• Faoliyatda temperamentni hisobga olish Reja: 1.Temperament va uning turlari. (temperamentni o‘rganish metodlari)
  • Maslahat usullari asosida)
  • Guruh : 213-20 Qabul qildi: Delov To’lqin Tatu 2023 Faoliyatda temperamentni hisobga olish Reja




    Download 198.99 Kb.
    Sana30.05.2023
    Hajmi198.99 Kb.
    #67577
    Bog'liq
    Umrbek 5 - topshiriq
    Kalendar ish rejasi (lotin)1 Xolbu, Ushbu o, 3-amaliy ish XE, Xotira haqida tushuncha, Тейлор ва Маклорен қаторлари ва функцияларни шу қаторларга ёйиш. Биномиал қаторлар.

    O ‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI AXBOROT TEXNOLOGIYALARI VA KOMMUNIKATSIYALARINI RIVOJLANTIRISH VAZIRLIGI MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI KOMPYUTER INJINIRINGI FAKULTETI


    Pedagogika. Psixologiya.
    5-topshiriq


    Topshirdi: Yuldashov Umrbek
    Guruh : 213-20
    Qabul qildi: Delov To’lqin
    Tatu 2023


    Faoliyatda temperamentni hisobga olish


    Reja:


    1.Temperament va uning turlari. (temperamentni o‘rganish metodlari)


    2.Rahbarning muhim shaxsiy - kasbiy sifatlarini o‘rganish metodlari


    3.Oratorlik madaniyati konikmalarini shakllantirish (Aqliy hujum,


    Maslahat usullari asosida)

    TEMPERAMENT haqida tushuncha


    Ma’lumki, odamlar xulq-atvor va faoliyat motivlari nisbatan teng bo’lganda, bir xil tashqi ta’sir etganda, bir biridan ta’sirchanligiga va ko’rsatayotgan energiyasiga ko’ra sezilarli darajada farq qiladilar. Jumladan, bir xil kishi sekinlikni, boshqasi shoshilishni yoqtiradi, bir xil odamlarga hissiyotlarning tez o’yg’onishi xos bo’lsa, boshqasiga esa sovuqqonlik xosdir, boshqa birovni keskin imo-ishoralar, ma’noli mimika, boshqasining harakatlarida og’ir-bosiqlik, yuzining juda ham kam harakat qilishi ajratib turadi. Kishining harakatlardagi o’zgarishi tabiiy ravishda ko’pincha tarbiyalangan ustanovkalar (ko’rsatmalar) va odatga, vaziyatning talabiga va shu kabilarga bog’liq bo’ladi. Ammo SO’Z yuritilayotgan individual farqlar o’zlarining tug’ma asosiga ega bo’lishi shubhasizdir. Bu shu narsa bilan tasdiqlanadiki, bunday farqlar bolaligidayoq ma’lum bo’la boshlaydi, xulq-atvorning va faoliyatning turli sohalarida ko’rinadi va alohida barqarorligi bilan ajralib turadi. Individga xos dinamik fazilatlar o’zaro ichki bog’lanishga ega bo’lib, o’ziga xos tuzilishni tashkil etadi.
    Temperamentning xususiyatlari psixikaning individual xususiyatlaridan bo’lib, inson psixik faoliyatining o’tishini, dinamikasini belgilab beradi.
    Psixik faoliyat dinamikasi faqat temperamentga bog’liq emas. Psixik faoliyat dinamikasi kishining motivlariga, psixik holatlariga ham bog’liqdir. U holda temperament va kishining faoliyatiga ta’sir qiluvchi xususiyatlarni qanday farqlash mumkin. Buning uchun quyidagi belgilarni hisobga olish zarur.
    1.Temperament xususiyatlari faqat bir turdagi emas, balki har xil va turli maqsadlardagi faoliyat turlarida, mehnatda, o’yinda, sportda, o’quv mashg’ulotlari jarayonida namoyon bo’ladi.
    2. Temperament xususiyatlari odam hayotining butun davomida yoki ma’lum qismida barqaror va o’zgarmasdir.
    3. Temperament xususiyatlari bir-biri bilan tasodifiy emas, balki qonuniy bog’langan bo’lib ma’lum tuzilishni tashkil qiladi.
    Shunday qilib, temperamentning xususiyatlari deganda, bir inson psixik faoliyati dinamikasini belgilovchi psixikaning barqaror individual xususiyatlarini tushunamiz. Bu xususiyatlar turli mazmundagi faoliyatlarda, motivlarda, maqsadlarda nisbatan o’zgarmaydi hamda temperament tiplarini xarakterlovchi tuzilishni hosil qiladi.
    Temperament lotincha - temperamentum - qismlarning nisbati degan ma’noni anglatadi. Qadimda kishidagi tuyg’ular va harakatlarning xususiyatlari uning tanasidagi "sharbatlarning" (suyuqliklarning) miqdoriga, ularning nisbatiga bog’liq deb hisoblanar edi. Bularning aralashmasi temperamentdir.
    1. Temperamentning klassik nazariyalari va uning fiziologik asoslari
    Temperament haqidagi ta’limot dastlab qadimgi (bizning eramizdan oldingi 460—356yillarda yashagan) grek olimi Gippokrat tomonidan yaratilgan. Uning ta’limotiga muvofiq sur’atda, keyinchalik «temperament» termini ham ishlatiladigan bo’ldi, shuningdek, hamma to’rt tip temperament nomlari o’rnashib qoldi.
    Gippokrat ta’limotiga muvofiq, odamlarning temperament jihatidan turlicha bo’lishi, ularning organizmidagi suyuqliklarning (xiltlarning) turlicha nisbatda bo’lishi bilan bog’liqdir. Gippokrat fikricha, odam tanasida to’rt xil suyuqlik (xilt) bordir. Chunonchi, o’t yoki safro (grekcha — chole), qon (lotincha — sangus), (qora o’t - grekcha melanchole) va balg’am (grekcha — plegma) bordir. Bu suyuqliklarning har biri o’z xususiyatiga ega bo’lib, ularning o’z vazifasi, ishi bordir. Chunonchi, o’tning xususiyati — quruqlikdir. Uning ishi — organizmdagi quruqlikni saqlab turish, ya’ni badanni quruq tutishdir. Qonning xususiyati — issiqlikdir. Uning ishi organizmni isitib turishdir. Qora o’tning xususiyati — namlikdir. Uning ishi badan namligini saqlab turish, uning namligini tutib turishdir. Balg’am (shilimshiq modda)ning xususiyati sovuqlikdir. Uning ishi
    badanni sovitib turishdir. Gippokrat fikriga muvofiq, har qaysi odamda shu to’rt xildagi suyuqlikdan biri ko’proq bo’lib, ustun turadi. Bu aralashma (lotincha — temperamentum)lardan qaysi biri ustun bo’lishiga qarab, odamlar temperament jihatdan har xil bo’ladilar. Xoleriklarda sariq o’t ustun; sangviniklarda — qon; melanxoliklarda qora o’t; flegmatiklarda esa balg’am (shilimshiq modda) ustun bo’ladi, deb ko’rsatadi.
    Gippokratning mana shu to’rt xil moddalar aralashmasi to’g’risidagi ta’limotidan kelib chiqqan temperament so’zi qadimgi zamonlardan beri hozirgacha saqlanib kelmoqda.
    Jahon madaniyatiga ulkan hissa qo’shgan buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino ham o’zining ruhiy jarayonlar haqidagi izlanishlarida «mijoz» masalasiga alohida e’tibor berdi. U buyuk grek olimi Gippokratning temperament haqidagi ta’limotini chuqur o’rgandi «mijoz» haqidagi ta’limotini ishlab chiqdi. Ibn Sino «mijoz» organizmning ruhiy va jismoniy barqarorligini ko’rsatadigan ta’sirlarga javobidir deb ko’rsatdi. U organizmni tashqi ta’sirlarni qabul qilishi va unga javob reaktsiyasini berishida mijozni turlicha ya’ni issiq, sovuq, quruq, nam, kuchli va kuchsiz paydo bo’lishini aniqladi.
    Mijoz odamda tabiiy ravishda paydo bo’lishini va ular orqali odam ovqatlarni, havo haroratini, yoqimli va yoqimsiz narsalarni bir-biridan farq qiladi deb «issiqlik» va «sovuqlik» tushunchasini ajratib «issiq mijoz, sovuq mijoz» deb kishilarni ajratadi. Issiq mijozli kishilar koloriyasi kuchli mahsulotlarni ya’ni yog’li ovqat, qo’y go’shti, tuxum, qant, yong’oq, mag’iz, qora choy kabilarni iste’mol qiladilar, bular qonni oshiradi, kuchni, haroratni oshiradi; sut, mastava, ko’k choy, baliq, o’simlik va boshqalar sovuqlikni oshiradi va ular mijozga ta’sir etadi deydi. Shunga binoan issiqlikni ko’p iste’mol qiluvchilar issiq mijoz, sovuqlik mahsulotlarini iste’mol qiluvchilar sovuq mijoz bo’ladi deb ko’rsatadi. Ibn Sino qadimgi grek ta’limotiga binoan mijozning fiziologik asosi haqidagi to’rt modda ya’ni olov, havo («yengil» element), suv, yer («og’ir» element) va uning xususiyatlarini tahlil qilib, olov issiq, yengil; havo issiq va nam, suv sovuq va nam, yer quruq va sovuqligiga asoslanib mijozni issiq, o’rtacha, sovuq bo’lishini aniqlab berdi.
    Keyinchalik temperament to’g’risidagi bu taxmin rad qilindi. Lekin temperamentning 4 guruhga bo’linishi va ularning nomlari saqlab qolindi.
    Mutafakkir olim mijozni odam organizmining xususiyatini ifodalashini va u tashqi muhit faktorlarini jismoniy va ruhiy idrok qilinishidir degan fikrni ilgari surdi.
    XX asrning 30—40 yillariga kelib temperament va uning nerv fiziologik asoslari haqidagi ta’limot rus fiziologi I. P. Pavlov tomonidan ishlab chiqildi.
    Temperament xususiyatlarining ilmiy sabablari I. P. Pavlovning yuksak nerv faoliyat tiplari haqidagi ta’limotida ochib berildi. I. P. Pavlov yuksak nerv faoliyat turlari deganda hayvon bilan odam nerv sistemasining faoliyatidagi eng muhim xususiyatlarning chatishuvini tushunar edi.
    I. P. Pavlov itlar ustida ko’p tajribalar o’tkazib, reflekslarni tekshirishi natijasida, hayvonlar nerv sistemasining a) qo’zg’alish va tormozlanishning kuchiga, b) bu jarayonlarning muvozanatiga va d) ularning ildamlik darajasiga qarab bir-biridan farq qilishini aniqladi.
    I. P. Pavlov ajratishicha, nerv sistemasining kuchi hujayralardagi fiziologik moddalarning zapas miqdori bilan belgilanadi.
    Kuchli tipdagi nerv sistemasida bunday zapas ko’p miqdorda bo’lib, kuchsiz tipda ozdir.
    Nerv sistemasining kuchi qo’zg’alish jarayoniga ham, shuningdek, tormozlanish jarayoniga ham tegishlidir. Nerv sistemasining kuchi, avvalo, kuchli qo’zg’ovchilarga «bardosh» bera olish qobiliyatida ko’rinadi.
    «Nerv jarayonlari kuchining ahamiyati shundan ravshan ko’rinib turadiki», — deydi I. P. Pavlov, — atrofdagi muhitda odatdan tashqari, favqulodda hodisalar, zo’r kuchga ega bo’lgan qo’zg’ovchilar ma’lum darajada tez-tez voqe bo’lib turadi, shu bilan birga, tabiiy ravishda, ko’pincha, bu qo’zg’ovchilarning ta’sirini boshqalarning talabiga va shuningdek, undan ham qudratli bo’lgan tashqi sharoitning talabiga muvofiq bosmoq, to’xtatib turmoq zaruriyati tug’iladi. Nerv hujayralari esa o’z faoliyatining bunday haddan tashqari zo’riqishiga bardosh berishi kerak» (I. P. Pavlov. Полное собрание сочинений, III tom, 2kitob, 268bet).
    Nerv sistemasidagi muvozanat, I. P. Pavlov ta’limotiga muvofiq, nerv sistemasining qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining kuch darajasini teng baravar holda tutib tura bilish qobiliyatida ko’rinadi. Qo’zg’alish va tormozlanish baravar darajada kuchli yoki kuchsiz bo’lganda, nerv sistemasida muvozanat bo’ladi. Shu jarayonlardan biri kuchliroq yoki kuchsizroq bo’lsa, nerv sistemasida muvozanat bo’lmaydi.
    Nerv sistemasining ildamligi (labilligi) miya po’stining biron qismidagi qo’zg’alishning tormozlanishi bilan yoki, aksincha, tormozlanishning qo’zg’alish bilan naqadar yengil almashinishidan iborat. I. P. Pavlov nerv sistemasining bu xususiyatiga, ayniqsa, katta ahamiyat bergan edi. «Ravshanki, eng muhimi ildamlikdir, — deydi u, — hayot o’zi deganicha qilaveradi, hamma sharoitni o’zgartirib yuboradi, u juda ham o’zgaruvchan, kimki sergaklik bilan bu o’zgarishlarni darrov payqab ola bilsa, ya’ni ildam esga ola biladigan nerv sistemasi bo’lsa, o’sha yutadi» («Повловское среда, M:, II tom, 244bet).
    Yuqorida ko’rsatilgan belgilariga qarab, nerv sistemasining quyidagi to’rt asosiy tiplarini ajratiladiki, bular I. P. Pavlov fikricha, Gippokratning to’rtta temperament tipiga to’g’ri keladi:
    kuchli muvozanatli va epchil tip. Serharakat tip. Bu tip sangvinik temperament asosini tashkil etadi;
    kuchli, muvozanatli inert (sustkash) tip og’ir vazmin tip. Flegmatik temperamentning asosini tashkil etadi;
    kuchli, lekin muvozanatsiz, ya’ni qo’zg’alish tormozlanishdan ustun chiqadigan, qizg’in, jo’shqin, tip. Bu — xolerik temperamentning asosini tashkil etadi;
    kuchsiz tip. Melanxolik temperamentning asosini tashkil etadi.
    I. P. Pavlov nerv faoliyatining bunday tiplari odamlarga ham xos
    deb hisoblaydi. «Hayvonlar nerv sistema tiplarini klassifikatsiyalashning elementar fiziologik asoslariga suyanib turib, — deydi I. P. Pavlov, — ana shu tiplarni ko’pchilik odamlarga nisbatan ham qabul qilish lozim».
    Shunday qilib, temperament, I. P. Pavlov ta’limotiga muvofiq, yuksak nerv faoliyat tiplarining kishi xulqida namoyon bo’lishidan iboratdir.
    2. Temperament va temperament tiplari haqida umumiy tushuncha
    Temperament deganda biz, odatda, kishining tabiiy tug’ma xususiyatlari bilan bog’liq bo’lgan individual xususiyatlarini tushunamiz.
    I. P. Pavlov temperamentni quyidagicha ta’riflaydi: «Har bir ayrim kishining va shuningdek, har bir ayrim hayvonning ham eng umumiy xarakteristikasidir, har bir individning butun faoliyatlariga muayyan qiyofa beradigan nerv sistemasining asosiy xarakteristikasidir» (Полное собрание сочинение, III tom, 2 kitob, 103bet).
    Temperament, psixologik jihatdan olganda, kishidagi hissiyotning qo’zg’alishlarida va kishidagi umumiy harakatchanlikda ko’rinadigan individual xususiyatdir.
    Har qaysi kishidagi hissiyotning qo’zg’alish tezligi, kuchi va barqarorligi har xil bo’ladi. Bir xil odamlarning hissiyoti tez, kuchli qo’zg’aladi va barqaror bo’ladi. Ba’zi kishilarda esa bunday qo’zg’alish sust, zaif bo’lib, uzoqqa bormaydi. Temperamentning bunday xususiyatlari kishidagi hissiyotning qo’zg’alishlari bilan birga, organizmning atrofdagi muhit ta’siriga javoban ko’rsatadigan ixtiyorsiz reaksiyalarida, ayniqsa, yaqqol ko’rinadi. Bu xususiyatlar tashqi tomondan kishining mimikalarida, pantomimikalarida, har xil beixtiyor ish-harakat va imo-ishoralarida ko’rinib turadi. Kishi hissiyotining bunday qo’zg’aluvchanlik xususiyatlari diqqatning kuchi va barqarorligida, iroda sifatlarida, aqliy jarayonlar, jumladan, nutq tezligida aks etadi. Mana shunday ixtiyorsiz faollikning qanday yuz berishiga qarab, bir xil odamlarni «tez», «betoqat», «serg’ayrat», «jo’shqin» deymiz. Ba’zilarini esa «sustkash», «lapashang» va hokazolar deb yuritamiz. Bu xildagi individual xususiyatlardan kishining temperamenti (mijozi) tarkib topadi.
    Ayrim temperamentlarning alomatlari kishining bolalik chog’larida yaqqol namoyon bo’ladi.
    Har bir kishining o’z temperamenti bo’ladi. Lekin har qaysi odamning temperamentlarida mana shunday individual tafovutlar bo’lishi bilan birga, bu temperamentlarning umumiy, o’xshash belgi va alomatlari ham bo’ladi. Hamma xilma-xil temperamentlarni mana shunday umumiy belgilariga qarab ajratish, ya’ni klassifikatsiya qilish mumkin.
    Barcha temperamentlarni qadimdan to’rt tipga: 1) xolerik, 2) sangvinik, 3) melanxolik va 4) flegmatik temperamentga ajratish -rasm bo’lgan.
    Xolerik temperament — hissiyotning tez va kuchli qo’zg’aluvchanligi, barqaror bo’lishi bilan farq qiladi. Xolerik temperamentli kishilarning hissiyotlari ularning imo-ishoralarida, mimikalarida, harakatlari va nutqlarida yaqqol ko’rinib turadi. Xoleriklar qizg’inlik va tajanglikka moyil bo’ladilar. Bunday temperamentli kishilar chaqqon, umuman harakatchan, serg’ayrat va har doim urinuvchan bo’ladilar.
    Bu xil temperamentli bolalar serg’ayrat bo’ladilar. Ular bir ishga tez kirishadigan va boshlagan ishini oxiriga yetkazadigan bo’ladilar. Ular ko’pchilik bilan jamoa o’yinlar o’tkazishni sevadilar va bunday o’yinlarni ko’pincha o’zlari boshlab, oxirigacha faol qatnashadilar. Xolerik temperamentli bolalar arazchan, serjahl va tajang bo’ladilar. Bir narsadan xafa bo’lsalar, bu xafalik ularda uzoq saqlanadi. Ulardagi kayfiyat ancha barqaror va davomli bo’ladi.
    Sangvinik temperament — hissiyotning tez, kuchli qo’zg’aluvchanligi, lekin beqaror bo’lishi bilan farq qiladi. Sangvinik temperamentli kishilarning kayfiyati tez-tez o’zgarib, bir kayfiyat o’ziga teskari bo’lgan ikkinchi bir kayfiyat bilan tez almashib turmog’i mumkin. Sangviniklardagi psixik jarayonlar, xoleriklardagi singari, tez o’tadi. Bu xil temperamentli kishilar ildam, chaqqon, serharakat va jo’shqin bo’ladilar. Sangvinik temperamentli kishilar tevarak-atrofdagi voqealardan tez ta’sirlanadilar va muvaffaqiyatsizliklar hamda ko’ngilsiz hodisalar uncha qattiq xafa qilmaydi. Ular ko’p ishga tez va g’ayrat bilan kirishadigan bo’ladilar, lekin ishdan tez sevadilar. Bir xayoldagi ishlarni uzoq davomli sur’atda bajarishga moyil bo’ladilar.
    Sangvinik temperamentli bolalar juda serharakat, ildam va chaqqon bo’ladilar. Ular har qanday ishga qatnashish uchun doim tayyor bo’ladilar. Ko’pincha, bir qancha vazifalarni birdaniga bo’ylariga oladilar. Lekin, har bir ishga ishtiyoq bilan tez kirishganliklari singari, boshlagan ishdan tez qaytishlari ham mumkin. Sangviniklar chin ko’ngildan va’dalar berishlari, lekin, ko’pincha, va’dani unutib, uni bajarmasliklari ham mumkin. Bu xil temperamentli bolalar o’yinlarga tez va zavq bilan kirishadilar, lekin o’yin davomida, o’z rollarini tez-tez o’zgartirib turishga moyil bo’ladilar. Ular darrov xafa bo’lishlari va yig’lashlari mumkin, lekin ular xafalikni tez unutadigan bo’ladilar. Ularning yig’isi kulgi bilan tez almashadi.
    Melanxolik temperament — hissiyotning sekin, lekin kuchli qo’zg’aluvchanligi va barqaror bo’lishi bilan farq qiladi. Melanxoliklar barqaror, davomli bir kayfiyatga moyil bo’ladilar, lekin hissiyotlarining tashqi ifodasi juda zaif bo’ladi. Melanxolik temperamentli odamlar sustkash bo’ladilar. Melanxolik temperamentli odam ishga birdan kirishmasligi mumkin, lekin bir kirishsa, boshlagan ishni oxiriga yetkazmay qo’ymaydi.
    Bunday temperamentli bolalar mo’min-qobil, yuvosh bo’ladilar, ko’pincha, birov savol bilan murojaat qilsa, uyalib, tortinib javob beradilar. Ularni darrov xafa yoki xursand qilish yengil emas, lekin bir narsadan xafa bo’lsalar, bu xafalik uzoq davom etadi, barqaror bo’ladi. Ular bir ishga yoki o’yinga tez yopishib kirishmaydilar, lekin qandaydir ish yoki bir o’yin boshlasalar, bunda chidam va matonat ko’rsatadilar.
    Flegmatik temperament — hissiyotning juda sekin, kuchsiz qo’zg’alishi va uzoq davom etmasligi bilan farq qiladi. Flegmatik temperamentli kishilar hissiyotlarining tashqi ifodasi kuchsiz bo’ladi. Bu xil temperamentli odamlarni xursand qilish, xafa qilish yoki g’azablantirish ancha qiyin.
    Flegmatiklarning psixik jarayonlari sust bo’ladi. Bu xil temperamentli odamlar nihoyat og’ir, yuvosh, bosiq, harakatlari salmoqli bo’ladi. Agar bir faoliyatga kirishsalar, uni qat’iyat bilan davom ettiradilar.
    Flegmatik temperamentli bolalar yuvosh, mo’min qobil bo’ladi. Ular ko’pchilikka aralashmaydigan, tortinchoq va hech kimga tegmaydigan, birovni ranjitmaydigan bo’ladilar. Agar birov ular bilan urish chiqarmoqchi bo’lsa, o’zlarini chetga olishga harakat qiladilar. Ular shovqin-suronli, harakatli o’yinlarga moyil bo’lmaydilar. Bu xil temperamentli bolalar jizzaki bo’lmaydilar va odatda ular o’yin-kulgilarga moyil emaslar.
    Flegmatik temperamentli kishilar (bolalar) tashabbus ko’rsatishga moyil bo’lmaydilar, lekin ular faoliyati yo’lga qo’yilsa, ancha qunt bilan ish ko’radilar, yaxshi o’qib ketishlari mumkin.
    Har qaysi odam temperamentini batamom bir tip doirasigagina «sig’dirib» bo’lmaydi, albatta. Tip tushunchasining o’zi faqat bir-birlariga o’xshash bir guruh odamlarnigina o’z ichiga olishini nazarda tutadi. Har qaysi odam temperamentida o’ziga xos individual xususiyatlari bo’ladi, bu xususiyatlarni batamom muayyan bir temperament tipiga kiritib bo’lmaydi. Bu xususiyatlar ayni individual xususiyatlardir, ya’ni shu shaxsning o’zigagina xos xususiyatdir. Ko’pchilik odamlarda bir tip temperament alomatlari ikkinchi bir tip temperament alomatlari bilan qo’shilgan bo’lishini ko’ramiz; chunonchi, xolerik temperamentli kishida melanxolik yoki flegmatik temperament alomatlari bo’lishi, sangvinik temperamentli kishida xolerik va flegmatik temperament alomatlari bo’lishi mumkin va hokazo.
    Odamlarni faqat ularda qaysi temperament belgilari ustun bo’lsa, shunga qarab, ma’lum bir temperament tipiga kiritish mumkin.
    3. Temperamentning o’zgarishi
    Ammo temperament haqida bayon qilingan bu fikrlardan odam temperamentining barcha xususiyatlari albatta nerv sistemasining tuzilish xususiyatlari bilan qat’iy ravishda belgilanadi va o’zgarmaydi, degan xulosa chiqarish yaramaydi. Nerv sistemasining ma’lum bir tipi faqat shaxsda ma’lum sifatlarga moyillik vujudga keltiradi, unga zamin hozirlaydi, xolos. Temperamentga xos bo’lgan xususiyatlarni kishi o’z irodasi, istagi bilan o’zi o’stira oladi, birmuncha yo’qota yoki o’zgartira oladi. Kishi temperamenti xususiyatlaridagi bunday o’zgarishlar kishining shaxsiy istagi bilangina vujudga kelib qolmay, balki, kishining hayot tajribasi jarayonida, tevarak-atrofdagi muhit ta’siri, asosan tarbiya ta’siri ostida ham vujudga keladi.
    Nerv faoliyatining o’zi qandaydir o’zgarmaydigan bir narsa emasligini I. P. Pavlov takror-takror uqtirib o’tgan. U nerv sistemasining faoliyati «turmush beradigan tarbiya ta’siri bilan» o’zgarishi mumkin va bir shaklga kirgan nerv faoliyati faqat tug’ma nerv sistema tipi bilangina belgilanmasdan, balki organizm hayotining butun tarixi bilan ham belgilanadi, deb hisobladi.
    «Odam bilan hayvonning hatti-harakati, — deydi I. P. Pavlov, — faqat nerv sistemasining tug’ma xususiyatlarigagina bog’liq bo’lib qolmay, balki organizmning individual hayotida unga doim ko’rsatilgan va ko’rsatilayotgan ta’sirlarga ham bog’liqdir, ya’ni, keng ma’noda olganda, doimiy tarbiya yoki o’rgatishga bog’liqdir. Buning sababi shuki, nerv sistemasining yuqorida ko’rsatilgan xossalari bilan bir qatorda, uning eng muhim xossasi bo’lgan eng yuksak plastikligi ham to’xtovsiz ta’sir qilib turadi. Demak, agar gap nerv sistemasining tabiiy tipi to’g’risida borar ekan, u vaqtda tug’ilgan kunidan boshlab mana shu organizmga ta’sir etgan va hozirgi vaqtda ham ta’sir etib turgan hamma ta’sirlarni hisobga olmoq kerak» (Полное собрание сочинений, III tom, 2 kitob, 269bet).
    Kishining temperamenti o’zicha ayrim ravishda namoyon bo’lmaydi, u kishining xarakteri tarkibiga kiradi.

    TEMPERAMENT TIPLARI


    Kishilarning temperamenti tiplarini aniqlash va baholashda quyidagi xususiyatlar hisobga olinadi:
    1. SENZITIVLIK. Bu kishidagi tashqi qo’zg’atuvchining ta’siriga nisbatan sezgirligi. Senzitivlik kuchli bo’lsa kishiga ozgina kuchga ega bo’lgan qo’zg’atuvchi ham ta’sir qiladi, psixik reaktsiyani yuzaga keltiradi.
    2. REAKTIVLIK. Kishiga turli ichki va tashqi qo’zg’atuvchilar ta’sir qiladi. Aytaylik ichki va tashqi qo’zg’atuvchilar ta’sir kuchi bir xil bo’lganda qanday emotsional reaktsiya namoyon qilishi baholanadi. Reaktivlik -emotsionallik va ta’sirlanuvchanlikdir.
    3. AKTIVLIK. Turli faoliyatni bajarishda, to’siqlarni yengib o’tishda qanday faollik ko’rsatishi baholanadi.
    4. REAKTIVLIK VA AKTIVLIKNING O’ZARO MUNOSABATI. Bu ikkala xususiyatdan qaysi biri ustunligi.
    5. REAKSIYa TEMPI. Turli psixik reaktsiyalar va jarayonlarning o’tish tezligi. (nutq tempi, fikr yuritish tezligi, harakatlari tezligi va h.k.)
    6. XARAKTLARNING EGILUVChANLIGI (MOSLAShUVChANLIGI) va unga qarama-qarshi xususiyat RIGIDLIGI (qotib qolganligi).
    7. EKSTROVERTLIK VA INTROVERTLIK. Ekstrovertlik kishinig psixikasining tashqariga yo’nalganligi, tashqi olam bilan faol munosabatda bo’lishi, faoliyatining ayni choqdagi taassurotlarga bog’liqligi. Introvertlik - faoliyatning ichki obrazlarga, o’tmish va kelajak bilan bog’liq fikrlarga bog’liqligi.
    Kishining temperamenti qanaqaligi haqidagi tasavvur odatda shu shaxs uchun xarakterli bo’lgan ayrim psixologik xususiyatlar asosida vujudga keladi.
    Sezilarli psixik aktivlikka ega bo’lgan, atrofda bo’layotgan voqealarga o’z munosabatini bildiruvchi, ta’surotlarini hadeb o’zgartirishga intiluvchi, muvaffaqiyatsizliklar va ko’ngilsizliklarni nisbatan yengil o’tkazib yuboruvchi, jonli, harakatchan, ifodali mimikasi va harakatlari bo’lgan kishi SANGVINIK deb ataladi.
    Yuragi keng, barqaror intilishlarga va kayfiyatlarga, doimiy va chuqur his-tuyg’ularga, harakatlari va nutqi bir xil maromda bo’lgan, ruhiy holati tashqi tomondan ifoda etilmaydigan kishi FLEGMATIK deb ataladi.
    Juda g’ayratli, ishga juda ehtiros bilan berilish qobiliyatiga ega bo’lgan, tez va shiddatli, qizg’in emotsional "portlash" va kayfiyatning keskin o’zgarishlariga moyil, ildam harakatlar qiladigan kishi XOLERIK deb ataladi.
    Ta’sirchan, chuqur kechinmali, gap ko’tara olmaydigan, ammo atrofdagi voqealarga unchalik e’tibor bermaydigan, o’zini to’xtata oladigan harakatlar qiladigan va sekin ovoz chiqaradigan kishilar MELANXOLIKLAR deb ataladi.
    Temperamentning har bir tipiga psixik xossalarning o’z nisbati, avvalo, har xil darajadagi faollik va emotsionallik, shuningdek motorikaning u yoki bu xususiyatlari xosdir. Dinamik ko’rinishlarning muayyan strukturasi temperament tipini belgilaydi.
    Barcha odamlarni to’rtta tip bo’yicha taqsimlash mumkin emasligi tushunarli. Temperamentlarning turli -tumanligi to’g’risidagi masala fanda hali batafsil hal qilingan emas, ammo aytilgan tiplarni asosiy deb hisoblash mumkin. Bu tiplar sof holda hayotda ancha kam uchraydi. Yana ko’pgina o’tkinchi, oraliq yoki aralash tiplar ham mavjud bo’ladi Temperament shaxsning psixik xususiyatlaridan biridir, lekin bir xil temperamentdagi kishilar ham juda xilma xil bo’ladilar. Ko’pgina kishilarning shaxsi faqat birgina tipga xos bo’lgan belgiga ega bo’lib qolmasdan, balki ikki va undan ham ko’proq tipning belgilariga ega bo’ladi. Kishida xolerik tipdagi xususiyatlar bilan bir qatorda , masalan, sangvinik tipdagi kishining belgilari ham bo’lishi mumkin; melanxolik tipidagi kishida esa flegmatik tip xususiyatlari uchraydi va hokazo.
    Shaxs avvalo - temperamentning turli tiplariga taalluqli bo’lgan psixik xususiyatlarning namoyondasidir. Shaxs temperamentning aralash tipiga egadir. Biroq shunday kishilar ham bo’ladiki, ularda u yoki bu temperament tipi ancha yorqin namoyon bo’ladi. Masalan, rus sarkardalaridan A.V. Suvorov tipik xolerik edi: zamondoshlarining eslashlaricha uning qarashlari, so’zlari, harakatlari nihoyatda jonliligi bilan ajralib turar edi. U go’yo orom nimaligini bilmas va o’zini kuzatib turgan odamda yuzlab ishlarni birdaniga qilishga intiladigan tinib -tinchimas kishi sifatida ta’surot qoldirar edi. U bamisoli yurmas, balki yugurar, otga minib emas balki uchib borar, o’z yo’lida turgan stulni aylanib o’tmas, balki uning ustidan sakrab o’tar edi.
    Ko’p kishilar nerv tizimining qanday tipi, binobarin, qanday temperament yaxshi deb qiziqadilar. Bunga bitta javob berish mumkin: har bir temperamentning o’ziga xos ijobiy va salbiy tomonlari bor. Garchi temperament shaxsning tug’ma sifati bo’lsa ham, bundan u hayotiy shart-sharoitlar, faoliyat, tarbiya va o’z-o’zini tarbiyalash ta’siri ostida mutlaqo o’zgarmaydi, degan ma’no kelib chiqmaydi. Atoqli kishilar orasida o’z temperamentining salbiy xususiyatlariga barham bera olganlar ko’p bo’lgan. Masalan, A.P. Chexov yetuk yoshga borgan bir davrda o’zining kishilar bilan muomalasida hech mahal keskin bo’lishga yo’l qo’ymagan, muloyimligi, xushmuomalaligi, tashqi tomondan xotirjamligi bilan ajralib turgan. Biroq uning tabiiy tug’ma layoqat nishonalari boshqacha bo’lgan edi (u otasi va boshqa oila a’zolari singari keskinligi serjahlliligi bilan ajralib turardi). I.P. Pavlov o’z temperamenti ustida ko’p ishladi. U yoshligida juda jahli tez har narsaga qiziqadigan, ayni vaqtda uni nima qiziqtirayotgan bo’lsa, shu narsadan boshqa hamma narsani unita olish qobiliyatiga ega bo’lgan kishi edi. Keyinchalik u o’z ishtiyoqlarini to’xtata olishni o’rgandi, o’zini jo’shqin temperamentini boshqara olishga o’rgatdi.
    O’z-o’zini tekshirish uchun savollar va topshiriqlar.
    Temperament haqida tushuncha?
    Temperament haqidagi gumoral nazariyani tushuntiring.
    Temperament haqidagi morfologik nazariyani tushuntiring.
    Temperament tiplari va ularning psixologik mohiyatini tushuntiring.
    Sangvinik tipidagi kishilarning tavsifi.
    Xolerik tipidagi kishilarning tavsifi.
    Flegmatik tipidagi kishilarning tavsifi.
    Melanxolik tipidagi kishilarning tavsifi.
    Oliy nerv faoliyati tiplari va temperament.
    Temperament xususiyatlarini ta’lim-tarbiya jarayonida qanday hisobga olish lozim?
    Download 198.99 Kb.




    Download 198.99 Kb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    Guruh : 213-20 Qabul qildi: Delov To’lqin Tatu 2023 Faoliyatda temperamentni hisobga olish Reja

    Download 198.99 Kb.