Uchinchi mavzu:Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi




Download 0,82 Mb.
bet22/139
Sana22.02.2024
Hajmi0,82 Mb.
#160902
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   139
Bog'liq
1.«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi-fayllar.org

Uchinchi mavzu:Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi.


Reja:
1.Qadimgi Yunon-Rim falsafiy maktabi.
2.Xristianlik va Avreliy Avgustin falsafiy ta’limotining vujudga kelishi
3. Yangi va eng yangi davr falsafasining ustuvor yo‘nalishlari.
Yunonistonda antik falsafa miloddan avvalgi VII-VI asrlar chegarasida shahar-davlatlar («polislar»)da avval Kichik Osiyoning G‘arbiy qirg‘og‘ida (Ioniyada), so‘ngra – Sitsiliya orolining yunonlar yashaydigan shaharlarida va nihoyat, Yunonistonda – Afinada (miloddan avvalgi V asr) vujudga kelgan va qadimgi dunyo madaniyati ravnaq topishi uchun shart-sharoitlar yaratgan sinfiy, quldorlik jamiyatining vujudga kelishi va rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Qadimgi Markaziy Osiyoda falsafaning vujudga kelishi va rivojlanishi ham sinfiy (feodal) jamiyatning rivojlanishi va davlatning shakllanishi bilan bog‘liq. Amudaryo bo‘ylaridagi xalqlar, xususan Xorazmda eng yirik davlat tuzilmalari bo‘lgan. Shuni qayd etish lozimki, keyinroq vujudga kelgan davlatlarda falsafaning shakllanishiga qadimgi davlatlarning ilk falsafiy tizimlari ta’sir ko‘rsatgan.

Uchinchidan, G‘arb va Sharq falsafasi umuminsoniy qadriyatlarga qarab mo‘ljal oladi. U insonni hamisha qiziqtiruvchi hodisalarni o‘rganadi, Qadimgi manba “Avesto”da ko‘rsatilgani kabi «qanday qilib yaxshi fikrlash, yaxshi so‘zlash va yaxshi ish ko‘rish mumkin», degan savolga javob topishga harakat qiladi. Bu noyob mevalardan bahramand bo‘lish uchun inson falsafiy donishmandlikni o‘zlashtirishi lozim: u dunyo va uni anglab yetish, inson va tabiat, inson hayotining mazmuni va boshqa shunga o‘xshash muammolarda mo‘ljal ola bilishi kerak. Aristotel ham shoh Iskandarga nasihatida “Shuni bilgilki, o‘zing buzuq va fosih ersang, raiyatu fuqaroni isloh qilolmaysan. O‘zing adashgan, gumroh ekansan, ularga yo‘lboshchilik qilolmaysan. Axir o‘zi ko‘r odam qanday qilib o‘zgalarga rahnamo bo‘lsin.? O‘zi qashshoq o‘zgani boy qila oladimi? Kimki o‘zi xoru zalil bo‘lsa, o‘zgani qanday qilib mashhuru aziz eta olsin. Bilgilki, isloh etishni istagan hech kimsa o‘zini isloh etmaguncha o‘zgalarni ham isloh eta olmaydi. Agar o‘zi buzuq fosid bo‘lmasa, boshqa kishini fasod ishga taota olmaydi. Qo‘l ostingdagilarni isloh etishni istar ekansan, islohni o‘zingdan boshla. O‘zgalar aybini yo‘qotishni hohlasang, avvalo o‘zingni ayblardan va xunuk xulq atvordan pokla. O‘ylagan fikring senga hech qachon firib bermasligi lozim. Agar so‘zlaring go‘zalu qilmishlaring esa xunuk bo‘lsa, ishlari gaplariga teskari, zohiri botinini aks ettirmaydigan va’zxon bo‘lasan qolasan ”28 deb uqtiradi.


To‘rtinchidan, Qadimda Sharq falsafasi ham, G‘arb falsafasi ham yaxshilik va yomonlik, go‘zallik va xunuklik, adolat va adolatsizlik, do‘stlik, birodarlik, muhabbat va nafrat, baxt, lazzatlanish va azob chekish, ilmu ma’rifat kabi muammolarning yechimini izlagan. Bu jarayon o‘sha davr buyuk faylasuflarining fikrlarida ayniqsa, bo‘rtib namoyon bo‘ladi:
- Konfutsiy: “Odamlar seni bilmasliklaridan g‘am chekma, o‘zing odamlarni bilmasligingdan g‘am chek”;
- Lao-szi: “Yuksak fazilatli inson odamlar bilan munosabatlarda xushmuomala bo‘lishi, mamlakatni boshqarishda izchil bo‘lishi lozim; ishda imkoniyatlardan kelib chiqishi, harakatda vaqtni hisobga olishi lozim”.
- Zardo‘sht: “Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal”
- Geraklit: “Men uchun bir kishi, agar u hammadan yaxshi bo‘lsa, o‘n ming kishiga teng”;
- Demokrit: “Axmoqni maqtagan aslida unga yomonlik qiladi;
- Epikur: “O‘lim qo‘rqinchli emas: men ungacha mavjudman, u mendan keyin mavjud”;
- Platon: “Oliyhimmatlilik – vaziyatdan mohirona foydalanish: aql-idrok bilan bog‘langan sahovatlilik”;
- Aristotel: “Do‘stlik birga yashash ning zaruriy shartidir”deb hisoblaydi. Shuningdek uning fikricha, ma’naviyat va ma’rifat shunday bebaho boylikki, dunyoda undan naf ko‘rmaydigan inson yo‘q va bo‘lmaydi ham. Marifat oddiy xalq ommasiyu, tijorat ahli uchun ham, olim-u fuzalo, shohu sulton uchun ham bir xilda zarur va muhimdir. Ham o‘ng qo‘lida va ham chap qo‘lida adolat tarozisini qo‘tarib olmagan, bilimi, odobi, muomalasi bilan xalqining ko‘ngliga yo‘l topmagan shoh, yurtni boshqara olmaydi. El-yurtni obod va farovon qilish, xalqning olqishiga sazovor bo‘lish, mazlumlarni zolimlar istibdodidan himoya qilish, adolatni qaror toptirish uchun podshohlarda insofu-diyonat, mehr-shafqat bo‘lishi lozim29. Arastu o‘zining baxt haqidagi falsafiy qarashlarini rivojlantirib, ma’lum vaqtlarda baxtli bo‘lib, qolgan vaqtlarda baxtsiz bo‘lgan kishilar emas, butun umr yaxshi yashagan odamni baxtli deyish mumkin, mukammal yaxshilik bilan yashash esa baxt saodatdir, deb hisoblaydi
Beshinchidan, falsafiy bilimning dunyoqarash bilan bog‘liqligi ham G‘arb va Sharq falsafasi rivojlanishining qonuniyatidir. Biz istaymizmi, yo‘qmi, lekin falsafiy g‘oyalar, qarashlar, nazariyalar va tizimlar yo idealistik, yo materialistik, ba’zan eklektik (bu ikki dunyoqarashning birikmasi) bo‘ladi. Jumladan, qadimgi Yunonistonda Milet falsafiy maktabi namoyandalarining asarlarida falsafiy muammolarning materialistik talqiniga duch kelish mumkin. Bu maktab asoschisi Fales suvni, Anaksimen – havoni, Anaksimandr – apeyron (mavhumlik)ni hamma narsaning birinchi asosi deb hisoblaydi. Dunyoning materialistik asoslarini Anaksagor taklif qiladi. Uning fikricha, barcha narsalar muayyan «urug‘lar»dan iborat. Ularni Anaksagor gomeomeriyalar deb nomlagan. Empedokl o‘zining «Tabiat haqida» asarida olov, havo (uni Empedokl efir deb nomlagan), suv va yer turli narsalarning birinchi asoslaridir, deb qayd etgan.
Shunga o‘xshash fikrlarga Sharq falsafasida ham duch kelishimiz mumkin. Masalan, Zardushtiylik ta’limotida olov, hindlarning qadimgi falsafiy kitobi «Upanishada»da, shuningdek «Chorvaka» qadimgi hind falsafiy maktabiga doir manbalarda suv, olov, yer, havo, butun borliqning substansional asosidir, deb qayd etiladi. bu fikr esa Empmdokl ta’limoti bilan hamohangdir.
Oltinchidan, Sharq va G‘arb qadimgi dunyo falsafasida idealizm o‘zining ikki ko‘rinishida: ob’ektiv idealizm va sub’ektiv idealizm sifatida namoyon bo‘ladi. Sharq falsafasida bu «yoga», buddizm, jaynizm, zardo‘shtiylik, konfutsiychilik, daochilik falsafasi, G‘arb falsafasida – bu Pifagor va Pifagorchilar uyushmasi falsafasi, eley maktabi falsafasi, shuningdek Suqrot, Platon falsafasi va sh.klarda o‘z ifodasini topadi. Jumladan, miloddan avvalgi IV asrda yashab ijod qilgan qadimgi yunon faylasufi Platon ikki dunyo – «g‘oyalar dunyosi» va «narsalar dunyosi» mavjudligi haqida saboq beradi. «G‘oyalar dunyosi» umumiy tushunchalardan iborat, «narsalar dunyosi» esa «g‘oyalar dunyosi»ning in’ikosidir: «g‘oyalar dunyosi»da ideal mohiyatlar mavjud, «narsalar dunyosi» esa bu mohiyatlar mahsuli bo‘lgan ayrim narsalardan iborat. Platonning g‘oyalar haqidagi ta’limoti uning «Bazm», «Fedon», «Fedr», «Davlat» asarlarida o‘z aksini topgan, mutafakkirning «Teatet», «Parmenid», «Sofist», «Kritiy» asarlari esa g‘oyalarning moddiy dunyoga bo‘lgan munosabati muammosiga bag‘ishlangan. Platon fikriga ko‘ra, materiya - g‘oyaning sof «aksi», uning «aksilmohiyati». Materiyaning mohiyati esa - g‘oya. Haqiqiy borliq - bu piramidani eslatadigan ideal borliq. Uning zamirida «bilish va harakat asosining mohiyati» sifatida amal qiluvchi go‘zallik g‘oyasi yotadi. Uning yonidan yaxshilik g‘oyasi va oqillik (haqiqat) g‘oyasi o‘rin oladi. Shunday qilib, Platon «g‘oyalar dunyosi» «narsalar dunyosi»ni vujudga keltirishini nazarda tutuvchi ob’ektiv idealizm falsafiy tizimini yaratgan. Platon g‘oyalar va narsalarni bir-biridan ajratib bo‘lmasligini qayd etsa-da, lekin buyuk mutafakkir uchun «g‘oyalar dunyosi» birlamchidir.
Aristotel «Metafizika» asarida Platonning narsalarning vujudga kelish asosi sifatidagi g‘oyalar haqidagi ta’limotini rad etadi. U mohiyat-g‘oyalar hissiy idrok etiladigan narsadan tashqarida mavjud emas, degan tezisni ilgari suradi. Platon fikrlariga e’tiroz bildirar ekan, Aristotel umumiylik faqat ayrim narsada mavjud deb hisoblaydi: «Ayrim narsa bo‘lmasa, umumiylik ham bo‘lmas edi». «Metafizika»da Aristotel falsafa borliq va uning atributlarini, borliqning oliy tamoyillari yoki sabablarini o‘rganishini qayd etadi. Bular «umumiy metafizika» muammolaridir. Ammo «xususiy metafizika» ham mavjud bo‘lib, u «harakatsiz substansiya yoki birinchi boqiy dvigatel»ni o‘rganadi.
Ayni vaqtda shuni ta’kidlash lozimki, aksariyat Sharq va G‘arb faylasuflarining falsafiy qarashlari faqat materialistik yoki faqat idealistik xususiyat kasb etmaydi. Ularda boshqa g‘oyalar ham uyg‘unlashadi. Ammo materiya va ongning o‘zaro nisbati muammosining u yoki bu yechimi uning turli shakllarida – kosmos va tabiatni anglab yetishdan tortib inson va uning shaxsiy borlig‘iga qadar – doim u yoki bu faylasuf yoki falsafiy maktabning muayyan dunyoqarashidan dalolat beradi.
Yettinchidan, G‘arb va Sharq falsafasi rivojlanishining yana bir umumiy qonuniyati uning metodologik ahamiyat kasb etuvchi haqiqiy ilmiy bilimga erishish yo‘lida ilmiy izlanishlar olib borishidir. Bu yerda gap fanga va falsafaning metodologik funksiyasiga bo‘lgan munosabat haqida ketmoqda. Falsafiy ta’limotlar, konsepsiyalar, g‘oyalar yordamida turli hodisalarning tahlili amalga oshiriladi, amaliy tavsiyalar beriladi. Bu jihatdan miloddan avvalgi V asrda vujudga kelib, Xitoydagina emas, balki boshqa Sharq mamlakatlarida ham keng tarqalgan konfutsiychilik diqqatga sazovordir. Uning ayrim konsepsiyalari hanuzgacha tirik. Masalan, «syao» yoki ota-onani hurmat qilish, kattalarga izzat-ikrom ko‘rsatish konsepsiyasi yosh jihatidan ham, ijtimoiy ierarxiya bo‘yicha ham kattalarga nisbatan o‘z xulq-atvorini barcha fazilatlar mohiyatini anglab yetish asosida yo‘lga qo‘yishni taklif qiladi.
G‘arb falsafasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda ham falsafaning metodologik funksiyasi bo‘rtib namoyon bo‘lishini ko‘ramiz. Masalan, yunon faylasuflari – falsafa tarixidan donishmandlik va shirinsuxanlik o‘qituvchilari degan nom bilan o‘rin olgan sofistlar shogirdlariga oqilona fikrlashni, muhokama qilinayotgan narsa yoki hodisaning mohiyatini teran anglagan holda ish ko‘rishni va o‘z falsafiy bilimlaridan siyosiy faoliyatda foydalanishni o‘rgatishni o‘z vazifasi deb bilganlar. Ma’lumki, qadimgi yunon faylasufi Suqrot o‘z e’tiqodlarini himoya qilish yo‘lida hayotini tikkan. U davlatni boy va zodagon kishilar emas, balki ishning ko‘zini biladigan, oqil odamlar boshqarishlari lozim deb hisoblagan va o‘z shogirdlariga o‘sha davrda mavjud bo‘lgan siyosiy an’analarda mo‘ljal olishni o‘rgatgan. Ayni shu fikri uchun ustidan chiqarilgan hukmga e’tiroz bildirmay, Suqrot o‘z o‘limini ixtiyoriy ravishda tanlagan va bir qadah sikut (zahar) ichib o‘lgan.
Sakkizinchidan, G‘arbda ham, Sharqda ham faylasuflar narsalar va hodisalarni o‘rganish, tahlil qilish, tushuntirishning o‘z metodlarini yaratganlar. Yangi davr tadqiqotchilari, Gegeldan boshlab, ikki asosiy falsafiy metod – dialektik va metafizik metodlarni ilgari surganlar. Qadimgi dunyo falsafasi rivojlangan sharoitda bu metodlar faylasuflar tomonidan ongli ravishda idrok etilmagan. Ular stixiyali, aniqroq aytganda, falsafiy ta’limotlar, tizimlar va qarashlarga ichdan xos bo‘lgan metodlar sifatida amal qilgan. Faylasuflar, odatda, hodisalarning umumiy o‘zaro aloqasini, ularning ziddiyatliligini, harakati va rivojlanishini, dunyoning yagonaligi va rang-barangligini, «umumiy yo‘l» yoki Logosni muayyan tabiiy qonun sifatida anglab yetadilar. Jumladan, Geraklit fikriga ko‘ra, tabiat (olov) uzluksiz o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi. U rivojlanish va o‘zgarishlar manbaini ko‘radi: «Hamma narsa kurash orqali va zaruriyat tufayli yuz beradi. Har qanday hodisa o‘zining qarama-qarshiligiga o‘tadi: sovuq narsa issiq narsaga aylanadi, issiq narsa sovuq narsaga aylanadi, ho‘l narsa quruq narsaga aylanadi, quruq narsa ho‘l narsaga aylanadi». Quyosh har lahzada yangilangani kabi, barcha hodisalar ham o‘zgaradi. «Ayni bir daryoga ikki marta tushish mumkin emas: ikkinchi marta suvga tushayotgan odamga yangi suvlar oqadi». Geraklit sifat jihatidan bir-biriga zid bo‘lgan hodisalar va jarayonlarni ko‘radi: hayot va o‘lim, uyg‘oqlik va uyqu, yoshlik va qarilik va sh.k. «Eng toza va eng iflos dengiz suvi: baliqlar uchun u to‘yimli va xaloskor, odamlar uchun esa u ichishga yaroqsiz va hayot uchun xavflidir». Ko‘rib turganimizdek, qadimgi yunon faylasufi o‘zgarishning umumiyligi va har bir xossaning qarama-qarshi holatga o‘tishi narsalarning barcha sifatlariga nisbiy tus berishini, ya’ni muayyan holatlarga bog‘liq qilib qo‘yishini qayd etadi.
Biroq ayni holda bizni fan sifatidagi, ayrim insonning emas, balki butun jamiyatning rivojlanish mahsuliga aylangan ijtimoiy hodisa sifatidagi falsafa qiziqtiradi va ayni shu sababli yuqorida keltirilgan ta’rifda «inson» tushunchasi yig‘ma ma’noda qo‘llanilgan. Bu yerda shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, garchi falsafaning predmetiga biz umumiy nuqtai nazardan ancha keng ta’rif bergan bo‘lsak-da, ayrim tarixiy davrlarda odatda u yoki bu sabablarga ko‘ra muayyan masalalar doirasi falsafiy tadqiqotlarda birinchi o‘ringa chiqadi.
Masalan, qadimgi Yunonistonda kosmotsentrizm ilk falsafiy ta’limotlarning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, bunda asosiy e’tibor «kosmos», «tabiat»ni anglab yetishga qaratilgan. Keyinchalik, qadimgi yunon shahar-polislari ravnaq topgan davrda faylasuflar diqqat markazidan ijtimoiy muammolar, axloq, davlat qurilishi masalalari o‘rin oldi. Yevropada xristianlikning, Sharqda islom dinining vujudga kelishi va mustahkamlanishi natijasida o‘rta asrlar falsafasi teotsentrik (yunon. theos – markazdan o‘rin olgan xudo) xususiyat kasb etdi, ya’ni Xudo va u yaratgan olam falsafiy qiziqishlarning asosiy predmetiga aylandi. Uyg‘onish davrida falsafa san’at (estetika)ga va ko‘p jihatdan insonga murojaat qilindi.. Yangi davr deb nomlanuvchi XVII-XVIII asrlarda falsafa tobora kuchayib borayotgan fan bilan uzviy bog‘landi, natijada falsafiy tadqiqotlarning diqqat markazidan bilish va ilmiy metodlar masalalari o‘rin oldi.



Download 0,82 Mb.
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   139




Download 0,82 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Uchinchi mavzu:Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi

Download 0,82 Mb.