• Tayanch tushunchalar
  • -MAVZU.KIBER MAKONDA DINIY E`TIQOD TARG`IBOTINING IJTIMOIY XAVFI




    Download 1,89 Mb.
    bet68/139
    Sana29.01.2024
    Hajmi1,89 Mb.
    #148083
    1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   139
    Bog'liq
    Мавзу Фалсафа фанининг предмети, ма=сади, вазифалари ва муаммол

    11-MAVZU.KIBER MAKONDA DINIY E`TIQOD TARG`IBOTINING IJTIMOIY XAVFI.
    Reja:
    1. Kibermakon tushunchasi va uning mazmun-mohiyati.
    2. Axborot urushi va uning mazmuni
    3. Din niqobidagi mafkuraviy tahdidlarning namoyon bo‘lish shakllari.
    4. Yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardagi axborot xurujlaridan asrashning dolzarb masalalari.


    Tayanch tushunchalar: kibermakon, kibermakon va din, ijtimoiy tarmoqlar tahdidlari, axborot asri tahlikalari, internet tarmog‘idagi axborot urushi, global tarmoqdagi g‘oyaviy xurujlar oldini olish, barkamol avlodni mafkuraviy xurujlardan himoya qilish.
    Mavzu o‘quv maqsadi: Talabalarda ma'naviy tahdid shakllari va ularning ijtimoiy barqarorlikka ta'siri, kibermakon tushunchasi, axborot xurujlari, din niqobidagi mafkuraviy tahdidlarning namoyon bo‘lish shakllari, yoshlarni turli xildagi axborot xurujlaridan asrashning ustuvor vazifalari haqida bilimlarini oshirish.
    1. «Kibermakon» tushunchasi va uning mazmun-mohiyati. XXI asr axborot asri deb e'tirof etilayotgani bejiz emas. Insoniyat tarixida ma'lumotning muhimlik darajasi bu kabi yuqori cho‘qqilarni zabt etmagan edi. Insonlarni yangi bilimlarni egallashga qiziqishi tobora ortib borayotgan globallashuv jarayonida ijtimoiy ongni zaharlashga qaratilgan tajovuzlar, mamlakatning axborot boshqaruvini izdan chiqarishga urinishlar tobora ortib bormoqda. Bunda yoshlarning axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali ularda turli mafkuraviy tahdidlarga, xususan, diniy ekstremizm, terrorizm, «ommaviy madaniyat» va boshqa yot g‘oyalarga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday jarayonlarni amalga oshirishda esa kibermakon qulay muhit manbaiga aylanib ulgurgan.
    Kibermakon dunyo Kompyuter tarmoqlarining «virtual» umumiy majmui. Ushbu atama 1984 yilda Uilyam Gibsonning «Neyromant» («Neuromancer») romanida qo‘llanilgan, hozir esa global axborot makonini ifodalash uchun ishlatiladi. Telefon suhbatlari, «chatlar», turli onlayn bahslar, Kompyuter aloqasi kibermakonda amalga oshirilmoqda. Virtual voqelikka kirib borishning zamonaviy vositalari sifatida quyidagilarni aytish mumkin: internetga chiqish imkoniyati mavjud mobil telefonlar; onlayn pul'tli o‘yinlar; video qurilmalar; tarmoqdan tashqarida foydalanish imkonini beruvchi dasturiy ta'minotlar. Bu kabi vositalar kibermakondan erkin foydalanish imkonini yaratish bilan bir vaqtda, mazkur makondagi xavf-xatarlarning ko‘z ilg‘amas darajada yuqoriligini anglatadi.
    Qayd etish lozimki, kibermakonda diniy jarayonlar ko‘rinishlari quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: muloqot, ma'lumot, ta'lim, tajriba, amaliyot, missionerlik, marketing, shifo va boshqalar.
    Internet imkoniyatlari insonlarning muloqotga kirishish va muayyan maqsaddagi fikrlar almashinuvidagi ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lana olish imkonini beradi. Dastlab tashkil etilgan jamoalar orasida Vikkanlar va neomajusiylar kabi noan'anaviy internet guruhlar bo‘lgan. Xaydi Kempbell tomonidan xristian jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, insonlar onlayn jamoalarga muloqotga kirishish maqsadida a'zo bo‘ladilar. Bir qator olimlar virtual muloqotning xarakteriga bog‘liq muhim masalalarni ko‘targanlar. Uni shunchaki «ijtimoiy hayotning illyuziyasi» yoki «offlayn» dunyoda jamoalarning yaxshilanishiga olib keluvchi vosita sifatida e'tirof etganlar.
    Yetakchi diniy tashkilotlar ham hozirgi kunda a'zolar va a'zo bo‘lmaganlar orasida kompyuterlashtirilgan ma'lumot olishga ehtiyojning ortganini ta'kidlamoqda. Diniy ma'lumotlarni tarqatishda elektron diniy ma'lumot tarqatuvchi «bloggerlar» yoki «bloglar» Kompyuterlashtirilgan muloqotning muhim jihati hisoblanadi. Jadal suratlarda «podkastlar», veb-saytdan MR3 pleer, «i-Pod»larga yuklanayotgan audiodasturlar, xususan, ma'ruzalar ommalashmoqda.
    Avvallari tanqis, keng tarqalmagan muqaddas matnlar va undan keyingi o‘rinlarda turuvchi ma'lumotlar endilikda omma e'tiboridagina emas, balki istalgan kishi uchun veb saytlardan yuklab, ta'lim olish imkoniyati mavjud.
    Internetning «liminal makon»i ma'naviy yoki diniy tajribaga (absorbsiya, asketlik, eskapizm, yagonalik, muloqot) yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. Hozirgi kunda ofisda faoliyat yurituvchilar hayot tarziga monand 10 daqiqali ma'naviy mashqlar tajriba orttirishga imkon beradi. Zamonaviy sufiylar internet orqali bunday aloqalar vositasida murshid va murid o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar yaxshilanayotganini e'tirof etadilar. Internet-radio kabi yangi texnologik imkoniyatlar yordamida tinglovchilarni «psixonavigasion sayohatga» chorlaydilar.
    Kompyuter-media vositalari diniy amaliyotga chuqur singib ketishi natijasida kibermakon muhim rituallar maydoniga hamda muayyan dinga targ‘ib qilish manbai va vositasiga aylangan. Bundan tashqari jamiyatdan uzoqlashgan ma'lum bir yoshlar va ayollarni kiber-ma'naviyat rasmiy ibodatxonalardan ko‘ra ko‘proq o‘ziga jalb etadi. Amaliy so‘rovlar esa mazkur jarayonlar kelajakda yoshlarni qamrab olishini ko‘rsatgan. Ammo ba'zilar internet jonli, ta'sirchan ma'ruza bilan bellasha olmasligini ta'kidlaydi. Shuningdek, onlayn-jamoalar tez suratlar bilan o‘zgarayotgan dunyoda «to‘g‘ri yo‘l»da bo‘lishning amaliyoti qanday bo‘lishiga oid savol va mulohazalarni muhokama qiluvchi muhim «maydon»ga aylandi.
    Umumiy olganda kibermakon vaqt va makon chegarasini bosib o‘tish imkoniyatini kengaytiradi. Bu esa o‘z navbatida moliyaviy qiyinchiligi yoki jismoniy kamchiligi mavjud bo‘lgan ma'lum diniy amallarni amalga oshirish imkoniyatini oshiradi.
    Muloqotga kirishishning yana bir ko‘rinishi bo‘lgan missionerlik, ma'lum diniy ta'limning o‘sishi va ta'siri doirasining kengligi bois alohida ko‘rib o‘tish zarur. Bugungi kunda din va e'tiqod erkinligi huquqi eng bahsli masaladir. Muammoli jihati shundaki, yangi murojaat qilganlarni dinga targ‘ib qilinishi agressiv ruhda amalga oshirilayotgani bilan belgilanadi.
    Muqaddas matnlarning marketingi internet orqali katta biznesga aylandi. Diniy va ma'naviy ehtiyojga mos keladigan barcha narsani sotib olish mumkin. Diniy tanishuv saytlarida esa qalban mos insonni topish oddiy bosqichlarda amalga oshiriladi.
    Kompyuter media vositalarida kasalliklarga davo va muammolarga yechim topish keng rivojlanmoqda. Guru, yevangelistlar, maslahatchi ekstrasenslarga duoli so‘rov yuborish yoki diniy va amaliy muammolarga javob topish mumkin. Bunga ko‘pchilikni murojaatning anonimligi va kuchli diniy yetakchining ishtiroki jalb etadi.
    Yuqorida ko‘rib o‘tilgan jarayonlar internet bugungi kundalik turmushimizga qay darajada chuqur singib borganini namoyon qilmoqda. Tobora kuchayib borayotgan globallashuv jarayonida ma'lumotning mazmuni va strategiyasini tahlil qilish muhim. Chunki, bunday xurujlar yoshlarning ma'naviy-axloqiy, psixologik dunyoqarashini, siyosiy nuqtai-nazari va e'tiqodini maqsadli ravishda o‘zgartirishga qaratilganligi hech kimga sir emas. Axborot xurujlari va kiber tahdidlardan himoyalanish, o‘z navbatida, ularga qarshi kurashish uchun har bir kishi hushyor va ogoh bo‘lishi, axborotni tahlil qila bilishi lozimligini davrning o‘zi talab etadi. Axborotlar oqimidan foydalanish bo‘yicha yoshlarda sog‘lom immunitetni hosil qilish, ijobiy tomonlarini o‘rgatish bilan birga, salbiy oqibatlaridan xabardor etish muhim.
    2. Axborot urushi va uning mazmuni. Insonlararo o‘zaro munosabatlardagi xar qanday ziddiyat – bu, axborotlar ziddiyatidir. Axborot har qanday qaror qabul qilish uchun eng muhim unsur bo‘lib, u nafaqat, to‘qnashuv paytida optimal xatti-harakatlarni amalga oshirish, balki, maqsadga yo‘nalgan faoliyatni boshqarish imkonini beradi. Tizim mavjudligi va barbod bo‘lishini belgilovchi omillaridan biri hisoblanadi.
    Qadim davrlardan buyon axborotni o‘zaro urush va nizolar jarayonida hujum uyushtirish yoki himoyalanish resursi sifatida talqin etishga urinishlar bo‘lib keladi. Biroq hozirga kelib ilmiy doirada «axborot urushi» kategoriya sifatida rasmiylashdi. Bunday urushlarning mohiyatini anglashga doir metodologik yondashuvlar, nazariyalar shakllandi. Bunday sharoitda axborot dunyo sahnidagi tarixiy raqobat kechadigan sohaga aylanib, «axborot urushi» deb nomlanayotgan faol kurash shakli paydo bo‘lmoqda.
    Bugungi kunda axborot urushlari haqida ko‘p yozilmoqda. Bu tushunchaning paydo bo‘lish tarixi, ilk marotaba qo‘llanilishi haqida turli, ba'zida bir-biriga zid fikr-mulohazalar mavjud. Ularga alohida ravishda to‘xtalmagan holda, bu boradagi ayrim nuqtai nazarlarga e'tiborni qaratish joiz. Manbalarda ta'kidlanishicha, «axborot urushi» atamasi ilk bor 1976 yil «Boeing» kompaniyasi uchun tayyorlangan «Qurol tizimi va axborot urushi» deb nomlangan hisobotda Tomas Rona tomonidan ishlatilgan. Hujjatda mutaxassis axborot infratuzilmasi AQSH iqtisodiyotining muhim komponentiga aylanib borayotgan axborot sohasi ham urush, ham tinchlik holatlarida nozik, zaif tarmoq bo‘lib qolayotganini ta'kidlagan.
    T.Rona tomonidan ilgari surilgan ushbu g‘oya harbiylar ommaviy axborot vositalari xodimlarida katta qiziqish uyg‘otdi, bu borada ilmiy tahlillar, interv'yular, chiqishlar avj oldi. 1980 yillarga kelib esa jamoatchilikda axborotning maqsad hamda qurol, vosita sifatida namoyon bo‘lishi haqida yagona xulosa shakllandi.
    «Sovuq urushi»ning nihoyasi va AQSH oldida yangi vazifalar paydo bo‘lishi bilan «axborot urushi» atamasi mudofaa vazirligi hujjatlariga kiritildi. 1991 yil «Sahrodagi bo‘ron» operatsiyasi mobaynida axborot texnologiyalari ilk marotaba harbiy harakatlarning vositasi sifatida ishlatildi.
    1996 yil Pentagon eksperti Robert Banker AQSH mudofaa kuchlarining XXI asr uchun yangi harbiy doktrinasiga bag‘ishlangan ma'ruza qiladi. Unda mutaxassis harbiy harakatlar teatrini an'anaviy harbiy makon hamda kibermakondan iborat ikki muhim asoslarda tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. Boshqacha aytganda, R.Banker raqib harbiy kuchlarini bostirish, neytrallashga qaratilgan an'anaviy harbiy konisepsiyalarning tabiiy to‘ldiruvchisi sifatida xizmat qilishi zarur bo‘lgan «kibermanyovr» doktrinasini taklif etadi. Shu tariqa, quruqlik, dengiz, havo yo‘llaridan tashqari harbiy harakatlar tizimiga «infomakon» – axborot makoni ham qo‘shiladi. Bunday yangi shakl va mazmundagi urushlarda raqib tomonning axborot infratuzilmasi va ruhiyati asosiy ob'ekt (nishon) bo‘ladi.
    1998 yil oktyabrda AQSH mudofaa vazirligi «Axborot operatsiyalarining birlashgan doktrinasi»ni amalga oshirishga kirishdi. Aslida, ushbu doktrina avval «Axborot urushining birlashgan doktrinasi» deb nomlangan edi. Keyinchalik uning nomi o‘zgartirildi. Bunga sabab esa, «axborot operatsiyalari» va «axborot urushi» tushunchalarining o‘zaro munosabatiga oydinlik kiritish edi. Shu tariqa axborot operatsiyasi – o‘z axborot tizimlarini himoya qilish jarayonida raqib tomonning axborotni to‘plash, qayta ishlash, uzatish va saqlash borasidagi ishlarini murakkablashtirish maqsadida amalga oshiriladigan xatti-harakat; axborot urushi esa, qarama-qarshi tomonning siyosiy va xarbiy boshqaruv tizimi hamda rahbariyatiga qaratilgan kompleks ta'sirlar, axborot operatsiyalari majmui, deb ta'riflandi. Bunday ta'sirlar orqali tinchlik va urush holatlarida raqib tomon rahbariyatini informasion ta'sir o‘tkazayotgan tomonga maqbul qarorlar qabul qilishiga erishish maqsadi ko‘zlanadi.
    Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha axborot urushi milliy harbiy strategiyani ta'minlashda axborot borasida ustunlikka erishish maqsadida amalga oshiriladigan xatti-harakatlarni ifoda etadi. Bunda raqib tomon axborot tizimlariga ta'sir o‘tkazish bilan bir vaqtda o‘z axborot infratuzilmasi mustahkamlab boriladi.
    Axborot sohasidagi ustunlik muayyan holat haqida axborotni uzluksiz to‘plash, qayta ishlash va tarqatish qobiliyatini anglatadi. Bunday qobiliyat, o‘ziga xoslik esa, raqib tomonga xuddi shunday xatti-harakatlarni amalga oshirishda to‘sqinliklar qilish, qarshiliklar ko‘rsatishda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, axborot sohasidagi ustunlik harbiy holat haqida real tasavvurga, raqib xatti-harakatlarining aniq va interfaol manzarasiga ega bo‘lish imkonini beradi.
    Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunga kelib, axborot sohasi ko‘plab davlatlar siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bu borada davlatlar tomonidan axborot agressiyasidan himoya tizimi, ommaviy madaniyat ekspansiyaga qarshi chora-tadbirlar bilan bog‘liq keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ham axborot resurslaridan foydalanish, axborot almashinuvi va umuman, axborotlashtirishga doir qonun xujjatlari majmui shakllantirildi. Jumladan, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida «Axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosati axborot resurslari, axborot texnologiyalari va axborot tizimlarini rivojlantirish hamda takomillashtirishning zamonaviy jahon tamoyillarini hisobga olgan holda milliy axborot tizimini yaratishga qaratilgan» – degan qoida o‘z aksini topgan.
    Hozirda mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik amaliyoti boshqa davlatlar siyosatida ham keng o‘rin egallagan. Zero, axborot xurujlari avj olib, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta'biri bilan aytganda, «mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘proq kuchga ega» bo‘lgan bugungi kunda axborot sohasi bilan bog‘liq jarayonlarga alohida e'tiborni qaratish – inson, jamiyat va davlat ma'naviy-madaniy xavfsizligi va barqarorligining muhim shartidir.
    3. Din niqobidagi mafkuraviy tahdidlarning namoyon bo‘lish shakllari. Yoshlarning faol ijtimoiy kuchga aylanib borayotgani bugungi kunda ularning turli mafkuraviy ta'sir va tazyiqlarning bosh ob'ektiga aylanishiga olib keldi. Bunda ularning jamiyatning hali yetarli tajribaga ega bo‘lmagan, tashqi ta'sirlarga tez beriluvchan va ayni paytda, eng harakatchan qatlami ekani inobatga olinmoqda.
    Yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlari sabablari qatorida ularning bilimlari, shu jumladan, diniy ilmlarni egallashga bo‘lgan qiziqish va intilishi hamda ishonuvchanligi, birdaniga va hamma narsaga (boylik, shon-shuhrat, martaba va h.k.) ega bo‘lishga harakat qilishi, ilmiy tilda aytganda maksimalizm kabi ma'naviy-ruhiy omillarni alohida ajratib ko‘rsatish lozim. «Sen bu tashkilotga kirish yoki mana bu vazifani bajarish bilan alohida, har kimga ham nasib qilavermaydigan sharafli ishga qo‘l urgan bo‘lasan, kerak bo‘lsa, sen millat, din, insoniyatning xaloskoriga aylanasan!», – degan qarashlarni singdirish jarayoni aynan mana shu kabi xususiyatlarga alohida e'tibor berilayotganini ko‘rsatadi. «Yoshlarning ongida qanday kayfiyat ustunligini aytsang, men senga keyingi avlodning tabiati qanday bo‘lishini aytib beraman», - deb yozgan edi siyosiy arboblardan biri. Shu nuqtai nazardan qaraganda, diniy ekstremistik oqimlar ham jamiyatning ertangi kunini belgilab beradigan avlod ongini egallash, nazorat qilishni ko‘zlab ish yuritmoqda deyish mumkin.
    Ayniqsa, g‘oyalar kurashi avj olgan bugungi kunimizda yoshlar ma'naviyatiga tajovuz solayotgan tahdidlar qatorida, dinni niqob qilib, diniy qadriyatlarimizni oyoqosti qilishga urinayotgan ekstremistik va missionerlik harakatlarining faoliyati jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Shuning bilan birga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinish ba'zan mudhish holatlarning yuz berishiga olib kelmoqda.
    Davlatimiz kelajagi hisoblangan yosh avlod tarbiyasiga yurtimizda doimo alohida e'tibor bilan qaralgan. Mamlakatimizda sog‘lom va ma'naviy boy, intellektual rivojlangan, axloqan yetuk, jismonan baquvvat avlodni tarbiyalash hamda voyaga yetkazish maqsadida 2000 yilni «Sog‘lom avlod yili», 2001 yilni «Onalar va bolalar yili», 2008 yilni «Yoshlar yili», 2010 yilni «Barkamol avlod yili», 2014 yilni «Sog‘lom bola yili» va 2016 yilni «Sog‘lom ona va bola yili» deb e'lon qilingani ham buning yana bir yorqin hayotiy-amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu borada yurtimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta'kidlaganlaridek, «... farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etayotgan ekanmiz, bu borada ma'naviy tarbiya masalasi, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyat kasb etadi».
    Zero, jismoniy tarbiya bolani jismonan baquvvat, kuchli, sog‘lom etib tarbiyalasa, ma'naviy tarbiya orqali unda yuksak axloq, ezgulik, insonparvarlik, shijoat, rahmdillik va mehnatsevarlik sifatlari shakllanadi. Ma'naviy tarbiya farzandning o‘zligini saqlashga, uning botiniy olamini ma'rifiy boyitishga xizmat qiladi. Buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy aytganidek, «Inson tabiatning eng oliy zoti, kamolotidir, inson zoti barcha hayvonlardan yuqori turadi. Insonga katta sharaf ko‘rsatilgan – unga aql-zakovat va kuch berilgan. Shu sababdan, insonning ma'naviy olami uning oldiga qo‘yilgan vazifalarga mos bo‘lishi uchun u yuksak axloqli, bilimli, ma'rifatli bo‘lmog‘i darkor». Demak, farzand tarbiyasi avvalo, uning ma'naviy poydevori qanchalik mustahkamligi bilan belgilanadi. Darhaqiqat, go‘zal xulq ila tarbiyalangan bola hayotda aql-idrok bilan ish tutadi, imon-e'tiqodida sobit turadi, erkin va mustaqil fikrlaydi, har xil aldovlarga uchmaydi hamda g‘arazli tashviqotlarga berilmaydi.
    Ayni paytda, bir haqiqatni alohida qayd etish lozim. Ota-bobolarimiz dini bo‘lmish islom har doim odamlarni o‘z-o‘zini idora etishga, yaxshi xislatlarni ko‘paytirib, yomonlaridan xalos bo‘lishiga chorlagan, og‘ir sinovlarga bardosh berishga, yorug‘ kunlarga intilib yashashga da'vat qilgan, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz uchun ham imon, ham axloq, ham ma'rifat bo‘lib kelgan. Hozirda ham bu ma'rifat odamlarga ma'naviy-ruhiy kuch-quvvat bag‘ishlab, o‘zaro mehr-oqibatlilik tuyg‘ularining kamol topishiga xizmat qilmoqda.
    XXI asrga kelib diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash nafaqat bir davlat yoki mintaqa, balki jahon hamjamiyati uchun eng dolzarb masalaga aylandi. Shu jumladan, bizning yurtimizda ham begunoh kishilarning qoni to‘kilishi, obod joylar vayron bo‘lishi, aholi o‘rtasida vahima, parokandalik kelib chiqishining oldini olish maqsadida bu kabi ishlarni amalga oshirmoqchi bo‘lganlarga qarshi qat'iy kurash olib borilmoqda.
    Hozirgi kunga kelib mintaqada, xususan, O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohaning rivojlanishi diniy mutaassiblik xavfining oldini olishda muhim omil bo‘lib qolmoqda. Ammo g‘arazli kuchlar ham o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida yangi-yangi uslublarni, hiyla-nayranglarni o‘ylab topishlari ham tabiiy. Bu kabi salbiy holatlarning paydo bo‘lishi va rivoj topishiga yo‘l qo‘ymaslik esa doimiy xushyorlikni talab etadi.
    Ming afsuski, diniy savodi past bo‘lgan ayrim kishilar o‘zlarini islom dinining jonkuyarlari qilib ko‘rsatuvchi, aslida esa, hokimiyatni egallashni maqsad qilib qo‘ygan turli oqim vakillarining quruq va'dalariga aldanib qolmoqdalar, hatto, o‘zlarini qurbon qilishgacha yetib bormoqdalar. Johillik ham mutaassib oqimlarning g‘arazli niyatlarini amalga oshirishiga zamin yaratadigan omillardan biriga aylandi. Mamlakatimiz hududiga yashirin tarzda olib kirilayotgan ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, internet tarmoqlarida tarqatilayotgan materiallardan ta'sirlanayotgan va to‘g‘ri yo‘ldan adashayotganlarning borligi ham buni tasdiqlaydi. O‘zini portlatish orqali begunoh kishilarning halok bo‘lishiga, qanchadan-qancha bolalarning yetimga aylanishiga sabab bo‘ladigan jafokorlik ham jaholatning o‘ziga xos ko‘rinishidir. Darhaqiqat hozirgi kunga kelib diniy ekstremistik tashkilotlar keng tarmoqli tizimga aylanib ulgurdi. Bu chuqur o‘ylangan strategiyaning bir qismidir. Bunday kuchlar yoshlarimiz ongi va qalbini zabt etish maqsadida har qanday qabih yo‘llardan foydalanishga urinmoqda.
    Yuqoridagi mulohaza va dalillar, diniy ekstremizm va mutaassiblikning asl qiyofasini ochib berib, mazkur harakatlarning nafaqat dunyoviy qonun-qoidalar, balki islom dini asoslariga ham zid ekanini ko‘rsatadi. Shunday ekan, bunday oqimlarga qarshi murosasiz kurash, terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotgan mutaassib kuchlarning islom diniga mutlaqo yot, begona ekanini har tomonlama asoslash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
    Hozirgi kunda farzandlarimiz dunyoning eng o‘tkir, faol, uddaburon, Vatanparvar yoshlariga aylanishi, ularni fidoiylik, vatanparvarlik, tadbirkorlik, millatparvarlik, sadoqatga o‘rgatish ko‘p jihatdan ota-onalarga ham bog‘liq. Bu borada, albatta, ota-onaga yordam berishda butun jamoatchilik – mahalla faollari, diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika noziri, Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Yoshlar ittifoqi» kabi tashkilotlarning joylardagi mas'ullari birgalikda faol ishlashlari kerak.
    Respublikamizda qaror topgan tolerantlik muhitini afkor ommaga obyektiv ko‘rsatib berish, e'tiqod erkinligi sohasida O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosatni keng targ‘ib qilish, diniy-ekstremistik oqimlar tomonidan targ‘ib qilinayotgan vayronkor g‘oyalarga qarshi islom manbalariga asoslangan ilmiy raddiyalar berish, diniy mutaassiblik tamoyillarining jamiyatga tahdidi, uning zamiridagi g‘arazli geosiyosiy maqsadlar, ularni amalga oshirayotgan buzg‘unchi kuchlarning kirdikorlarini fosh etishga qaratilgan ishlanmalar yaratish yoki ularni aholi orasida targ‘ib etish muhim ahamiyat kasb etadi.
    Demak, har bir insonning o‘z ishini sidqidildan amalga oshirishi, loqaydlik, beparvolikning oldini olishi, yon-atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga hushyorlik bilan qarab, Vatan tinchligi yo‘lida sergak va ogoh bo‘lib yashashi, yoshlarimizning ongu qalbini jaholatdan, yot va zararli g‘oyalar ta'siridan himoya qilish, ajdodlarimizga armon bo‘lib qolgan, biz erishgan mustaqillik va tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashning muhim omili hisoblanadi. Buni hech qachon unutmaslik, tinchlik uchun doimo bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etib yashash lozim.
    4. Yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardagi axborot xurujlaridan asrashning dolzarb masalalari. Internet fan-texnika taraqqiyoti natijasi, madaniyat evolyutsiyasining hosilasi hisoblanadi. Hozirgi kunda hayotini internetsiz tasavvur qilish juda mushkul. Ayniqsa, yoshlar hayotida global tarmoqning o‘rni tobora oshib bormoqda. Internet dunyoning turli nuqtalarida yashovchi odamlarning o‘zaro muloqotini hamda axborot almashinuvini mukammal darajada osonlashtirdi.
    Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha internetdan eng ko‘p foydalanuvchilar aynan 21 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hisoblanar ekan.
    O‘zbekistonda ham internet tizimi rivojlanib, undan foydalanuvchilar safi jadal sur'atlar bilan kengayib bormoqda. So‘nggi o‘n yilda global tarmoqdan foydalanuvchilar o‘n barobarga oshgan. Tarmoq orqali axborot izlash, qabul qilish, uzatishning juda qulay va ommabopligi undan foydalanuvchilar sonining tobora ortib borishini ta'minlamoqda. Mamlakatimizda 2007 yilda internetdan foydalanuvchilar soni (mobil internet foydalanuvchilari bilan qo‘shib hisoblaganda) bir millionni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yil yakunida bu ko‘rsatkich o‘n ikki milliondan oshdi.
    Internet yoshlar ongi va hissiyotlariga, tafakkur tarziga, xulq-atvorlariga ta'sir ko‘rsatishda katta imkoniyatlarga ega. Internetning rivoji yoshlarga g‘oyaviy ta'sir o‘tkazishning miqyosi va ko‘lamining keskin darajada o‘sishiga olib keldi.
    Globallashuvning ijobiy va salbiy tomonlari bo‘lgani kabi, internet tarmog‘i ham shunday xususiyatlarga ega ekanini unutmaslik zarur. Albatta, global tarmoq – ulkan resurs. Biroq, bu resursdan kim va qanday maqsadlarda foydalanishi ham juda jiddiy masalalar sirasiga kiradi. Xususan, ma'lumotlarda keltirilishicha, bugungi kunga kelib, internet tarmog‘ida ma'naviy-axloqiy tubanlikni targ‘ib etuvchi sahifalarning soni bir necha yuz millionni tashkil etgan.
    Ushbu fakt va raqamlar internet sanoati rivojlanib borayotgan davrda kishilarning axborotlarga nisbatan juda ehtiyotkorlik, ogohlik va ziyraklik bilan munosabatda bo‘lishlarini taqozo etadi. Boshqacha aytganda, kishilarimizda, ayniqsa, yoshlarda axborot iste'moli madaniyatini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
    Aynan shu taraqqiyot vositasidan ustamona foydalanib, qalblarni zabt etishda diniy omilning roli yuqori. Shuning uchun ham turli diniy-ekstremistik va terrorchi uyushmalar o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilishda internetni eng samarali vosita sifatida qo‘llamoqda.
    Bunda diniy-ekstremistik oqimlar o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikasiyalaridan keng foydalanish, internet orqali turli tillarda targ‘ibot olib borish va puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzish asosiy vazifaga aylangan. Masalan, bugungi kunda bir necha yirik terrorchi tashkilotlar o‘z saflariga faol tarzda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan 17-35 yosh oralig‘ida bo‘lgan kishilarni yollamoqda. Bunda psixologik ta'sir samaradorligini yanada oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoq a'zolarining sahifalari, qo‘yilayotgan rasmlar, sharh va izohlar hamda olib borilayotgan suhbat mavzularini puxta o‘rganadi va shu asosda «nishon»ga olingan shaxsga mavzuga oid materiallar internetning Facebook, Odnoklassniki, VKontakte, Telegram, Twitter, WhatsApp kabi keng auditoriyaga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar orqali (yozma xabar, matn, fotosurat, stiker rasmlar, audio-video rolik) jo‘natiladi va o‘zaro aloqa yo‘lga qo‘yiladi.
    Yoshlar orasida mutaassiblikka yo‘g‘rilgan bunday forumlarning tobora ommalashuvi hamda ularda turli ko‘rinishdagi buzg‘unchi «fatvo»larning berib borilishi muammoning naqadar jiddiy ekanini namoyon etadi. Chunki dunyo aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Yoshlar katta kuch hisoblanadi. Ularning endi shakllanib kelayotgan ongiga nimani singdirilsa, o‘sha toshga o‘yilgan AQSHdek muhrlanadi. Shuning uchun ham radikal oqimlar aynan yoshlarni tuzog‘iga ilintirishga harakat qiladi. Ulardagi ishonuvchanlik, kuch-g‘ayrat, qiziqqonlik ularning maqsadini amalga oshirishda qo‘l keladi.
    Shuning bilan birga, bugungi kunda aksariyat yoshlarning qo‘lida internetga ulangan zamonaviy uyali aloqa vositalari mavjud. Bu hol ularning yuqorida sanab o‘tilgan turli xil ijtimoiy tarmoqlarga bevosita ulanish, do‘stlari va tanishlari bilan uzluksiz muloqot qilish imkonini beradi. Ayni paytda, statistik ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olinayotgan dastur ichida «WhatsApp», «Telegram» tarmoqlari yetakchi o‘rinni egallaydi. Ilm-fanning yutug‘i bo‘lmish bu yangiliklar insonlarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilayotgani shubhasiz. Shu bilan birga, bu kashfiyotlar dunyo yangiliklaridan bir zumda voqif bo‘lish va ma'lumotlarni oson tarqatish imkonini ham beradi. Biroq, mazkur tarmoqlarda millatlar va dinlar o‘rtasida adovatni keltirib chiqaruvchi, nizoli vaziyatlarga sabab bo‘luvchi, shuningdek, insonlar orasida vahima uyg‘otishga qaratilgan ig‘vo, fitna-fasod xabarlarning keng tarqatilayotgani ko‘pchilikni tashvishga solishi tabiiy. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida urfga aylangan mazkur muloqot tizimidan diniy-ekstremistik oqim a'zolari ham unumli foydalanmoqda. Chunki internet orqali aloqa bog‘lashning osonligi, foydalanuvchilar sonining ko‘pligi, aloqaning anonimligi, tashqaridan boshqarish va tahrir qilish cheklanganligi, axborotlar qisqa muddatda keng makonda tez tarqalishi, faoliyat sarf-xarajatlarining bir necha barobar kamligi terrorchi guruhlar uchun o‘z tarafdorlari sonini ko‘paytirishning qulay jihatlaridan biri hisoblanadi.
    Ming afsuski, bunday manfur kuchlar asosan ilm va ma'rifatdan yiroq, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmagan kishilarni, asosan yoshlarni jalb etishga intilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali «jihod», «takfir», «shahidlik», «hijrat» tushunchalarini noto‘g‘ri talqin etgan holda o‘z Vatanlarini tark etishga urinmoqda. Shuningdek, ayrim kimsalar tomonidan maqsadli ravishda islom mohiyatiga zid bo‘lgan turli xil asossiz axborotlar, manbasi aniq bo‘lmagan diniy tusdagi xabarlar yoki kishilarni vahimaga soluvchi foto va videolavhalar keng targ‘ib etilmoqda. Bunda ba'zi yoshlarning axborot vositalari orqali tarqatilayotgan milliy va diniy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan xabarlar, aniq manbasi ko‘rsatilmagan, asossiz axborot va ma'lumotlarga ishonib qolishayotgani, mulohaza qilmasdan ko‘r-ko‘rona qabul qilayotgani undan ham keskin oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
    Bugun axborot iste'mol qilinadigan tovarga aylangan ekan, har bir inson o‘zida uni iste'mol qilish madaniyatini tarbiyalashi lozim. Yoshlar shaxsiy xarakterdagi axborot himoyasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, o‘zi foydalanayotgan salbiy axborotlardan himoyalana olishi zarur.
    Axborot iste'moli madaniyati, eng umumiy ma'noda, axborot oqimidan inson manfaatlari, kamoloti hamda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ma'lumotlarni qabul qilish, saralash, tushunish va talqin etishga xizmat qiladigan bilimlar, qobiliyat va malaka tizimini anglatadi.
    Inson o‘zida bunday madaniyatni tarbiyalashi uchun u yoki bu axborotni eshitar ekan, hech bo‘lmaganda «Bu axborotni kim uzatyapti?», «Nima uchun uzatyapti?» va «Qanday maqsadda uzatyapti?» degan savollarni o‘z-o‘ziga berishi, unga asosli javob topishga harakat qilishi kerak.
    Shundagina turli g‘oyalar ta'siriga tushib qolish, taqdim etilayotgan ma'lumotlarga ko‘r-ko‘rona ergashishning oldi olinadi. Shakllangan axborot iste'moli madaniyati milliy manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga zid bo‘lgan xabar, ma'lumotlarga nisbatan o‘ziga xos qalqon rolini o‘taydi, shaxs dunyoqarashi va xulqidagi sobitlikni ta'minlashga xizmat qiladi.
    Yosh avlodda bu jihatlar shu darajada shakllangan va qaror topgan bo‘lishi lozimki, ular vertual makonda umummilliy manfaatga xizmat qiladigan, uning taraqqiyotiga yordam beradigan axborotni tanlay olsin. Axborot iste'moli madaniyatiga ega yoshlar, salbiy va noxolis axborotlar ta'siriga tushib qolmaydi, chunki ularda bunday axborotlarga nisbatan mustahkam mafkuraviy immunitet shakllanadi.
    «Kimki axborotga ega bo‘lsa, u, dunyoga egalik qiladi», degan fikr bugungi kunda barcha tomonidan e'tirof etilgan. Shunday ekan, bugungi kunda yoshlarda axborot olami imkoniyatlaridan oqilona foydalanish malakasini shakllantirish hayotiy-amaliy ahamiyatga ega.
    Darhaqiqat, islom dini ko‘rsatmalarida ham naql qilingan biror xabarga ishonishdan avval uni tekshirib, aniqlab olish talab etiladi. Jumladan, Qur'oni karimda shunday deyiladi: Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz! (Hujurot, 6).
    Bu haqida Qur'oni karimning yana bir oyatida insonlar uchun muhim ko‘rsatma kelgan bo‘lib, unda ham turli vositalar orqali olinayotgan xabar va ma'lumotlarga ko‘r-ko‘rona ergashishdan qaytariladi: (Ey, inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas'ul bo‘lur (javob berur) (Isro, 36). Demak, inson ko‘rgan, eshitgan har bir ma'lumotiga ishonishi, unga ergashishi oqibatida Alloh oldida ham so‘raladi.
    Payg‘ambar Muhammad (alayhis-salom)dan rivoyat qilingan bir necha hadislarda ham shunday deyiladi: «Xabarni tekshirish Allohdan, (unda) shoshqaloqlik qilish shaytondandir», deganlar. Shuningdek, Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa, Rasululloh (alayhis-salom): «Kishining yolg‘onchi ekanligiga uning eshitgan har bir narsasini gapiraverishi kifoya qiladi» deganlar.
    Demak, har bir olingan ma'lumotni tekshirib, asosli yoki asossiz ekanini aniqlamay turib, o‘sha ma'lumotga qarab ish tutish islom mohiyatiga ko‘ra, shayton yo‘liga kirish hamda yolg‘onchi bo‘lib qolish bilan barobar bo‘ladi. Chunki bunda xabar tarqatayotgan kishining g‘arazli maqsadini amalga oshirishiga zamin yaratib qo‘yiladi.
    Shunday ekan, dunyoning turli mintaqa va hududlarida ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, ziddiyatli to‘qnashuvlarga teran qarash hissini oshirish, har qanday ko‘rinishdagi tahdidlarga qarshi ma'naviy-ma'rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, ayniqsa bu borada kelajagimiz hisoblangan yosh avlodni, bir so‘z bilan aytganda har birimiz uchun muqaddas bo‘lgan oilamizni din niqobi ostidagi yot g‘oyalar ta'siridan asrash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etish lozim.



    Download 1,89 Mb.
    1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   139




    Download 1,89 Mb.

    Bosh sahifa
    Aloqalar

        Bosh sahifa



    -MAVZU.KIBER MAKONDA DINIY E`TIQOD TARG`IBOTINING IJTIMOIY XAVFI

    Download 1,89 Mb.