Guliston shahar qurilish kasb-hunar kolleji Kadastr yo’nalishi 157-guruh o’quvchisi Qarshiboyeva Malikaning ona tili fanidan
MUSTAQIL ISHI
Mavzu: 22 aprel – Xalqaro olamni asrash kuni
“Ekologik madaniyat – barkamol avlod vaziyatlari”
Qabul qildi: ____________________
22 aprel – Xalqaro olamni asrash kuni
“Ekologik madaniyat – barkamol avlod vaziyatlari”
Ma’lumotlarga qaraganda, sayyoramizda har yili qishloq xo‘jaligi sohasida foydalanilayotgan qariyb yetti million gektar maydon sho‘r bosish, cho‘llanish va yemirilish natijasida yaroqsiz holga keladi. Bunday global ekologik muammolar o‘tgan asrdayoq xalqaro hamjamiyatni jiddiy tashvishga sola boshlagan edi. Bu borada yechimini kutayotgan dolzarb vazifalarni hayotga tatbiq etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish va uning ifloslanishi oldini olish maqsadida butun dunyoda 22 aprel Xalqaro olamni asrash kuni sifatida nishonlanadi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida tabiat musaffoligini ta’minlash, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, yer resurslarini asrab-avaylash, agrar tarmoqda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, tuproq ifloslanishi, yemirilishi va cho‘llanish jarayonining oldini olish doimiy e’tiborda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2007 yil 29 oktabrda qabul qilingan “Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Farmonga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi tashkil etildi, bu boradagi vazifalarni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish maqsadida 2008-2012 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ishlab chiqildi. Ayni kunlarda mazkur dasturda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.
Aytish joizki, tabiatdan foydalanish borasida belgilangan me’yorlar ijrosi ustidan davlat nazoratini yuritish yer, suv, havo va boshqa tabiiy resurslarni tejash hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu vazifa O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatining muhim yo‘nalishini tashkil qiladi.
Qo‘mitaning axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mutaxassislar tomonidan yer resurslarini muhofaza etishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, alohida muhofaza qilinadigan hududlar maydonini kengaytirish, dehqonchilikda biologik usul va vositalardan keng foydalanishni ta’minlashga yo‘naltirilgan ko‘plab loyihalar borasida izchil ish olib borilmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar tufayli, 2007 yili ikki ming gektardan ko‘proq yer rekultivatsiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Uch yarim ming gektardan ko‘proq yerning meliorativ holati yaxshilandi. Talay maydonlar ko‘kalamzorlashtirilib, to‘rt million tupdan ortiq manzarali va mevali daraxtlar o‘tqazildi.
Chiqindilarning atrof-muhit va inson salomatligiga ziyonini kamaytirish, tuproqning zararli moddalar bilan ifloslanishining oldini olish bu jarayondagi muhim vazifalardandir. “Chiqindilar to‘g‘risida“gi qonun qabul qilinishi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirishda muhim omil bo‘layotir.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ekologik sof, chiqindisiz, atrof-muhitga bezarar yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga tatbiq etish, ushbu yo‘nalishdagi ilm-fan faoliyatini rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratayotir. Mamlakatimiz ilmiy tadqiqot muassasalari bilan ana shunday hamkorlik samarasi tufayli tuproq unumdorligini oshirish maqsadida fosforit xomashyosidan mahalliy o‘g‘itlar va kompost tayyorlab ishlatish, yerdagi gumus, fosfor, kaliy va o‘simlik uchun zarur boshqa elementlar miqdorini aniqlab, mineral va mahalliy o‘g‘itlarni tabaqalab ishlatish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Yurtimizda ekologik muvozanatni ta’minlash, bebaho tabiiy boyligimiz – yer resurslarini muhofazalashga qaratilayotgan bunday e’tibor tufayli agrar tarmoqda, jumladan, g‘allachilikda ulkan yutuqlarga erishilmoqda. Biroq, ayrim joylarda g‘alladan bo‘shagan katta-katta maydonlarda somon poyasiga o‘t qo‘yilishi bilan bog‘liq noxush holatlar uchrayotir. O‘tgan yilgi g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumida 250 gektar maydonda somon yoqib yuborilgani aniqlandi. Bundan nafaqat g‘alladan bo‘shagan maydonlar, balki uning atrofidagi dov-daraxtlar ham ziyon ko‘rmoqda.
Aniqlangan ana shunday qonunbuzarliklar bo‘yicha tabiatni muhofaza qilish idoralari mutaxassislari tomonidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda.
Bunday noxushliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, Fermer xo‘jaliklari uyushmasi, mahalliy hokimliklar, qishloq fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirayotir. Tegishli mavzularda plakatlar, murojaatnomalar tayyorlanib, joylarga yetkazilmoqda.
Bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida qo‘mita tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda boshoqli don ekinlari somoni yoqib yuborilishi natijasida yetkazilgan zararni aniqlash, ushbu holatni sodir etgan yuridik hamda jismoniy shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llash bo‘yicha nizom ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan ushbu nizom tegishli vazirlik va idoralarga yetkazildi. Mazkur nizomni amalda to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tabiatni muhofazalash idoralari vakillari ishtirokida malaka oshirish o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Bunday sa’y-harakatlarda tabiatga ozor berayotgan salbiy ta’sirlarni kamaytirish, rizq-ro‘zimiz manbai bo‘lgan ona zaminni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga sof tabiat, beg‘ubor zaminni meros qoldirishdek ezgu niyatlar o‘z ifodasini topgan.
|