I.2. Qissa kompozitsiyasi va epik tasvir
M.M.Do`stning “Galatepaga qaytish” qissasi to`g`risida A.Rasulov, A.A`zam, A.Ulug`ov kabi adabiyotshunoslar o`z fikrlarini e`lon qildilar. Ayniqsa, professor A.Rasulov va A.A`zam o`z taqrizlarida asarning janriga nisbatan ikki xil fikr bildirdilar. A.Rasulov fikricha, “Galatepaga qaytish” asari kompozitsiya jihatidan va qahramon (G`aybarov) yashagan muhit talqini bilan roman janri talabiga emas, balki, qissa janrining talablariga javob beradi.
A.A`zam “Davradan tashqaridagi odam” taqrizida “Galatepaga qaytish”ni roman deb atagan. Bu erda asarning janr xususiyatini belgilashda ortiqcha baho berish ko`zga tashlanadi.
A.Rasulovning oldinga surayotgan fikrlaridan jon bor. Lekin har ikkala adabiyotshunos ham ushbu asarni ilmiy-estetik jihatdan tahlil etib adabiyotimizning yutug`i ekanligini ta`kidlaydilar.
YOzuvchi 80-yillarning boshlarida o`zbek qissachiligiga olib kirgan yangi obrazlari ichida G`aybarov obrazi o`zining mukammalligi va murakkabligi bilan ajralib turadi. G`aybarovning ichki dunyosini yozuvchi shu qadar mahorat bilan ochganki, bu obraz orqali zamondoshlarimizning o`ziga xos qiyofasini ko`ramiz.
Qissada shunday bir epizod bor. Bir o`tirishda Qobul Parijdan keltirgan kon’yagini olib kelish uchun uyining kalitini Toshpo`lat G`aybarovga beradi. Shu-shu G`aybarov bir umrlik do`sti Samaddan ayriladi.
Asarda G`aybarov bilan Samad o`rtasidagi keskin farq ochib beriladi.
«...Tuflisi bilan poyondozni bosib o`tarkan, chapdagi xona eshigi yonida turgan Mazlumaga ko`zi tushdi.
-Siz uyda ekaningizni bilmabman, - dedi u qizarib, - Men kon’yakka keluvdim, kelin. Qo`rqmang, Qobil o`zi ichmaydi. Oshxonadagi javonda, deb aytdi...
Mazluma javob qaytarmadi, tek qotib turaverdi. endi o`rindan turganmi, sochlari to`zg`igan, ust - boshi ham betartibroq edi.
G`aybarov oshxona tomon yurdi. Ichkari kirib, gaz plitasi yonida devorga qapishib turgan Samadni ko`rdiyu hamma gapga tushundi. Do`sti ko`ylagini kiyishga ham ulgurmabdi, yarim beligacha yalang`och, ko`r er paypaslab ham topolmaydigan joyga kelib turibdi!...» (206-207- betlar).
Qissadagi har bir voqea va personaj o`z joyiga ega. Ortiqcha tafsilotlarga o`rin berilmagan. Voqealarning rivojiga imkoniyat yaratilgan. Bularning barchasi muallifning kompozitsiya qurish san`ati takomillashganidan dalolat beradi. Qissaning bosh qahramoni G`aybarov qishloqda ham, shaharda ham davr tug`dirgan illatlarga duch keladi. Ularni yo`qotish uchun kurash olib boradi, biroq ko`p o`rinda ojizlik qiladi.
YOzuvchi Samadlar qiyofasida jamiyatdagi manfur kishilarning qiyofasini beradi. Holbuki, bu toifadagi kishilar har bir jamiyatda bo`lgan. G`aybarov mana shunday nopok ishlar bilan kun ko`rayotgan kishilarga qarshi kurashayotgan qahramon obrazi. Biroq G`aybarovlar soni kam, qarshi kuchlar esa tez birlashib, G`aybarov kabilarning ma`naviy dunyosini oyoqosti qiladilar.
Kompozitsiyada tugun yoki echim ham muhim o`rin tutadi. U qanday bo`lishidan qat`iy nazar, kuyning so`ngidagi baland pardaday, kitobxonda mamnuniyat hissi yoki iztirob tuyg`ularini uyg`otishi mumkin.
Qissaning 14-qismi "Galatepaga qaytish" deb nomlanadi. Otasining vafotidan jabr topgan Toshpo`lat G`aybarov o`z qishlog`i tomon yo`l oladi. Otasini so`nggi yo`lga kuzatishning oxirgi damlarida odamlarning bildirgan hamdardliklari Toshpo`latning qalbini yoritadi.
Qissa "Haqiqat" nomli qism bilan nihoyasiga etgan.
Butun boblardagi tahlildan shunday xulosa kelib chiqadiki:
80-yillarning birinchi yarmidayoq qissanavislarning safi o`sdi. O`zbek qissachiligining tematik doirasi yangi mavzular hisobiga boyidi.
So`nggi yillar o`zbek qissachiligida yangi yo`nalishlar paydo bo`ldi. Bu qissalarda insonning ma`naviy dunyosini boyitishga xizmat qiladigan voqealar tasvirlandi. «Galatepaga qaytish» kabi qissalarda esa o`z qiyofasiga, qalb evrilishlariga ega bo`lgan obrazlar yaratilganligini ko`ramiz.
Ko`ramizki, hayotiy voqealar tasviri va kompozitsiya bir-biriga bog`liq hamda bir-biriga ta`sir o`tkazuvchi hodisalar ekan. Muallif asar kompozitsiyasini retrospektiv shaklda qurar ekan, bu bilan tasvir ob`ekti bir qishloq va u orqali butun jamiyatning muayyan manzarasini tiklashga erishadi. Bosh qahramon holati uning xotirasida shunga mos hodisalarni yuzaga keltiradi. Bu voqelikni chuqur tahlil qilish, yozuvchiga voqea va qahramonlarni turli rakursdan ko`rsatish imkonini bergan.
Kompozitsiya ham shakl, ham mazmunga tegishli hodisa bo`lib, u bu ikki hodisaning uzviy birligi sifatida maydonga keladi.
Kompozitsiya barcha adabiy –badiiy asarlarda bo`lgani kabi qissa janrida ham alohida o`rin egallaydi. Izchil kompozitsiya qissaning muvaffaqiyatli chiqishi uchun zamin hozirlaydi.
Kompozitsiya asarning markaziy o`qi vazifasini o`taydi. Syujet, ekspozitsiya, tugun, echim ana shu markaziy o`q atrofida izchillik bilan joylashadi. Natijada asarning kompozitsion yaxlitligi vujudga keladi.
O`zbek qissachiligida keyingi yillarda yaratilgan asarlarda o`ziga xos muvaffaqiyatli ijodiy urinishlar ko`zga tashlanadi. M.M.Do`stning «Galatepaga qaytish yoxud saodatmand G`aybarov rivoyati» qissasi kompozitsion qurilishi va real voqelikni aks ettirish nuqtai nazaridan ana shunday qissalar sirasidandir. Yozuvchi qissada qahramon o`y-kechinmalarini hayotiy voqelik hodisalari bilan bog`laydi. Asar kompozitsiyasi qahramon o`y-kechinmalarining turmush haqiqatlari bilan qarama-qarshi kelishi asosiga qurilgan. Adib mahorati asar kompozitsiyasining yaxlitligini ta`minlay olgan.
|