|
Hozirda biometrik texnologiyalar insonning quyidagi o’zgarmas biologik belgilariga asoslangan
|
bet | 12/13 | Sana | 03.01.2024 | Hajmi | 39,9 Kb. | | #129668 |
Hozirda biometrik texnologiyalar insonning quyidagi o’zgarmas biologik belgilariga asoslangan: barmoqning papillyar chiziqlari, qo’l kaftining tuzilishi, ko’zning kamalak qobig’i chiziqlari, ovoz parametrlari, yuz tuzilishi, yuz termogrammasi (qon tomirlarining joylashishi), yozish formasi va usuli, genetik kodi fragmentlari. Insonning ushbu biologik belgilaridan foydalanish turli xil aniqliklarga erishishga imkon beradi. Biz ushbu maqolada hozirda keng qo’llanilayotgan barmoq izlari va qo’l kaftining tuzilishi bo’yicha insonni tanish masalalariga to’xtalib o’tishni lozim topdik.
“Barmoq izlari buyicha insonni idetifikatsiyalash” hozirda eng keng tarqalgan usul bo’lib, axborotni himoyalash biometrik tizimlarida keng qo’llanilmoqda. Bu usul o’tgan asrlarda ham keng qo’llanilganligi xech kimga yangilik emas. Hozirgi kunga kelib barmoq izlari bo’yicha identifikatsiyalashning uchta asosiy texnologiyasi mavjud. Ularning birinchisi ko’pchilikka ma'lum optik skanerlardan foydalanishdir. Ushbu qurilmadan foydalanish printsipi odatiy skanerdan foydalanish bilan bir xil. Bu erda asosiy ishni ichki nur manbai, bir nechta prizma va linzalar amalga oshiradi. Optik skanerlarni qo’llashning e'tiborli tomoni uning arzonligidir. Lekin, kamchilik tomonlari bir muncha ko’p. Ushbu qurilmalar tez ishdan chiquvchi hisoblanadi. Shu sababli foydalanuvchidan avaylab ishlatish talab etiladi. Ushbu qurilmaga tushgan chang, turli xil chiziqlar shaxsni aniqlashda xatolikka olib keladi, ya'ni foydalanuvchining tizimga kirishiga to’sqinlik qiladi. Bundan tashqari, optik skanerda tasviri olingan barmoq izi foydalanuvchi terisining holatiga bog’liq. Ya'ni, foydalanuvchi terisining yog’liligi yoki quruqligi shaxsni aniqlashga xalaqit beradi. Barmoq izlari bo’yicha identifikatsiyalashning ikkinchi texnologiyasi elektron skanerlarni qo’llashdir. Ushbu qurilmadan foydalanish uchun foydalanuvchi 90 ming kondensator plastinkalaridan tashkil topgan, kremniy moddasi bilan qoplangan mahsus plastinkaga barmog’ini qo’yadi. Bunda o’ziga xos kondensator hosil qilinadi. Kondensator ichidagi elektr maydon potentsiali plastinkalar orasidagi masofaga bog’liq. Ushbu maydon kartasi barmoqning papillyar chizmasini takrorlaydi. Elektron maydon hisoblanadi, olingan ma'lumotlar esa, katta aniqlikka ega sakkiz bitli rastrli tasvirga aylantiriladi. Ushbu texnologiyaning e'tiborli tomoni shundaki, foydalanuvchi terisining har qanday holatida ham barmoq izi tasviri yuqori aniqlikda hosil qilinadi. Ushbu tizim foydalanuvchi barmog’i kirlangan taqdirda ham tasvirni aniq oladi. Bundan tashqari qurilma hajmining kichikligi sababli, ushbu qurilmani hamma joyda ishlatish mumkin. Ushbu qurilmaning kamchilik tomonlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: 90 ming kondensatorli plastinkani ishlab chiqarish ko’p harajat talab etadi, skanerning asosi bo’lgan kremniy kristali germetik (zich yopiladigan) qobiqni talab etadi. Bu esa, qurilmani ishlatishda turli xil cheklanishlarni yuzaga keltiradi. Nihoyat, kuchli elektromagnit nurlanishi vujudga kelganda elektron sensor ishlamaydi. Barmoq izi buyicha identifikatsiyalashning uchinchi texnologiyasi Who Vision Sustems kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Tactile Sense skanerlaridir. Ushbu skanerlarda maxsus polimer material ishlatilgan bo’lib, terining bo’rtib chiqqan chiziqlari va botiqlari orasida hosil bo’lgan elektr maydonni sezish orqali tasvir hosil qilinadi. Umuman olganda ushbu skanerlarning ishlash printsipi elektron skanerlar ishlash printsipi bilan deyarli bir xil. Faqat ushbu qurilmalarning quyidagi afzalliklarini sanab o’tishimiz mumkin: qurilmani ishlab chiqarish bir necha yuz barobar kam harajat talab etadi, qurilma avvalgi qurilmadan mustahkam va foydalanishda hech qanday cheklanishlar yuzaga kelmaydi.
“Insonining qo’l kafti tuzilishiga ko’ra identifikatsiyalash”ning ikki xil usuli mavjud. Birinchi usulda qo’l kaftining tuzilishidan foydalaniladi. Buning uchun maxsus qurilmalar ishlab chiqarilgan bo’lib, ushbu qurilma kamera va bir nechta yorituvchi diodlardan tashkil topgan. Ushbu qurilmaning vazifasi qo’l kaftining uch o’lchovli tasvirini hosil qilishdan iborat. Keyinchalik ushbu hosil qilingan tasvir ma'lumotlar bazasiga kiritilgan tasvir bilan solishtiriladi. Ushbu qurilma yordamida identifikatsiyalash yuqori aniqlikda amalga oshiriladi. Lekin kaft tasvirini oluvchi skaner o’ta nozik ishlangan bo’lib, ushbu qurilmadan foydalanish noqulayliklar tug’diradi. Qo’l kafti tuzilishiga ko’ra identifikatsiyalashning ikkinchi texnologiyasi esa, kaftning termogrammasini aniqlashga asoslangan. Qo’l kaftida juda ko’p qon tomirlari mavjud bo’lib, ushbu qon tomirlari har bir insonda, hattoki egizaklarda ham turlicha joylashadi. Ushbu qon tomirlarining joylashish tasvirini olish uchun maxsus infraqizil nurli fotokameradan foydalaniladi. Ushbu hosil bo’lgan tasvir kaft termogrammasi deb ataladi. Ushbu usulning ishonchliligi juda ham yuqori. Bu usulning vujudga kelganiga ko’p vaqt bo’lmaganligi sababli hali keng tarqalib ulgurmagan. Keltirib o’tilgan barcha biometrik usullar axborotni himoya qilishda keng qo’llanilmoqda. Ushbu himoya tizimining ishonchliligi shundaki, tizimda foydalanilayotgan insonning biologik belgilari hech qachon o’zgarmaydi, biron-bir jaroxat etgan taqdirda ham qayta tiklanadi. Yuqorida biz insonning biologik belgilariga asosan shaxsni tanish maqsadida barmoq izi va qo’l kaftining tasvirini hosil qilish texnologiyalari bilan tanishib chiqdik. Endigi masala hosil qilingan tasvirni ma'lumotlar bazasida saqlanayotgan tasvir bilan taqqoslash va shaxsni aniqlash algoritmi bilan bog’liq. Biz ushbu masalada hosil qilingan barmoq izidan foydalangan holda shaxsni aniqlash algoritmini keltirib o’tishga harakat qilamiz. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, birinchi navbatda ixtiyoriy qurilma orqali barmoq izi tasviri hosil qilinadi. Qolgan bosqichlarni quyidagi ketma-ketlik orqali bayon qilishga harakat qilamiz:
|
| |