|
Ta’lim qonuniyatlari va tamoyillarining shakllanish tarixi
|
bet | 28/194 | Sana | 24.05.2024 | Hajmi | 3,62 Mb. | | #251959 |
Bog'liq portal.guldu.uz-Umumiy pedagogikaTa’lim qonuniyatlari va tamoyillarining shakllanish tarixi. Ibtidoiy jamiyatda insoniyat o‘sib kelayotgan avlodga mavjud bilimlarni uzatish asosida amaliy bilimlari asta-sekin shakllangan. O‘sha davrdayoq ta’lim amaliy qoidalari ishlab chiqilgan va avloddan-avlodga uzatib kelingan.
Antik davrda asosan ajdodlar tajribasi an’analar tarzida umumlashtirilib, amaliy ta’lim masalalari hal etilgan. Platon va Aristotellar tavsiya hamda qoidalar to‘plami ko‘rinishida amaliyotiy ta’lim mohiyatini umumlashtirishga uringanlar.
Sharqdagi Uyg‘onish davrida (IX-XI asrlar) arab, musulmon madaniyatining Yaqin va Markaziy Osiyo xalqlarining moddiy va ma’naviy madaniyati bilan birlashishi asosida alohida sinkretik (yunoncha synkretismos – birlashish, yaxlitlik, qo‘shilish) madaniyat birlashgan turi yuzaga kelgan. Allomalar Muhammad al-Xorazmiy (787-850 yillar), Abu Nasr Forobiy (870-950 yillar), Al-Kindiy (800-870 yillar), Abu Rayhon Beruniy (973-1050 yillar), Abu Ali ibn Sino (980-1037 yillar) va boshqalar uning asoschilari sifatida mashhur bo‘ldilar. Bu madaniyatning asosiy markazlari Suriya, Eron, Markaziy Osiyo hududlarida joylashgan. Sharq mutafakkirlari o‘z asarlarida ta’lim usullari, qoidalari, tamoyillari, metodlari va shakllari asosida ta’lim amaliyotining mohiyatini ifoda etadilar. Biroq ta’lim masalalari bilan ular maxsus va izchil shug‘ullanmaganliklari bois maxsus didaktik nazariya yaratilmadi. Ta’limni ular fan sifatida emas, boshqa fanlarga o‘rgatish san’ati, hunarmandchilik sifatida tushundilar. Sharq allomalari tomonidan ilgari surilgan qoida, usul va tamoyillarning aksariyati zamonaviy maktablarda ham qo‘llanilmoqda.
Quyidagi jadvaldan Sharq allomalari Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Al-Kindiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muslihiddin Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiylar ham ta’limning ilmiyligi, ongliligi, ko‘rgazmaliligi, tushunarliligi, ketma-ketligi, muntazamligi, moslashuvchanligi va mustaqilligi, shuningdek, bolaning individual xususiyatlari, layoqati va qobiliyatlarini hisobga olish, ta’limni insonparvarlashtirish kabi qoida va tamoyillarini ifoda etib berganlari anglanadi (93-betga qarang).
XVII asrda pedagogika amaliy tabiatshunoslik sifatida biologiya qonuniyatlariga bo‘ysunishi e’tirof etilgan. Pedagogikani tubdan to‘la qayta qurishni chex olimi Ya.A.Komenskiy va ingliz pedagogi Djon Lokk amalga oshirdilar.
Ular pedagogik qonunlarining quyidagi uch jihatiga ko‘ra guruhlaganlar:
Ijtimoiy-tarixiy.
Tabiiy-tarixiy.
Psixologik.
Keyinchalik bir guruh ilg‘or pedagoglar umumiy tamoyillar bilan qanoatlanmay, didaktik qonuniyatlarini ifoda etishga uringanlar. Xususan, Ya.A.Komenskiy didaktikaning tematik belgilariga ko‘ra guruhlangan quyidagi qoidalar tizimini ilgari surdi:
“Ta’lim va oson o‘qishning asosiy qoidalari” (“Buyuk didaktika” - XVII bob);
“Tabiiy o‘qish va ta’limning asosiy qoidalari”;
“Fanlarga o‘qitish san’atining to‘qqiz qoidasi” (XX bob) va boshqalar.
Disterveg tomonidan asoslangan qoidalar soni 33 ta bo‘lib, ular muayyan loyihalarga taalluqli ekanligiga ko‘ra guruhlarga ajratadi (birinchi guruh – o‘qituvchiga nisbatan, ikkinchisi – dars tashkil etilayotgan fanga nisbatan, uchinchisi – o‘quvchiga nisbatan va hokazolar tarzida). Shu bilan birga Disterveg mazkur qoidalarning ayrimlarini qonunlar ham deb ataydi.
|
| |