|
Interaktiv metodlar klassifikatsiyasi
|
bet | 4/7 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 48,37 Kb. | | #231370 |
Bog'liq Kurs ishi mavzu Informatika fanlarini o’qitishning interaktiv m1.3 Interaktiv metodlar klassifikatsiyasi
“Aqliy xujum” metodi. Mazkur metod muayyan mavzu yuzasidan berilgan muammolarni hal etishda keng qo’llaniladigan metod sanalib, u mashg’ulot ishtirokchilarini muammo xususida keng va har tomonlama fikr yuritish, shuningdek, o’z tasavvurlari va g’oyalaridan ijobiy foydalanish borasida ma'lum ko’nikma hamda malakalarni xosil qilishga rag’batlantiradi. Ushbu metod yordamida tashkil etilgan mashg’ulot jarayonida ixtiyoriy muammolar yuzasidan bir necha original yechimlarni topish imkoniyati tug’iladi.
«Aqliy xujum» metodi tanlab olingan mavzular doirasida ma'lum qadriyatlarni aniqlash, ayni vaqtda ularga muqobil bo’lgan g’oyalarni tanlash uchun sharoit yaratadi. Mashg’ulotlar jarayonida «Aqliy xujum» metodidan foydalanishda bir necha qoidalarga amal qilish talab etiladi. Ushbu qoidalar quyidagilar:
1. Mashg’ulot ishtirokchilarini muammo doirasida keng fikr yuritishga undash, ular tomonidan kutilmagan mantiqiy fikrlarning bildirilishiga erishish.
2. Har bir ta'lim oluvchi tomonidan bildirilayotgan fikr yoki g’oyalar miqdori rag’batlantirilib boriladi. Bu esa bildirilgan fikrlar orasidan eng maqbullarini tanlab olishga imkon beradi. Bundan tashqari fikrlarning rag’batlantirilishi navbatdagi yangi fikr yoki g’oyalarning tuzilishiga olib keladi.
3. Har bir ta'lim oluvchi o’zining shaxsiy fikri yoki g’oyalariga asoslanishi hamda ularni o’zgartirishi mumkin. Avval bildirilgan fikr (g’oya)larni umumlashtirish, turkumlashtirish yoki ularni o’zgartirish ilmiy asoslangan fikr (g’oya)larning shakllanishiga zamin hozirlaydi.
4. Mashg’ulotlar jarayonida ta'lim oluvchilarning har qanday faoliyatlarini standart talablar asosida nazorat qilish, ular tomonidan bildirilayotgan fikrlarni baholashga yo’l qo’ymaydi. Agarda ularning fikr (g’oya)lari baholanib, boriladigan bo’lsa, ta'lim oluvchilar o’z diqqatlarini, shaxsiy fikrlarini himoya qilishga qaratadilar, oqibatda ular yangi fikrlarni ilgari surmaydilar. Mazkur metodni qo’llashdan asosiy maqsad ta'lim oluvchilarni muammo xususida keng va chuqur fikr yuritishga rag’batlantirish ekanligini etibordan chetda qoldirmagan holda ularning faoliyatlarini baholab borishning har qanday usulidan voz kechish maqsadga muvofiqdir.
“Bilaman. Bilib oldim. Bilishni xohlayman” metodi. Sinf o’quvchilari beshta guruhga bo’linadilar, guruhlar nomlanadi. Yozuv taxtasi uch qismga ajratiladi. Birinchi bandning yuqori qismiga «Bilaman», ikkinchi bandning yuqori qismiga «Bilib oldim», uchinchi bandning yuqori qismiga esa «Bilishni xohlayman»degan so’zlar yoziladi. So’ngra o’qituvchi o’quvchilardan mavzu yuzasidan qanday ma'lumotlarga ega ekanliklarini so’raydi va bildirilgan fikrlarni «Bilaman »nomli bandga yozib qo’yadi. Ushbu xarakat guruhlar tomonidan fikrlar to’la bayon etilganga qadar davom etadi. Mazkur jarayonda guruhlarning barcha a'zolari faol ishtirok etishlariga ahamiyat berish zarur. O’quvchilar tomonidan bildirilayotgan noto’g’ri fikrlar ham inkor etilmasligi zarur (zero bunday xarakat o’quvchilarning faolligiga salbiy ta'sir ko’rsatadi).
Keyingi bosqichda o’quvchilarga mavzuga oid matnlar tarqatiladi Ushbu matn mavzu bo’yicha eng asosiy tushunchalarni o’z ichiga oladi. O’quvchilar matn bilan tanishib chiqqandan so’ng fikr yuritishlari hamda mavzuga oid yana qanday ma'lumotlarni o’zlashtiriganliklarini aniqlashlari lozim. O’quvchilar o’z xulosalari asosida fikrlarini bayon etadilar, ushbu fikrlar «Bilib oldim» nomli ustunga yozib boriladi. So’ngi bosqichda o’qituvchi o’quvchilaridan yangi mavzu bo’yicha qanday ma'lumotlarni o’zlashtirish istagida ekanliklarini so’raydi va o’quvchilarni yana o’ylashga da'vat etadi. Guruhlardan navbati bilan fikr so’raladi. O’quvchilar tomonidan bildirilgan fikrlar «Bilishni xohlayman»nomli ustunga yozib boriladi.
Masalan: Matn o’quvchilarga tarqatiladi. O’quvchilar yakka tartibda (7 minut) matn bilan tanishadilar. So’ngra guruhlarda yuqorida qayd etilgan jadvalni to’ldiradilar.
“Bumerang” texnologiyasi.
Ushbu metod o‘quvchilarni dars jarayonida, darsdan tashqarida turli adabiyotlar, matnlar bilan ishlash, o‘rganilgan materialni yodida saqlab qolish, so‘zlab berish, fikrini erkin holda bayon eta olish, qisqa vaqt ichida ko‘p ma’lumotga ega bo‘lish hamda dars mobaynida o‘qituvchi tomonidan barcha o‘qivchilarni baholay olishga qaratilgan.[e4].
Metodning maqsadi: O‘quv jarayoni mobaynida tarqatilgan materiallarning o‘quvchilar tomonidan yakka va guruh holatida o‘zlashtirib olishlari hamda suhbat-munozara va turli savollar orqali tarqatma materiallardagi matnlar qay darajada o‘zlashtirilganligini nazorat qilish va baholash jarayoni mobaynida har bir o‘quvchi tomonidan o‘z baholarini egallashiga imkoniyat yaratish.
Metodning qo‘llanishi: Amaliy mashg‘ulotlar hamda suhbat-munozara shaklidagi darslarda yakka tartibda, kichik va jamoa shaklida foydalanilishi mumkin.
Mashg‘ulotda foydalaniladigan vositalar: O‘quvchi dars jarayonida mustaqil o‘qishlari, o‘rganishlari va o‘zlashtirib olishlari uchun mo‘ljallangan tarqatma materiallar (o‘tilgan mavzu yoki yangi mavzu bo‘yicha qisqa matnlar, suratlar, ma’lumotlar).
Mashg‘ulotni o‘tkazish tartibi:
Ushbu metod bir necha bosqichda o‘tkaziladi:
• o‘quvchilar kichik guruhlarga ajratiladi;
• o‘quvchilar darsning maqsadi va tartibi bilan tanishtiriladi;
• o‘quvchilarga mustaqil o‘rganish uchun mavzu bo‘yicha matnlar tarqatiladi;
• berilgan matnlar o‘quvchilar tomonidan yakka tartibda mustaqil o‘rganiladi;
• har bir guruh a’zolaridan yangiguruhtashkil etiladi;
• yangi guruh a’zolarining har bir guruh navbati bilan mustaqil o‘rgangan matnlari bilan axborot almashadilar, ya’ni bir-birlariga so‘zlab beradilar, matnni o‘zlashtirib olishlariga erishadilar;
• berilgan ma’lumotlarning o‘zlashtirilganlik darajasini aniqlash uchun guruh ichida ichki nazorat o‘tkaziladi, ya’ni guruh a’zolari bir-birlari bilan savol-javob qiladilar;
• yangi a’zolar dastlabki holatdagi guruhlariga qaytadilar;
• darsning qolgan jarayonida o‘quvchilar bilimlarini baholash yoki to‘plagan ballarini hisoblab borish uchun har bir guruhda “guruh hisobchisi” tayinlanadi.
O‘quvchilar tomonidan barcha matnlar qay darajada o‘zlashtirilganligini aniqlash maqsadida o‘qituvchi (yoki opponent guruh) o‘quvchilarga savollar bilan murojaat etadilar, og‘zaki so‘rov o‘tkazadilar;
1. savollarga berilgan javoblar asosida guruhlar to‘plagan umumiy ballari aniqlanadi:
2. har bir guruh a’zosi tomonidan guruhdagi matn mazmunini hayotga bog‘lagan holda bittadan savol tuziladi;
3. guruhlar tomonidan tayyorlangan savollar orqali savol-javob tashkil etiladi («guruh hisobchilari» berilgan javoblar bo‘yicha ballarni hisoblab boradilar);
4. guruh a’zolari tomonidan to‘plangan umumiy ballar yig‘indisi aniqlanadi;
5. guruhlar to‘plagan umumiy ballar guruh a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanadi.
6. darsni yakunlash, uyga vazifa berish.
Informatika darslarida ushbu metodni quyidagicha qo‘llash mumkin:
Mavzu: “Kompyuterlar. Kompyuterlarning qurilmalari va vazifalari” (5-sinf, Informatika).
Tarqatma materiallar:
1-guruhga – Kompyuterlar qanday tuzilgan?
2-guruhga– Ma’lumotlar qanday saqlanadi?
3-guruhga – Kompyuterlarning qanday qo‘shimcha qurilmalari mavjud?
4-guruhga – Kompyuterlar qanday ishga tushiriladi?
1.4.“Zinama-zina” texnologiyasi.
Ushbu metod o‘quvchilarni o‘tilgan yoki o‘tilishi kerak bo‘lgan mavzu bo‘yicha yakka va kichik jamoa bo‘lib fikrlash hamda xotirlash, o‘zlashtirilgan bilimlarni yodga tushirib, to‘plangan fikrlarni umumlashtira olish va ularni yozma, rasm, chizma ko‘rinishida ifodalay olishga o‘rgatadi. Bu metod o‘quvchilar bilan yakka holda yoki guruhlarga ajratilgan holda yozma ravishda o‘tkaziladi va taqdimot qilinadi.
Metodning maqsadi: O‘quvchilarni erkin, mustaqil va mantiqiy fikrlashga, jamoa bo‘lib ishlashga, izlanishga, fikrlarni jamlab ulardan nazariy va amaliy tushuncha hosil kilishga, jamoaga o‘z fikri bilan ta’sir eta olishga, uni ma’qullashga, shuningdek, mavzuning tayanch tushunchalariga izoh berishda egallagan bilimlarini qo‘llay olishga o‘rgatish.
Metodning qo‘llanishi: ma’ruza (imkoniyat va sharoit bo‘lsa), seminar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarida yakka tartibda yoki kichik guruhlarda o‘tkazish hamda nazorat darslarida qo‘llanilishi mumkin.
Mashg‘ulotda qo‘llaniladigan vositalar: A-3, A-4 formatli qog‘ozlarda tayyorlangan (mavzuni ajratilgan kichik mavzular soniga mos) chap tomoniga kichik mavzular yozilgan tarqatma materiallar, flomaster (yoki rangli qalam)lar.
Mashg‘ulotni o‘tkazish tartibi:
• o‘qituvchi o‘quvchilarni mavzular soniga qarab 3-5 kishidan iborat kichik guruhlarga ajratadi (guruhlar soni 4 yoki 5 ta bo‘lgani ma’qul);
• o‘quvchilar mashg‘ulotning maqsadi va uning o‘tkazilish tartibi bilan tanishtiriladi. Har bir guruhga kog‘ozning chap qismida kichik mavzu yozuvi bo‘lgan varaqlar tarqatiladi;
• o‘qituvchi a’zolarini tarqatma materialda yozilgan kichik mavzular bilan tanishishlarini va shu mavzu asosida bilganlarini flomaster yordamida kog‘ozdagi bo‘sh joyiga jamoa bilan birgalikda fikrlashib yozib chiqish vazifasini beradi va vaqt belgilaydi;
• guruh a’zolari birgalikda tarqatma materialda berilgan kichik mavzuni yozma (yoki rasm, yokio‘quvchizma) ko‘rinishida ifoda etadilar. Bunda a’zolari kichik mavzu bo‘yicha imkon boricha to‘laroq ma’lumot berishlari kerak bo‘ladi.
• tarqatma materiallar to‘ldirilgach, guruh a’zolaridan bir kishi taqdimot qiladi. Taqdimot vaqtida guruhlar tomonidan tayyorlangan material, albatta, auditoriya (sinf) doskasiga mantiqan tagma-tag (zina shaklida) ilinadi;
o‘qituvchi guruhlar tomonidan tayyorlangan materiallarga izoh berib, ularni baholaydi va mashg‘ulotni yakunlaydi.
Venn diagrammasi. Venn diagramma-grafik ko’rinishda bo’lib, olingan natijalarni umumlashtirib, ulardan bir butun xulosa chiqarishga, ikki va undan ortiq predmetni (ko’rinish, fakt, tushuncha) tahlil qilish va o’rganishda qo’llaniladi. Diagramma ikki va undan ortiq aylanani kesishmasidan hosil bo’ladi.
Maqsad: ikki va undan ortiq predmet va tushunchalarni taqqoslashda, turli va umumiy tomonlarini aniqlashda bilim va ko’nikmalarni shakllantirish.
Amalga oshirish bosqichlari:
1-bosqich. O’quvchilar (sheriklari bilan) ikki doirani to’ldiradilar, har bir doiraga ikki tushuncha (predmet)ni e'tiborli tomonlari sanab o’tiladi.
2-bosqich. O’quvchilarni kichik guruhlarga (4-5 kishidan iborat) birlashtirib, diagrammalarni taqqoslaymiz va to’ldiramiz.
3-bosqich. Kichik guruh o’quvchilariga bu tushunchalarning (predmet, ko’rinishlarning) umumiy xossalarini aniqlashni taklif etamiz.
4-bosqich. Biron bir guruh vakili har bir tushunchaning o’ziga xos tomonlarini o’qiydi. Boshqalar zarurat bo’lganda uni javobini to’ldiradilar.
5-bosqich. Boshqa guruh vakillari ikki tushunchani birlashtiruvchi (umumiy) xususiyatlarni o’qiydi. Boshqalar zarurat paydo bo’lganda bu javoblarni to’ldiradilar.
“T-sxema” metodi. T- sxema metodida bahs davomida javoblarni (ha yo’q, tarafdor qarshi kabi) yozib borishda universal grafik vosita bo’lib xizmat qiladi.
Besh minutdan so’ng sxemaning chap tomonini to’ldirish lozim. Unda besh minut davomida o’quvchilar mavzuga oid nechta kategoriya o’ylab topishgan bo’lsa, shuncha kategoriya ko’rsatiladi. Keyingi besh minutda o’quvchilar sxemaning o’ng tomonini to’ldiradilar. Va nihoyat, yana besh minut mobaynida o’quvchilar o’zlarining T- sxemalarini boshqa juftlik yoki kichik guruhning T- sxemasi bilan taqqoslash imkoniga ega bo’ladilar.
“Klaster” metodi. Klasterlarga ajratish – o’quvchilarga biror mavzu bo’yicha erkin va ochiq fikr yuritishga yordam beradigan pedagogik strategiyadir.
Bu metod biror mavzuni chuqur o’rganishdan avval o’quvchilarning fikrlash faoliyatini jadallashtirish hamda kengaytirish uchun xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, o’tilgan mavzuni mustahkamlash, yaxshi o’zlashtirish, umumlashtirish hamda o’quvchilarni shu mavzu bo’yicha tasavvurlarini chizma shaklida ifodalashga undaydi.
Klasterlarga ajratish metodini qo’llash quyidagicha amalga oshiriladi:
- tarqatma materialda mavzuga oid ochiq so’z yoziladi;
- o’quvchilar ushbu so’z bilan bog’liq xayollariga kelgan so’z va jumlalarni uning atrofiga yoza boshlaydilar;
- so’zlarni yozish jarayoni o’qituvchi tomonidan belgilangan vaqt tugaguncha yoki barcha so’z va qoidalar tugaguncha davom etadi.
Klasterga ajratishda bir qator qoidalarga ham rioya qilish zarur. Ular quyidagilardan iborat:
1. Xayolga kelgan hamma narsani ularning mazmuniga e`tibor bermasdan yozib borish.
2. Orfografiya va boshqa omillarga e`tibor bermaslik.
3. Vaqt tugaguncha ko’proq bog’lanishlar hosil qilishga harakat qilish.
4. G`oyalar va so’zlar sonini cheklab qo’ymaslik.
Yuqoridagilardan xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, informatika fanlarini o’qitish jarayonida interfaol metodlarni qo’llash o’quvchilar o’quv – biluv faoliyatini faollashtirishga yordam beradi va informatika fanlarini o’zlashtirish darajasini ko’tarilishiga olib keladi. Interfaol metodlarni o’quvchilarni guruhlarga bo’lib o’qitishda ham qo’llash orqali ularning o’quv – biluv faoliyatini yuksaltirish va mustaqil fikrlay olish qobiliyatlarini rivojlantirish mumkin ekan. Bu metodlarni informatika darslarida qo’llash uchun esa fanning o’qitish hususiyatlarini yaxshi bilish lozim. Ya’ni har qanday informatika o’qituvchisi o’z mutahassisligi bo’yicha yetarli bilimlarga ega bo’lganidan so’ng, shu fanni o’qitish hususiyatlarini – kursni o’qitishning dolzarbligini, fanning o’qitilish sabablarini, o’qitish uslubiyotini va usullarini, o’qitish texnologiyasini, darslarda ma’ruza, seminar, amaliyot mashg’ulotlarini qanday tashkil etish kabi malakalarni yaxshi egallagan bo’lishi lozim.
|
| |