Mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish jarayonida ayrim jismoniy shaxslarda muammolar yuzaga kelmoqda shu haqida ma’lumot berib o‘tsangiz?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli “O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori va 2019 yil 17 sentyabrdagi 778-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash” to‘g‘risidagi qarorlariga asosan mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan.
Nizomga asosan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy va yuridik shaxslar uchun tegishli tartib va talablar belgilangan bo‘lib, unga asosan jismoniy shaxslar uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni onlayn (veb-sayt, Yagona Interaktiv Davlat Xizmatlari portali), masofaviy (SMS/USSD-so‘rovlar) yoki ro‘yxatdan o‘tkazish puntklariga shaxsan murojaat etish orqali amalga oshirish imkoniyatlari yaratildi.
Jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shaxsning pasport ma’lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etish talab qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport ma’lumotlariga asosan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiriladi. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun Tizim operatori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Biroq, ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida foydalanuvchi bilan shaxs o‘rtasida kontakt bo‘lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma’lumotlarini aynan shu shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda.
Uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda olib kirilgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazilish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida, Tizim operatori tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Bugungi kunda tergov surishturuv ishlari olib borilmoqda. Tergov surishtiruv ishlari natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Ma’lumki, joriy yilning 14 sentyabridan boshlab O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham onlayn, ham an’anaviy tartibda ish boshlashi kutilmoqda. Masofaviy ta’lim oluvchilar uchun qanday qulayliklar yaratish ishlari olib borilmoqda?
“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturi doirasi respublikada telekommunikatsiyalar infrastrukturasini jadal rivojlantirish bilan bir qatorda, eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida ijtimoiy soha ob’ektlarini, jumladan, umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida tezkor internetdan foydalanish imkoniyatini yaratish vazifasi belgilangan.
Bu, o‘z navbatida, yosh avlodning zamonaviy bilim olishi uchun zamin bo‘ladi.
Jumladan, Xalq ta’limi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda pandemiya davrida o‘quvchilarga qulaylik yaratish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda respublikadagi 10 minga yaqin xalq ta’limi muassasalarining barchasiga optik tolali aloqa liniyalarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda;
Karantin rejimi e’lon qilingan vaqtdan boshlab o‘quvchilarga uydan bemalol fanlarni o‘zlashtirish uchun barcha mahalliy tarmoq va mobil operatorlari tomonidan ta’lim axborot-resurslari joylashtirilgan veb-saytlarga bepul kirish ta’minlandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda 3 ta televizion kanal tashkil etildi. Ushbu kanallar orqali televizion videodars mashg‘ulotlarini respublika bo‘yicha bepul tarqatish yo‘lga qo‘yildi.
Masofaviy ta’lim berishda ustoz va murabbiylar uchun mobil aloqa xizmatlaridan qulay shartlarda foydalanish uchun maxsus “Ta’lim” tarif rejasi joriy etilgan. Hozirgi kunda ushbu tarif rejasiga yanada ko‘proq qulayliklar kiritilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan selektor yilishida belgilab berilgan topshiriqlari asosida masofaviy ta’lim uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida alohida imtiyozli “Maktab” tarif rejasi ishlab chiqilib, xozirda joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, yil boshidan bugungi kunga qadar internet tarmog‘iga keng polosali ulanish imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida 9 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Qurilgan optik tolali aloqa liniyalarining asosiy qismi ijtimoiy soha ob’ektlari uchun tashkil etildi.
O‘z o‘rnida foydalanuvchilar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish magistral telekommunikatsiya tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobar, tuman markazlarigacha esa 4 barobar oshirildi.
Mobil aloqa xizmatlari qamrovini kengaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 1 375 ta qo‘shimcha yangi mobil aloqa baza stansiyasi o‘rnatildi va 3000 dan ortiq mavjud baza stansiyalari yuqori tezlikdagi internet texnologiyalari asosida modernizatsiya qilindi.
Bu yo‘nalishda ishlar davom ettirilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 4 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari quriladi va 800 dan ortiq qo‘shimcha yangi baza stansiyalari o‘rnatiladi.
Bu yil Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari bo‘ladimi? Shu maktab haqida kengroq ma’lumot berib o‘tsangiz?
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2020/2021 o‘quv yilida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning 5-9 sinflariga o‘quvchilarni qabul qilish belgilandi.
Hujjatlar sentyabr oyida Ixtisoslashtirilgan maktabning (ictschool.uz) rasmiy veb-sayti orqali onlayn qabul qilinadi;
Imtihonlar ikki bosqichta o‘tkaziladi:
1-bosqich: sentyabrda onlayn test sinovi o‘tkazilda;
2-bosqich: oktyabrda ZOOM dasturi orqali onlayn suhbat o‘tkaziladi.
Hujjatlarni qabul qilish va imtihonlar o‘tkazilish sanalariga aniqlik kiritilmoqda . Bu bo‘yicha yaqin kunlar ichida qo‘shimcha ma’lumotlar Vazirlik va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning rasmiy saytlarida va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Ushbu maktabga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi.
2019 yil dekabr oyida ushbu o‘quv dargohining zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda matematika va xorijiy tillardan muvaffaqiyatli imtihon topshirgan maktabda 549 nafar o‘g‘il-qiz 5 — 11 sinflarda ta’lim olmoqda.
Maktab matematika, informatika, fizika va ingliz tili fanlariga ixtisoslashtirilgan bo‘lib ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi.
Maktabi o‘quvchilariga o‘quv jarayonida olayotgan nazariy bilimlarini IT labaratoriyalardan foydalanib amalda sinab ko‘rish imkoniyatlari yaratilgan. Ular maktab davridanoq o‘zlarining loyihalarini ishlab chiqishlari mumkin. Bundan tashqari, bitiruvchilar IELTS ingliz tilidan baholash testlarini maktabni o‘zida topshirish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.
|