V. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning
vakillarini qabul qilishni tashkil etish
41. Kasaba uyushmasi tashkilotlarida va ularning tarkibiy bo‘linmalarida belgilangan kunlar va soatlarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.
Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish kasaba uyushmasi tashkiloti rahbari yoxud boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
42. Kasaba uyushmasi tashkilotlarida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari ushbu kasaba uyushmasi rahbari tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan qabul qilinadi.
Kasaba uyushmasi tashkilotlarida, zaruriyat bo‘lganda, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun alohida xona ajratiladi.
43. Qabul qilish jadvallari va uni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi kasaba uyushmasi tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish, shuningdek ularning ma’muriy binosida hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.
Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa - o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak.
44. Murojaatlar bilan ishlovchi mas’ul xodim qabulga kelgan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni, shuningdek jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi.
45. Kasaba uyushmasi tashkilotida murojaatlar bilan ishlash uchun mas’ul bo‘linma yoki lavozim joriy etilgan hollarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish murojaatlar bilan ishlovchi mas’ul bo‘linma yoki xodim ishtirokida amalga oshiriladi.
46. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiluvchi rahbar yoki vakolatli shaxsning ko‘rsatmasi bo‘yicha kasaba uyushmasi tashkilotining boshqa xodimlari ham qabul jarayoniga jalb etilishi mumkin.
47. Agar jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish paytida murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish kasaba uyushmasi tashkilotining vakolatiga kirmasligi aniqlangan taqdirda, ularga murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish kerakligi tushuntiriladi. Bunda jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining talabi bilan bu haqda yozma shaklda javob beriladi.
48. Kasaba uyushmasi tashkilotining rahbari yoki boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.
Sayyor shaxsiy qabullar kasaba uyushmasi tashkiloti rahbari tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq o‘tkaziladi. Zarur hollarda jadvalda nazarda tutilmagan sayyor shaxsiy qabullar o‘tkazilishi mumkin.
Sayyor shaxsiy qabullarni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot ushbu Nizomning 43-bandida belgilangan tartibda manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi, shuningdek mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
49. Sayyor shaxsiy qabullar vaqtida murojaatlar bilan ishlovchi xodim va boshqa mas’ul xodimlari ishtirok etishi mumkin.
Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullar vaqtida berilgan og‘zaki murojaatlari ushbu Nizomda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va ro‘yxatga olinadi hamda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
|