Mavzuning o`rganilishi O`zbek qissanavisligi XX asrda shakllanish va takomillashish jarayonini boshdan kechirdi. Bu davrda qissa janrining jahon adabiyoti darajasidagi namunalari maydonga keldi; janr muttasil ravishda ichdan yangilanib, mukammalashib bordi. Bu esa adabiyotshunoslik oldiga qissachilik tadrijining har bir bosqichini alohida tekshirish, yutuq va kamchiliklarni sarhisob etish, istiqbol tamoyillarini belgilashdan iborat doimiy vazifalarni qo`ydi. Mazkur ish ana shunday ehtiyoj natijasida yuzaga keldi. Ko`rilgan masalalar sirasida XX asrning so`nggi choragida yaratilgan qissalarni yangi mafkura nuqtai nazaridan baholash, kengroq va teranroq tahlil etish, qissachilik tadrijining nazariy printsiplarini belgilash kabilar muhim o`rin tutadi.
Qissa janri genezis nuqtai nazardan qadim turkiy va fors-tojik xalqlari nasriy ijodi an`analariga borib bog`lanadi. O`rta asrlar yozma manbalarida mavjud bo`lgan, u davrlarda “xalq kitoblari” deya atalgan qissalar zamonaviy qissa janrining yuzaga kelishida genetik asos vazifasini o`tadi. Zamonaviy qissalarning shakllanishida syujetning yagona qahramon sarguzashtlariga asoslanishi; qahramon hayotining to`liq emas, muayyan davri voqealarining qamrab olinishi kabi muhim struktur belgilar mumtoz adabiyotdagi qissalardan ibtido oldi. Ana shu genetik asos va turk, tatar, ozarbayjon, rus adabiyoti hamda ijtimoiy hayoti ta`sirida XX asrning 30-yillaridan boshlab zamonaviy o`zbek qissalari yuzaga kela boshladi. Qissalarga tarixiy-qiyosiy nuqtai nazardan yondoshmaslik oqibatida adabiyotshunoslikda “povest’” va “qissa” terminlarini sun`iy ajratish holatlari ham XX asrning ayni shu davriga to`g`ri keladi.
XX asr o`zbek qissachiligini umumiy miqyoslarda kuzatish shunday xulosa beradiki, bu tarixiy davr orasida o`zbek qissanavislari o`tmish an`analari va Evropa xalqlari qissachilik maktabi tajribalarini samarali o`zlashtirdi.
XX asrning etmishinchi-saksoninchi yillari o`zbek nasrida qissa janri «hukmron» bo`ldi, desak yanglishmaymiz. Ne`mat Aminov, Sa`dulla Siyoev, SHukur Xolmirzaev, O`tkir Hoshimov kabi tajribali ijodkorlar qatoridan Erkin A`zamov, Murod Muhammad Do`st, Tog`ay Murod, Xurshid Do`stmuhammad, Xayriddin Sultonov, G`affor Hotamov, keyinchalik Nazar Eshonqul, Abbos Saidov, Bahodir Murod Ali, SHoyim Bo`taev kabi yosh iste`dodli ijodkorlar o`rin oldi. Bu avlod zamonaviy o`zbek qissachiligiga yangi mavzu, yangi qahramon, yangicha talqin va o`ziga xos kontseptsiyalarni olib kirdi. e`tiborlisi shundaki, o`zbek qissachiligining bir asri bir-biridan farq qiladigan bir necha bosqichlarni tashkil etdi. Deylik, 60-yillarda yaratilgan qissa va ularda ko`tarilgan muammolar, qissa qahramonlari 70-80-yillarda yaratilgan qissalar va ularda ko`tarilgan muammolardan, qahramonlardan sezilarli farqlanadi.
70-yillarga kelib bu janrda jonlanish pallasi boshlandi. Fe`l-atvori, psixologiyasi, dunyoqarashi turlicha bo`lgan adabiy qahramonlar maydonga keldi. Qissalarda tasvir ob`ekti o`zgardi, yangicha yo`nalish oldi. Qissanavis obrazining voqea-hodisalardagi «ishtiroki», tasvir va talqinda muayyan mavqeni egallashi hayot haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirishda etakchi o`rin egalladi.
Istiqlolga erishilgach esa ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohalarda bo`lgani kabi adabiyotda ham tarixan yakun topgan davrni sarhisob qilish, bosib o`tilgan yo`lni kuzatish, erishilgan yutuqlarni saralash, ularni yangi mafkura, yangi nuqtai nazardan baholash, adabiyot oldida turgan vazifalarni belgilab olish zarurati yuzaga keldi. Istiqlol yillari ijodkorlar ham, adabiyotshunoslar ham mafkuraviy tazyiqlardan batamom ozod bo`lishdi, «buyurtma asarlar» yozish, badiiy asarni faqat g`oyaviy jihatlaridan kelib chiqib baholashdek soxta mezonlardan qutulishdi.
SHuningdek, XX asr so`nggi choragida yaratilgan ko`plab qissalar ilmiy-adabiy jamoatchilikda katta qiziqish uyg`otib, bahs va munozaralarga sabab bo`lgan. Bu haqda M.Qo`shjonov, O.SHarafiddinov, N.Karimov, S.Mamajonov, S.Mirvaliev, B.Nazarov, U.Normatov, e.Karimov, B.Sarimsoqov, A.Rasulov, N.Xudoyberganov, kabi taniqli adabiyotshunoslarning qimmatli mushohadalari mavjud.1
|