21-asrda innovatsiyalar
Reja:
Innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq etish
Fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash
21-asr innovatsion yangiliklar
Foydalangan adabiyotlar
Innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq etish — fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan “2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi” jamiyatimizning barcha boʻgʻinlarida yakdillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.
Taʼkidlash kerakki, ushbu tarixiy hujjatda belgilangan dolzarb vazifalarni amalga oshirish yoʻlida bir qator hujjatlar ham qabul qilingan. Jumladan, Prezidentimizning 2018 yil 4 iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori shulardan biri. Mazkur qaror asosida davlat organlari huzurida Jamoatchilik kengashlari tashkil etilmoqda.
Jamoatchilik kengashlariga qoʻyilgan asosiy vazifalarga ahamiyat bersak, bunda eng asosiysi fuqarolarning manfaatini himoya qilinishiga qaratilgan. Ularning fikri hisobga olingan holda qonun hujjatlari talablari ijrosini taʼminlash, davlat tomonidan rasmiy tartibda amalga oshiriladigan xizmatlar bilan tanishtirish, davlat organi va uning mansabdor shaxslar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdir. Shuningdek, fuqarolarning davlat organlari faoliyatini isloh qilishdagi bevosita ishtirokini taʼminlaydi, ularning fikrini oʻrganib, tahlil qiladi, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan ishlar ustidan monitoring oʻtkazadi hamda uning natijalari boʻyicha takliflar tayyorlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida mamlakatimizda birinchilar qatorida Jamoatchilik kengashi tuzildi. Uning tarkibida davlat organlari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy va hayotiy tajribaga ega obroʻ-eʼtiborli shaxslar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV, ishlab chiqarish sohalarida salmoqli yutuqlarga erishgan faxriylar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
K engash raisi taniqli davlat arbobi, “Mirzo Ulugʻbek” Xalqaro fondi rahbari Oqil Salimovdir.
Kengash yigʻilishlarida tizim faoliyatini yanada yuksaltirish, fuqarolarga yaqindan koʻmaklashish, innovatsion loyihalarni hayotga izchil tatbiq etish va boshqa muhim yoʻnalishlar muhokama qilinadi. Shu maʼnoda, vazirlik oʻtgan qisqa muddat ichida fuqarolarimizga ochiq davlat organiga aylanib ulgurdi. Xususan, vazirlik oʻz faoliyati toʻgʻrisida keng OAVda, elektron veb-saytlarda muhim maʼlumotlar olish imkoniyatini yaratib berdi. Qolaversa, “Ilm-fan va innovatsion rivojlanish” hamda “XXI asr texnologiyalari” jurnallarini chop etilib, ularda tizim faoliyatiga doir eng dolzarb va qiziqarli maʼlumotlar berib borilyapti.
O ʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi, uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, 2030 yilgacha innovatsion rivojlanishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Shu asosda har uch yilda bir marotaba Oʻzbekiston RespublikasiPrezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi hamda “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda boshqaruv kadrlarni tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi oʻtkaziladi. Shuningdek, yoshlarni ilm-fanga qiziqishini oshirish, ular faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida ijtimoiy-gumanitar, tabiiy va texnik, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi fan yoʻnalishlari boʻyicha “Yosh olim” respublika tanlovini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish, joriy etish hamda ularni yanada rivojlantirishni taʼminlovchi normativ-xuquqiy bazani yaratish maqsadida vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Fan toʻgʻrisida”gi, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ishlab chiqildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etildi. Shu oʻrinda muhim bir maʼlumotni aytib oʻtish lozim, yaʼni 2018 yil birinchi choragida “Fan toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga www.regulation.gov.uz portalida fuqarolar tomonidan juda katta qiziqish bildirildi. Ushbu qonun loyihasi 2210 ta izoh kiritilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi sifatida yetakchilik qildi.
Vazirlar Mahkamasining “Aqlli shahar” Konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi asosida “Aqlli transport”, “Elektron militsiya”, “Elektron taʼlim”, “Elektron sogʻliqni saqlash tizimi”, “Aqlli energetika”, “Suv taʼminoti”, “Aqlli uy-joy va kommunal xoʻjaligi” kabi mezonlarni oʻz ichiga olgan “Aqlli shahar” Konsepsiyasi tayyorlandi.
Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan hozirgi kunga qadar 21 nafar yosh olimning chet elga ilmiy stajirovkalari tashkillashtirildi.
Bugungi kunda vazirlik qoshida “Innovatsion ishlanmalarni tatbiq etishning ilmiy-amaliy markazi”, “Urugʻchilikni rivojlantirish markazi”, “Yashnobod innovatsion texnoparki direksiyasi”, “Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi” tashkil etilgan va ular mamlakatimiz taraqqiyoti yoʻlida izchil ishlarni amalga oshirmoqdalar.
Innovatsion tuzilmada ilmiy va innovatsion loyihalarni tijoratlashtirishni qoʻllab-quvvatlash uchun biznes-inkubatorga asos solingan. Hozirgi paytda texnoparkda 7 nafar rezident faoliyat yuritib, ular tomonidan 245 ta ish oʻrni yaratildi hamda 24,3 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etildi.
Prezidentimizning “Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori asosida Toshkent shahri, Andijon, Fargʻona, Namangan, Jizzax viloyatlarida innovatsion loyihalar-startaplarini ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish va oʻzlashtirish, natijalarini transfer qilish hamda tijoratlashtirishni amalga oshiruvchi innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari tashkil etish ustida ishlar olib borilyapti. Qolaversa, shu qarorga muvofiq, ilmiy-tadqiqot muassasalarining 24 nafar ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosari, oliy taʼlim muassasalarining 78 nafar ilmiy ishlar boʻyicha prorektorlari ilmiy ishlar va innovatsiya boʻyicha prorektorlar lavozimiga tayinlandi.
Sogʻliqni saqlash tizimida kasalliklarni barvaqt aniqlash va profilaktika qilish, oʻz vaqtida va samarali davolash imkonini beruvchi ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida poytaxtimizda Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida “Doktor Maqsudova” innovatsion klinikasi ochildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham xuddi shunday shifoxona ochilishi kutilmoqda.
Darvoqe, bugungi kunda 43 ilmiy va ilmiy-texnik ishlanmani tijoratlashtirilishiga Fanlar Akademiyasining 15 ta ilmiy-tekshirish institutlari hamda 6 ta tijorat banklari jalb etildi. “Yoʻl xaritasiga”muvofiq, 19 loyiha boʻyicha innovatsion kompaniyalar ish boshladi, 8 loyiha boʻyicha litsenziya shartnomasi imzolandi. Masalan, changtutgich loyihasi Navoiy togʻ-kon-metallurgiya kombinati mablagʻlari hisobidan tijoratlashtirilib, dastlabki ikki bosqichi yakuniga yetdi. Oʻzbekiston hududidagi seysmik xavfni baholash dasturi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tijoratlashtirildi. Oʻsimlik moddalar kimyosi instituti va “Nikofarm“ MCHJ oʻrtasida farmatsevtika sohasiga oid “Flanorin” va “Ferulen” substansiyalarini ishlab chiqarish boʻyicha litsenziya shartnomasi imzolanib, natijada ayni paytgacha 440 mln. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilganini mamnuniyat bilan taʼkidlash lozim.
Agrar sohaga innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish, ekinlarning yangi seleksiya navlarini yaratish boʻyicha Xalqaro urugʻchilik Federatsiyasi va boshqa urugʻchilik assotsiatsiyalari bilan aloqalar oʻrnatildi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida “Qoʻqon klaster” va “Qarshi-klaster” urugʻchilik korxonalarini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Maxkamasining qarori loyihalari tayyorlandi. Endilikda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham urugʻchilik klasterlarini tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Ushbu vazifalarni hayotga tatbiq etish uchun har bir klasterga 10 mln. AQSH dollaridan, jami 60 mln. AQSH dollari ajratilmoqda. Turkiyaning “Agrobest” va Yaponiyaning “Musashino Seed Co., Ltd.” kompaniyalari bilan hamkorlikda ypygʻchilik klasterlarini tuzishga kelishildi.
Oliy taʼlim muassasalarida innovatsion jamgʻarmalar va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha boʻlinmalar tashkil etildi va bularda 2,3 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ shakllantirildi. Vazirlik ishtirokida 4 ta ilmiy-tadqiqot institutlariga 26,1 mln. va oliy taʼlim muassasalariga jami 14,7 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiyalar kiritildi.
Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida joriy yilda jami 1 748 loyiha 193,4 mlrd. soʻm miqdorida moliyalashtirildi va ushbu loyihalar ustidan doimiy monitoring olib borilmoqda.
Mamlakatimizda robototexnika sohasini rivojlantirish borasida manfaatdor idoralar bilan tegishli chora-tadbirlar rejasi tayyorlanmoqda. Bular ichida Xalqaro “Mirzo Ulugʻbek” fondi bilan birgalikda vazirlik tasarrufida robototexnikani rivojlantirish uchun Innovatsion markaz tashkil qilish va unga yetuk mutaxassislarni, qobiliyatli yoshlarni jalb etish rejalashtirilgan. Robototexnika yaratadigan mutaxassislarni ragʻbatlantirish uchun salmogʻi 2 mln. dan 6 mln. soʻmgacha miqdorda mukofot bilan taqdirlanadigan doimiy tanlov oʻtkazish koʻzda tutilmoqda.
Ishonamizki, yaqin kelajakda jonajon Oʻzbekistonimiz innovatsion, ishlanmalar hamda ilgʻor texnologiyalar boʻyicha jahonda oʻzining mustahkam oʻrniga ega boʻladi. Bu borada jadallik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar ana shunday fikr bildirishga asos boʻla oladi.
Foydalangan adabiyotlar
|