Ish joylarini yoritish sanitariya gigienik normalar asosida ish kategoriyalariga moslashgan bo‘lishi kerak. Ish joylarini maksimal yoritish albatta ish sharoitini yaxshilashga olib keladi.
Ish olib borilayotgan yuzaga va ko‘zga ko‘rinadigan atrof muhitga yorug‘lik bir tekis tushadigan bo‘lishi kerak. Chunki ish olib borilayotgan yuzada va atrof-muhitda yaltiroq uchastkalar mavjud bo‘lsa, unda ko‘zning ularga tushishi va qaytib ish zonasiga qaraganda ko‘zning jimirlashishi va ma’lum vaqt ko‘nikishi kerak bo‘ladi.
Ish yuzalarida keskin soyalar bo‘lmasligi kerak. Ularning bo‘lishi, ayniqsa soyalar harakatlanuvchi bo‘lsa, ish ob’ektining ko‘rinishini yomonlashtiradi.
Ishlab chiqarish zonalarida to‘g‘ri yoki nur qaytishi ta’sirida hosil bo‘layotgan yaltirash bo‘lmasligi kerak. Chunki ish zonalaridagi yaltirash ko‘zning ko‘rish qobiliyatini pasaytirib, ko‘zni qamashtirishi mumkin.
Yoritilish miqdori vaqt bo‘yicha o‘zgarmas bo‘lishi kerak. Yoritilishning ko‘payib-kamayishi ro‘y beradigan bo‘lsa, ko‘zga zarar keltiradi, chunki ko‘z yorug‘lik o‘zgarishlariga ko‘nikishiga to‘g‘ri keladi.
Yorug‘lik nurlarini optimal yo‘nalish bilan yo‘naltirish kerak, bunda ma’lum holatlarda detalning ichki yuzalarini ko‘rish va boshqa hollarda detal yuzasidagi kamchiliklarini yaxshiroq ko‘rish mumkin.
Yorug‘likning lozim bo‘lgan spektor tarkibini tanlash zarur. Bu talab materiallarning rangini aniq belgilash zarur bo‘lgan hollarda muhim rol o‘ynaydi.
Yorug‘lik qurilmalari qo‘shimcha xavf va zararlar manbai bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun yoritish manbalari ajratadigan issiqlikni, tovush chiqarishini maksimal kamaytirish kerak.
Yoritish qurilmasi ishlatish uchun qulay, o‘rnatish oson va iqtisodiy samarador bo‘lishi kerak.