Kuchlanishni avtomatik rostlash qurilmalari
Kuchlanishni avtomatik rostlash qurilmalari bir pog‘onali yoki ko‘p pog‘onali bo‘lishi mumkin. Kondensator qurilmasi to‘lig‘icha ulanadigan (uziladigan) bo‘lsa, kuchlanishni avtomatik rostlash qurilmasi bir pog‘onali qilib bajariladi. Kondensator qurilmasining ayrim batareyalari yoki yakka kondensatorlar ulab uziladigan bo‘lsa, kuchlanishni avtomatik rostlash qurilmalari ko‘p pog‘onali qilib bajariladi.
Kuchlanishni avtomatik rostlash qurilmalari kuchlanish bo‘yicha, yuklama toki bo‘yicha, reaktiv quvvatning qiymati yoki ishorasi bo‘yicha yoki vaqt bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
Kuchlanishi 0,38 kVli shinalarda kuchlanishni avtomatik rostlash uchun 15.1–rasmda ko‘rsatilgan bir pog‘onali sxema qo‘llanilishi mumkin. Sxemada kondensator qurilmasini himoya qilish elementlari (F1 va F2 saqlagichlar va SF avtomatik vыklyuchatel) ko‘rsatilgan.
15.1-rasm. Kondensator qurilmasi yordamida kuchlanishni bir pog‘onali rostlash sxemasi.
Rostlash kuchlanish bo‘yicha amalga oshiriladi, shuning uchun sxemada KV1 maksimal kuchlanish relesi va KV2 minimal kuchlanish relesi mavjud. Kuchlanish ortib ketganda KV1 rele ishlaydi va KT1 vaqt relesining cho‘lg‘amidan tok o‘ta boshlaydi. Ma’lum vaqtdan keyin KT1 vaqt relesining kontaktlari uzilib, KM kontaktor cho‘lg‘amining zanjirini uzadi. Kontaktorning asosiy kontaktlari KM.1 ham uzilib kondensator qurilmasini tarmoqdan ajratadi. Tarmoqdagi kuchlanish pasayganda KV2 minimal kuchlanish relesi ishlab KT2 vaqt relesini ishga tushiradi. Ma’lum vaqtdan keyin KT2 vaqt relesining kontaktlari ulanib, KM kontaktor cho‘lg‘amining zanjirini ulaydi. Kondensator qurilmasi tarmoqqa ulanadi. Kuchlanishning qisqa vaqtli tebranishlarida avtomatikaning ishlashining oldini olish uchun sxemaga hayallash vaqtlari t=15 sekund bo‘lgan KT1 va KT2 vaqt relelari kiritilgan.
Yuqori kuchlanishli kondensator qurilmasini vaqt bo‘yicha bir pog‘onali boshqarish sxemasi 15.2-rasmda keltirilgan. Elektr soatning RT kontaktlari t=15 sekund davomida ulanib, Q vыklyuchatelning holatiga mos ravishda KT1 yoki KT2 vaqt relelaridan birini ulaydi. Agar Q vыklyuchatel uzilgan bo‘lsa, KT1 vaqt relesi ishlab t1=9…10 sekunddan keyin vыklyuchatelning YAC ulash elektromagnitga ta’sir qilib uni ulaydi.
|