjon kabi xushomadgo`ylar bilan kelisha olmaydi. Yozuvchi buni dialog orqali ochib beradi.
«-Ma`murjon, kechirasiz, esimda borida aytib qo`yay: sizning bir odatingiz menga yoqmayapti.
Ma`murjon peshonasi tagidan Oyna opaga mo`ltirab qaradi va boshini osiltirib, qo`llarini qovushtirdi. So`ngra ming`illagan tovush bilan so`radi:
- Qanaqa odatim ekan, opajon ?
- Xuddi mana shu odatingiz: qo`llaringizni qovushtirib, boshingizni egib turishingiz. Men juda hijolat tortyapman. Agar rais opam xijolat tortmasin desangiz, bu odatingizni tashlang» (8-9-betlar).
YOzuvchi mana shu odat zamirida nima yashiringanini ochib beradi, Oyna opa Ma`murjonda qalloblikka bo`lgan moyillikni sezadi. Unga tanbeh beradi. Lekin baribir Ma`murjonning hayoti Sanamning ham, O`lmas opaning ham, Oyna opaning ham e`tiboridan chetda qolmaydi. Ma`murjondagi soddalik Sanamga ma`qul kelib, ular turmush qurishadi.
Yozuvchi Ma`murjon obrazi orqali navqiron bir yigitga turfa xarakteriga xos turli nuqtalarni yoritishga harakat qiladi.
Ma`murjonning ichki dunyosi g`oyat murakkab. Yozuvchi Ma`murjonni qallob ham, ayyor ham deb ayblamaydi. Ma`murjon shunchaki yashash uchun kurashayotgan insonlarning biri. Ma`murjon obrazi orqali insonning ruhiy xolati tadqiq qilinadi. Asar g`oyasi oydinlashadi. Asardagi har bir obrazning o`z o`rni bor, “yuki” bor.
SHukur Xolmirzaev o`z qissasini avvaliga "To`lqinlar", keyinroq "Bukri tol" deb nomladi. Qissa yakunida keltirilgan Ma`murjonning iztiroblari asar g`oyasini belgilagan: «SHu kungacha o`tgan to`rt-besh oylik hayoti -bu favquloddalik oqibati; endi u bu tarzda yashay olmas ekan; u odamlar haqida, ularning dunyoga qarashlari, istak-intilishlari haqida o`ylashi, o`ziga hisob berishi kerak ekan!» (53-bet).
YOzuvchi Ma`murjon obrazi yordamida inson qalbini tadqiq etadi. Tadqiq jarayonida qahramonining ruhiy olamiga kirib boradi. Adib qahramonlari g`oyalar izmida yurmaydi, qalb amriga bo`ysunadi.
Mustaqil hayot yo`liga kirgan inson o`zini anglab olishi o`ta muhimdir. Shu bois yozuvchi mazkur qissada yoshlar va kattalar hayotini qalamga olib, har ikkalasini ham o`ziga xos tomonlarini mahorat bilan yorita olgan. Muhimi, yozuvchi Ma`murjon obrazini yaratishda quyuq qora bo`yoqdan foydalanmaydi. Unga hamisha hamfikr, hamdard bo`ladi. Ana shunday daqiqalarda Ma`murjon bosib o`tgan yo`lini sarhisob qiladi. Nojo`ya ishlaridan iztirob chekadi. Kimgadir orqa qilib yashash og`ir fojiaga, tuzatib bo`lmas xatoga olib kelishini tushunib etadi.
"Ma`murjon ancha turib qoldi. Yana idora tomonga qarab, bir necha odim bosdi. Yana to`xtadi. Shunda nishab betdagi yakka tolga ko`zi tushdi-yu, o`sha yoqqa ketdi. Ketib borarkan, tolga birinchi marta e`tibor bilan qaradi.
Tol hali yosh edi. Do`nglikdan qulagan xarsang toshning tanasiga suyanib qolgan, shuning uchun tol pastga, daryoga egilib, qiyshiq bo`lib o`sgan, bukir edi. Ma`murjon tolning er betiga turtib chiqib turgan tomiriga o`tirdi. Tizzalarini quchoqlab, boshini egdi..." (O`sha kitob, 53-bet).
YOzuvchi "Bukri tol" obrazida egilsa ham sinmaydigan, kurashib yashayotgan haqiqat obrazini yaratadi.
"Bukri tol" qissasi qahramonlari o`tkinchi siyosat yugurdagiga aylanmadi. Ularga xos bu chizgi juda xarakterli chizgidir. Shu bois ham “Bukri tol” qissasi va uning qahramonlarini o`zbek qissachiligidagi yangilik, qo`lga kiritilgan yutuq deb baholash mumkin.
Keyingi yillarda qissachilik rivojida taniqli yozuvchi SHoyim Bo`taevning ham o`ziga xos mavqei borligi kuzatldi. Uning "SHamol o`yini" (1988), "Eski arava" (1988), "Muyulishdagi uy" (1993) qissalari kitobxonlarga ma`lum. Ijodkorning qahramonlari boshqalardan ajralib turishi, ularga o`xshamasligi bilan xarakterlidir. Uning "SHo`rodan qolgan odamlar" qissasi davr ijtimoiy hayotini teran aks ettiruvchi asarlardandir.
Qissa personajlarining “ismi yo`q”ligi asarning o`ziga xos jihatidir. Qissadagi AKA, Amaki, Nazoratchi, Go`rkov obrazlari shular sirasini tashkil etadi.
Asarda soddadil qishloq odamlarining tabiatiga xos chizgilar o`z aksini topgan. Ular nazdida o`g`irlagan ham, o`g`irlatgan ham inson. Tirik inson. Lekin vaziyat ularni shu ko`yga solgan. Tirikchilik insonni ne ko`ylarga solmaydi?! Bu qishloq ahlining fikri. Xulosa chiqarish kitobxon hukmiga havola, albatta. Lekin bu o`rinda yozuvchini qishloq ahlining xarakteriga xos chizgilarni ochish masalasi bosh masala sifatida diqqat markazida turadi.
Qissada, Nazoratchi obrazi chuqur tahlil etilgan. Chunki, u sho`rodan qolgan odamlarning tipik vakili, manqurtga aylangan kimsa. Unga o`xshashlar hayotda ko`p uchraydi.
Nazoratchining ismi MELS.
“Bu nomni u o`ziga yigirma yoshida, askarlikda ekanligida tanlagan edi. Keyin qulog`iga azon aytib qo`yilgan ismini ana shu nom bilan alishtirib olmoqchi bo`lganini komandirlariga aytganida, ular bu shovvoz askarning topqirligiga zamon bilan billa-billa nafas ola bilishiga qoyil qolishib, uni muborakbod etishgandi. Uni ana shu nom bilan atashib, shu nom bilan yangi hujjat olib berishgandi. Hujjatni polk komandirining shaxsan o`zi topshirgan, polkning barcha zobitu askarlari oldida, uni tabriklab, quchoqlab o`pgandi. Odamda sobit e`tiqod bo`lsa, yigirma yoshida ham ismini o`zgartira oladi, degandi. Keyin polk orkestri jo`rligida batalyonlar, rotalar, vzvodlar shahdam qadamlar bilan "shiroko strana moya rodnaya..." degan qo`shiqni aytib o`tishgan, nazoratchining qalbi quvonchga, ko`zi yoshlarga to`lib polk komandirining qabatida turgandi" (408- bet.)
Ko`ramizki, nazoratchi, sho`ro davrining g`oyasini o`zida mujassam etgan. U shu tizimning tarbiyasini olgan. Qamoqxona boshlig`i ham undan qolishmaydi. U Toshmurod nazoratchining o`g`li ekanligini biladi, ammo unga zarracha achinmaydi. Aksincha, o`zining qotib qolgan qarashlarini unga singdirishga urinadi:
"Ikkinchidan,- davom etdi boshliq hamon bosh barmog`ini bukib turarkan,- konvoyning aytganlaridan chiqilmasin, uning nazoratisiz, hech qaerga borilmasin, pritenziya bildirilmasin, uning senga qarindosh, ya`ni ota ekanligi suiiste`mol qilinmasin. Uchinchidan,- bosh barmog`ini qattiqroq bukib oldi, - aholi orasida uchragan odam bilan har xil mavzularda gaplashib ketilavermasin. To`rtinchidan,- boshliqning bosh barmog`i qiynalganidan qisirlab ketdi,- uch sutkadan biron soat ham kechikilmasin" (412-413- betlar).
Bu - qalbi toshga aylangan manqurt odam qiyofasidir. Qissada tasvirlangan voqealar kitobxonga tanish. Shuning uchun ham qissa qahramonlarining fojialari, kechmishlari, iztiroblarini yaxshi tushunadi.
Adibning "Eski arava", "Muyulishdagi uy" asarilarida ham o`z manfaati yo`lida diyonatga xiyonat qilgan bir guruh kimsalarning chirkin dunyosi o`z aksini topadi.
SH.Bo`taev qissalarida bu kabi obrazlar galereyasi mahorat bilan chiziladi.
Qissachilikdagi yangi qahramonlar ijtimoiy hayotdagi nohaqliklarga ko`p bora duch keladilar. Bu yo`lda ular chinakamiga kurash olib boradi. Ular mana shu jihatlari bilan ajralib turadilar.
O`zbek qissachiligida badiiy obraz yaratish tajribasi g`oyatda boy. Chunki o`zbek qissachiligi adabiyotimizning bir tarkibiy qismi sifatida murakkab taraqqiyot davrini boshdan kechirdi.
Bu davr oralig`ida yuzaga kelgan qissa qahramonlari bir-birini takrorlamaydi. Bu yozuvchining obraz yaratish yo`lidagi yutug`i edi.
YOzuvchi obraz ustida ishlayotganida ikkita manba unga juda katta material beradi. Shulardan biri - davr, uning o`sha davr odamlariga nisbatan ko`rsatadigan ruhiy-psixologik ta`sir.
|